KOSA TAGIDAGI “NIMKOSA”
Hurmatli Nusrat aka!
Siz bir vaqtlar Tabiatni muhofaza qilish qo‘mitasida Sibir daryolari suvini Markaziy Osiyoga oqizish loyihasi muhokama qilinishida ishtirok etganingiz kabi, kamina ham o‘sha kezlari mazkur loyihani ro‘yobga chiqarishga jalb etilgan nufuzli suv xo‘jaligi idorasi rahbari bilan gazetamiz sahifalarida suhbat qilganim esimda. O‘shanda sizu biz emas, juda ko‘pchilik bu loyiha amalga oshsa, kechikibroq bo‘lsa ham Orol muammosini hal etadi, deb o‘ylashgan. Biroq keyinroq ma’lum bo‘ldiki, Sibir suvlarining bir qismini tobora qurib borayotgan dengizni asrab qolish uchun emas, iloji boricha uni tezroq quritib, ochilib qolgan yerlarga ham paxta ekish uchun Markaziy Osiyoga burish ko‘zda tutilayotgan ekan. Bu sir “Orol — 88” ilmiy ekspeditsiyasi chog‘i fosh bo‘lgan, uning xaritasi Qizilo‘rda va Moskvada olimlaru adiblar ishtirokidagi anjumanlarda jamoatchilik e’tiboriga havola qilingandi.
Demak, o‘sha loyihaning barbod bo‘lishiga uning keragidan ortiq muhokama etilgani yoxud Sergey Zaligin kabi adib va ekologlarning qarshi turganigina emas, “kosa tagidagi nimkosa”, ya’ni Orolni o‘limga mahkum etib, necha-necha million aholi istiqomat qilayotgan hudud ekologik fojiaga yuz tuttirilgani ham sababdir, desak to‘g‘riroq bo‘ladi. Chunki mazkur loyiha boshida ham, Orolning qurigan joylariga paxta va sholi ekishni rejalashtirganlar tepasida ham bir tashkilot — sobiq ittifoq Suv xo‘jaligi vazirligining hukumatdan milliard-milliard mablag‘larni undirish va bu mablag‘ni turli vaj-karsonlar bilan talon-toroj qilishga ustasi farang bo‘lgan bir guruh nafsi nahanglari turgani oshkor bo‘lib qolgan edi. Sobiq ittifoq shu kabi tavakkalchilik bilan tuzilgan samarasi noaniq ulkan loyihalar, harbiy istehkomlar qurishga mahliyo bo‘lgan o‘sha kezlarda O‘zbekiston kabi azal-azaldan yer-suv asosida dehqonchilik qilishga ixtisoslashgan respublikalar aholi jon boshiga go‘sht-sut va meva-cheva iste’mol qilish miqdori bo‘yicha eng oxirgi o‘rinlardan biriga tushib qolgani ham mana shu g‘irrom siyosat bilan bog‘liq edi.
Tavakkalchilik, dedik. Fikrimiz isbotsiz bo‘lmasligi uchun e’tiboringizni bir manzaraga jalb etmoqchiman. Kamina 1991 yilning 14-20 avgust kunlari Moldovada chiqadigan “Ana so‘zu” gazetasi yubileyi munosabati bilan gagauz jurnalistlari taklifiga ko‘ra Bessarabiya hududlarida bo‘lgan edim. O‘shanda “Gagauz yeri”ning ko‘p joylarida suvsiz yotgan beton kanallar va «Dunayvodstroy» degan yozuvlarga ko‘zimiz tushgandi. Ma’lum bo‘lishicha, Moldovaning, Gagauz yerlarining tabiiy holda ham mo‘l hosil berayotgan lalmi dehqonchiligidan qanoatlanmagan sobiq ittifoq to‘ralari bu joylarda sug‘orma dehqonchilikni yo‘lga qo‘yish uchun Dunay daryosining beminnat suvidan foydalanish loyihalarini tuzishgan ekan. Shu maqsadda qanchadan-qancha mablag‘lar sarf etilib, yuzlab kilometrlik ulkan kanallar qurilibdi. Suv ochilgach esa, eng unumdor yerlar sho‘rlab keta boshlabdi. Chunki daryolarni duch kelgan tomonga burib, katta-katta mablag‘larni ko‘kka sovurish mashqini olgan shovvozlar kanal bitgunga qadar ham Dunay suvi sug‘orish maqsadlariga nechog‘lik to‘g‘ri kelish-kelmasligini o‘rganib ko‘rmagan ekanlar. Shu bois xorijdan valyutaga keltirilgan noyob texnika uskunalari duch kelgan joyda sochilib yotardi.
Bularni aytishdan maqsad shuki, ikki yarim ming kilometrlik masofa — cho‘lu sahro, turli konlar atrofidan o‘tadigan Ob kanali suvi tarkibi va tozalik darajasiga ko‘ra bizga qay holda yetib kelishi noma’lum. Bu suv bilan dehqonchilik qilish mumkinligi o‘z isbotini topganmi? Ishonchim komilki, siz maqolangizda loyihaning kamchiligi sifatida tilga olgan — sahrodan o‘tgan kanal suvining qumlarga singib, hamma yoqni ko‘lu botqoqlikka aylantirib yuborishi loyihachilar tomonidan hisobga olinmagani kabi minglab kilometrdan oqib keladigan bu suv dehqonchilikka nechog‘li yaroqli bo‘lish-bo‘lmasligi ham o‘rganilmagan. Binobarin, uning ichimlik suv sifatidagi tozalik darajasi haqida ham oldindan bir narsa deyish qiyin.
O‘zanlari betonlanmagan kanal sahrolarda botqoqliklar hosil qilishi mumkinligi yuzasidan siz aytgan fikrlarga yana shuni ham qo‘shimcha qilmoqchimanki, bu manzarani biz hozirning o‘zida Qoraqum kanali misolida ro‘y-rost ko‘rib turibmiz. Amudaryoning katta miqdordagi suvini yutib yuborayotgan bu kanal boshlanishidan to asosiy o‘zaniga tushguncha bir necha kvadrat kilometr kenglikni — Aydarko‘l bilan tenglashadigan katta hududlarni suvga bostirib, qanchadan-qancha qimmatbaho suvning qumga sizib, behuda isrof bo‘lishiga olib kelmoqda. Obrazli qilib aytadigan bo‘lsak, daryodan olinayotgan ming chelak suvning yarmi ham asosiy o‘zanga tushayotgani yo‘q… Siz e’tirof etayotgan Ob kanali trassasida ham tog‘day-tog‘day keladigan qum barxanlari orasida shunday kratersimon chuqurliklar mavjudki, yangi kanal suvining hammasini ochib qo‘ysangiz ham ular aslo to‘lmaydi… Toki shunday ekan, yana bir Qoraqum kanaliga hojat bormikan?
Er yuzida ichimlik suvi to‘lib-toshib yotgani yo‘q. Shu bois butun jahonda va xususan O‘zbekistonda ham uni tejab sarflash yuzasidan muhim dasturlar amalga oshirilmoqda. Bugungi taraqqiyot shuni ko‘rsatmoqdaki, bugun, ertaga, kelajakda ichimlik suv muammosi bilan jiddiy shug‘ullanishimizga to‘g‘ri keladi. Shuning uchun biz hozirdanoq uyimizdagi quvurlarga beminnat kelib turgan qimmatbaho obihayotning har qatrasini tejab ishlatish mashqini olmog‘imiz va farzandu nabiralarimizni ham oqar suvni ko‘z qorachig‘idek saqlashga o‘rgatmog‘imiz zarur.
SUV HAM ALLOHNING NE’MATI-KU!
Hurmatli Nusrat aka! Siz, endilikda mazkur loyihaga yangicha nigoh bilan qarab, Sibir suvlaridan jannatmakon yurtimizning cho‘lu sahrolarini yanada obod qilish maqsadida foydalanish maqsadga muvofiq, degan nuqtai nazarni ilgari surmoqdasiz. Fikringizga qo‘shiluvchilar ko‘p. Biroq loyihaga shu maqsadda yondoshganda ham qator muammolar kelib chiqayotgani qiziq. Birinchidan, janob Lujkov Sibir daryolari suvining bir qismini Markaziy Osiyo tomon oqizib, faqat yer o‘zlashtirish, odamlarni ishli va uyli-joyli qilish, Osiyoning beminnat quyoshi taftida pishadigan mo‘l-ko‘l ne’matlar yetishtirishga biz ham hissa qo‘shaylik, deyayotgani yo‘q. U Sibirning suvini ham xuddi gaz va neft singari sotib, undan katta daromad olaylik, demoqda. To‘g‘ri, neft va gazni sotib daromad olishni bir qadar tushunish mumkin: chunki, konlarni qidirib topish, yonilg‘ini yer ostidan yuzaga chiqarish va ulkan korxonalar qurib uni tozalash hamda magistral quvurlar qurib, iste’molchiga yetkazib berish ishlari uchun ham katta-katta xarajatlar talab qilinadi. Ehtimol, suvni ham shu kabi bir hududdan ikkinchi bir hududga yetkazib berish uchun kanal va ulkan nasos stantsiyalari qurish va ularning ekspluatatsiya xarajatlarini nimaningdir hisobiga qoplashga to‘g‘ri kelar. Biroq janob Lujkovning bu gapidan ilhomlangan ba’zi siyosatdonlar hozirdanoq tabiatning buyuk in’omi bo‘lgan obihayotni tovarga aylantirib sotishni taklif etmoqdalar. Shu maqsadda qandaydir korporatsiyalar tuzilmoqda. Insoniyat paydo bo‘lmasidan ham burun daryolardan o‘z holicha oqib yotgan Allohning bu beminnat ne’matini pullashni o‘ylash gunohi azim emasmi? Bunga nima deysiz?!
Bu haqda o‘ylaganda, janob Lujkovning Sibir suvlarini Markaziy Osiyoga oqizish to‘g‘risidagi eski loyihaga doir “yangi” gaplari aslida “suvni tovarga aylantirish” g‘oyasini olg‘a surish uchungina aytilmadimikin, degan o‘y ham keladi xayolga.
Sibir daryolari suvi sotiladigan bo‘lsa, uni xarid qilishga ketadigan mablag‘larni, siz maqolangizni bir o‘rnida juda topib aytganinigizday, suvdan tejab-tergab foydalanish imkonini beruvchi texnologiyalarni qo‘llashga sarf etsak, har jihatdan maqsadga muvofiq bo‘lmaydimi? Axir xalqimiz: “ikki o‘n besh — bir o‘ttiz” deb bejiz aytmaydi-ku!
Suvdan tejamli foydalanish usullari hozir butun dunyoda urf bo‘lmoqda. Bu borada Isroil texnologiyasi hammaga qo‘l kelayotir. Isroilliklar tomchilatib sug‘orish usulini qo‘llash orqali qurib bitayozgan bir necha o‘lik daryolariga qaytadan hayot bag‘ishladilar. Ularning sohillarida bir necha ming gektarlik kurortbop istirohat bog‘lari vujudga kelgan. Bu tajriba hozir hamma joyga keng yoyilmoqda. Muammo shundaki, bu texnologiyani bizda qo‘llash ma’lum xarajatlarni taqozo etadi. Biz bugun bo‘lmagani bilan, baribir, ertaga, siz o‘z maqolangizda keltirgan missisipilik fermer Fred Ballardning paxtazori yoxud Isroil ekinzorlarida bo‘lgani kabi suvdan tejab foydalanish imkonini beruvchi zamonaviy usullarni qo‘llashga o‘tamiz. Bu ishda fermer dehqonlarimiz og‘irini yengil qilishi mumkin bo‘lgan jihat shundaki, tomchilatib yoki yer ostidan sug‘orish usullarini qo‘llash uchun zarur bo‘lgan qimmatbaho plastmassa quvurlarni endilikda xorijdan sotib olishga zarurat qolmadi. ”Sho‘rtangaz” kimyo majmui buyurtmaga qarab bunday quvurlardan istalgan miqdorda tayyorlab berishi mumkin. Boz ustiga shunday zamonaviy gaz-kimyo komplekslaridan yana birini Qoraqalpog‘iston hududida ham barpo etish ko‘zda tutilmoqda.
Aslida suvni ekinlarga tomchilatib berishga doir Isroil texnologiyasi ham o‘z ota-bobolarimizning ming yillik hayotiy tajribalaridan olingan. Suvsiz joydagi daraxt tagiga suv to‘ldirilgan sopol ko‘zachani salgina teshib ko‘mib qo‘yish bizda azal-azaldan bor. Bugungi kunda esa ba’zi dehqonlar hatto pomidor-bodringday suvtalab ekinlarni ham plastmasa idishlarga shu usulda suv to‘ldirib qo‘yib, yoz jaziramasidan saqlab qolishmoqda. Xalqimizning azaliy an’analari boshqa joylarda mana shunday qadr topayotgan ekan, bunga faqat tasanno deymiz, xolos.
TAXTIQORAChADAGI SUN’IY O‘RMON
Samarqanddan Taxtiqoracha dovoniga ko‘tarilishda Omonqo‘ton chashmasi yuqorisida bir go‘zal manzara bor. Urgut tog‘larining o‘sha yonbag‘rini qishin-yozin ko‘m-ko‘k o‘rmon qoplab yotadi. Yoshi yuz-yuz o‘ttiz yillik chinoru qayrag‘och, tog‘ archalaridan tortib, olis shimol qayinu butalariga qadar o‘sadi. Tog‘ yonbag‘rining faqat shu joyidagina hududi ming gektardan ko‘proq quyuq o‘rmon boru boshqa joylar yaydoq. Shuning uchun ham Omonqo‘ton chashmasi o‘rmonzor bag‘ridan sizib chiqqan oyna ko‘zli buloqlardan bahramand. Bir gal taniqli o‘rmonshunos olim Abduxalil Qayumov bilan shu joydan o‘tayotganimizda buning sirini so‘rab qoldim: “Nega tog‘ning faqat bir joyida o‘rmon saqlanib qolgan-u, boshqa yonbag‘irlar tap-taqir bo‘lib yotibdi?”
— Bu tabiiy emas, inson qo‘li bilan barpo qilingan o‘rmon…
— Nahotki, shunday asriy o‘rmonni sun’iy ravishda bunyod etib bo‘lsa?!
— Ha, ishonavering. Bu o‘rmon XX asrning so‘nggi choragida taniqli rus o‘rmonshunosi Nikolay Korolkov tomonidan barpo etilgan. O‘shanda chor istilochilari bosib olgan hududlari qiyofasini o‘zgartirish, shimol daraxtlarini ekib ko‘paytirish uchun ilmiy tadqiqotlarga katta mablag‘ ajratgan, mashhur botanik olimlarni jalb etgan. Bu o‘rmon o‘sha olimdan yodgorlik…
Demak, Markaziy Osiyo tog‘liklarining boshqa hududlarini ham shunday sun’iy o‘rmonzorlarga burkash mumkin ekan-da. Shu haqda o‘ylaganda, o‘rmon va yashil boyliklari ko‘pligi jihatidan dunyoda eng yuqori o‘rinda turuvchi Yaponiya ko‘z oldimizga keladi. Bu mamlakat hududining yetmish foizi asriy o‘rmon, butazor, inson qo‘li bilan barpo etilgan va asrab-avaylanadigan yashil boyliklardan iborat. Yaponlar dov-daraxtga xuddi insonga qaragandek g‘amxo‘rlik qilishadi. Ularning jahonda eng umrzoq odamlar ekani ham bejiz emas, shekilli.
Koreya mamlakati esa hududiga nisbatan o‘rmonlari ko‘pligi jihatidan ikkinchi o‘rinda turadi. Yaponlaru koreyslar o‘z ehtiyoji uchun tashqi dunyodan yog‘och mahsulotlari olsa oladiki, aslo eng katta milliy boyligini shimol o‘rmonlari kabi qiyratib, kulini ko‘kka sovurmaydilar. Koreyada odamlar dov-daraxtlarni asrashga shaxsiy ishidek qarashar ekan. Bolalar yoshligidan shu ruhda tarbiyalanadi. Daraxtni o‘zboshimchalik bilan kesish faqat bir marta — 1997 yilda sodir bo‘lgan… Dov-daraxt va gerbariy urug‘lari banki ham aqlni lol qiladi. Jahonning turli mintaqalarida o‘suvchi bir million turdan ortiq daraxt, gul, noyob giyohlar urug‘i ular o‘sadigan joyning iqlim sharoitlari yaratilgan holda asraladi. Millionlab gektar igna bargli va boshqa daraxtlar, yuzlab navdagi butali o‘simliklar o‘sadigan o‘rmonzorlarga qarab turish uchun sanoqli odamlargina ajratilgan, xolos. Ular hamma ishga ulgurishadi. Chunki texnika bilan ta’minlanish darajasi yuqori, o‘rmonchilarga yaratilgan sharoitlarga havas qilasiz. Ularning tog‘lar yuqorisidagi xonadonlariga obod yo‘llar, issiq-sovuq suv, elektr uzatish tarmoqlarigacha olib borilgan. Qo‘lida dorivor va shprits ko‘targan daraxt davolovchi oq xalatli biolog-shifokorlargacha bor. Qishloq hududlaridagi O‘rmonchilik institutida esa qirq ming turdan ortiq dov-daraxt ekib ko‘paytiriladi va mutaxassis tayyorlanadi…
Yashil boyliklarga bunday munosabat bejiz emas, albatta. Odil Yoqubovning “Diyonat” romani qahramoni Normurod Shomurodov aytganidek, “Archa… ming yil umr ko‘radi. Tog‘u toshlarni yemirilishdan asraydi! Havoni musaffo qiladi. Qishda qor yig‘ib, buloqlarni suvga to‘ldiradi… Agar hamma tog‘ va adirlar qadim-qadimlardagidek yana archa bilan qoplansa… daryolar burungiday to‘lib oqajak, suv yana serob bo‘lajak”.
Hurmatli Nusrat aka, tarixdan yaxshi ma’lumki, o‘tmishda barcha tog‘larimiz Taxtiqoracha dovonidagi kabi qalin o‘rmonlarga boy bo‘lgan. Ular tabiatni yashnatgan, buloqlaru irmoqlarni obihayot bilan ta’minlab, daryolarni sersuv qilgan. Chunki, dov-daraxtli, o‘rmoni ko‘p joylarga yog‘in-sochin odatdagidan ko‘p yog‘adi va buni fiziklar ham tasdiqlashadi. Bugun esa yurtimiz hududining atigi to‘rt foizidagina o‘rmonlar saqlanib qolgan. Shunday ekan, dehqonchilik ravnaqi uchun uzoqdan suv keltirishga va uni sotib olishga ketadigan mablag‘ hamda ishchi kuchlarini Taxtiqoracha va Oqtoshdagi kabi sun’iy o‘rmonzorlar yaratishga sarf etish to‘g‘riroq bo‘lmaydimi? O‘rmon esa qo‘shimcha suv demakdir. Bu — olimlarning ko‘p yillik tajribalarida o‘z isbotini topgan.
Binobarin, hozircha “olisdagi quyruq” bo‘lib ko‘rinayotgan Sibir suvlariga ko‘z tikib o‘tirmay, o‘z suvimizdan tejab foydalanish va yurtimiz tog‘larini o‘rmonlarga burkab, beminnat obihayotimizni ko‘paytirish yo‘lidan borganimiz, nazarimda, anchayin maqsadga muvofiq ko‘rinadi.
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2007 yil 9-sonidan olindi.