Men bu odamni oddiygina Hamid G‘ulom paytida tanib, keyinchalik Hamid Ubaydullayevich bo‘lgan kezlarida birga ishlashish baxtiga muyassar bo‘lganlardanman. Bunday deyotganimning sabablari bor…
Elliginchi yillarning boshlarida bo‘lsa kerak, qo‘limga bir jurnal tushib qoldi. Bundoq varaqlab qarasam, shu Hamid akamizning “Olmos qizi” nomli qissasi chop etilgan ekan. Bir zarb bilan o‘qib chiqdim. Bu asarni hozir negadir kam eslashadi. Qissa menga o‘sha paytda juda yoqqan edi. Hatto ko‘nglimda shunday asar yozish havasini uyg‘otgan ham edi. Meaning yozuv-chizuvlarim o‘sha paytlarda boshlanganini mamnuniyat bilan eslayman. Undan so‘ng qo‘limga Parda Tursunning “O‘qituvchining yo‘li” asari tushdi. Bu asarni ham zo‘r ishtiyoq bilan o‘qib chiqqanman. Endigina qishloqdan kelgan, badiiyatga ko‘zi och o‘smirlar emasmizmi, u kezlarda nimani qanday o‘qish, qachon o‘qishning hadisini olmagandik. Mening aytmoqchi bo‘lganim, bu asar ham Hamid akaning tahririda chop etilgan bo‘lib, o‘sha paytlarda muharrir, nazarimda, muallifdan kam odam emasdi. Men ham nashriyotlarda ishlasam, tahrir qilgan kitoblarim oxiriga muharrir falonchi deb imzo cheksam, deb orzu qilardim. Farishtalar omin degan ekanmi, keyinchalik bu orzular ham amalga oshdi…
Talabalik davrimda kamina tez-tez Yozuvchilar uyushmasiga borib turardim. Maqsadim, biror narsa ololmasam ham, taniqli adiblarni uzoqdan bo‘lsa-da ko‘rish edi. Ularga havas qilar edim. Hamid akaga o‘shanda uzoqdan qarab, xuddi odam ko‘rmaganday tomosha qilganman. U qaddi-qomati kelishgan, bashang kiyinadigan, nutqi nihoyatda ravon, hamisha kulib turadigan yoqimtoy kishi edi. Taqdir taqozosi bilan keyinchalik, o‘qishni tugatganimdan so‘ng asta-sekin u bilan yaqinlasha boshladim: o‘sha paytda men “Gulxan” jurnalida ishlay boshlagan edim. Birinchi qalamimni qozoq adiblarining asarlarini tarjima qilishdan boshladim. 1950 yilning o‘rtalari edi. Bu vaqtda men Sobit Muqonovning “Hayot maktabi”, G‘abiden Mustafinning “Qarag‘anda” romanlarini tarjima qilib, uyushmadagi ba’zi akalarimizning nazarlariga tushib ulgurgan edim. Hamid akamiz uyushmaning ikkinchi kotibi bo‘lib ishlardi. O‘sha paytda Qozog‘istonda o‘zbek adabiyoti va san’ati o‘n kunligi o‘tadigan bo‘lib, shu bahona sevimli adibim Hamid aka bilan apoq-chapoq bo‘lib ketdik. U nihoyatda shirinsuxan, bizga o‘xshagan yaxshi so‘z gadosi bo‘lib yurgan yoshlarning gaplarini, iltimoslarini rad etmaydigan inson edi.
Qozog‘istonda bo‘ladigan Adabiyot va san’at o‘n kunligiga tayyorgarlik ishlari qizigandan qizib ketdi. Kamina endigina o‘qishni tugatib, ko‘rsat ishingni, deb ko‘kragiga mushtlab yurgan paytlarim emasmi, yeng shimarib ishga tushib ketdim. Uni qil, buni qil, borib kel, olib kel, degan ishlarga juda chaqqon edim. O‘sha kezlarda Olmaota bilan Toshkent orasi men uchun bir qadam bo‘lib qolgan edi. Hozir eslasam yuraklarim orqaga tortib ketadi. O‘sha yillari Hamid akaning iltimosi bilan oltita kitob tarjima qilibman. Sobit Muqonovning “Cho‘pon bola”, Qoratoyev va Braginlarning “Qo‘shiq qanotida” nomli turkum adabiy maqolalari, “Qozoq hikoyalari” degan nom bilan qozoq adiblarining hikoyalar antologiyasi va hokazolar…
Hamid aka dekadaga tayyorgarlik ishlarining borishi haqida axborot berayotgan edi, rahbarlardan biri bosh chayqab:
— Bo‘layotgan ishlar yomon emas-ku, ammo yirik asarlar yo‘g‘-u, — dedi norozi ohangda. — G‘abit Musrepovning “Qozoq soldati” romani nega ro‘yxatlaringda yo‘q? O‘sha asarni tarjima qilish kerak. Bo‘lmasa dekadaga borishimizdan hech qanday ma’no yo‘q.
Hamma jim bo‘lib qoldi. Hamid aka shartta javob qilib yubordilar:
— Tarjima bo‘ladi!
Nimaga va kimga ishonib shunday dedilar? Dekadaga atigi ikki oy qolgan bo‘lsa. Ro‘mon oz emas, ko‘p emas — 23 bosma taboq! Bu jismonan ulgurib bo‘lmaydigan ish. Markaziy qo‘mitadan chiqqanimizdan so‘ng:
— Nosirxon, — dedi Hamid aka. Odatda bir ish buyuradigan bo‘lsa ismimga “xon” qo‘shib, erkalab gapirardi u kishi. Albatta, meni ko‘ndirish, iydirish, shu ishga rag‘batlantirish uchun shunday qilayotganini sezib turardim. Shunaqa bo‘lib chiqdi. — Endi belni mahkam bog‘laysiz. Qilinglar, deyildimi, shu ishni qilishimiz kerak.
Buning ustiga G‘abit og‘a Hamid akaning qadrdon do‘sti. Ular Moskvada, Oliy adabiyot kursida birga o‘qishgan edi. Shunday bo‘lsa ham:
— Ulgurib bo‘lmaydi, Hamid aka, — deb ming‘irlay boshlagan edim, u kishi gapimni bo‘lib tashladi:
— Hamma sharoitni yaratib beramiz, mashinistka deysizmi, pul deysizmi… Konveer usulida ishlaymiz. Siz tarjima qilaverasiz, har kuni kurer uyingizga borib, bitganini olib keladi, muharrir bir chekkadan tahrir qilib, peshma-pesh ko‘chirtiraveradi.
Xuddi shunday bo‘ldi. 23 bosma taboq ro‘mon atigi o‘n to‘qqiz kunda tarjima qilib bo‘lindi va bosmaxonaga jo‘natildi.
Bu baxtmi yo omadmi, bilmadim, yillar o‘tib, Hamid aka “Sharq yulduzi”ga bosh muharrir bo‘lib keldilar-u, birga ishlay boshladik. U kishi nihoyatda intizomni yaxshi ko‘radigan, hammadan shuni talab qiladigan odam edi. Men “Sharq yulduzi”da yigirma besh yillar chamasi ishlagan bo‘lsam, shuning besh-olti yilini Hamid aka bilan birga o‘tkazdim. Bu yillar o‘zbek adabiyoti gurkirab rivojlanib turgan payti, tahririyatga qariyb har o‘n kunda bitta yirik asar kelar edi. Uni sinchiklab o‘qib, fikr aytish tahririyat xodimlari zimmasida.
Hamid aka muharrirlik qilgan yillarda jurnalning nufuzi oshdi. Uni bejizga o‘zbek adabiyotining “qora qozoni”, deb atashmasdi. Haqiqatan ham bu qozonda qanchadan-qancha asarlar pishib, yetilib chiqmadi deysiz! O‘h-ho‘! Jurnalda chop etilgan asarlarni nashriyotlar “g‘ing” demay qabul qilib olishardi. Qanchadan-qancha asarlar shu yerdan parvoz qilib, jahonga chiqib, umum bashariyatning ma’naviy mulkiga aylanib ketmadi deysiz! O‘sha paytda jurnalning adadi 230-240 ming nusxaga yetib, rekord darajaga chiqqan, adiblar bu jurnalda chiqishni o‘zlariga faxr, deb bilar edilar.
Jurnalda shuncha ishlab, asarni zudlik bilan o‘qib, o‘z fikrini dadil va halol ayta oladigan muharrirni birinchi ko‘rishim. Naq besh yuz sahifali ro‘monlarni bir kechada o‘qib kelardi, desam balki ishonmassiz. Afsuski, xuddi shunday edi. Boshqalardan ham shu jadallikni talab qilardi.
Umuman, men shu yillar ichida besh-oltita muharrir bilan birga ishlagan bo‘lsam, bular orasida Asqad Muxtor va Hamid akachalik ishga mas’uliyat bilan yondashadiganlari kamdan-kam topilardi.
O‘sha paytlarda biz — tahririyat xodimlari xuddi “Paxtakor” futbol komandasining darvozabonidek hushyor edik. Yaxshi asar kelsa, butun jamoamiz bilan xursand bo‘lardik. Nochor asar kelsa, ishontirarli dalillar bilan maslahat berib qaytarardik. To‘g‘risini aytish kerak: jurnalga kelgan mualliflar orasida avval yuqoridan sim qoqtirib, so‘ng qo‘lyozmasini olib keladigan amaldorlar ham bo‘lar, ba’zan ular oldida nochor qolgan paytlarimiz ham bo‘lgan. Nachora! Biz muharririmizga, muharrir esa bizga qattiq ishonardi. Hamid aka uch-to‘rt yil ilgari “Sharq yulduzi” jurnaliga bergan bir suhbatida: “Sharq yulduzi”da biz Vahob Ro‘zimatov, Haydarali Niyozov, Nosir Fozilovlar bilan birga ishladik. Bularning har biri o‘zicha bir zabardast muharrirlar edilar”, deganida mana shularni nazarda tutgan bo‘lsalar ajab emas.
Zamonaning zayli bilan Hamid aka “Sharq yulduzi” jurnali muharrirligidan bo‘shatilib, G‘afur G‘ulom nashriyotiga direktor etib tayinlandi. O‘sha yoqqa o‘tishi bilan meni oldilariga chaqirib: “Qani, Nosirxon, nasr bo‘limini qo‘lingizga oling!”, dedi. Shu taklifning o‘zi ham kaminaga bo‘lgan ishonch edi. O‘tdim. Tag‘in birga ishlay boshladik. Endi yumush ikki barobar, uch barobar oshdi. Bosh qashishga vaqt bo‘lmay qoldi. Kundan-kunga ish ko‘paya bordi. Men direktorning oldiga yangi-yangi takliflar bilan kirardim. Biror-bir taklifimni qaytarganini, meni noumid qilib chiqarganini eslayolmayman. Xuddi o‘sha kezlarda biron-bir kattaroq kitob chiqarolmay yurgan yoshlarning qo‘li kitob ko‘rdi. Bular ichida Shukur Xolmirzayev, Ne’mat Aminov, Yo‘ldosh Sulaymon, Jonrid Abdullaxonov, Samar Nurov, Sa’dulla Siyoyevlarning zalvorli bir-bir jildlik kitoblari ketma-ket chiqa boshladi. Kaminaning ikki jildli saylanmasi ham o‘sha kezlarda yorug‘ ko‘rgan edi. O‘zbek adiblarining eng yangi ro‘monlari seriyasi, eng yaxshi dostonlari seriyasi, jahon adabiyotining eng sara asarlari seriyasi ham o‘sha paytda chop etila boshlandi. O‘h-ho‘, aytaversak gap ko‘p. Biron marta ham qog‘oz tanqisligi, rejada yo‘q, degan vaj-karsonlar sabab qilib ko‘rsatilmagan edi o‘shanda. Vaholanki, o‘sha paytlarda ham nashriyotlarda qog‘oz yetishmasdi, qat’iy planlar mavjud edi.
Mana shularni nazarda tutgan bo‘lsam kerak, radiodan bir yigitcha kelib suhbatlashganda, nashriyotlarimizning tang ahvoli haqida gapirib: “Hamma gap o‘sha nashriyot rahbarining qay darajada tadbirkor ekanligiga bog‘liq. Mabodo nashriyotga rahbar topish masalasi kun tartibiga qo‘yilsa, men hech ikkilanmay Hamid Ubaydullayevichning nomzodini ko‘rsatgan bo‘lardim”, deb yuborganimni o‘zim ham payqamay qoldim. Bu mening Hamid akaga ishonchim, unga e’tiqodim yuzasidan dil-dilimdan chiqqan gap edi.
Men bugun Hamid akaning ba’zi o‘zim bilgan insoniy fazilatlari haqida so‘z yuritdim. Hali ijodi shundayligicha turibdi. Agar ustozning yozganlari jamlansa, zalvorli-zalvorli o‘n jild bo‘ladi. Bu haqda olimlarimiz batafsil aytishar, yozishar. Men esa bugun u kishining samimiy akaligiga, mehribon ustozligiga, jo‘shqin iqtidoriga ta’zim qilaman. U kishining tadbirkor rahbarligiga, shirinsuxan og‘aligiga, bo‘lmaydigan ishlarni bo‘ldiradigan, yo‘qni yo‘ndiradigan talanti oldida ta’zim qilaman va umuman, yoshlarga ko‘rsatgan g‘amxo‘rliklari oldida ta’zim qilaman.
Iloho, ixlosmandlaringizning Sizga bo‘lgan mehru muhabbatlari nurga aylanib, yotgan joyingizni charog‘on aylasin. Imon keltirib aytishim mumkinki, Hamid akajon, Siz endi ustozlaringiz qoldirgan bitiklarda, o‘zingiz mehr ko‘rgizgan shogirdlaringizu ukalaringizning minnatdorlik tuyg‘ulari ila yo‘g‘rilgan porloq xotiralarida mangu yashayajaksiz.
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2007 yil 3-sonidan olindi.