“Ustoz”, “muallim” degan ulug‘ nomlarni eshitganda yetmish ikki tomirim sog‘inchu iftixordan allanechuk titrab ketadi. Bola tasavvurimizda abadiy muhrlanib qolgan o‘sha mushfiq, mehribonu jonsarak muallimamiz shunchaki bir ojiza emas, balki murg‘ak shuurimiz idrok eta olmaydigan ilohiy bir dunyo bilan biz – yigirma uch nafar yetti yoshli go‘daklarning hayot-mamotimiz o‘rtasida go‘yo buyuk vositachidek edi.
Keyinchalik sinoatlarga to‘la, serg‘avg‘o va ayni chog‘da maftunkor hayotning pastu baland yo‘llarida turfa xil ustozlarni ko‘p va xo‘p uchratdik. Ulardan qay biri bizga kasbu hunarni ardoqlamoqni, yana qaysilari kimyoyu jug‘rofiyadan saboq berdi. Hattoki sinalmagan do‘stu g‘anim uchraganda asqotadigan diplomatiya degan ilmni-da o‘rgatganlari ham bo‘ldi. Hech shubhasiz do‘stu hamkor orttirmoqqa, qattiqroq yiqilganda ham yig‘lamasdan oyoqqa turmoq va vujudu ko‘ngilda paydo bo‘lgan g‘ururlaru jarohatlarni kishilardan pinhon tutmoqqa keyingi ustozlardan olgan saboqlarning ancha-muncha asqotgani rost.
Biroq, ularning hech biri ham (ming bor uzr) negadir, mening nazarimda o‘sha birinchi muallimam, odmigina libos kiygan, bir qadar qattiqqo‘lu ayni damda g‘amxo‘r va mehribon ayol kabi o‘chmas mehr berolgan emas. Qaysidir taniqli adibning talqinida o‘qiganim bor. Yozuvchi o‘z muallimini quyidan baland va qaqroq yerlarga hovuch-hovuch obi-hayot uzatayotgan charxpalakka mengzaydi. Biroz dag‘alroq bo‘lsa-da, g‘oyat o‘rinli qiyos edi bu! Darhaqiqat charxpalak cho‘michlaridan novga to‘kilgan “suv” – shogirdning cho‘lu sahrolarga tiriklik mujdasini yetkazmoq uchun oshiqar ekan, ortiga, ya’ni o‘zini pastdan yuksakka ko‘tarib olib chiqqan ustozga – ya’ni “Charxpalak”ka qayrilib nazar tashlashga gohida o‘zida rag‘bat topolmaydi ham. Charxpalak azaliy qismat bitigini baxt deb bilgan muallim yanglig‘ vazmin aylanish asnosida bemaqsad hayqirib oqayotgan asov daryo bag‘ridan o‘z cho‘michiga siqqanicha suv olib chiqib yana balanddagi novga quyaveradi. Yangi jilg‘a, yangi hayot yo‘li barpo etaveradi. Buning uchun jonnisoru hokisor muallim hech kimdan mukofotu manfaat ta’ma qilmaydi. Aslida unga mana shu zahmatli ishning o‘zi huzur halovat beradi. Ba’zi-ba’zida o‘zim goho lazzat, goho shonu sharaf deb bilgan kasb-korning surho-surlaridan toriqqan kezlarimda buyuk shoirimizning o‘tli, anduhli satrlarida muhrlangan o‘sha “yillar armoni” dilimga sanchiq bo‘lib botaveradi. Odam bo‘lib hechqursa o‘sha muallimamga o‘n qator tashakkur maktubi bitmabman ham. O‘ziga ro‘baro‘ kelib qolganimda esa salomlashish, ro‘zg‘ori, nevaralarining sog‘ligini so‘rash bilan kifoyalanibman, xolos. Bu norasolik yoki xudbinlikdan emas. Ehtimol salkam qirqqa kirib ham o‘sha bergan saboqlari samarasini qattiq so‘raydigan odmi va intizomparvar muallimam oldida o‘yinqaroq boladek dovdirab qolishimdan bo‘lsa kerak. Tan olmoq kerakki, biz o‘zbek farzandlari mehr-muhabbat izhoriyu takallufni urf-odati, turmush tarzi o‘zimiznikiga o‘xshash ba’zi qardoshlarimiz kabi qoyilmaqom qila olmaymiz. Balki bu sog‘inch, bu muhabbat qalbimizda pinhon yashaydi. Balki ana shu “no‘noqligimiz” bois ham, mutaassiblar hatto ilohiy sevgi borasida ham bizlardan ustunlikka da’vo qiladilar. Ana shunday tashbehu takallufda noshudlik sabab, ko‘p va xo‘p izhorlarim yurak qa’rida qolib ketgan… Harbiy xizmatda Yevgeniy Bikov degan o‘ris o‘rtog‘im bo‘lgich edi. Batalonimizda ulfatchilikka, davradoshlikka moyil turfa millatli bo‘yinsalar ko‘p edi-yu, lekin o‘sha Jenya laqabli o‘ris yigiti odamoxunligi bilan alohida ajralib turardi. Har narsaga qiziquvchan Jenyasi tushmagur to‘yu ma’rakalarimiz, hatto maktablarimizda yigitlaru qizlar munosabatigacha so‘rab-surishtirardi. Keyinchalik bilsam, o‘zidan ikki yosh katta opasi besh yilcha ilgari o‘zbek askar yigiti bilan sevishib, ahdu paymon qilib Xorazm tomonlarga kelin bo‘lib tushib ketgan ekan. Irkutsk viloyatida pedbilim yurtini tugatgan o‘sha moviyko‘z suluv kelinchak qishloq maktabida o‘zbek bolalariga rus tilidan dars bera boshlabdi. Oradan bir yarim yil vaqt o‘tib, o‘ziga musofir kelin qismatini ravo ko‘rgan qaysar qizlaridan xabar olgani borgan ota-onaga avvalo begona joylarning o‘ta issiq iqlimi yoqmabdi. Qolaversa, dini, millatiyu urf-odatlari yot bo‘lgan yurtda erka qizlarini qoldirgilari kelmay, uni o‘zlari bilan olib ketmoqchi bo‘libdilar. Baxtidan, kasbi-koridan yolchigan o‘ris qizi esa ota-onasiga qat’iy ohangda: “Endi mening oilam ham, elim ham, yurtim ham shu yer, agar yana bir marta uyimga mana shunday sovuq taklif bilan kelsalaring sizlardan umrbod xafa bo‘laman!” deya javob qaytaribdi. Kaltao‘y ota-ona o‘zlarining bachkana g‘amxo‘rligidan mulzam bo‘lib qaytib ketishibdi. Jenyaning tug‘ishgan opasi haqidagi sodda va jo‘n hikoyasi hayratomuz darajada ta’sirchan edi.
— Xo‘sh, opangni musofir yurt bilan bunchalar qattiq bog‘lagan rishta nima o‘zi? Hayotda bugun sevishib, qasamlar ichib, ertaga hech narsa bo‘lmaganday ajralishib ketayotganlar kam deysanmi?
Evgeniy javob o‘rnida opasidan kelgan maktubdan o‘zi belgilab qo‘ygan bir necha jumlani o‘qib berdi: “Meni o‘zbeklarning o‘z farzandlarini o‘qitayotgan oddiy muallimaga azbaroyi chuqur ixlos bilan qarashlari lol qoldirdi. Hatto maktabni bitirib ketgan sobiq o‘quvchilaru ularning ota-onalari ham to‘y-hashamlarda obdon hurmat-izzatingni joyiga qo‘yadilar. O‘zim rahbar bo‘lgan sinf o‘quvchilarini aytmaysizmi? To‘g‘risi, o‘zim ustoz bo‘lsam ham mehr-muhabbat, hurmat nima ekanligini ana shu sodda go‘daklardan o‘rgandim. Qaynota-qaynonam ham “kelin”, qaynisingillarim “yanga”, o‘quvchilarim esa “ustoz!” deya o‘zgacha hurmat bilan murojaat qilishadi.O‘zimizdagi kabi ism-sharifim bilan “Falonchiyevna!” deya sovuq ohangda chaqirishmaydi. Bu yerlarda o‘zimni sira ham begona, musofir sezmayapman. Aksincha, o‘zingni atrofingdagilarga kerakli, anchayin bir ulug‘ odamdek his etarkansan, kishi».
O‘shanda olis-olislardan ham taftini yo‘qotmay yetib kelgan maktub satrlarini o‘qir ekan, opasini sog‘inib ketgan Yevgeniyning ko‘zlarida yosh halqalanar, kiftlari titroqdan silkinib-silkinib ketardi. Muallimalik qalb chashmasi ko‘z ochmagan qay bir kishilar nazdida shunchaki kampisand kasb sanalar, lekin uning ulug‘vor fazilatini ko‘ringki, kimlardir mana shu buyuk kasb vositasida ota-onasining issiq bag‘ridan necha ming kilometr olisdagi o‘zga yurtga kelib, muslimalik hayotini ixtiyor etmoqda.
***
Etti yoshga to‘lib maktab taraddudini ko‘rayotganimda mehribon opalarimning biri qo‘yib biri qattiq tayinlardi:
— Nazar yoki Bozor muallimlar (ularni Haq o‘z rahmatiga olgan bo‘lsin) dan birining sinfiga kirib ol. Esingda bo‘lsin, ular juda mehribon odamlar. Sho‘xlik qilsang ham, o‘tgan darsini aytib berolmasang ham urishmaydi. Ko‘pincha o‘ksigan bolalarni qo‘shiq aytib berib yupatadilar. Zinhor Gulira domlaning o‘quvchisi bo‘la ko‘rma! Qachon qarama qo‘lida uzun ola tayoq bilan sinfga kiradi. Boshingga tushirib qolsa bormi? Qanday bo‘lmasin Bozor muallimning, yo bo‘lmasa Nazar muallimning sinfiga o‘tib olish payida bo‘l!..
Avvaliga mehribon opalarimning maslahatiga ko‘ra Bozor muallimning o‘quvchisi bo‘ldim. Ammo, taqdir ekanmi, har tanaffusga chiqqanimda o‘z sinfxonamni topa olmay, o‘sha qattiqqo‘l Gulira opa (Alloh bu ustozimni ham rahmatiga olgan bo‘lsin) ning
1 “v” sinfiga kirib boraveribman. Oxiri, Gulira opa “Sen adashishdan charchamading, men esa sinfingga oborib qo‘yishdan charchadim. Bo‘ldi, yetar endi mening o‘quvchim bo‘lasan. Qani, birinchi partadagi bo‘sh joyga o‘tir-chi!” deya amr etdi. Shu-shu Sherobod tumanidagi 17-o‘rta maktab muallimasi Gulira Ro‘ziyevaning 1 “v” sinfida qolib ketdim. Avvaliga muallimaning qo‘lidagi “ola-bula tayoq”ni ko‘rib yuragim “shuv” etdi. Ammo, endi kech bo‘lgandi. Mening jismu jonim, kelajagim o‘sha “ola tayoqli sardor ayolning kemasida qolib ketgan” edi. Hartugul uzoq vaqt ehtiyot bo‘lib yurganimga qaramay o‘sha “ola tayoq” biror marta ham na taqir boshimga, na shalpang quloqlarimga tushdi. Aksincha, men o‘sha temir intizomli va jonkuyar muallimamning a’lochi o‘quvchilaridan biriga aylangan edim. Birinchi muallimamni so‘nggi bor 2004 yilda — sinfdoshlarimiz bilan maktabni bitirganimizga yigirma yil to‘lgan kuni uchrashuv bazmimizda ko‘rgan ekanman. O‘shanda ustoz bilan so‘nggi bor uchrashib turganimizdan bexabar edik. O‘shanda opa mendan bir masalada yordam so‘ragandi.
Ijaraga poliz ekkan o‘g‘lining paykallarini hokimiyat vakillari “rais bilan tuzgan shartnomangni tan olmaymiz!” deya arzimagan sabab bilan buzdirib tashlashgan ekan. Bo‘lar ish bo‘lgan edi. Salla so‘rasa kallani qo‘shib oladigan “to‘ralar” qilar ishini qilgan, kattagina xarajatga kuygan ayolni yupatmoqqa tuzuk so‘z topa olmay “o‘g‘lingiz tahririyatga ariza yozib kelsin…” deya oldim, xolos. Oradan ko‘p o‘tmay, muallimamning bevaqt olamdan o‘tganini eshitib, qattiq iztirob chekdim.
Ayni chog‘ ushbu xotiralarni yozayapmanu ustozimga aytolmay qolgan so‘zlarim meni umrbod qiynaydigandek tuyulmoqda. “Dunyoning hech bir manzilida siz kabi o‘z o‘quvchilariga mehribon muallima bo‘lmasa kerak. Siz hammadan yaxshi edingiz, har bir o‘gitingiz qalbimda, opamiz kabi mehribon chehrangiz ko‘z o‘ngimizda…
Iqbol TANGRIBERDI
“Hurriyat” gazetasidan olindi.