Norali Ochilov. Atomdan qudratli kuch (2006)

Xirosima. Gazeta-jurnallarda bu shaharning nomi bilan bog‘liq biror satrga ko‘zim tushsa yoki radio-televideniye axboroti qulog‘imga chalinsa, beixtiyor yuragim uvishadi. Garchi o‘qib-eshitganlarimning atomga daxli bo‘lmasa-da, maktabda tarix fani o‘qituvchimizning Xirosima va Nagasakida sodir etilgan dahshatlar bilan bog‘liq mavzudagi saboqlari xotiraga qo‘rg‘oshindek quyilganidanmi, Kunchiqar yurtning har ikki shahri kaminaga mas’uma va jafokash bo‘lib tuyulaveradi.

Mana, oradan roppa-rosa oltmish yil o‘tdi. Biroq atom qurboniga aylangan shaharlar timsolida kurrai zamin o‘z bolalaridan shafqat o‘tinayotgan mushtipar ona misoli mung‘ayganicha insoniyatga umid ko‘zlarini tikmoqda. Tiriklikka chang solishga hoziru nozir atom xavfi hamon Ona Yerni vayron etmoq uchun payt poylaydi. Dunyoga hokimlik da’vosigidagi gegemon hukumatlar raqib tomonni o‘zining atom tugmachalari bilan dahshatga solishdan zavqlanadi. Ana shunday adoqsiz mulohazalar ardoqli shoirning quyma satrlarini yodga soladi:

Zarrani ijod etib,
Dahshat balo bunyod etib,
Oqibatni yod etib,
Hayron o‘zing, hayron o‘zing…

1945 yil 6 avgust. Ertalab soat 8.15 da Xirosima osmoni uzra (erdan 580 metr balandlikda) Amerika Qo‘shma Shtatlarining atom bombasi portladi. Insoniyat hayotida birinchi marotaba sodir etilgan «dahshat balo»si 3000-4000 daraja harorat bilan bir lahzada yeru ko‘kni kunpayakun qildi. Yam-yashil shahar ko‘z ochib yumguncha yaydoq cho‘lu biyobonga aylandi, unda hayotdan asar ham qolmadi. Oqibatda 140 ming kishi hayotdan ko‘z yumdi, minglab turar-joylar, savdo va  sanoat ob’ektlari yer bilan yakson bo‘ldi. O‘lganlar orasida 20 ming koreys millatiga mansub kishilar, 10 ming AQSh harbiy asirlari va minglab yuqori sinf o‘quvchilari, Janubiy Osiyoning boshqa davlatlaridan kelgan talabalar ham bor edi. Bulardan tashqari, mudhish falokat yuzlab, minglab insonlarning qalbiga umrbod bitmas-tuganmas jarohat solib ketdi.

Xirosimadagi Tinchlik muzeyidamiz. Yaponlar tarix xatolaridan saboq chiqarib yashaydigan, o‘z suyagini e’zozlab, ajdodlariga ehtirom ko‘rsatadigan oqibatli xalq. Buni Tinchlik muzeyi va unga tutash Tinchlik xiyoboni, Tinchlik ko‘li va boshqa o‘nlab yodgorliklarni o‘zida jamlagan ulkan majmua — tarixiy qadamjo ham isbotlab turibdi. Atom qurbonlari xotirasiga tashkil etilgan eksponatlarga boy muzey bu yerga tashrif buyurgan eng diydasi qattiq kishini ham ko‘zini yoshlamay qo‘ymaydi. Atom hayqirig‘idan roppa-rosa 8.15 da qotib qolgan qo‘l soati, nimalar bo‘layotganini tushunib yetmay ko‘zlari qo‘rqinch-xavotir bilan yumulgan maktab o‘quvchisining kuyik kiyimlari, qutichadagi hali yeb ulgurilmay ko‘mirga aylangan tushlik, o‘ta yuqori haroratdan erib turli shakllarga do‘ngan shisha idishlari, kuchli larzadan darz ketgan ulkan toshlar atomning vayronkorlik kuchi-shiddatini ochiq-oshkor namoyon etadi. Dunyoning taloshlari bilan bir pullik ishi bo‘lmay zavq bilan velesipedchasini hayday turib, bir lahzada joni uzilgan norasidaning o‘zi bilan qo‘shib ko‘milgan, keyinchalik qazib olinib muzeyga topshirilgan uch oyoqli velosipedini ko‘rib, butun vujudingiz muz qotadi. Zangga belangan jajjigina ulovcha egasini kutib zerikkan toychoqni eslatadi. Kishnab-kishnab sakrayotgan toychoqni…

Muzeyning bir qancha nomlar bilan atalgan bo‘limlarida yadro quroli va uning insoniyat boshiga solgan, soladigan beshafqat savdolari birma-bir tushuntirib berilgan. Qay uslubda – audio-tushuntirish bo‘ladimi, mutaxassisning hikoya qilib berishi bo‘ladimi yoki muzey zallaridagi video-televizion usul yordamida voqealar rivojini kuzatish bo‘ladimi – bari tomoshabinlarga mash’um falokat oqibatlarini tahlil etish imkonini beradi, yuraklarga hayajon soladi.

Boyagina qiziqsinib tanishganim – amerikalik uch-to‘rt chog‘li sayyohlar bir eksponat qarshisida yum-yum yig‘lab turishganini ko‘rib, ta’sirlanib ketdim. Ota-bobolar xatosi farzandlar vijdonini qiynayotgandir ehtimol, degan o‘y kechdi ko‘nglimdan…

Tinchlik xiyobonidagi atom qurbonlari xotirasiga o‘rnatilgan yodgorlik — Kenotafda “Tinch orom olinglar, o‘tmish takrorlanmaydi” degan yozuv bor. Umuman olganda, xiyobon oralab yurilsa, atom qurbonlari xotirasiga ehtirom tariqasida bunyod etilgan ko‘plab yodgorliklar, jumladan favvoralar ko‘zga tashlanadi. Ana shunday obidalardan biri — Tinchlik bolalar yodgorligi begunoh qizaloqning ayanchli qismati bilan bog‘liq.

…Atom bombasi portlaganida Sadako Sasaki ismli qizaloq ikki yoshda edi. Yadro qurolining shafqatsiz oqibati endigina atak-chechak bo‘lgan mana shu beg‘ubor go‘dakni ham o‘z domiga oldi. Leykemiya — oq qon kasalligi tashxisi bilan uni kasalxonaga yotqizishdi. Sekin-asta ulg‘aygan qizaloq qancha ko‘p turna yasasam, shuncha tez tuzalib ketaman, degan umidda har kuni turli qog‘oz bo‘laklaridan,  dori-darmondan bo‘shagan qog‘oz-qutilardan turna yasadi-yasayverdi. Biroq, yuzlab qog‘oz turnalari uning sog‘ayib ketishiga yordam berolmadi… Qizaloqning umri bor-yo‘g‘i yana o‘n yil davom etdi, xolos. 1955 yilning 25 oktyabrida Sadakoning umid to‘la ko‘zlari mangu yumildi.

Qizaloqning bevaqt o‘limi sinfdoshlarini va minglab tengdoshlarini chuqur qayg‘uga soldi. Mamlakatning tuli puchmog‘laridan bolalar tomondan yig‘ilgan xayriya pullari evaziga xotira haykali yuzaga keldi. Boshi uzra ulkan turna qanotlarini tutib turgan qizaloq siymosida bolalarning osuda kelajak xususidagi sof umidlari aks etdi. Bu yerga tashrif buyurgan bolalar o‘z qo‘llari bilan yasagan minglab qog‘oz turnalarni yaqin-atrofdagi buta va daraxt shoxlariga ilib ketishi an’ana tusini olgan. Jajji bolakaylar tengdoshlarini shu tariqa yo‘qlashadi, uning ruhini shu tariqa shod etishga oshiqishadi.

Chexiyalik mutaxassis Yan Letsel loyihasi asosida 1915 yilda bunyod etilgan ko‘pqavatli yirik bino bir paytlar Xirosima prefekturasi sanoat tovarlari ko‘rgazmasiga, umuman savdo-sanoatning rivojlanishiga xizmat qilgan. Suyagi baquvvat ekanmi, portlash epimarkazidan bor-yo‘g‘i 160 metr masofa oraliqda bo‘lishiga qaramay, binoning tirkamalari omon qolgan. Atom uyi deb ataladigan bu mashhur bino Tinchlik xiyobonining to‘rida mudhish fojea shohidi sifatida mung‘ayib turibdi.

Darvoqe, o‘tgan oltmish yil binoda o‘z ishini qilib ulgurdi. Yopinchiqsiz qolgan xaroba bino yildan yilga yog‘in-sochin va boshqa tabiiy hodisalar tufayli yana ham puturdan ketmoqda. Inshoot ichidan qo‘shimcha tirkamalar berilgan. Ammo buning o‘zigina uni saqlab qolish imkonini bermaydi. Aytishlaricha, Atom uyining ustiga maxsus yopinchiq — ayvon qurish xususida ham loyiha tayyorlangan.

O‘sha mahalda shaharda 85 dona tramvay yo‘lovchilar uzog‘ini yaqin qilar edi. Oradan qancha suvlar oqib o‘tdi. Kuchli nurlanishdan zaharlangan zamin qayta jonlanib, undan yana gulu rayhonlar una boshladi. Atomdan omon qolgan tramvaylardan to‘rttasi hamon  po‘lat  izlarda.

Xirosimada mavjud ko‘plab gazeta va jurnallarda, teleradiostudiyalarida bo‘lib ishonch hosil qildikki, shahardagi mavjud OAVda atom mavzusi hamon dolzarb ahamiyat kasb etadi. Birgina NHK teleradio korporatsiyasining Xirosima bo‘limida yuqoridagi mavzu doirasida uchta yangi dastur yaratish mo‘ljallanmoqda. Dasturlar «Atom qurbonlari», «Tinchlik va atom muammosi» hamda atomni yashirincha tayyorlash bilan bog‘liq ma’lumotlar asosidagi ko‘rsatuvlardan iborat.

Ayni mavzu «Xirosima terebi» televideniyasining ham doimiy yo‘nalishlaridan sanaladi. Mazkur televideniye bo‘lim boshlig‘i Uno Tomio Xirosimadagi voqealarni ko‘pchilik zamonaviy yapon yoshlari bilmasligidan xavotirda ekanini biz bilan bo‘lgan suhbatda yashirmadi. «Xirosima atomdan jabr ko‘rganlar bilan aloqa qiladi. Oqibatlari ko‘zga ko‘rinmaydigan bu mash’um qurolni zamindan yo‘q qilish butun olam ahlining mushtarak maqsadi bo‘lishi kerak» deb hisoblaydi Uno Tomio.

Xirosima meriyasi 1982 yildan buyon har yil 6 avgustda dunyo shaharlari merlarining yig‘inini tashkil etib keladi. Ayni  paytda bu shaharda istiqomat qilayotgan 85 ming kishi atom qurbonlari maqomiga ega. Ularning o‘rtacha yoshi 72 yoshni tashkil etadi. Atomdan jabr ko‘rganlarga turli tibbiy-moliyaviy ko‘mak ko‘rsatiladi.

Hozir Xirosimada bir million 140 ming kishi istiqomat qiladi. Shahar aholisi jihatidan mamlakatda o‘ninchi o‘rinni egallaydi. Mashhur «Mazda» avtomobili ham aynan shu yerda ishlab chiqariladi. Shahar byudjeti  bir necha milliard AQSh dollarini tashkil etadi.

Xirosimaning bugungi qiyofasi tamomila boshqacha. Bir lahzada cho‘lga aylangan shaharda yil sayin yaponlarga xos mehnatsevarlik, bunyodkorlik va izlanuvchanlik hosilasi o‘laroq aql bovar qilmaydigan ulkan inshootlar qad rostlamoqda. Shahar anvoi gullarga burkangan go‘zal chamanzorni eslatadi. Kechagina yadro quroliga nishon bo‘lgan, uning behisob g‘am-anduhlaridan qaddi dol bo‘lgan shahar bugun yana o‘nglangan, Yaponiya taraqqiyotiga sezilarli ulush qo‘shmoqda.

Eng muhimi, xirosimaliklar EZGULIK har qanday yadro qurolidan-da qudratli ekanini his etib yashamoqda. Atom balosidan zada minglab qalblar tinchlik, barqarorlik, taraqqiyotga intilish insoniyatning a’moliga aylanishi tarafdori. Bu ezgu maqsadlarga erishish uchun hali ko‘p kurashishga to‘g‘ri keladi.

Norali Ochilov,

jurnalist

Toshkent-Tokio-Xirosima-Toshkent

“Hurriyat” gazetasidan olindi.