“Ismlar osmondan enadi…”. Har safar Ozod aka haqida o‘ylaganda ushbu hikmat yodga kelaveradi. Ustoz bir umr ozod fikr bilan ozod shaxs sifatida yashadi. Olimning yozgan asarlari, adabiy-ilmiy muloqotlarda, o‘zaro suhbatlarda aytgan fikrlari shunday deyishga asos beradi.
Ozod Sharafiddinov muayyan qolipga sig‘maydigan tarzda o‘ziga xos fikrlaydigan butun shaxs edi. Lekin bu degani u jamiyatning tutumlariga rioya etmas edi, degani emas zinhor. Aksincha, olimning o‘zi “Dovondagi o‘ylar” kitobida bunday yozadi: “Demokratiyaning hududlari, erkinlikning chegarasi bo‘ladimi-yo‘qmi, bilmayman, lekin shuni aniq bilamanki, demokratik jamiyat degani tizginsiz, boshboshdoq, zo‘ravonlik jamiyati emas. Erkinlikning mohiyati nima ekanini ikki ming yil avval yashab o‘tgan mashhur rim notig‘i Sitseron chiroyli qilib aytgan ekan: “Erkin bo‘lmoq istagidagi har qanday odam qonunning quli bo‘lmog‘i kerak”.
Ozod aka haroratli notiq edi. Domlaning auditoriyada, turli adabiy yig‘inlarda so‘zlagan nutqlarini eshitgan odam uning so‘zlariga loqayd munosabatda bo‘lishi mumkin emas edi. Haqiqatni aytish kerak bo‘lganida, ustoz hatto o‘ziga nisbatan ham shafqatsiz edi. “E’tiqodimni nega o‘zgartirdim?” degan mashhur maqolasi buning yorqin dalilidir. Maqolada g‘alati bir voqea eslanadi. Sho‘rolar zamoni. Yozuvchilar uyushmasida katta yig‘in bo‘ladi. Yig‘inda yozuvchi Boris Pasternakning “xiyonatkorona qilmishi” qoralanishi kerak. Eng achinarlisi, yig‘ilganlarning birortasi Pasternakning birorta ham asarini o‘qimagan. Biroq majlis Pasternakni yakdillik bilan qoralaydi. Buni domla istehzo bilan, achinish bilan quyidagicha eslaydi: “Yozuvchilar, ya’ni eng peshqadam, eng fikri ochiq, eng haqparvar ziyolilar yig‘inida bir odam topilmadiki, “Ey birodarlar, asarini hech qaysimiz o‘qimagan bo‘lsak, gap nima to‘g‘risida borayotganidan bexabar bo‘lsak, va, umuman, Pasternakning o‘zini tuzukroq bilmasak, uning fikr-mulohazalarini eshitmagan bo‘lsak, qanday qilib uni qoralashimiz mumkin? Bu vijdonga, insofga xilof ish-ku!” desa… O‘shanda biz donolik bilan emas, johillik bilan Pasternakning yuziga tupurgan edik.. Aslida esa… Pasternakning emas, o‘zimizning basharamizga tuflagan edik”. Tan olish kerak, o‘zgalar qatori o‘ziga nisbatan ham bu darajadagi o‘tkir tanqidiy fikrni ayta olish uncha-muncha odamning qo‘lidan kelavermaydi. Qolaversa, ustozning bu xotirasida keyingi avlodlar uchun ham ibratlar bor.
Ozod akani bilganlar yakdil e’tirof etganlaridek, domla haqiqatparast edi. Jaholatga, ko‘r-ko‘ronalikka, adolatsizlikka zinhor rozi bo‘lolmas edi. “Dovondagi o‘ylar” maqolasida aytilganidek, “odamlar adolat va haqiqat ustuvor bo‘lgan, zo‘ravonlik quvib chiqarilgan, o‘g‘rilikka, poraxo‘rlikka, vatanfurushlikka ehtiyoj qoldirilmagan, insof va diyonat, muhabbat va muruvvat bayrog‘i mag‘rur hilpirab turadigan jamiyat qurishi mumkin va zarur” deb bilardi.
Domla deyarli butun umr Milliy universitetda adabiyotdan dars berdi. Hayotining oxirgi yillarida publitsistika, tarjimonlik bilan jiddiy shug‘ullandi. “Jahon adabiyoti” jurnalining Ozod Sharafiddinov bosh muharrirligida nashr etilgan 100 soni olimning chinakam qahramonona mehnatiga dalil bo‘la oladi. Jurnalning har bir sonida jahon adabiyotining, adabiyotshunosligining, siyosatshunosligining sara namunalari chop etildi. Eng e’tiborlisi, ularning aksar qismi ustoz Ozod Sharafiddinov mehnatining mahsuli edi. Bu asarlar, shubhasiz, beiz ketmadi. Erkin fikrni, barkamol shaxsni tarbiyalash ishiga muayyan ta’sir ko‘rsata oldi.
Ozod akaning so‘nggi yillardagina bajargan ilmiy-ijodiy ishlarini butun bir jamoa ham uddalashi mahol edi desak, mubolag‘a bo‘lmas. Shunday holda ham domla o‘z ishlaridan qanoatlanib qolmadi. Mudom izlanishda bo‘ldi. Ustoz buyuk ajdodlar ishidan faxrlanish bilan cheklanish kifoya qilmaydi, ularning ilmdagi yutuqlarini yangilari bilan boyitib borish zarur, deb hisoblar edi. Bu jihatdan, uning quyidagi e’tirofi diqqatga sazovordir: “O‘tmishdagi shon-shuhrat, muvaffaqiyat va parvozlar yaxshi narsa, albatta! Ammo ular shunaqa narsaki, har bir yangi avlod bu shuhratga shuhrat qo‘shib turmasa, eski yutuqlar qatorini yangilari bilan boyitib bormasa, millatning qanoti qayrilib, parvozi susayib qoladi”.
Domla so‘nggi kitobini “Dovondagi o‘ylar” deb nomlagan edi. Odatda, dovonga chiqqandan keyin quyiga tushiladi. Lekin taqdir Ozod Sharafiddinovni bu borada ham siyladi. U tafakkur dovonining yuksak cho‘qqisiga ko‘tarila oldi, aslo quyiga tushmadi. Har bir fikrlovchi odam bu dovonga intilishi tayin. Demak, Ozod Sharafiddinovning umri davom etayotir.
* * *
Yaqinda Milliy universitetimizda O‘zbekiston Qahramoni, taniqli adabiyotshunos olim, professor Ozod Sharafiddinov tavallud kuni munosabati bilan “Ozod Sharafidinov saboqlari” deb nomlangan adabiy-ilmiy anjuman bo‘lib o‘tdi. Anjumanni kirish so‘zi bilan ochgan Milliy universitet rektori professor Ravshan Ashurov Ozod Sharafiddinovning universitet oldidagi, Vatan va millat oldidagi xizmatlari nechog‘li ulkan ekanini ta’kidladi. Olimning ibratli hayot yo‘li haqida so‘zladi.
Anjumanda mamlakatimizning yetuk olimlari, shoir va adiblari, olimning oila a’zolari, do‘stlari ishtirok etdi. Ularning barchasi Ozod Sharafiddinovning olim va odam sifatidagi fazilatlarini esladi. Jumladan, adabiyotshunos olim, professor Umarali Normatov bunday dedi:
— Ozod akaning yarim asrlik faoliyatining asosiy qismi O‘zbekiston Milliy universitetida o‘tdi. Chinakam iste’dod sohibi, shaxsi butun bu ulug‘ siymoning ijodiy jasorati tufayli Milliy universitet mamlakatimizda jamoatchilik tan olgan adabiy-tanqidiy markazlardan biriga aylandi. Ustoz bu maskanda o‘ziga xos maktab yaratdi.
Ozod Sharafiddinov milliy adabiyotimiz rivojida Stalin vafotidan keyin 50-yillar o‘rtalaridan boshlangan yangi bir to‘lqinning tanqidchilikdagi darakchisi sifatida maydonga chiqdi. «Lirika haqida mulohazalar», «Zamon, qalb, poeziya», «Nihollar» singari maqolalari bilan adabiy-tanqidiy tafakkur ravnaqida burilish yasadi, rasmiy doiralarga xizmat qiluvchi o‘ta mafkuraviylashgan «she’riyat»ga qarshi ilk bora mardona turib jang ochdi. She’riyatda shoir ko‘ngil rozlarini, quvonchu tashvishlarini, dardi dunyosini ifoda etuvchi chinakam insoniy printsiplarni himoya qilib chiqdi. Erkin Vohidov, Abdulla Oripov singari yorqin iste’dodlarni ilk qadamlaridayoq himoya qilib, ularning ijodiy taqdiriga kuchli ta’sir ko‘rsatdi. Bugina emas, Abdulla Qahhor, Zulfiya, Mirtemir, Maqsud Shayxzoda, Shuhrat, Asqad Muxtor, Odil Yoqubov, Pirimqul Qodirov singari yetakchi adiblar bilan hamkoru hamnafas, maslakdosh sifatida jo‘shqin adabiy jarayon ichida yonib yashadi, betinim ijod etdi. Shu paytga qadar bizda ijod ahli bilan munaqqidning bu tarzdagi ibratomuz hamkorligi bo‘lgan emas.
Dadil aytish mumkinki, birinchi galda Ozod akaning sa’y-harakati tufayli milliy tanqidchiligimiz zamonaviy jahon tanqidchiligi tafakkuri darajasiga ko‘tarildi. Yarim asr davomida bu ulug‘ zot tanqidchiligimizning karvonboshisi — lideri bo‘lib keldi. Shuni unutmaslik kerakki, munaqqid ijodiy faoliyatining o‘ttiz besh yili sho‘ro istibdodi davrida kechdi. Mustabid tuzum adabiy siyosati, yakkahokim mafkura, sotsrealizm aqidalari bosimi, tabiiyki, uning ijodiy taqdirida muayyan darajada o‘z asoratlarini qoldirdi. Biroq uning bu yillardagi jo‘shqin faoliyati zamon ta’qibu tazyiqlari ostida aqidaparastlikka qarshi kurashlar, adabiyot olamidagi chin iste’dodlar, asl asarlar himoyasi yo‘lida haqiqat, adolat uchun mardona janglar ichida o‘tdi… Bu xususda avvalo ustozning o‘zi «ko‘b» va «xo‘b» yozgan. Buning uchun uning «E’tiqodimni nega o‘zgartirdim?», «Cho‘lponni anglash» risolalarini eslash kifoya.
Qayerdadir o‘qib edim: buyuk zotlar o‘z zimmasidagi tarixiy missiyasini ado etmaguncha bu foniy dunyodan ketmaydilar. Tarixda bunga misollar ko‘p. Ulug‘ siymo Ozod akaning taqdiri ham buni to‘la tasdiqlaydi. Eng qiyin daqiqalarda ham hayotbaxsh umid tuyg‘usi ustoz ko‘nglini tark etmadi. Qandaydir sirli-sehrli ilohiy kuch ko‘ngliga hamisha dalda berib turardi. Ustoz Cho‘lponni yuzaga chiqarish uchun roppa-rosa o‘ttiz yil betinim kurashdi. Shu tufayli uning tabarruk boshiga ne-ne savdolar tushmadi, deysiz. Aslida, dunyoda uni ahdidan qaytaradigan kuchning o‘zi yo‘q edi.
Faqat Cho‘lpon masalasida emas, yuqorida eslatilganidek, zamonaviy adabiy jarayon bobidagi kurashlarda, bahsu munozaralarda oxir-oqibat ustoz haq bo‘lib chiqdi, buni ham Ollohning bu kishiga nisbatan saxovati, savob ishlari uchun ajri-mukofoti deb bilaman.
Ozod aka millat o‘g‘lonlari orasida eng ko‘p kitob yiqqan, o‘qigan ziyolilardan. Jahon adabiyoti, falsafasi, san’ati sohasidagi bilimdonlarning eng bilimdoni edi. Mamlakatimizda «Inostrannaya literatura» tipidagi ona tilimizda jurnal bo‘lishini orzu qilardi. 1997 yili shu orzusi ushaldi, «Jahon adabiyoti» jurnali tashkil topdi, omadni qarangki, bu yangi jurnalga u muharrir etib tayinlandi.
Ozod akaning ko‘p umri qafasdek tor «dom»larida o‘tdi. Og‘ir xastalikka chalingan kezlari baxt-omad kulib umr bo‘yi orzu qilgan niyati ushaldi, Qibray tumanidagi Geofiziklar mahallasidagi keng va ko‘rkam bog‘ hovliga ko‘chib o‘tdi. Yetti yil davomida bu maskan bamisoli Lev Tolstoyning Yasnaya Polyanadagi mulki singari ijodiy ziyolilar yig‘iladigan markazga aylandi. Mamlakatimizning turli burchaklaridan, chet el elchixonalaridan kelib turadigan mehmonlarning, vaqtli matbuot, radio va televideniye muxbirlarining keti uzilmas edi. Bu xonadonga tashrif buyurgan, Ozod aka suhbatini olganlarning har biri bir dunyo taassurot bilan ketardi.
Ozod akaning shu xil insoniy fazilatlari, tabiiyki, avvalo ijodiy shijoati tufayli tanqidchiligimizning nufuzi, obro‘-e’tibori benihoyat ko‘tarildi, munaqqid nomi Oybek, G‘afur G‘ulom, Abdulla Qahhor, Said Ahmad, Odil Yoqubov, Erkin Vohidov, Abdulla Oripov singari so‘z ustalari qatorida ehtirom bilan tilga olinadigan bo‘ldi: tanqidchilar orasida birinchi bo‘lib «Buyuk xizmatlari uchun» ordeni va O‘zbekiston Qahramoni unvoni bilan taqdirlandi.
— Biografiya yozish nihoyatda murakkab ish, — dedi filologiya fanlari doktori, professor Abdug‘afur Rasulov. — Biografiya yozuvchi, san’atkor, olim, tanqidchi, ixtirochi hayotining muhim, nozik tomonlarini ko‘rsatib berishi zarur. Biografiyaning janr, shakllari ko‘p. Tanqidiy-biografik ocherk, adabiy portret, xotira, badia — biografik asar janrlari. Ozod Sharafiddinov yangi o‘zbek adabiyotining Cho‘lpon, Fitrat, Hamza, Ayniy, Oybek, G‘afur G‘ulom, Abdulla Qahhor, Shayxzoda, Mirtemir, Zulfiya, Said Ahmad, Shuhrat, Asqad Muxtor, Odil Yoqubov, Pirimqul Qodirov, Abdulla Oripov, Erkin Vohidov, O‘tkir Hoshimov, Tog‘ay Murod, Erkin A’zam, Xayriddin Sultonov, Shukur Qurbon, A’zam O‘ktam, Oydin singari namoyandalari haqida biografik asarlar yozgan. O‘ylab ko‘rilsa, katta adabiyotshunoslarning hammasi yangi o‘zbek adabiyotining barcha namoyandalari haqida asarlar yaratgan.
Har bir munaqqid, adabiyotshunos biografiya yozishga o‘zicha yondashadi. Darslik, qo‘llanmalarda tarixiy-biografik ocherk, xrestomatiyalarda yozuvchi haqida ma’lumot beriladi. Sinchkov munaqqid yozuvchi biografiyasini ko‘ngildagiday aks ettirish uchun uzluksiz intilaveradi. Ozod Sharafiddinovning, masalan, Odil Yoqubov asarlariga yozgan o‘ndan ortiq taqrizi, adabiy portreti bor. Lekin olimning «Nutq» nomli esse-tadqiqoti Odil Yoqubov faoliyati mohiyatini yarq ettirib yoritgan.
Ozod Sharafiddinov Abdulla Oripov haqida ko‘p yozgan. Lekin «Muvashshah» essesida shoir haqidagi asosiy gapni ayta oldi.
Olimning «Shunday shoir o‘tgan edi», «Xayollar bandasi», «Mudom minnatdorman», «Umarbekovning o‘lmas fazilatlari», «Otajon Hoshim shaxsiyati» kabi maqolalari ham biografik asarning yetuk namunalaridir.
Ozod Sharafiddinov biografik asar yozar ekan, qahramonning bosh xususiyatini topmaguncha qo‘liga qalam olmas edi. Masalan, u Oybek haqida ko‘p yozgan, uzoq yillar davomida izlangan. Nihoyat, Oybek millatni uyg‘otgan adib ekanini chuqur anglab yetgan. Olim G‘afur G‘ulomni bolalik davridan ko‘rgan, bilgan, uning asarlari, ijodi haqida ko‘p yozgan. Nihoyat, G‘afur G‘ulom xalq hayoti bilan chambarchas bog‘langan san’atkor ekanini anglab yetgan.
Biograf bo‘lish Ozod Sharafiddinovga oson edi: u o‘z qahramonlarini juda yaxshi bilardi. Biograf uchun qahramonni bilish emas, uning xarakteridagi bosh xususiyatni, asosiy nuqtani topa olish muhimdir. Xarakterni o‘rgangan odam zinhor-bazinhor ijobiy va salbiy qahramon degan atamani qo‘llamaydi.
Xarakter — murakkablik, yaxlitlik, birbutunlik. Ko‘pincha inson xarakterining yetakchi xususiyati salbiy bo‘lib qoladi. Tadqiqotchi o‘sha salbiylik ildizlarini ochish orqali jamiyatdagi nosozliklar mohiyatini tahqiq etadi. Ayub G‘ulom, Zikriyo Mirhojiyev, Tohiriy xarakterlarida shu tomon bor edi. Bular ijtimoiy muhit, mafkuraviy tazyiq tomonidan «sindirilgan» shaxslar edi.
Filologiya fanlari doktori Bahodir Karim ustoz olim haqida quyidagilarni so‘zladi:
— Badiiy asarning tub mohiyati, sir-asrorini anglash, tushunib his qilish va tahlil jarayonida uni ko‘pchilikka ma’qul keladigan tarzda tushuntirish baxti hammaga ham nasib etavermaydi. Buning uchun yuksak salohiyat zarur. Salohiyatli olimning badiiy-estetik olami boshqalardan ajralib turadi; talqinlari, tahlil, tanqid va baholashlari xolis ilmiy mezonlarga asoslanadi. Adabiyotshunos Ozod Sharafiddinov ana shunday nodir olimlardan biri edi. Olim har doim yangi bosilgan asarga nisbatan eng to‘g‘ri so‘zni aytdi; muayyan bir adabiy voqelik yoki ijodkor shaxsini baholashda ham eng munosib ilmiy bahoni berdi.
Ozod Sharafiddinovni yaqindan tanigan kishilar uning naqadar bag‘rikeng va bilimdon inson ekanini yaxshi biladi, olimning asarlarida bu fazilat yaqqol seziladi. Fikr erkin quyiladi, o‘rtaga tashlangan adabiy-ilmiy muammo jahon adabiyotshunosligi kontekstida tekshiriladi, shunda allaqanday sun’iy adabiy-nazariy qoliplar parchalanib ham ketadi…
Ozod Sharafiddinov va jahon adabiyoti juda katta mavzu. Ammo ayrim tezislarni bayon qilish mumkin:
— Ozod Sharafiddinov jahon adabiyotidan ko‘plab badiiy asarlarni tarjima qildi;
— Ozod Sharafiddinov jahon adabiyotshunosligining eng yangi nazariy yutuqlarini ilmiy muomalaga olib kirdi;
— Ozod Sharafiddinov o‘z asarlarida jahon adabiyoti va adabiyotshunosligidan unumli foydalandi.
Bularning har biri alohida tadqiqot mavzularidir.
* * *
Anjuman qizg‘in fikr almashuv tarzida o‘tdi. O‘zbekiston xalq yozuvchisi O‘tkir Hoshimov, professorlar — Abdulla A’zam, Shabat Xo‘jayev, «Tafakkur» jurnali bosh muharriri Erkin A’zam, olimning qizi, adabiyotshunos olima Muhabbat Sharafiddinova, adabiyotshunos Omonulla Madayev so‘zlari alohida qiziqish bilan tinglandi. Shoir Mirpo‘lat Mirzo Ozod Sharafiddinovga bag‘ishlangan she’rini o‘qidi.
Umuman, milliy adabiyotimiz, ma’naviyatimiz tarixida yorqin iz qoldirgan Ozod Sharafiddinov kabi olimlarni xotirlash, ularning hayot yo‘lidan ibratlanishning o‘zi eng xayrli ish. Shu jihatdan, adabiy-ilmiy anjuman o‘z oldiga qo‘ygan vazifani bajardi, deyish mumkin. Lekin ta’kidlanganidek, «Ozod Sharafiddinov saboqlari»dan bahramand bo‘lish endigina boshlandi. Shubhasiz, bu anjuman an’anaviy tus oladi va butun mamlakatdagi ma’rifat maskanlarida davom etadi. Bu esa, o‘z navbatida, bugungi avlodlarni ustoz olimning tafakkur dovoniga tobora yaqinlashtiradi.
Nurboy Abdulhakim
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2006 yil 10-sonidan olindi.