O‘zbekiston ommaviy axborot vositalari bu jarayonda qanday ishtirok etmoqda?
Ming yilligimizning oxiriga kelib, insoniyat tarixida kuzatilmagan va dunyoni umuman boshqa yo‘nalishga burib yuborgan “g‘ayritabiiy hodisa” (globallashuv)ga guvoh bo‘ldik.
Globallashuv jarayonining kelib chiqishi va unda OAVning roli to‘g‘risida gapirishdan oldin “globallashuv” terminiga izoh bersak. “Globalizatsiya” — “gloub” (inglizchadan “global”, ya’ni yer shari), “global” (“global”, ya’ni butun dunyoga tegishli) va “globallashuv” (“globalize”, ya’ni butun dunyoga tarqalishi) so‘zlaridan kelib chiqqan.
Collins English lug‘atida (1998) globallashuv moliyaviy va sarmoya kirituvchi bozorlarga davlatlar va millatlarning o‘zaro bog‘lanmaganliklaridan foydalangan holda rivojlangan va tartibga solingan aloqalar orqali boshqarish imkoniyatini beradi, deb ta’kidlanadi.
Globallashuv jarayoni 1990 yillar o‘rtalarida asrning buyuk kashfiyoti internet paydo bo‘lgach, yanada murakkab tabiatga ega bo‘ldi. Moskvaning globallashuv muammolari instituti chop etgan “Globallashuv amaliyoti. Yangi asr o‘yin qoidalari” to‘plamida (2000 yil. 16-bet) globallashuv jarayoni axborot inqilobi, ayniqsa, internetning rivojlanishi hamda moliyaviy bozorlarning integratsiyalashuvi bilan uzviy bog‘liq ekani yoziladi.
Globallashuv jarayonini olimlar “internatsionallashtirish yoki baynalminallashtirish”, “liberallashtirish yoki erkinlashtirish”, “universallashtirish” hamda “g‘arblashtirish”, deb talqin qilishadi.
“Internatsionallashtirish” — mamlakatlararo munosabatlar, xalqaro savdoning o‘sishi, demokratiya va inson huquqlari kabi g‘oyalarni o‘zaro almashinishidir.
“Liberallashtirish” — mamlakatlararo ochiq savdoning chegaralashning man etilishi va jahon iqtisodiyotini erkinlashtirish.
“Universallashtirish” — bu turfa qarash va tajribalarning yer yuzidagi barcha insonlar orasida tarqalishi. Iqtisodiy va madaniy aloqalarning o‘sishi milliy madaniyat va qadriyatlarning uyg‘unlashuviga olib keladi. Boshqacha aytganda, madaniyatlarning qo‘shilib ketishi natijasida o‘zgacha madaniyat yuzaga keladi.
Ingliz olimi Voterning fikriga ko‘ra, “g‘arblashtirish” jarayonini “zamonaviylashtirish” jarayoni deb ham aytish mumkin. Biroq “zamonaviylashuvning ijtimoiy tuzilishi” bo‘lgan kapitalizm, mustamlakachilik, sanoatlashuv, byurokratizm, imperalizm va hokazolar globallashuv jarayonining asosiy negizini tashkil qiladi. Ya’ni gap “g‘arblashtirish” haqida ketganda, g‘arbiy kapitalizmning jahon miqyosida ustun turishi nazarda tutiladi. Masalan, 2000 yil ma’lumotlariga ko‘ra, dunyoda internetdan foydalanuvchilar soni 304 millionni tashkil etgan. Lekin butun dunyoni egallab olgan mazkur axborot tarmog‘idan foydalanuvchilar soni davlatlar va mintaqalarda teng taqsimlanmagan. 1999 yil oxirlarida internetdan foydalanuvchilarning 88 foizi rivojlangan davlatlarda istiqomat qilishgan. Bu esa dunyo aholisining 15 foizini tashkil qiladi. AQSh va Kanadada yer yuzi aholisining 5 foizi istiqomat qiladi va mana shu besh foiz aholi internetdan foydalanuvchilarning 50 foizini tashkil etadi. Ma’lumotlardan ko‘rinib turibdiki, internetni butun dunyo axborot tarmog‘i deya atash ham qaysidir ma’noda nisbiylik kasb etadi. Hozirgi kunda dunyo globallashuvining yangi davri “axborot asri” yoki “elektron yuz yillik” tomon qadam tashlamoqda. Sun’iy yo‘ldoshlar va internet orqali telekommunikatsiyalarning faoliyat yuritishi har kim va har narsa uchun yer sharining xohlagan chekkasiga borish va joylashish, ya’ni diterritoriallashish imkoniyatini yaratadi.
2001 yil 11 tsentyabr voqealaridan keyin dunyo siyosati mazmun-mohiyat jihatidan mutlaqo yangi va murakkab bosqichga o‘tdi, xalqaro siyosatdagi manfaatlar kuch va qutblarining markazlarida ham jiddiy tuzilmaviy o‘zgarishlar yuz berdi. Qo‘poruvchilik harakatlari natijasida xalqaro jurnalistikada mavjud huquqiy me’yorlar va kasbiy etikaning OAV hamda jurnalistlar tomonidan suiiste’mol qilinishi, kasbiy vakolatlar, majburiyatlarning qo‘pol tarzda buzilishi, eng muhimi, mustaqil va xolis fikr bildirishga nisbatan mas’uliyatning kamayishi hollari butun dunyo miqyosida kuchaydi. Hozirgi kunda xalqaro munosabatlar, kapital va moliyaviy institutlarning kengayishi natijasida ommaviy axborot vositalari ham jahon tarixida misli ko‘rilmagan tarzda globallashib bormoqda. Muayyan bir millat va davlatga yoki ma’lum bir siyosiy kuchlargagina daxldor bo‘lgan munosabatlar va aloqalar hamda hududiy chegaralardan chiqib, gibrid xarakterga ega bo‘lgan o‘ta murakkab siyosiy-ijtimoiy va madaniy voqelikka aylanmoqda. Mazkur jarayonlar O‘zbekiston siyosiy-iqtisodiy, madaniy-ma’rifiy va ma’naviy hayotiga, xususan, mamlakat OAViga jiddiy va kuchli ta’sir ko‘rsata boshladi. Negaki, globallashuv jarayoni shiddat bilan kechayotgan hozirgi davrda O‘zbekiston mustaqil, ochiq va demokratik tamoyillar asosida rivojlanayotgan davlat sifatida ushbu voqelik ta’siridan chetda qola olmaydi. Shuningdek, XXI asrning boshiga kelib dunyoda shunday bir siyosiy-iqtisodiy vaziyat yuzaga keldiki, u O‘zbekistonni bevosita xalqaro hamjamiyat va xalqaro almashish jarayonlariga shiddat bilan integratsiyalashishini talab qilmoqda.
Ayni paytda O‘zbekiston OAVlari ta’sir doirasining cheklanganligi, chuqur iqtisodiy asos va axborot bozorining to‘la qaror topmaganligi, jahon axborot tarmoqlariga kirib borishining sustligi mamlakat OAVlarining global axborot almashish jarayonlarida faol ishtirok etishiga to‘sqinlik qilmoqda. Natijada dunyo hamjamiyati O‘zbekiston to‘g‘risidagi axborotlarni uchinchi manbalardan yoki jahon jurnalistikasida katta ta’sir doirasiga ega bo‘lgan Rossiya OAVlari orqali olmoqda. Bu esa o‘z navbatida butun dunyoda ayrim hollarda O‘zbekiston to‘g‘risidagi noxolis va noto‘g‘ri tasavvurlarning hamda fikrlarning tarqalishiga olib kelmoqda, mamlakatimizning xalqaro miqyosdagi obro‘siga putur yetmoqda.
Globallashuv jarayonining O‘zbekiston jurnalistikasiga ko‘rsatayotgan eng jiddiy salbiy ta’sirlaridan biri bu respublika OAVlarining faqatgina iste’molchiga aylanib qolayotganidadir. Misol uchun, O‘zbekiston televideniesining butun mamlakat bo‘ylab efirga tarqaluvchi dasturlarining 2004 yil 1 yanvardan 30 iyungacha bo‘lgan tahlili shuni ko‘rsatmoqdaki, O‘zTVning to‘rtta kanallari ichida faqatgina O‘zTV1 (“O‘zbekiston” kanali) ko‘rsatuvlarining aksariyatini ushbu kanalning o‘zi tayyorlagan ko‘rsatuvlar tashkil etadi. Ya’ni, 6 oylik davrda ushbu kanalning umumiy efir vaqti 2938 soatni tashkil qilgan bo‘lsa, shundan 2304,32 soatini, ya’ni 78,4% ko‘rsatuvlari o‘z mahsulotlarining efir vaqtiga to‘g‘ri keladi. Bu ko‘rsatkich qolgan uchta kanalda, ya’ni TV2da 51,4%ni, TV3da 45% va TV4da 25,7%ni tashkil etadi.
“O‘zbekiston” kanalida chet el filmlari va ko‘rsatuvlari jami efir vaqti 581,35 soatni yoki 19,7% foizini tashkil etgan. O‘zTV1 telekanalining ko‘rsatuvlari efirida eng kam e’tibor qaratilgani chet el sporti haqidagi ko‘rsatuvlardir.
Shuningdek, O‘zteleradiokompaniyaning har to‘rtala kanalidagi dunyo yangiliklarining deyarli 99% chet el axborot agentliklari va teleradiokompaniyalarining dasturlaridan noqonuniy tarzda ko‘chirib olingan axborotlardan iboratdir. Buning ustiga, o‘zbek OAVlarining ta’sir doirasi cheklangan. O‘zbekiston telekanallari va radio stantsiyalarini faqatgina mamlakat bilan chegaradosh bo‘lgan Markaziy Osiyo respublikalari aholisigina ko‘rishi va eshitishi mumkin. Bu esa O‘zbekistondagi axborot makoni va ijtimoiy ongning to‘g‘ridan to‘g‘ri Rossiya va G‘arb OAVlari ta’siri ostida qolishiga sabab bo‘lmoqda hamda O‘zbekiston OAVlarining xalqaro miqyosdagi o‘z o‘rniga ega bo‘lishini tobora qiyinlashtirib qo‘ymoqda.
Axborot asri sifatida talqin etilayotgan yangi yuz yillikda axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, xususan internetning shiddat bilan rivojlanib borayotganligi insoniyat taraqqiyotiga yangicha mazmun va mohiyat ato qildi. Davlat va jamiyat rivojlanishining mazkur yangicha shakli “elektron” borliq ko‘rinishida xarakterlanib, uning kelajagini aloqa tarmoqlari orqali butun dunyoni yagona axborot makoniga aylantirayotgan millionlab baytlar va bitlar hal qilmoqda. Internet davlat va xalqlar o‘rtasidagi axborot almashishni misli ko‘rilmagan darajada tezlashtirdi, dunyoni insoniyat uchun tom ma’nodagi yagona global makonga aylantirdi.
Ta’kidlash kerakki, globallashuv jarayonining harakat manbai hisoblanmish G‘arbning (asosan AQSh) yirik iqtisodiy kuchlari butun dunyoni o‘zlarining korporativ manfaatlarigagina javob beruvchi va xizmat qiluvchi “yagona xom ashyo, iste’mol, ishlab chiqarish va axborot bozori”ga aylantirishga urinmoqdalar. Globallashuv jarayoni G‘arb davlatlarining umumiy manfaatlari himoyasida ham asosiy o‘rin egalladi. Ajablanarli tomoni shundaki, 6,3 milliard kishidan iborat jahon aholisining faqatgina 1 milliardga yaqini istiqomat qiluvchi G‘arb davlatlari dunyodagi mavjud iqtisodiy resurslarning 80 foizini nazorat qilmoqda. Sayyoramiz aholisining bor-yo‘g‘i 1 foizi dunyo boyliklarining 60 foiziga ega. Bu esa milliy davlatlarning G‘arbga siyosiy iqtisodiy va harbiy jihatdan qaramligiga olib keladi.
Shuningdek, mazkur vaziyat davlatlarning OAVga ham o‘z ta’sirini o‘tkazmay qolmaydi. OAVning milliyligiga rahna soluvchi hozirda odatiy holga aylanib borayotgan, ko‘proq G‘arbga xos bo‘lgan pornografik, vahshiylik, narkomaniya, fohishabozlik kabi illatlarni o‘zida aks ettirgan dasturlarning berilishi kuchaymoqda. Bu esa, o‘z navbatida, milliy OAVning milliy qadriyat va madaniyat tushunchasidan yiroqlashib, dunyoning yirik mediakorporatsiyalari mahsulotlariga murojaat qilib, axborot sohasida ishlab chiqaruvchi emas, balki iste’molchiga aylanib qolishiga olib keladi. Milliy OAV va jurnalistika xorijiy (asosan G‘arb) axborot mahsulotlariga bog‘lanib qolmoqda. Xususan, O‘zbekiston OAVlari ham dunyo yangiliklariga oid axborotlarni uzatishda butunlay chet elning yirik korporatsiyalariga suyanadi, milliy qadriyatlarni o‘zida aks ettirgan ko‘rsatuvlar berilishi o‘rniga xorij seriallari, kinolari, sport ko‘rsatuvlari va musiqiy dasturlarini haddan tashqari ko‘p vaqt efirga uzatish jamiyatimiz uchun bir qator salbiy oqibatlarni keltirib chiqaradi:
— chet el mafkurasi, dunyoqarashi va hayot tarzini omma ongiga singdirib, milliy qadriyatlar va an’analarga e’tiborning pasayishiga olib keladi;
— xorijiy axborot oqimlarida mavjud bo‘lgan g‘arbona erkin jinsiy hayotni, zo‘ravonlik, urush va qotilliklar, xudbinlik, boylikparastlik, ota-onani hurmat qilmaslik, ichkilikbozlik, tamaki mahsulotlari va narkotik moddalarni iste’mol qilishga mukkasidan ketgan shaxslar va shunga o‘xshash holatlar ijtimoiy ongga, ayniqsa, yoshlar tafakkuriga salbiy ta’sir ko‘rsatadi;
— G‘arb manfaatlarini himoya qiluvchi axborot oqimlari o‘zbek jamiyatining milliy estetikasi, ahloq me’yorlariga va mentalitetiga, yoshlarga milliy mafkurani singdirish uchun qilinayotgan ko‘pgina ishlarning samaradorligiga putur yetkazadi;
— Milliy OAV mahsulotlariga bo‘lgan talabning pasayishiga olib kelishi;
— Milliy jurnalistika taraqqiyotini sekinlashtirishi mumkin;
— Milliy axborot makonini va ongni axborot xavfsizligi nuqtai nazaridan chet el mafkurasi ta’siriga tushib qolishiga olib keladi;
Globallashuv jarayonining bunday salbiy ta’sirlarini kamaytirish uchun bir qator muammolar yechimiga e’tibor qaratish lozim. Avvalo, so‘z va OAV erkinligini qog‘ozda emas, balki amalda ta’minlanishiga erishish, OAV sohasida ham to‘laqonli bozor munosabatlariga o‘tish va uning tartibga solish tizimlarini ishlab chiqish, OAV va jurnalistika sohasidagi milliy kadrlarni tayyorlash sifatini yaxshilash talab etiladi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti I. Karimov ham Oliy Majlisning ikkinchi chaqiriq to‘qqizinchi sessiyasida qilgan ma’ruzasida bugungi kunda respublikada so‘z erkinligini ta’minlashning jamiyatimiz rivoji uchun o‘ta muhimligini, OAV sohasidagi iqtisodiy munosabatlarni tartibga solish lozimligini, ichki va tashqi siyosatdagi murakkab masalalarni chuqur tushunadigan va tahlil qila oladigan, o‘z kasbini chinakam ustasi bo‘lgan yuqori malakali jurnalistlarga katta ehtiyoj borligini ta’kidlab o‘tgan edi.
Xulosa o‘rnida shuni aytish mumkinki, globallashuv jarayoni insoniyatning, xususan, OAVning rivojlanishi uchun (o‘zining barcha ta’sir va oqibatlariga qaramasdan) juda qulay imkoniyatlar yaratib bermoqda. Xususan, O‘zbekiston ham globallashuvning bunday imkoniyatlaridan foydalanib, jahon hamjamiyatiga yanada tezroq integratsiyalashmoqda va xalqaro axborot almashish jarayonlarida faol qatnashmoqda. Ammo globallashuv jarayonida “jabrlanuvchi”ga aylanib qolmaslik uchun O‘zbekiston ijtimoiy ongni va milliy OAVni tezroq erkinlashtirishi, axborot bo‘shlig‘i yuzaga kelishiga yo‘l qo‘ymasligi lozim. Negaki, kuchli ijtimoiy fikr va OAV jamiyatni globallashuvning siyosiy-iqtisodiy va mafkuraviy tazyiqlardan himoya qilishda eng samarali himoya vositasi bo‘la oladi.
Akbar Nurmatov,
O‘zDJTU doktoranti
“Hurriyat” gazetasidan olindi