ikki kilo shortik, yarim kilo tursik, bir kilo mayka, bir kilo kepka…
Rastalarni shoshilmay aylanib, hamyonga yarasha xarid qilish koni foyda. Buning uchun dam olish kuni ayni muddao. Shunday xayol bilan yo‘l chetida turib, oldi o‘rindig‘i bo‘sh mashinani kutdim. Haydovchi bilan yonma-yon, ya’ni tinchgina o‘tirishning gashti bor-da. Hadeganda yo‘lovchilar chiqib-tushaverib bezovta qilmaydi.
O‘zim xush ko‘radigan o‘rindiqqa o‘tirib, mashina eshigini yopdim. Kutilmaganda orqa tomondan kimningdir “Hello!” degani eshitildi. Jamoat joyi deganlaridek mashinagayam har xil odamlar chiqadi deb e’tibor bermay ketaverdim. Bu safar yelkam turtilib, yana o‘shanaqa ovoz yangradi. O‘girilib qaradim. Boshqa sinfda o‘qigan maktabdoshim Tolib ekan. Qop-qora ko‘zoynak taqib olibdi.
— Yo‘l bo‘lsin, — dedi allaqanday beo‘xshov tirjayib.
— Bozorga, — dedim.
— Supermarketgami?
— Yo‘q, o‘zimizning oddiy dehqon bozoriga.
— Yevropaliklar asosan supermarketlardan xarid qilishadi, — donolik qildi u.
Tolib ancha o‘zgarib, “evropalashib” ketgani ma’lum bo‘p qoldi. O‘rni kelganda undan so‘radim:
— Yevropaning qaysi shaharlarida bo‘lding — Gollandiyadami, Parijdami yoki Bombeydami?
— Yo‘g‘-e, Bombey deganlari Hindistonda-ku!
— Qayoqdan bilasan? — bo‘sh kelmadim davom etib.
— Kinoda ko‘rganman! Televizorniyam ko‘rib turish kerak. Unda ko‘p narsalarni ko‘rsatishyapti, o‘rgatishyapti.
Endi aniq bo‘ldi menga, Tolibjonning qanday qilib “evropalashgani”. Navbatdagi bekatda tushaman, — dedim unga.
— Men ham tushaman, — dedi hovliqib.
Yo‘lkirani ikkimizga men to‘ladim.
— Xo‘sh, Tolibboy, qayoqqa boramiz?
— “Second hand”ga, — dedi qoshlarini chimirib, tilini g‘alati burab gapirarkan.
— Tushunmadim, nima deganingni?
— Borganda ko‘rasan. Avval tamaddi qilvolaylik.
— Yaxshi, palov yeymizmi, lag‘monmi yoki…
— “Xot-dog” olamiz, — dedi u dadillanib. — Palov, lag‘mon, kabobni tik turib yeyish qiyin.
Shunday deb ildamlagancha nariroq kirib ketdi. Qo‘lida “bulochka” bilan qaytib chiqdi. Yarmini menga bermoqchi bo‘ldi…
Gavjum shahar ko‘chasi bo‘ylab kovshanib yurgan odam bilan yonma-yon yurishni o‘zimga ep ko‘rmay, uni ogohlantirdim:
— Nonni uvatib, isrof qilyapsan-ku.
— Hech qanaqa isrof emas. Biz shoshilyapmiz, vaqt ziq! Yevropaliklar ham shoshilganda shunaqa yo‘l-yo‘lakay yeyishadi.
Hamrohimni tark etib, xayr-ma’zurniyam nasiya qilmoqchi bo‘ldim-u, haligi “Sesond hand” deganiga qiziqib sabr qildim.
Nihoyat, “Sesond hand”ga yetib keldik. Oddiy bino ekan. Faqat peshtoqiga inglizcha yozib qo‘yilibdi, xolos. Ichkariga kirdik. Allaqanday noxush hid dimog‘imga urildi. Keyin bilsam, “Sesond hand” o‘zbekchasiga “Ikkinchi qo‘l” degan ma’noni anglatib, Yevropadan keltirilgan, arzonlashtirilgan eski kiyim-boshlar sotiladigan do‘kon ekan. Yana bitta “g‘alati” tomoni shundaki, bu yerdagi eski-tuski kiyimlar kilolab sotilarkan.
Tolib o‘zini erkin his qilib, ajnabiy ashulani hirgoyi qilgancha eski uyum-uyum kiyimlar orasidan saralay boshladi. Birozdan keyin menga “hisobot” berdi:
— Mana, ikki kilo shortik, yarim kilo tursik, bir kilo mayka, bir kilo kepka, 100 gramm yubka oldim. Bunisi o‘zimga, chunki “sezon”ga tayyorlanishim kerak, yevropaliklar yozga shunday tayyorlanishadi. Mana bunisi singlimga, bunisi esa ukamga. Ie, sen nega xarid qilmading? Axir yevropaliklar…
Shu payt ko‘nglim behuzur bo‘lib, tashqariga chiqdim va “ikkinchi qo‘l”ing sinsin, “repper!”, deb jo‘navordim.
Muhiddin MIRZAAHMAD
“Hurriyat” gazetasidan olindi.