Ulug‘ bobomiz Amir Temur butun umrini xalqimiz, Vatanimiz ozodligi uchun bag‘ishladi. Yurtimizning har bir qarich yeri uning uchun muqaddas edi. Buni Cohibqironning mamlakatni bosqinchilardan ozod qilish yo‘lida olib borgan xaloskorlik kurashlari misolida ham ko‘rishimiz mumkin.
Garchi Amir Temur buyuk davlatga asos solgan bo‘lsa ham, mo‘g‘ul hokimlari tez-tez yurtimizga tog‘lar osha hujumlar qilib turardilar. Masalan, Farg‘onaning Xitoy chegarasiga yaqinligi uchun ham bu hudud strategik ahamiyatga ega edi. Shu sababdan bo‘lsa kerak, Sohibqiron uning hokimligini katta o‘g‘li — qo‘rqmas va bahodir Umarshayxga bergan edi. (Boburning otasi Umarshayx mirzo bilan almashtirmaslik lozim.) Mo‘g‘ulistonda esa, dug‘lat urug‘idan chiqqan Qamariddin ko‘zga ko‘ringan amir edi. U Amir Temurga qarshi deyarli 20 yil (1370 — 1389) urush olib bordi. Sohibqiron o‘z qo‘shinlari bilan Xorazmga yoki undan nari ketishi bilanoq Qamariddin darhol hujum boshlar, Ili, Talas vodiylarini (Qozog‘istonning hozirgi Jambul viloyati tomoni) vayron qilar va Sayram, Chimkent orqali Toshkentni bosardi.
Qadimda Janubiy Qozog‘iston va hozirgi Jambul viloyatidan Farg‘ona vodiysi shimoliga tushadigan tarixiy karvon yo‘li bo‘lgan. 300 kilometr yurilsa, Chotqol tog‘laridan oshib, bir tarmog‘i Namanganning shimoliga, yana bir tarmog‘i hozirgi Maylisoy va Madaniyat (qadimgi Izboskan) tomonga tushadi. (Bu tog‘ yo‘li hozirda tashlandiq bo‘lib qolgan.) Mo‘g‘ul qo‘shinlari Qamariddin boshchiligida mana shu yo‘l orqali tez-tez Farg‘ona mulkiga bosqin uyushtirib turardi. Amir Temur bir safar Mo‘g‘ulistonga yurish qilganida Qamariddin qochib qutulgan edi.
Tarixchi Muiniddin Natanziy Umarshayx o‘g‘li Iskandar mirzo faoliyatiga bag‘ishlangan asarida yozishicha, Amir Temur bir safar Xorazmdan qaytgach, o‘g‘li Umarshayxni mo‘g‘ullarga qarshi otlantiradi, o‘zi esa keyinroq ular ketidan yetib boradi. Qamariddin mo‘g‘ul hokimlarini Movarounnahrga qarshi otlantirayotgandi, biroq Umarshayx hujumidan xabar topib, yurishni to‘xtatadi. Amir Temur Qamariddinni ta’qib qiladi, u tog‘ tomonga qochib yashirinadi. Umarshayx ulardan anchasini asir olib, Farg‘onaga qaytadi. Ulug‘ Sohibqiron o‘g‘lining mana shu botirligi va qo‘rqmasligi uchun, manbada yozilishicha, O‘zganni ham 12 tumani bilan Farg‘ona mulkiga qo‘shib beradi.
Sohibqiron Amir Temurning hijriy 776 yil sha’bon (melodiy 1375, yanvar) oyida Mo‘g‘uliston tomon yurishi va g‘alabasi hamda undan keyingi Farg‘ona voqealari ham diqqatga sazovordir.
O‘sha yili qish qattiq keldi, sovuq kunlar cho‘zilib ketdi. Amir Temur nabirasi (Shohrux mirzoning o‘g‘li) 18 yoshli Jahongir Bahodirni yoniga olib, Mo‘g‘uliston tomon yurish boshladi. Sohibqiron qo‘shinlari Sayram tomonidan Taroz shahriga yaqinlashganlarida bu haqda xabar topgan amir Qamariddin chekinib, o‘tib bo‘lmas bir tog‘ darasiga yashiringan. Ko‘p izlaydilar, lekin topisholmaydilar. Ammo uni topib, batamom mahv etib, Movarounnahr mamlakatining bu asosiy dushmanini yo‘q qilmoq kerak edi. O‘shanda Xitoyga yondosh Farg‘ona mulki ham xotirjam bo‘lardi.
Akademik Bo‘riboy Ahmedov «Amir Temur» asarida mana shu holatni quyidagicha tasvirlagan: mo‘g‘ul xoni Qamariddin albatta tutilishi zarur. Shu payt Amir Temur yonida turgan amirzoda Jahongir bobosiga murojaat qildi:
— Ota, ijozat bering, o‘sha zamxdor qashqirni o‘zim tutib kelay.
Sohibqiron rozi bo‘ladi va sevikli nabirasini qo‘shin bilan Qamariddin ketidan yuboradi. O‘zi esa, Sharafiddin Ali Yazdiyning yozishicha, «dushman keyinida Poytog‘ mavzeigacha» boradi.
Tariximiz uchun muhim bo‘lgan muammolardan biri — «Poytog‘»ning qayerdaligidir. «Zafarnoma» tarjimonlari «Poytog‘ mavzeining o‘rni aniq emas», deb yozadilar va uni Issiqko‘l atrofida deb taxmin qiladilar.
Yuqorida Qozog‘istonning hozirgi Jambul viloyati janubidan Farg‘ona vodiysiga karvon yo‘li o‘tgan, dedik. Fikrimizcha, Amir Temur Sayramdan Taroz vodiysiga (hozirgi Jambul) o‘sha yo‘l orqali Qamariddinni quvib, Chotqol tog‘laridan Farg‘ona tomonga o‘tgan. Chunki Mo‘g‘uliston amiri vodiyni egallamoqchi edi-da. Shunday bo‘lgach, «Poytog‘» mavzei hozirgi Poytug‘ (Izboskan tumani markazi) bo‘lib chiqadi. Nizomiddin Shomiy ham o‘z «Zafarnoma» asarida xuddi shu voqeani tasvirlar ekan: «Amir Sohibqiron dushmanni tag-tomiri bilan quritish qasdida Boytoqqacha bordi», — deb yozadi. Ikkala manbadagi ma’no bitta: birida «Poytog‘», ikkinchisida «Boytog‘» yozilgan.
Yana bir muammo: shahzoda Jahongir mirzo dushmanni quvib, «Uch qarmon» mavzeiga yetganida ma’lum bo‘ladiki, Qamariddin xotin-xalaj va xizmatkorlarini shu yerda qoldirib, o‘zi toqqa qochibdi. Xo‘sh, «Uch qarmon» qayerda bo‘ldi? Sharafiddin Ali Yazdiy «Zafarnoma»sining tarjimonlari o‘z izohlarida bu nomni arabcha yozuvda o‘qish qiyin ekanini ta’kidlaydilar. Nizomiddin Shomiy esa, «Uch Parmon» deb yozadi. Balki, «Uchqo‘rg‘on»dir? Bu — bizning taxminimiz. Chunki voqealar Taroz vodiysidan Chotqol orqali o‘tilgach, Farg‘ona shimolida yuz bermoqda. Uchqo‘rg‘on esa, vodiyning shimoli-sharqida. Buni aniqlash ham o‘lkashunoslikdagi vazifalardandir.
Sohibqiron «Poytog‘» («Boytoq») mavzeida 53 kun turib, 1376 yil qishini shu yerda o‘tkazadi. Shahzoda Jahongir mirzo qo‘lga tushgan Qamariddin odamlarini keltirib, bobosiga topshiradi. Asirlar orasida Qamariddinning akasi amir Shamsiddinning Dilshod og‘o ismli qizi ham bor edi. Davr udumiga ko‘ra, g‘olib podshoh mag‘lub podshoh qizi yoki xotiniga uylanish odati bor edi. Odatga binoan, Sohibqironning Dilshod og‘oga uylanish to‘yi o‘tkaziladigan bo‘ldi, buni Otboshda o‘tkazishga qaror qildilar. Otbosh hozirgi Qirg‘izistonning Norin viloyatida, ya’ni shimoldagi Chotqolga tutashib ketgan Farg‘ona tizma tog‘larining sharqiy yonbag‘rida bo‘lib, bahor va yoz oylari go‘zal bo‘lgan keng yaylov joy edi.
Sharafiddin Ali Yazdiy yozadi: «Sohibqiron Otboshga kelib, andin Arpa yozida tushdi». Nizomiddin Shomiyda ham shu mazmun: «So‘ngra u yerdan (ya’ni, Boytoqdan — S.J.) ko‘chib, Otboshga kelib tushdilar va Arpa yozi degan joyda to‘xtadilar». Yana bir muammo — «Arpa yozi» degan joyni aniqlashdir. Bu yerda ikki nom bitta qilib yozilgan. Tarixchilar daryo irmoqlari bo‘lmish «Arpa» va «Yassi» nomlarini qo‘shib yuborishgan, ularni bir joy deb tushunishgan. E’tibor bermoq lozimki, Farg‘ona tizma tog‘larining shimoli-sharqiy yonbag‘riga Arpa daryosi oqib tushib, Noringa qo‘shiladi, g‘arbiy yonbag‘irdan esa Yassi daryosi boshlanib, vodiyga oqadigan Qoradaryoga qo‘shiladi. Tog‘ning mana shu suv-bo‘lgich dovon qismidan Yassi bo‘ylab O‘zganga o‘tadigan karvon yo‘li ham bo‘lgan. Binobarin, bu yerda gap Arpa va Yassi daryolari vodiysi haqida bormoqda. Sharafiddin Ali Yazdiy tarjimonlari ham e’tibor bermay Arpa yozi — «shu nomli daryo vodiysi», deb izohlashadi. (Nizomiddin Shomiy tarjimoni esa, umuman izoh bermagan.) Ayrim manbalarda shu hudud Yassi viloyati deb ham ko‘rsatiladi.
Amir Temurning Dilshod og‘oga uylanish to‘yi mana shu joyda — Arpa daryosi bo‘yida o‘tkaziladi. Sharafiddin Ali Yazdiy ushbu to‘y marosimiga atab alohida misralar yozgan. To‘y juda dabdabali, shohona o‘tgan. To‘ydan so‘ng Sohibqiron Amir Temur «Yassi dabondin o‘tib, O‘zganda tushdilar»(Sharafiddin Ali Yazdiy).
Nizomiddin Shomiy ham Sohibqiron O‘zganga kelganini yozadi. O‘zganga kelish boisi esa bunday: 1376 yil yozining boshlanishi edi. Sohibqironning hazrati oliyalari Qutlug‘ Turkan og‘o barcha xizmatkoru beklari bilan Samarqanddan Farg‘ona vodiysi yerlaridan o‘tib, O‘zganga kelishgan edi. Ular Otboshda — Arpa daryosi bo‘yida o‘tgan to‘yni muborakbod qilmoq uchun yurishganu, biroq kech qolishganmi — bu haqda aniq ma’lumot yozilmagan. Ular Samarqanddan O‘zganga kelganlari haqida Amir Temurga xabar borgan va Sohibqiron ham odamlari bilan Otboshdan Yassi dovoni orqali O‘zganga kelgan. Qutlug‘ Turkan og‘o bir tosh masofaga chiqib, Amir Temurni kutib olgan.
Ularning O‘zganda birinchi qiladigan ishlari hazrat Sayyid Burhoniddin Qilichning muborak mozorini ziyorat etish edi. Tarixdan ma’lumki, Sayyid Burhoniddin Qilich janobi Rasululloh(s.a.v.)ning Farg‘ona vodiysiga kelib qolgan avlodlaridan bo‘lib, O‘zgan shahri Qoraxoniylar davlatining poytaxti bo‘lgan davrda (XII asr) shu yerda istiqomat qilganlar. Zahiriddin Muhammad Boburning bergan ma’lumotlariga qaraganda, barcha davlatlarda Farg‘onaning xatib imomlari-yu, qozilari Burhoniddin Qilich avlodlaridan tayinlangan. Sohibqiron Amir Temur esa, e’tiqodi mustahkam, musulmoni komil inson bo‘lgani sababli ularning O‘zgandagi birinchi ishlari Hazratning mozorini tavof etish bo‘ldi. (Shu qadimiy udum Movarounnahrda hozirgacha saqlangan, ya’ni biron shaharga borgan musofir yoki yo‘lovchi avval shu yerda o‘tgan ulug‘ kishilarning mozorlarini ziyorat qiladi.)
Ziyorat tantanasi ham shohona o‘tgan: Sohibqiron, zavjalari Qutlug‘ Turkan og‘o, nabiralari amirzoda Jahongir va amirlaru beklar to‘g‘ri Burhoniddin Qilich mozoriga boradilar. Qur’on tilovatlari bo‘ladi, qon chiqarilib, oshlar tarqatiladi. Mozorning shayxlari, qorilar va barcha xizmatchilariga shohona sadaqalar beriladi. Amir Temur mozor uchun o‘n ming qo‘y, uch yuz ot va bir tuman kepaki dinor hadya qiladi.
Sohibqiron ayollari bilan O‘zganda qancha muddat turganlari manbalarda yozilmagan. Har holda, bir necha kun turishgan va Amir Temur shahar atrofini aylangan. Chunki O‘zgan Xitoydan keladigan karvon yo‘lining ustida joylashgan harbiy-strategik ahamiyatga molik shahar edi. O‘zgan sharqidagi hozirgi Qorasho‘ra mavzeidan 30 kilometrlar chamasi sharqda, Yassi daryosi bo‘yida juda keng sayhon maydonda qadimiy to‘rt burchakli pishiq g‘ishtlarning juda ko‘p parchalari hozirgacha sochilib yotadi. Xotiralarga qaraganda, qadimda bu yerda xitoyliklarning ulgurji savdo yarmarkasi bo‘lgan(katta tekislik maydon hamon saqlangan). Xalq naqllarida bu yer «Chit bozori» deyiladi. Ulug‘ Sohibqironning bu yerlar bilan qiziqmasligi mumkin emas edi. Bundan tashqari, Jalolobod va Bozqo‘rg‘on atroflarida Amir Temur nomi bilan bog‘liq tarixiy tepaliklar saqlangan. Bular Sohibqiron O‘zganda bo‘lganida qo‘riqchi qo‘shinlari joylashgan istehkomlarning o‘rnidir.
Sohibqiron Samarqanddan kelgan mehmonlari bilan birga Farg‘ona vodiysi bo‘ylab — O‘zgandan Xo‘jand tomon yo‘lga chiqqan. Xo‘sh, Amir Temurning O‘zgan — Xo‘jand yo‘li qayerlardan o‘tgan bo‘lishi mumkin? Bizning tekshirishlarimiz natijalariga qaraganda, O‘zgandan Qora-daryoning o‘ng sohili bo‘ylab qadimiy karvon yo‘li o‘tgan va bu yo‘l hozirgi Kampirravot orqali Qorasuv massivini oralab o‘tib, O‘sh — Quva savdo yo‘lining Andijon tarmog‘iga qo‘shilgan. (Bu yo‘lning Kampirravot — O‘zgan qismini biz piyoda bosib o‘tganmiz. Hozir u yo‘l suv ombori ostida qolib ketgan.) Ushbu yo‘l Marg‘ilon orqali davom etib, Farg‘ona tizma tog‘lari orqali Xitoydan kelgan yo‘lga qo‘shilgan va “Boburnoma”da “Bandisolar” deb atalgan. U Andijonni Axsi bilan bog‘lovchi karvon yo‘liga tutashgan, so‘ngra Sirdaryo orqali Xo‘jand yo‘liga qo‘shilgan.
Fikrimizcha, Amir Temur O‘zgandan mana shu yo‘l orqali Xo‘jandga jo‘nagan. Akademik Bo‘riboy Ahmedovning yozishicha, Sohibqiron 1376 yil yozining qolgan qismi va butun kuzni Farg‘ona vodiysining go‘zal manzilgohlarida o‘tkazgan. U shahar-qishloqlarni ko‘zdan kechirgan bo‘lishi mumkin. Ov qilgan, ulug‘lar, ulamolar bilan suhbatlar qurgan. Amir Temur, shubhasiz, Andijonda ham bo‘lgan chiqadi. Bu xulosamizni tasdiqlovchi dalil shuki, Andijon so‘nggi mo‘g‘ul xonlaridan Duva(Tuva)xon davrida, ya’ni XIV asrdan Farg‘ona mulkining markaziga aylanib, uning qal’a devorlari tiklangan, shaharga «Qubbat ul-islom» degan faxriy diniy unvon berilgan edi. Duvaxon shaharda o‘z nomiga «Namozgoh» masjidi qurdirganligi ma’lum. (Shahar tarixida va xalq og‘zida mashhur «Duvaxon masjidi».) Binobarin, Sohibqiron Andijonga qo‘nib o‘tmasligi mumkin emas.
Xo‘jand hokimi Odilshoh Amir Temurni Marg‘ilonga kelib kutib oladi. Birga Xo‘jandga kelishib, Sohibqiron uch kun mehmonda bo‘ladi. Amir Temur sharafiga to‘y beriladi, sovg‘alar ulashiladi, ov uyushtiriladi. Nihoyat, Amir Temur Xo‘janddan Samarqandga jo‘naydi va u yerda ko‘p turmay, Qarshi safariga otlanadi.
Shunday qilib, Sohibqiron Amir Temur bosh g‘animi — mo‘g‘ul xoni Qamariddin ustidan g‘alaba qozonadi va uning Farg‘ona vodiysiga bo‘lgan shiddatli hujumlariga zarba beradi, bu o‘lkaning xavfsizligini ta’minlaydi. Biroq, Qamariddinning o‘zi qo‘lga tushmaydi. U keyingi yillari ham Sohibqironga qarshi oz kuch bilan hujumlar uyushtirib yurdi, lekin ular endi xavfli emasdi. Nihoyat, 1389 yili Qamariddin sargardonlikda olamdan o‘tadi.
Qissadan hissa shuki, ulug‘ Sohibqironning Farg‘ona vodiysi bilan aloqadorligi dalillarini aniqlash va chuqurroq o‘rganish uchun tarixchilarimiz, o‘lkashunoslarimiz oldida bir qancha muhim vazifalar turadi. Chunonchi:
Amir Temur qadami tekkan va 53 kun istiqomat qilgan Poytoq (Boytog‘) chindan ham bugungi Poytug‘mi yoki boshqa mavzemi?
«Zafarnoma»larda «Uch qarmon», «Uch parmon» deb ikki xil yozilgan bir joy nomi aslida «Uchqo‘rg‘on» emasmikan?
“Arpayozi” deb tilga olingan nom aslida “Arpa” va “Yassi” nomli, hozir ham mavjud bo‘lgan daryocha irmoqlarining birga qo‘shib yozilgani emasmikan?
Xitoydan Farg‘onaga yo‘nalgan qadimiy savdo yo‘li(«Buyuk Ipak yo‘li»)ning bir tarmog‘i Norin, Otbosh orqali, «Zafarnoma»larda «Yassi dovon» deb, «Boburnoma»da esa, «Andijon dovoni» deb atalgan dovondan o‘tib O‘zganga, undan Andijonga kelgani shubhasiz. Vazifa — bu yo‘nalishlar bo‘ylab maxsus o‘lkashunoslik yurishlari uyushtirilmog‘i va aniqliklar kiritilmog‘i lozim. Bunda Jalolobod va Bozorqo‘rg‘on atrofidagi Amir Temur nomi bilan bog‘liq tepaliklar ham nazarda tutiladi.
Sohibqiron O‘zgandan Farg‘ona vodiysi orqali Xo‘jandga va undan Samarqandga yurgan ekan, Andijonning qayerlarida bo‘lgan? Chunki Marg‘ilonga borish uchun qadimda ham yo‘l Andijon orqali edi.
Bu va tariximizga doir boshqa muammolar o‘lkashunoslarimizning sa’y-harakatlari bilan oydinlashadi. O‘lkashunoslar va maktab o‘quvchilarining maxsus yurishlari uyushtirilib, joylarda xalq og‘zidagi tarixiy naqllar yozib olinmog‘i, qadimiy yo‘llar, ariq-kanallar, karvonsaroylar haqida ma’lumotlar to‘planib, ularning nomlarini aniqlamoq, turli xotiralarni yozib olmoq lozim. Nihoyat, ulug‘ bobomiz o‘tgan yo‘llarning marshrutini belgilaydigan xaritani tayyorlamoq zarur. Buning uchun maktablardagi fidoyi tarixchilarimiz olimlar bilan hamkorlik aloqalari o‘rnatmog‘i maqsadga muvofiqdir. Ana shunda janob Rasululloh(s.a.v.)ning “Vatanni sevmoq iymondandir” degan chaqiriq hadislariga ham munosib ish qilgan bo‘lamiz.
Sayfiddin hoji Jalilov
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2006 yil 14-sonidan olindi.