Tog‘aymurod Shomurodov, Adham Hayitov. Samarqandning nafis qog‘ozlari (2006)

Samarqand o‘rta asrlarda hunarmandchilik va savdo-sotiqning yirik markazlaridan biri edi. Ayniqsa, bu yerda tayyorlangan nafis qog‘ozlar juda mashhur bo‘lgan. Bu haqda viloyat davlat arxivida saqlanayotgan SamDU dotsenti, tarix fanlari nomzodi M. Abramovning shaxsiy arxivida qiziqarli ma’lumotlarni o‘qish mumkin.

Ming yillar davomida — VII asr o‘rtalaridan XIX asr o‘rtalarigacha Samarqandda o‘simlik tolasi va matodan turli xil yozuv qog‘ozlari tayyorlab kelingan. Bu yozuv qog‘ozlari asta-sekin buzoq, qo‘zi, echki terisidan maxsus ishlov berilib tayyorlangan, yog‘och romlarga tortilib har ikkala tomoni silliq ishlangan pargament, papirus, yog‘och taxtacha singari yozuv ashyolarini iste’moldan siqib chiqargan.

Qog‘oz tarixi va qog‘oz ishlab chiqarish usullari, uni tarqatish yo‘llari hozirgacha yetarli o‘rganilmagan. Xitoy yilnomalarida yozilishicha, eramizgacha bo‘lgan I asrdan boshlab Xitoyda qog‘oz tayyorlana boshlagan. Boshqa ma’lumotlarga qaraganda, eramizning 105 yillarida Chay Lun (yoki Say Lun) qog‘ozni kashf etgan.

Umuman olganda, XIX asrgacha qog‘oz tarixi juda kam yoritilgan. Mikroskopik va tarixiy-antikvar tadqiqotlar “paxta qog‘oz”, “ipak qog‘oz” degan tushunchalar uncha to‘g‘ri emasligini ko‘rsatdi. Negaki, to‘g‘ridan to‘g‘ri paxta va ipak tolasidan tayyor nafis qog‘oz olish qiyin. Taxminan VIII  asrgacha qog‘oz ishlab chiqarish uchun birlamchi xom ashyo bo‘lib (qog‘oz o‘simlik tolasidan ishlab chiqilgan bo‘lsa-da), ipak mato tolasi xizmat qilgan.

Xitoylik mualliflarning yozishicha, qog‘oz tayyorlash usuli ipak momiqni yuvish natijasida topilgan ekan. Yuvish chog‘ida ostiga maxsus elak idish qo‘yilgan, momiqni savagich tayoqlar bilan ishlashgan. Idishda qolgan yupqa momiq ipak qatlami yozish uchun yaroqli ashyoga aylangan. Ammo bunday qog‘ozlar tejamli bo‘lmagan, sifati bilan ham ajralib turmagan. VII asrdan boshlab qog‘oz tayyorlash uchun asosiy xom ashyo sifatida o‘simlik tolalari — kanop, zig‘ir tolalari ishlatilgan.

Bundan tashqari, xom ashyo sifatida yana yog‘och po‘stlog‘i va latta-puttalardan ham foydalanishgan. Bunday qog‘ozlarni tayyorlash usuli oddiy va narxi arzon bo‘lgan.

Qog‘oz ishlab chiqarishning asosiy jarayonlari yuvish, qog‘oz massasini maydalab tuyish, pishirish va varaqni quyishdan iborat. Tola materialni ivitish va pishirishdan uni kul va ohak bilan aralashtirish ham tajriba qilib ko‘rilgan. Keyinchalik bu butqasimon materialdan romlarga tortish va yog‘och romga kiygizish uchun qog‘oz varaqlari tayyorlangan, ular siqilgan, ba’zan yelimlangan, quritilgan va silliqlangan.

Samarqand VIII asr va IX asr birinchi yarmida qog‘oz ishlab chiqarish bo‘yicha butun Yaqin va O‘rta Sharqda yagona yirik markaz bo‘lgan. VIII asrda qog‘ozga yozilgan hujjatlar 1933 yilda Tojikistondagi Mug‘ tog‘ida olib borilgan qazishmalar chog‘ida topildi. Samarqand qog‘ozi paydo bo‘lganidan boshlab, o‘rta asrlargacha nafaqat Sharq bozorlarida, balki yuqori sifatli bo‘lganidan uzoq G‘arb mamlakatlariga ham keng tarqalgan.

Yaqin va O‘rta Sharqda qog‘oz ishlab chiqarishning ikkinchi markazi IX asrdan boshlab Bag‘dod shahri, ke­yinchalik X asrga kelib Misr (Qohira shahri) hisoblangan. XI-XII asrlarga kelgach, qog‘oz Yevropada paydo bo‘ladi. Shunisi diqqatga sazovorki, M. Abramovning yozishicha, bag‘dodlik va misrlik yozuv qog‘ozi tayyorlovchi ustalarning ustozlari samarqandlik ustalar bo‘lgan. Ayniqsa, “Sultonlar uchun”, “Samarqand ipagi” deb nomlangan Samarqand qog‘ozlari navi zig‘ir mato tolasidan g‘oyat mayin va nafis qilib tayyorlangani bilan ajralib turgan hamda katta shuhrat qozongan.

Shveytsariyalik yirik sharqshunos Adam Mets XIX asr oxiri XX asr boshida o‘zining “Musulmon renessansi” deb nomlangan yirik tadqiqot asarida birinchi manbalarga asoslanib shunday yozadi:

“IX asrda qog‘oz faqat bitta joyda — Movarounnahrda ishlab chiqarilgan. X asrga kelib qog‘oz fabrikalari Damashq, Falastin  va Suriyaning Tripol shahrida ham mavjud bo‘lishiga qaramay, Samarqand qog‘oz ishlab chiqarishning asosiy markazi hisoblangan. Al-Xorazmiy IX asrda do‘stiga yozgan bir xatida  Samarqanddan ancha olisda yashashi va shuning uchun qog‘oz unga juda qimmatligini hazilomuz eslatib o‘tadi. O‘sha davrda hukmdor Sheroziy kutubxonasi uchun hamma joyda eng nafis “Samarqand” qog‘ozlarini yig‘dirib keladi.

XI asrga kelib Qoraxoniylar bos­tirib kelishi va Somoniylar davlatining ag‘darilishi oqibatida Samar­qand qog‘ozlari sifati Suriya va Misr qog‘ozlariga nisbatan pasayib ketadi. Lekin XII asrga kelib Samarqand qog‘ozlari Yaqin va O‘rta Sharqda nafisligi bilan yana birinchi o‘ringa chiqadi.

Samarqand qog‘ozlari oq halqa ko‘rinishida o‘zining markasi — suv belgilariga ega bo‘lgan. Uni ana shu marka ostida XVI asrda samarqandlik usta Mir Ibrohim tayyorlagan. Bu qog‘ozlar O‘rta Osiyoda oxirgi vaqtlargacha ustaning nomi bilan “Mir Ibrohim qog‘ozi” deb atalib kelgan. Bobur o‘zining “Boburnoma” asarida “Dunyoda eng yaxshi qog‘oz Samarqandda chiqadi. Qog‘oz tegirmonlari uchun hamma suv Konigildan keladi. Konigil Siyob arig‘i qirg‘og‘ida joylashgan. Barcha qog‘oz juvozlari ham shu yerdadir”, deb yozadi. XVI asr va XIX asrning birinchi yarmida Rossiyaga Samarqanddan eksport qilingan mollar orasida qog‘oz, ayniqsa, shuhrat qozongan. XVIII asr oxirlarida Shohmurod davrida Samarqand qog‘ozining o‘rtacha navlari pudi 45 so‘mdan 55 so‘mgacha turgan. Orenburgga yetkazib berish 80 so‘m bo‘lgan. XVI-XIX asrlar vaqf hujjatlarining guvohlik berishicha, qog‘oz ishlab chiqarishdan tushadigan daromadlarning bir qismi Samarqand madrasalariga tegishli bo‘lgan va ularning ehtiyojlariga ishlatilgan.

XVIII-XIX asr­larda qog‘oz ishlab chiqarish o‘nglab bo‘lmas darajada inqirozga yuz tuta boshlagan. Bunga uzluksiz bosqinlar natijasida xo‘jalikning vayronaga aylanishi, zarur xom ashyolar yetishmasligi, mohir ustalar, hunarmandlarning o‘ldirilishi, quvg‘inga uchrashi sabab bo‘lgan. XVIII asr oxirida Xiva xoni Anushxon Samarqand tevarak atrofini talab, ship-shiydon qilgan bo‘lsa, keyinchalik Subxonqulixonning jazo guruhi Xiva xonligiga bo‘ysunishni istamagan samarqandliklarni ayovsiz qilichdan o‘tkazadi. Eng zarur buyumlarga ehtiyoj shunchalik ortib ketadiki, shaharda oddiy igna ham topish amrimahol bo‘lib qoladi, uni Urgutdan borib olib kelishga to‘g‘ri keladi. Alg‘ov-dalg‘ov zamon zulmi qog‘oz ishlab chiqaruvchi ustalarni o‘z jonini saqlab qolish uchun boshqa joylarga panoh izlab ketishga majbur etadi. XIX asr o‘rtalariga kelib, Samarqandda qog‘oz ishlab chiqarish batamom barham topadi. Bu yerdan bosh olib ketgan ustalar Qo‘qonga borib qog‘oz ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yadilar va Qo‘qon XVIII asrning 40-yillaridan boshlab O‘rta Osiyoni qog‘oz bilan ta’minlovchi bosh markazga aylanadi.

Umuman olganda, domla M. Abramovning bu shaxsiy arxivi ma’lumotlari ko‘hna Samarqandni qadimdan madaniyat va hunarmandchilik markazi bo‘lib kelganidan dalolat beradigan katta tarixiy qiymatga ega hujjatdir.

Tog‘aymurod ShOMURODOV,

Adham HAYITOV

“Hurriyat” gazetasidan olindi.