Adabiyotda hamisha yangi so‘z, yangi ovozga ehtiyoj bo‘ladi. Busiz adabiyot rivojdan to‘xtaydi. Bir joyda turib qoladi va o‘zini-o‘zi takrorlay boshlaydi. Bu maydonga yo‘l yosh iste’dodlar uchun hamisha ochiq bo‘lishi kerak. Hayotni ijodkor ko‘zi va didi bilan kuzatishga, badiiy idrok etishga qodir iste’dodlar qancha ko‘paysa, adabiyot shuncha gullab-yashnaydi, xalqqa manzur asarlar yuzaga keladi.
Albatta, yosh qalamkashlar birdaniga qanot yozib, parvoz qila olmasliklari mumkin. Ular hali o‘z so‘zlari, o‘z ovozlarini, yo‘l va irmoqlarini topishlari kerak. So‘z mas’uliyatini his etishda tajriba orttirishlari, badiiy tafakkur borasida ustoz adiblar yaratib ketgan mahorat maktablarida saboq olishlari, ularga ergashishlari lozim bo‘ladi…
Yosh ijodkorlarning Zomin tumanidagi so‘lim “O‘riklisoy” oromgohida bu yil o‘ninchi bor o‘tkazilgan seminar-kengashda qatnashar ekanman, ko‘nglimdan shunday mulohaza o‘tdi.
Bugun adabiyotimizga ijodkor yoshlar shitob bilan kirib kelishmoqda. Ularning mashqlaridan bugungi kunimizning shiddatli nafasini sezish mumkin — fikrlar, e’tirofu e’tirozlar, baholar, qiyoslar va hatto, muhabbat izhorlari ham birmuncha tortinchoqlik, kamsuqumlik bilan emas, dangal, ochiqchasiga aytiladi. Ular hayotiy voqea-hodisalarni, yuraklariga yaqin tuyg‘ularni bor bo‘y-basti bilan, butamay-taramay tasvirlashga, yangi gap aytishga va ijod bo‘stonida o‘zlarini tezroq namoyon etishga shoshiladilar. Goho hayajon bosib, me’yor qirg‘oqlaridan oshib ketishadi. Ammo niyatlari toza va pok. Yoshlik ehtirosi, g‘ayrati ular qalbini ezgu tuyg‘ular bilan to‘ldirgan. Shu ma’noda o‘z yo‘llari, o‘z so‘qmoqlaridan yurib, o‘z so‘zlarini aytishga intilayotgan, haroratli misralari ba’zi ustozlarnikidan mutlaqo qolishmaydigan yoshlar ham bor. Ko‘plari hozirning o‘zidayoq kamida bitta-ikkitadan kitob chiqazishga ulgurishgan ham.
Bir qarashda hammasi joyida, ko‘ngildagidek. Bu yoshda hech kim birdaniga Qahhor yoki Oybek bo‘lib qolmagan. Yanglishishlar bor, bo‘ladi ham. Ammo meni she’r va hikoyalarning mavzulari qiziqtiradi. Shu mavzular orqali yosh qalamkashlarning ko‘nglini, dilini, dunyoqarashini, ularni bezovta qilayotgan muammolarni anglamoqchi bo‘laman. Ularning qoralamalarida bugungi kunning voqeligi, mazmun-mohiyati, murakkabliklari, Vatan tuyg‘usi, milliy qadriyatlar aks etganmi? Yosh ijodkorlarimizni bugun nimalar ko‘proq qiziqtiradi, ko‘ngillarida ne gaplar bor?
Mashqlarga ayni shu jihatdan ko‘z tashlaydigan bo‘lsak, ko‘ngilni xotirjam qiladigan she’r, hikoya, qissa va dramalarga, jahon adabiyoti namunalaridan, qardosh adabiyotlardan qilingan tarjimalarga ham duch kelamiz. Milliy adabiyotimiz daryosiga munosib irmoq bo‘lib qo‘shiladigan ovozlar bor. Ularni Zominda, Ellikqal’ada, yaqindan beri Namangan viloyatining tog‘li Poromon qishlog‘ida o‘tayotgan mahorat tanlovlarida uchratib turibmiz.
Lekin ko‘pchilik havaskorlarning mashqlarida bir qarashda u qadar ko‘zga tashlanmaydigan, she’r yoki hikoya alohida-alohida o‘qilganda hatto sezilmaydigan ham qusurlar borki, ular to‘g‘risida jiddiy mulohaza yuritishga to‘g‘ri keladi. Bu qusurlar, avvalo, bugun adabiyotimizda ancha keng tarqalgan taqlid, ko‘r-ko‘rona ergashish, ifoda usullaridagi bir xillik bilan bog‘liq. Yosh qalamkashlar o‘zlari sevib o‘qiydigan shoir yoki adib ijodiga, uning uslubi va hatto she’r o‘qishigacha, bilib-bilmay, taqlid qiladilar. Bu yo‘l, oxir-oqibat, har qanday iste’dodni so‘ndiradi, bu yo‘lni tanlaganlar, bora-bora kimningdir soyasida qolib ketadi.
Ikkinchi jiddiy bir qusur shuki, ko‘pchilik qalamkashlar bugun “sariq matbuot” sahifalarida gurras-gurras, peshma-pesh e’lon qilinayotgan o‘rtamiyona mashqlarni she’r, hikoya va qissa deb, adabiyot deganlari shu ekan-da, deya ulardan andoza olib ijod qilmoqdalar. Yosh nosirlarimizning mashqlarida to‘qima syujetlar, soxta tasvirlar, hayotda hali o‘zlari duch kelmagan, boshdan kechirmagan voqea-hodisalarni ipidan-ignasigacha tasvirlash, yig‘loqilik, hayotdan sovish va boshqalarga ham shu tuyg‘uni singdirish hissi shu qadar kuchliki, hayratdan yoqa ushlaging keladi. O‘zingiz o‘ylab ko‘ring, o‘rta maktab yoxud kollej o‘quvchisi baxtsiz sevgi, nikohsiz tug‘ilgan bola, to‘lg‘oq azobi, xiyonat ustida qo‘lga tushgan kelinchak, o‘z uyida qo‘shmachilik qilayotgan behayo ayol haqida yoza boshlasa, xiyonat onlarini batafsil tasvirlasa, bepushtlik sabablarini qidirib ketsa, buni qanday tushunish mumkin? Men bu yerda Zominda o‘qiganlarimnigina emas, tahririyatga havola etilayotgan mashqlarni, yengil matbuot sahifalarida e’lon qilinayotgan “asar”larni, turfa xil tayin-betayin nashriyotlarda chop etilayotgan kitoblarni ham ko‘zda tutayapman. Bu holatga befarq qarab turishimiz mutlaqo mumkin emas.
Demokratiya sharoitida turfa xil nashrlarning paydo bo‘lishini, shubhasiz, hammamiz tabiiy hol, deb bilamiz. Vaqt hali ularni o‘z elagidan o‘tkazadi, bugungi kunning talablariga dosh bera olgani qoladi, boshqalari esa ishi yurishmagan xususiy do‘konday, vaqti kelib o‘z faoliyatini to‘xtatadi, yopiladi. Demakki, xavotirga tushmasa ham bo‘ladi. Ammo bu xotirjamlikning xavfli bir tomoni bor. Bozor matbuotiga ham yangi mualliflar, yangi nomlar, “ajoyib-g‘aroyib” iste’dodlar kerak. Shu bois, ular ham o‘z “mahorat maktablari”ni yaratmoqda, yosh qalamkashlarni bugun nima urf bo‘lgan bo‘lsa, yoshlarni hayotdagi qaysi holatlar qiziqtirayotgan bo‘lsa, shular to‘g‘risida hech tortinmay, bemalol bozorbop, xaridorbop qilib yozishga o‘rgatmoqda. Bu “mahorat”dan saboq olib, bir-ikki yil qalam tebratgan, o‘z yo‘nalishida ancha ko‘rinib qolgan “ijodkor”ga “Hoy birodar, badiiy asar degani bunday yozilmaydi”, deb ko‘ring-chi, Abdulla Qahhor, Odil Yoqubov, Pirimqul Qodirov, Shukur Xolmirzayev mahoratidan gap oching-chi, ularning eng sara asarlarini o‘qiganmisiz, deb so‘rang-chi. Ular emas, o‘zingiz xijolat bo‘lib ketasiz. Bunday “ijod” namunalarida milliy g‘urur, oriyat, hayo degan tushunchalar bir chekkada qolib ketadi. Ular o‘rnini shahvoniy his-tuyg‘ular egallaydi.
Shunday ekan, katta adabiyotimizga kirib kelayotgan ertangi o‘rinbosarlarimizning ijodiy taqdiriga befarq bo‘lmaylik. Ularni o‘z bag‘rimizga olaylik. Shu ma’noda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining qator viloyatlar hokimliklari, «Kamolot” yoshlar harakati bilan birgalikda o‘tkazayotgan tadbirlari, viloyatlarimizda ijod qilayotgan bir qator iste’dodli qalamkashlarning uyushma a’zoligiga qabul qilinishi va Oliy adabiyot kursi mashg‘ulotlariga jalb etilishi o‘zining ijobiy samaralarini bermoqda. Ammo bu bilangina chegaralanib qolmaslik kerak. Yosh qalam sohiblari bilan Jizzax yoki Ellikqal’adagina emas, hamma joyda — Andijonda, Qo‘qonda, Namanganda, Surxondaryo va Qashqadaryoda ham doimiy ravishda muloqot olib borish lozim. Bunda ustozlar zimmasiga katta mas’uliyat yuklanadi. Chunki yoshlar ustoz ko‘rmasalar, mahoratning chinakam maktablarini o‘tamasalar, Adabiyotning, So‘zning muqaddasligini, ijodkorning jamiyat oldidagi mas’uliyatini his etmasalar, ertaga boshqalar, boshqa “maktablar” ta’sirida turfa xil maqomlarga yo‘rg‘alab ketishlari mumkin.
Shu satrlarni qog‘ozga tushirayotganimda, jurnalistika fakultetiga o‘qishga kirish uchun hujjatlarini topshirgan yosh qizcha tahririyatimizga otasi bilan birga kirib keldi. Bir dasta she’rni qayta-qayta o‘qib, arang bittasini tanladim.
— Mayli bitta bo‘lsa ham chiqsin, — dedi ota mamnunlik bilan. — Qolganlari, gazetaga o‘tmasa, kitobda chiqaveradi…
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2006 yil 29-sonidan olindi.