Samarqand tarixiy yodgorliklari qurilish uslubi, ziynatlash san’ati nuqtai nazaridan noyobligi bilan jahonshumul ahamiyatga molik obidalar sifatida ma’lum va mashhurdir.
Turli asrlarda bino qilingan yodgorliklarning hammasi ham bizgacha yetib kelgan emas, albatta. Masalan, Alisher Navoiy Samarqanddaligi vaqtida (1465/66 — 1469 yillar) unga ko‘maklashgan Vafoiy taxallusi bilan she’r yozgan Ahmad Hojibek qurdirgan madrasa, o‘sha davrda bino etilib Mir Abduvali, Firuzshoh, Qutbiddin sadr nomlari bilan atalgan madrasalar, Xoja Fazlulloh ibn Abdulvohid Abdullaysiy tomonidan qurdirilgan va Alisher Navoiy ikki yil istiqomat qilgan xonaqoh, Amir Temurning muhtasham va go‘zal Ko‘ksaroyi, Ulug‘bek qurdirgan Chinnixona va boshqa ko‘plab osori atiqalar sharoit, tabiiy omillar ta’sirida va nihoyat, ba’zan haddan ortiq beparvolik va qarovsizlik oqibatlarida «nomi bor-u, o‘zi yo‘q» bo‘lib qolgan. Ana shunday yodgorliklar qatorida xalq orasida Madrasai Xonim nomi bilan shuhrat qozongan, o‘sha davr me’morligi, naqqoshlik san’atining go‘zal mahsuli bo‘lgan Saroymulkxonim yoki Bibixonim madrasasi 500 yildan ko‘proq vaqtdan buyon tarixiy va ilmiy asarlarda tilga olinadi, u haqda turlicha fikru mulohazalar bayon etiladi: ba’zilar shunday madrasa bor edi, deyishsa, boshqalar uning bo‘lganligini shubha ostiga oladilar.
Shunday qilib, nomi bor, shuhrati taralgan, ammo o‘zi saqlanmagan Bibixonim madrasasi hozirgacha mutaxassislarning ham, Sharq tarixi va uning yodgorliklari bilan qiziquvchilarning ham diqqatini tortib kelmoqda.
XV asrda va keyingi davrlarda yaratilgan tarixiy hamda esdalik asarlar ko‘zdan kechirilganda, Bibixonim madrasasi — Madrasai Xonimning eslatilishi jihatidan qiziq holatlarga duch kelish mumkin. Jumladan, G‘iyosiddin Alining XV asrning boshida yaratilgan «Ro‘znomai g‘azovati Hindiston» («Amir Temurning Hindiston safari kundaligi»), Nizomiddin Shomiyning «Zafarnoma» asarlarida Amir Temur qurdirgan Jome’ masjidi tilga olinib, uning tasviri beriladi-yu, ammo Bibixonim madrasasi eslatilmaydi. XV asrning 20-40 yillari orasida yuqorida eslatilgan asarlardan foydalanib yozilgan Sharafiddin Ali Yazdiyning «Zafarnoma» va mavlono Faseh Xavofiyning «Mujmali Fasehiy» asarlarida esa jome masjidi bilan birga Saroymulkxonim madrasasi — Madrasai Xonim tilga olinadi va uning bilan bog‘liq bo‘lgan ayrim ma’lumotlar keltiriladi. Bunday ma’lumot 1403-1406 yillar orasida Samarqandda bo‘lgan ispan elchisi Ryui Gonzales de Klavixoning mashhur kundaliklarida ham bor.
XV asrning oxirlarida taniqli tarixchi Mirxond tomonidan yozilgan «Ravzat us-safo»da ham bu madrasa tilga olingan. Lekin XVI asrning boshlarida Zahiriddin Muhammad Bobur tomonidan yozilgan «Boburnoma»da Amir Temur va Mirzo Ulug‘bekning «imoroti va bog‘oti Samarqand mahallotida ko‘ptur» deyilib, jumladan Amir Temurning jome’ masjidi eslansa-da, Saroymulkxonim madrasasi — Madrasai Xonim negadir tilga olinmaydi. Ammo XVII asrning avvalida yaratilgan manbalarning ayrimlarida Madrasai Xonim sifatida yana tilga olinadi… Saroymulkxonim madrasasi eslatilgan manbalarning ma’lumoti ancha asosli va ishonarli bo‘lganidan shunday xulosaga kelish mumkinki, Madrasai Xonim mavjud bo‘lgan va uning qurilishi Saroymulkxonim nomi bilan bog‘langan. Shuning uchun Saroymulkxonim madrasasi sifatida qayd etilgan.
Saroymulkxonim (1341-1407) Qozonxonning qizi bo‘lib, avval Amir Xusaynga turmushga chiqqan. Amir Husayn Balxda o‘ldirilgach 1370 yili Amir Temur uni o‘z nikohiga kiritgan. Saroymulkxonimning Amir Temurdan farzandi bo‘lmagan ko‘rinadi, shunday esa-da, u Amir Temurning ko‘pgina farzand va nabiralarini, jumladan Xalil Sulton, Ulug‘bek Mirzoni tarbiyalab voyaga yetkazgan. Amir Temur vafotidan (1405 yil) so‘ng esa, 1407 yili o‘zi tarbiyalagan Xalil Sulton va uning xotini Shodimulk xohishi bilan zaharlab o‘ldirilgani hikoya qilinadi. Bu taajjublantiradigan va hayratlanishga bois bo‘ladigan bir tarix. Chunki o‘z vaqtida Saroymulkxonim Shodimulkni o‘lim changalidan qutqazishga qanchalik jonbozlik ko‘rsatgan bo‘lsa, endilikda Shodimulk o‘z xaloskorining o‘limini tezlashtirishga shunchalik intilgan edi…
Saroymulkxonimning faoliyati haqidagi ma’lumotlar oz bo‘lsa-da XV asrning boshida uning tashabbusi bilan Amir Temur qurdirgan Jome’ masjid ro‘baro‘sida — sharqiy tomonida bino qilingan madrasa manbalarda eslatiladi.
1403-1406 yillarda Samarqandda bo‘lgan ispaniyalik elchi Klavixoning kundaliklarida qayd etilganidek, 1404 yili Amir Temur safardan qaytgach, Ohanin darvozasiga yaqin joyda qaynonasi (Saroymulkxonimning onasi) xotirasiga bino qilingan go‘zal bir imoratga kelib tushadi. Klavixoning zamondoshi Ibn Arabshoh ham bu binoning me’morlik jihatidan nihoyatda hashamatli va ulug‘vorligini tasdiqlaydi. Bu imorat o‘sha Madrasai Xonim yoki Saroymulkxonim qurdirgan madrasa edi, deyishadi.
Saroymulkxonim madrasasining qurilish vaqti haqida ikki xil fikr uchraydi. Ulardan birinchisi — madrasa Amir Temurning Jome’ masjididan oldin qurilgan, degan fikr bo‘lsa, ikkinchisi — Jome’ masjidi qurila boshlagandan so‘ng bino etilgan, degan fikrdir.
Birinchi fikrni Sharafiddin Ali Yazdiyning «Zafarnoma»sida uchratish mumkin. Asarning 1399 yili Samarqanddagi Jome’ masjidining qurilishiga bag‘ishlangan bobida, jumladan shunday yozilgan: «Amir Temur o‘sha paytlari ko‘pincha masjid yaqinidagi Madrasai Xonim va Tuman oqo xonaqohida bo‘lur edi». Bu fikrni akademik V.V.Bartold ham 1924 yili yozgan «Samarqanddagi arxeologik ishlar» maqolasida tasdiqlab, «Saroymulkxonim madrasasi Temurning Jome’ masjididan oldin uning xotini tomonidan qurdirilgan», deb yozadi. Bu mualliflardan biri XV asr tarixchisi bo‘lsa, ikkinchisi o‘sha asr tarixini chuqur bilgan XX asr olimi. Ammo har ikkala muallif ham Madrasai Xonimning Amir Temur Jome’ masjididan oldin qurilganiga ishora qilmoqdalar. Ikkinchi xildagi fikr, ya’ni Madrasai Xonimning Jome’ masjidi qurila boshlagandan so‘ng bino etilgani masalasiga kelsak, unda bu sohada XV asr muarrixlaridan Ibn Arabshoh, Klavixo va Mavlono Fasehiyning fikrlari diqqatga sazovordir. Jumladan Ibn Arabshoh nomi bilan mashhur bo‘lgan Shahobiddin Ahmad ibn Abdulloh al-Dimishqiyning «Kitob ul-ajoyib ul — mahdur fi axbor Temur» nomli asarida yozilishicha, madrasani qurishga mas’ul bo‘lgan muhandis va me’morlar (afsuski, ularning nomlari hozircha noma’lum) uni Jome’ masjidi ro‘baro‘sida — sharqiy tomonda qurishni bir ovozdan ma’qullaganlar va bu bilan ikki binoni «qo‘sh imorat» (oradan yuz yil o‘tgach, Shayboniyxon va uning kelini Mehribonxonim ham shu uslubda madrasalar qurdirganlarki, u «qo‘sh madrasa» tarzida ham atalgan ekan, hozirgi kunda bu madrasalardan nom-nishon qolmagan) uslubida yaratishni lozim ko‘rganlar. Bundan shunday xulosa kelib chiqadiki, Madrasai Xonimning qurilishi Jome’ masjidi qurila boshlagandan so‘ng amalga oshgan va shu tufayli 1404 yili Amir Temur safardan qaytgan paytda, Klavixoning guvohlik berishicha, madrasada qurilish ishlari davom etayotgan ekan. Mavlono Fasehiyning «Mujmali Fasehiy» asarida 1404-1405 yillar voqealari bayonida Jome’ masjidi va Madrasai Xonim haqida yozilganlardan ham shunga yaqin xulosalarga kelish mumkin. Sayyohlar uchun mo‘ljallangan «Bibixonim» risolasining muallifi L.Yu.Mankovskaya ham buni tasdiqlaydi. Binobarin, Madrasai Xonimning qurilishi vaqti haqida ikki xil mulohaza mavjudligi ma’lum bo‘ldi. Agar yuqorida keltirilgan manbalarning ma’lumotlariga sinchiklab qaralsa hamda Bibixonim nomi bilan bog‘langan rivoyatlar, afsonalar ham hisobga olinsa (chunki bu rivoyatdagi Amir Temur safardaligi vaqtida qurilgan imorat va qaytganidan so‘ng me’morni jazolashga intilish fikri bilan haqiqiy Madrasai Xonimning qurilishi, uning bir manbaga ko‘ra, ayvonining, ikkinchi manbaga ko‘ra, dargohi, ya’ni eshigi o‘rnining, keyingi ishlardagi ma’lumotga ko‘ra, peshtoqining Jome’ masjidinikidan baland va keng bo‘lganligi uchun muhandis va memorlar emas, balki Mahmud Dovud va Muhammad Jald kabi ishboshi sarkorlarning kallasi Konigildagi Bog‘i Dilkushoda kesilishi kabi o‘xshashliklar), Madrasai Xonimning haqiqatan Amir Temur safardaligi (1399-1404 yillar) vaqtida, ya’ni 1400-1404 yillar orasida qurilganidan dalolat beradi. Demak Jome’ masjidi Amir Temur tasdiqlagan loyiha asosida qurila boshlagan bo‘lsa (1399), Madrasai Xonimning qurilishi loyihasini u ko‘rmagan, shekilli. Shu sababli 1404 yili safardan qaytgan Amir Temur ikki imoratni bir-biriga taqqoslagan, o‘zi qurdirgan Jome’ masjididan ko‘ra Saroymulkxonim qurdirgan madrasaning hashamatliroq ekani uning izzat-nafsiga tekkan va oqibatda sarkorlardan qasd olgani tabiiy ko‘rinadi. Xullas, Madrasai Xonim — Saroymulkxonim madrasasining barpo etilishi Amir Temur tasdiqlagan loyiha asosida Jome’ masjidi qurila boshlagandan so‘ng amalga oshgan degan fikr haqiqatga yaqinroqdir.
Endi madrasaning o‘zi haqida bir-ikki mulohaza.
XV asr manbalarining ko‘pchiligida hamda keyingi asrlarda bitilgan asarlarda Amir Temur qurdirgan Jome’ masjidining tasvir-tavsifi ancha keng berilgan. U haqda yozilgan she’rlar ham keltirilgan. Ammo uning ro‘baro‘sidagi Madrasai Xonim ba’zan faqat tilga olinadi, ko‘p hollarda esa umuman eslatilmaydi, uning tasvir va tavsifi ham uchramaydi. Binobarin, muarrix Ibn Arabshoh va ispan elchisi Klavixoning bu sohadagi ayrim ishoralari diqqatga sazovordir. Ibn Arabshohning ma’lumotiga ko‘ra, Madrasai Xonim o‘zining qurilishi, salobati bilan ham Jome’ masjididan ajralib turgan. Klavixo esa bu imoratning mahorat bilan ziynatlanganini alohida uqdiradi. Mavlono Fasehiy madrasa ayvonlarining balandligiga ishora qilsa, Yazdiy va Mirxond madrasaga kiriladigan peshtoqdagi dargohning Jome’ masjidi dargohidan baland va kengligini bevosita eslatadilar. Ana shu ishoralarga asoslanib, Madrasai Xonimning umumiy ko‘rinishi, salobat va hashamatini Jome’ masjidi bilan qiyoslagan holda tasavvur etish mumkin. Tasavvur etish mumkin deganimizning sababi shundaki, bu madrasaning qurilish loyihasi ham, vaqfnomasi ham va boshqa hujjatlari ham hozircha noma’lum. Shunday bo‘lsa-da, mavjud ma’lumotlar asosida uning taxminiy loyihasi (plan-sxemasi)ni davrimiz olimlaridan Sh.E.Ratiya va Pletnev chizganlar. 1984 yilning mart oyida Tillakori madrasasi hujralaridan birida tarixiy yodgorliklarni ta’mirlovchi ajoyib mutaxassislar bilan shu mavzuda suhbatlashganimizda Madrasai Xonimning taqdiri ularni ham qiziqtirayotganligining shohidi bo‘lgan edik. Bu mutaxassislarning haqqoniy fikriga ko‘ra, Madrasai Xonim joylashgan yerda har tomonlama qazishmalar o‘tkazilganidan so‘nggina Madrasai Xonimning tuzilishi haqida qat’iy bir xulosaga kelish mumkin. Mamnuniyat bilan shuni eslatish lozimki, shundan so‘ng madrasa joylashgan yerda qazishmalar olib borildi va uning izlari aniqlandi…
Yana Madrasai Xonimga qaytaylik. Ma’lum bo‘lishicha, bu madrasa Amir Temur safardaligi vaqtida tezkorlik bilan qurilganga o‘xshaydi. Uning xashamati va salobati Amir Temur diqqatini ham o‘ziga tortgan. Shu tufayli, tarixiy manbalarda uqdirilishicha, Amir Temur 1404 yili safardan qaytgach, Samarqandga kelib, Saroymulkxonim madrasasida qo‘ngan. Masalan, Sharafiddin Ali Yazdiy «Zafarnoma»sida bu haqda shunday yozilgan: «Temur Jome’ (masjidi) qarama-qarshisidagi Saroymulkxonim madrasasiga kelib tushdi». Bu fikr Mirxondning «Ravzat us safo»sida ham keltirilgan. Klavixo esa bu voqeaning kuni, oyi va yilini aniq ko‘rsatgan — 1404 yil, 29 sentyabr, dushanba kuni. Yazdiy va Mirxondning yozishlaricha, Amir Temur ana shu madrasada turib, turli davlat ishlarini bajargan, chet ellik elchilarni qabul qilgan. Bu masalada xususan «Ravzat us-safo»da quyidagi mazmunda bayon etilgan ma’lumot qiziqarlidir:
Amir Temur Samarqandga qaytgach, Saroymulkxonim madrasasida qo‘ndi. Amirzoda Pirmuhammadni tilab, Zobulistonga jo‘natdi. Misr elchisiga to‘n, kamar tuhfa qilib, o‘z mamlakatiga qaytishga ruxsat berdi. Mavlono Abdulloh Keshiy va bir necha boshqa kishilarni Misr elchisiga qo‘shib ulardan Misr hokimi malik Farrux nomiga zarhal bilan bitilgan maktubni ham (maktub Mavlono Shayx Muhammad ibn Xoja bandkor Termiziy kotib qo‘li bilan eni uch gaz, uzunligi yetmish gaz qilib yozilgan edi) jo‘natdi. (Misr davlati arxivlaridan bu nodir san’at asarini axtarib topish, agar saqlanib qolgan bo‘lsa uni asl vorislariga qaytarish, hech bo‘lmasa nusxasini olish ustida o‘ylab ko‘rsak, ezgu bir ish bo‘lardi). Boshqa elchilarni, jumladan Farang, Dashti Qipchoq, Hindiston elchilarini ham qabul qilib, yurtlariga qaytishlariga ruxsat berdi. Shu vaqtda Toshkent, Yangi va Xitoy chegarasigacha bo‘lgan shaharlar hokimligini Mirzo Ulug‘bekka, Andijon, Tiroz, Qashqarni esa amirzoda Ibrohim sultonga topshirdi. So‘ng Saroymulkxonim madrasasidan otga minib, o‘zi qurdirgan Ko‘ksaroyga bordi. Qizig‘i shundaki, bu ma’lumot tarixiy manbalarda aynan takrorlanmaydi. Jumladan, Yazdiy o‘zining asarida Saroymulkxonim madrasasidagi qabul marosimlarini batafsil yoritmaydi, balki unda Jome’ masjidi qurilishi sarkorlari Mahmud Dovud va Muhammad Jaldning gunohi tekshirilgani va jazoga hukm etilgani aytiladi-yu shundan so‘ng Amir Temurning Saroymulkxonim madrasasidan Bog‘i Chinor tomon yo‘l olgani yoziladi. Klavixoning kundaligida Ohanin darvozasi yaqinida joylashgan hashamatli binoga kelib qo‘ngani va uning nihoyatda go‘zalligi, salobatliligi, boshqa binolardan farqlanishi haqidagi fikrlaridan shunday xulosaga kelish mumkinki, Amir Temur ispan elchisi Klavixoni ham shu madrasada qabul qilgan va ana shu qabul vaqtida espan elchisi bu binoning go‘zalligidan, hashamatidan hayratda qolgan ko‘rinadi. Agar shunday bo‘lsa, unda Mirxondning yozganlarida haqiqat bordek tuyuladi.
Yazdiyning ma’lumotiga ko‘ra, Amir Temur Xitoyga yurish qilish oldidan ham Saroymulkxonim madrasasida qo‘ngan. Bu dalillarning hammasi Saroymulkxonim madrasasi barpo etilishi bilan hammaning diqqat e’tiborini tortgani, u muhim ishlarni amalga oshirish markazlaridan biriga aylanib qolganligidan guvohlik beradi.
Ammo XV asr manbalarida bu imoratning bevosita vazifasiga kiradigan faoliyati haqida, ya’ni madrasa sifatida uning tolibi ilmlari, dars o‘tgan mudarrislari, ular soni va shunga o‘xshagan masalalar haqida hech qanday ma’lumot uchramadi. Vaholanki, keyingi davrlarda, jumladan Ulug‘bek davridagi madrasalarning faoliyati haqida qiziqarli ma’lumotlar bizgacha yetib kelgan.
Endi Saroymulkxonim madrasasining keyingi davrlardagi taqdiri haqida ayrim ma’lumotlarni ko‘rib chiqish maqsadga muvofiqdir. Amir Temurning Jome’ masjididan ham hashamatli, me’morlik va san’atkorlik nuqtai nazaridan undan ustunlik qiluvchi Madrasai Xonimning o‘z vaqtida tezkorlik bilan shoshilinch tarzda bino etilishi uning ko‘p o‘tmay xarobaga aylanishiga olib kelmadimikan? «Bibixonim va me’mor» afsonasi ham ana shu madrasaning qurilishi bilan aloqador tarzda yaratilmadimikan? Bizningcha, bog‘liq va aloqador bo‘lsa kerak. Negaki, Amir Temurning o‘zi qurdirayotgan va sarkorlari belgilangan Jome’ masjidining qurilishiga Saroymulkxonim aralasha olmasdi. O‘zining tashabbusi bilan bino qilinayotgan madrasa qurilishi esa boshqa gap.
Saroymulkxonim madrasasining keyingi davrdagi taqdiri haqida ko‘pincha olimlar, jumladan L.Yu.Mankovskaya ham «Bibixonim madrasasi XVI asr oxirlarida Buxoro amiri Abdulloxon II ning buyrug‘iga binoan tag-tugi bilan buzib tashlandi», degan fikrni bildiradilar. Ammo mashhur olim M.E.Masson bu masalada XVI asr tarixchisi Hofiz Tanishning «Abdullanoma» asarida keltirilgan fikrni ma’qullashga moyillik ko‘rsatadi. Hofiz Tanish shunday yozgan edi: «Hozir… hijriy to‘qqiz yuz to‘qson beshinchi (ya’ni 1587 melodiy) yilda uning (Samarqandning) ma’murligi nihoyatda ortdi. U viloyatda buyuk amir (Temur) va uning avlodlaridan qolgan hamda buzilish va vayronalikka yuz qo‘ygan imoratlarni (Abdulloxon II) tuzatishga buyruq berdi. Janob Qulbobo Ko‘kaldosh uni tuzatish va qurishda tirishqoqlik ko‘rsatmoqdalar». Hofiz Tanish qaysi imoratlarning buzilish va vayronlikka yuz qo‘yganini nom-banom aniq yozmagan. Shuning bilan birga ularning qaysilari tuzatilgani haqida ham ma’lumotga ega emasmiz.
Ammo o‘sha davrda xarobalikka uchragan imoratlar qatorida Saroymulkxonim madrasasi ham borligini ayrim manbalar tasdiqlaydi. Bu madrasani Qulbobo Ko‘kaldosh ta’mirlashga ulgurmagan ko‘rinadi. Chunki 1605 yili yozilgan «Tazkirat ush-shuaro»ning muallifi Mutribiy Samarqandiy (u Samarqandda tug‘ilib voyaga yetib va shu yerda olamdan ko‘z yumgan) ko‘pgina shoirlar, jumladan Figoriy Samarqandiy haqida so‘z ochib, uning turar joyi to‘g‘risida shunday yozadi: «Figoriy Saroymulkxonimning oliya madrasasidagi (hozirda madrasaning oliylik sifatlariga futurlar yetgan) hujrada yashar edi».
Shuni uqdirish lozimki, Mutribiy Saroymulkxonim madrasasini ayrim kishilarga o‘xshab Amir Temur qurdirgan Jome’ masjidi bilan aralashtirmaydi. Chunki boshqa bir munosabat bilan bu masjid nomini «Masjidi Jome’i buzrug» — ulug‘ Jome’ masjidi sifatida tilga oladi.
Demak, 1605 yili Saroymulkxonim madrasasi o‘zining oldingi hashamatini muayyan darajada yo‘qotgan bo‘lsa-da, ammo mavjud hujralarida odamlar yashagan. Mutribiy o‘z asarida faqat o‘sha zamonning ancha mashhur bo‘lgan shoiri Figoriy nomini tilga oladi, ehtimolki, boshqalar ham — mudarrislar, tolibi ilmlar ham bo‘lgandir.
Shundan kelib chiqqan holda, yuqoridagi fikrga, ya’ni Saroymulkxonim madrasasi XVI asr oxirida Abdulloxon II ning buyrug‘iga binoan tag-tugi bilan buzib tashlandi, degan fikrga tahrir kiritish ma’qul. Shundan so‘nggi davrda Saroymulkxonim madrasasi taqdirida fojia yuz beradi. XVIII asr va undan keyingi davrlarda yozilgan kitoblarda bu madrasa tilga olinmaydi. Jumladan, 1834 yili Abu Tohirxoja tomonidan yaratilgan Samarqand va uning yodgorliklariga doir «Samariya» kitobida Amir Temurning Jome’ masjidi, Ulug‘bek, Tillakori madrasalari va boshqa obidalarning nomi tilga olinsa-da, ammo Saroymulkxonim madrasasi biron joyda eslatilmagan.
Demak, bu vaqtda madrasa tag-tugi bilan buzilgan ko‘rinadi. XVII asrning oxiri va XVIII asrning boshlarida yozilgan «Tarixi kasira»da shunday bir e’tirof uchraydi:
XVII asrning o‘rtalarida va ikkinchi yarmida Movarounnahr, jumladan Samarqandda katta fatarot (xarobalik) yuz bergan ekan.
Shuning uchun 1637-1638 yillarda Ahmadxo‘ja tomonidan Shayboniyxon madrasasi yaqinida bino qildirilgan oliy madrasa shunchalik talofat ko‘rgan ekanki, (qurilganiga 20 yil bo‘lmay) 1656-1657 yillarda Ahmadxo‘janing o‘g‘li Yangixo‘ja otasi qurdirgan oliy madrasani katta ta’mir qilib, qaytadan o‘z holiga keltirgan ekan. Shu jihatdan qaraganda XVII asrning boshlarida ancha xarob bo‘lgan Saroymulkxonim madrasasi ana shu fatarot vaqtida qulagan bo‘lishi mumkin. Shundan so‘ng uning tosh va g‘ishtlari boshqa maqsadlarda ishlatilgan ko‘rinadi…
Bu madrasa va uning qandayligi haqida yangi so‘z arxeolog olimlarimizning g‘ayrati bilan maydonga kelar va fanimizni, tushunchalarimizni yangi xulosalar, ashyoviy dalillar bilan boyitar, tarixchi va filolog olimlarimizning ishtirokida yangi-yangi manbalarning kashf etilishi bilan bu madrasaning ilmiy-madaniy hayotdagi mavqei belgilanar, degan umiddamiz. Arab maqolida aytilganidek: «Alvaqtu sayf ul-qote’» — vaqt o‘tkir qilichdir.
Bu masalaga alohida e’tibor qilinishining boisi shundaki, o‘sha vaqtlarda bino etilgan imoratlar kimning nomi bilan atalishidan qat’iy nazar, ular ijodkor me’mor, donishmand, muhandis, mohir naqqosh, hattot, toshyo‘narlarning ajoyib mehnati tufayli maydonga kelgan…
Hozir Registondan Siyob bozori tomon borayotganda ko‘chaning chap tomonidagi yodgorlik — Amir Temur qurdirgan Jome’ masjiddir (juma emas, jome’ — «jam’» so‘zining ko‘pligi bu o‘rinda katta ma’nosini ham anglatadi). Forsiy manbalarda u «Masjidi jome’i Amir Temur» tarzida eslatilganki, uni «Amir Temurning jome’ masjidi» tarzida tarjima qilsa bo‘lur. Ammo keyingi davrda bu bino turli ma’lumotnoma, yo‘l ko‘rsatgich va arxitektura yodgorliklariga bag‘ishlangan asarlarda, hatto binoning o‘zida o‘rnatilgan marmar lavhada «Bibixonim machiti» deb yozilganki, bu — noto‘g‘ri. Uni o‘z nomi bilan «Amir Temurning Jome’ masjidi» deb atash va marmar lavhada yozish shart ham zarur.
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2006 yil 14-sonidan olindi.