Ming yillardan beri yelkama-elka turib, qarindoshlik rishtalari bilan chambarchas bog‘lanib ketgan Markaziy Osiyoning birodar xalqlari azaldan suvni obi hayot deb e’zozlaydi.
Suv hamda faqat bir yoqadan bosh chiqarib yechish mumkin bo‘lgan unga bog‘liq muammolar mintaqa xalqlarini bejizga yaqinlashtirmagandir? Balki shu bois ham Markaziy Osiyo xalqlarining boshqalarnikiga o‘xshamaydigan mentaliteti vujudga kelgandir. Ikki azim daryo — Amudaryo va Sirdaryo mintaqa xalqlarini o‘zaro yaqinlashtiruvchi, birlashtiruvchi vosita bo‘lib xizmat qilgan va daryolar suvidan mintaqa xalqlari bahamjihat foydalanib kelganlar.
Suvdan foydalanuvchilarning talabini qondirish maqsadida bu yerda ko‘plab gidrotexnik inshootlar va tizimlar (suv omborlari, to‘g‘onlar, suv tarqatgich, kanal, nasos stantsiyalari va b.) barpo etilgan. Birinchi navbatda mazkur inshoot va tizimlar qishloq xo‘jaligi ehtiyojini qondirishga, asosan sug‘orishga mo‘ljallangan edi. Albatta, bular mintaqaning o‘ziga xos xususiyatlari – unumdor yerlarning mavjudligi, issiqlikning yetarli ta’minlangani va, muhimi, zamindorlikning uzoq yillik tajribalarini e’tiborga olib amalga oshirilgan.
Shu bilan birga mazkur inshootlarning elektr energiyasi ishlab chiqarish quvvatlaridan ham samarali foydalanilgan, biroq gidrotizimlar, birinchi galda sug‘orish hamda yerlarni suv bilan ta’minlashga qaratilgan. Ushbu mutanosiblik saqlangani tufayli mintaqani suv bilan ta’minlashga erishildi. Bugunga kelib 45 milliondan oshiqroq aholi istiqomat qilayotgan qo‘riq yerlar o‘zlashtirildi. Ularning hayot kechirishi uchun to‘liq infratuzilma tizimi yaratildi.
Mintaqa davlatlarining mustaqillikka erishishi barobarida turli hududlarda qolib ketgan suv omborlaridan foydalanishdagi hal etilmagan muammolar va o‘zaro kelishmovchiliklar sababli, nainki qishloq xo‘jaligi va boshqa sohalarga, balki ichimlik suvi ta’minotiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatdi.
Yuzaga kelgan vaziyatni biroz yumshatish maqsadida turli darajada davomli muzokaralar olib borildi, katta tashkiliy ishlar amalga oshirildi. Natijada bir bitimga kelinib, 1992 yilning 18 fevralida Almatida Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, O‘zbekiston va Turkmaniston Respublikalari o‘rtasida “Davlatlararo suv manbalaridan hamkorlikda foydalanish va boshqarish, ularni asrash” bo‘yicha kelishuv imzolandi. Davlatlararo suv manbalaridan o‘zaro kelishuv asosida foydalanishda hamkorlikni yo‘lga qo‘yish maqsadida Davlatlararo suv xo‘jaligini muvofiqlashtirish komissiyasi tashkil etildi. “Amudaryo” hamda “Sirdaryo” suv havzalari suv ajratish ijroiya idoralari tuzildi.
Shu bois o‘tgan asrning 90-yillari o‘rtalarida mintaqa davlatlaridagi iqtisodiy-ijtimoiy rivojlanishning bir-biridan farq qilishiga qaramay, iqtisodiyotning turli sohalarini suv bilan ta’minlashda ma’lum barqarorlikka erishildi.
Shuning uchun ham suvdan foydalanish rejimining zig‘irdekkina o‘zgartirilishi, shundoq ham omonat barqarorlikka putur yetkazib qo‘yishi mumkin. Bunday holatning oqibatlari og‘ir va hatto ijtimoiy beqarorlikka ham olib kelishi hech gap emas.
Yuqoridagilarga ko‘ra keyingi paytlarda ayrim ommaviy axborot vositalarida ahamiyati “ko‘pirtirilib” baholanayotgan Norin va Vaxsh daryolarida qo‘shimcha gidroelektrostantsiyalar barpo etish rejasi xavotir uyg‘otishi tabiiy.
Balki asl maqsad mintaqada istiqomat qilayotgan aholi nazdida go‘zal turmush kechirish hissini uyg‘otib, daryolarda yangi gidroinshootlar qurib olishdir?
Biroq mintaqada istiqomat qilib kelayotgan 45 milliondan ortiq aholining turmush tarzi bevosita mazkur daryolar suviga bog‘liq va
daryolar o‘zaniga kiritiladigan har qanday o‘zgartirish kutilmagan oqibatlarga sabab bo‘ladi.
Shu bois yirik korchalonlardan iborat guruhlarning manfaatlarini qo‘llab-quvvatlovchi turli uyushmalar tashkil etish orqali Norin va Vaxsh daryolarida yana bir necha GES qurish hamda arzon elektr quvvati ishlab chiqarish evaziga katta foyda olish harakatlarini to‘xtatish zarur. Buning oqibati aniq: Norin, Rog‘un, Sangto‘da va Vaxsh daryolarida Qambarota-1 va Qambarota-2 GESlarining barpo etilishi mintaqadagi, avvalo, sug‘oriladigan yerlarning suv ta’minotiga katta zarar yetkazadi. Qurilajak GESlarning elektr energiyasi ishlab chiqarish quvvati o‘zgartirilmay qolingan taqdirda ham yoz oylarida elektr quvvatining haddan oshib ketishiga olib keladi. Buning ustiga sug‘oriladigan yerlarga suv yetkazib berish tizimiga putur yetadi. Albatta, GES qo‘shimcha suv taqsimlagichlarning barpo etilishi yoz mavsumida sug‘orish suvlari tanqisligini keltirib chiqaradi va ulkan yer maydonlarida qurg‘oqchilikka sabab bo‘ladi.
Mintaqa aholisining 65 foizi qishloqlarda istiqomat qilishi va ularning yagona hayot manbai sug‘oriladigan yerlarda olib boradigan qishloq xo‘jaligi ekanini e’tiborga oladigan bo‘lsak, suv tanqisligining kelajakda naqadar beqarorliklarga sabab bo‘lishini bashorat qilish uchun o‘ta bilimdon tahlilchi bo‘lish shart emas.
Sun’iy hosil qilinayotgan qurg‘oqchilik oqibatlari mintaqa chegalaridan oshib ketishiga shubha yo‘q. Ishsiz va hayot kechirish uchun ilojsiz qolgan kishilar ommaviy ravishda qo‘shni davlatlar hududlariga oqib o‘tishi mumkin.
Mintaqadan tashqariga ham salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan ijtimoiy beqarorlikning oldini olish maqsadida davlatlararo oqib o‘tuvchi daryolar uzra qurilajak har qanday inshoot yoki mavjudlarining ta’mirlanishi suvdan foydalanuvchi davlatlar bilan kelishilgan holda amalga oshirilishi kerak.
Mutaxassislar davlatlararo umumiy suv manbalaridan kelishib va samarali foydalanish yo‘lga qo‘yilsa, ularning ko‘p yillar davomida iqtisodiyotning barcha sohalariga yetishini isbot qilishgan. Shu bois alohida korchalonlarning manfaatlari uchun suv manbalaridan hamkorlikda foydalanish va boshqarish tizimini buzish beqiyos xatardir.
“Hurriyat” gazetasidan olindi