Hozir savodi kam odam ham Yerni sharsimon shaklda deb biladi. Biroq Yerni “tekis, doira shaklida” deyish musulmon olamida uzoq vaqt urf bo‘lgan. Bu hol ilmiy manbalarda ham qayd etilgan. Masalan, atoqli adabiyotshunos olima Fozila Sulaymonova “Sharq va G‘arb” monografiyasining (“O‘zbekiston” nashriyoti, 1997) “Markaziy Osiyoda ilm-fan” sarlavhali bobida buyuk alloma Ahmad Farg‘oniyning olamshumul kashfiyotlari haqida fikr yuritib shunday mulohazalarni qayd etadi: “Farg‘oniy, Qur’onda yer tekis doira deyilishiga qaramay, sayyoramizning shar shaklida ekanini hozirgi tushunchalar bilan isbotlab bergan”. Biz bu mulohazalarni o‘qigach, nahotki Qur’oni Karimda Yer sayyorasi tekis doira shaklda deb berilgan bo‘lsa, degan fikrga bordik va so‘nggi yillarda o‘z ona tilimizda nashr qilingan Qur’oni Karim nusxalaridan shu masalaga doir oyatlar qanday tarjima va tafsir qilingani bilan qiziqdik. Alouddin Mansurning “Qur’oni Karim o‘zbekcha izohli tarjima”sidagi (G‘afur G‘ulom nomidagi nashriyot-matbaa birlashmasi, 1992 yil) “Van-noziot” surasi 30-oyatida: “Va shundan keyin Yerni yoyib — tekis qildi”, deb yozilgan. Keyingi tarjima va tafsirlarda esa Yerning sharsimonligi tushunilgan holda, nazarimizda, uni qisman e’tirof etishga urinilganga o‘xshaydi. 2004 yili “Toshkent islom universiteti” nashriyoti tomonidan o‘zbek tilida chop etilgan “Qur’oni Karim ma’nolarining tarjima va tafsiri” “Noziot” surasi 30-oyatida mana bu so‘zlarni o‘qiymiz: “Shundan keyin Yerni (tuyaqush tuxumi shaklida) yoyib, tekislab qo‘ydi”.
Qur’oni Karimning rus tiliga akademik I.Yu.Krachkovskiy qilgan tarjima nusxasida ham, Valeriya Poroxova tarjimasida ham Yerning tuyaqush tuxumi shakli haqida biror so‘z uchratmaymiz. Valeriya Poroxova musulmonlikni qabul qilgan ayol bo‘lib, Damashq shayxining kelinidir. U bajargan Qur’oni Karim tarjimasi Qohiradagi Al Azhar ilmiy-tekshirish Islom akademiyasining oliy komissiyasi tomonidan ma’qullangan va dunyo ahli diqqat markazida turibdi. Demoqchimanki, Qur’oni Karimda Yer aynan tuyaqush tuxumi shaklida deb ham, tekis doira deb ham aytilmagan. Agar aytilgan bo‘lganida edi, bu holat, albatta, ruscha tarjimalarda ham o‘z aksini topgan bo‘lur edi. Umuman, Yerning shakli Qur’oni Karimda qanday aks etgani so‘nggi bir necha asr mobaynida Qur’oni Karim tarafdorlari va bu muqaddas Kitobning insoniyatga Alloh tomonidan nozil qilinganini inkor etuvchilar o‘rtasidagi fikriy kurashlarda asosiy masala bo‘lib turibdi.
Men o‘zim o‘ttiz pora Qur’oni Karimning o‘zbek tilidagi tarjimalarini o‘qib, rus tilidagi boshqa tarjimalarga qiyosan solishtirib, quyidagi xulosalarga keldim. Avvalo, Qur’oni Karimda Yerning shakli haqida ochiq bir narsa aytilmagan. Alloh Qur’oni Karimdagi qator oyatlarda Yerning yaratilishi haqida “Erni yoyiq qildik”, deb vahiy yuboradi. Qur’oni Karimning biror oyatida “Erni yapaloq, tekis yoki doira shaklida” qilib yaratdik, deyilmagan. I.Yu.Krachkovskiy bu oyatni “i zemlyu posle etogo rasproster” deb, V.Poroxova esa “Potom On zemlyu rasproster”, deb tarjima qilgan. “Rasproster” so‘zi esa o‘zbek tilida keng yozmoq, katta ochmoq, kermoq, yoymoq, tarqalmoq, sochilmoq, cho‘zilmoq ma’nolarini beradi.
“Yoyiq” so‘zi o‘zbek tilining izohli lug‘atida chuqur bo‘lmagan; yassi, yuza degan ma’nolarda berilgan va bu so‘z o‘z ichiga juda ko‘p ma’nolarni (uchburchak, to‘rt burchak, cho‘ziq, sharsimon, spiralsimon va hokazo) singdirishini ham nazarda tutishimiz zarur. Qadimgi tafsirchilar o‘z davri uchun qulay qilib yoyiq so‘zini tanlab olishgan. Ehtimol, bu keyingi mutarjimlarni Alloh “Erni yapaloq, tekis doira shaklda yaratdi”, degan xulosaga olib kelgandir?! Shuning uchun ham 2004 yili o‘zbek tilida nashr qilingan “Qur’oni Karim ma’nolarining tarjima va tafsiri” muallifi (o‘rni kelganda mutarjim ulkan va olijanob, o‘ta mas’uliyatli ishni uddalagani, xalqimiz e’tirofiga sazovor bo‘lganini aytib o‘tmoqchiman) “Noziot” surasida Yer “tuyaqush tuxumi shaklida” degan izohni qavs ichida bergan bo‘lishi mumkin.
Abdulaziz Mansur tarjima va tafsiridagi Qur’oni Karimning yigirma ikkita surasidagi yigirma to‘rtta oyatda Yer o‘z o‘qi va Quyosh atrofida aylanishi hamda shakli sharsimon ekanligi haqida qimmatli ma’lumotlarni aniqlashga muyassar bo‘ldik. “Yosin” surasining 37-oyatida “Tun ham ular (qudratimizdan) uchun bir alomatdir. Biz undan kunduzni sug‘urib olishimiz bilan birdaniga ular zulmatda qolurlar”, deb aytilgan. 40-oyatda: “Na quyosh oyga yetishi mumkin va na kecha kunduzdan o‘zuvchidir. (Quyosh, oy va yulduzlarning) har biri (bir) falakda suzadilar”, va “Oli Imron” surasining 190-oyatidagi “Osmonlar va Yerning yaratilishida, tun va kunning o‘rin almashib turishida aql egalari uchun alomatlar bordir”, degan ishoralarga e’tiborimizni qarataylik.
Avvalo, “aql egalari uchun alomatlar bordir” deyish orqali aqlni ishlatib, ilm qudrati bilan kecha va kunduzning o‘rin almashib turishi mohiyatini tushunishga chaqirilyapti. Demak, Qur’oni Karim insoniyatni dunyoni yaxshiroq bilishga chorlayapti. G‘arb faylasuflarining: din “dunyoni bilib bulmaydi”, deb aytadi degan xulosalari mutlaqo Islom diniga to‘g‘ri kelmasligini shundan ham bilish mumkin.
Ikkinchidan, kecha va kunduzning hosil bo‘lish sababini aql egalari ilm bilan kashf etdi va tushunib yetdi. Ya’ni Yerning o‘z o‘qi atrofida 24 soatlik aylanishi natijasida kecha va kunduzning hosil bo‘lishi XV asrga kelib aniqlandi. Endi o‘ylab ko‘ring: Yerning o‘z o‘qi atrofida aylanishi haqida Qur’oni Karimda o‘sha paytda ochiqdan-ochiq ma’lumot berilganida mutaassiblar buni tushunishga tayyormidilar? Ushbu oyatlar kelganidan ming yil o‘tgach, hisob-kitob va chizmalar bilan ilmiy asoslangan Kopernik ta’limoti namoyandalari Bruno va Galileyning boshiga mutaassiblar qanday savdolar solganini bir esga olaylik. Bruno tiriklay o‘tda yondirildi, buyuk Galiley esa xor-zor qilindi. Galiley oxir-oqibat o‘z ta’limotidan voz kechishga majbur bo‘ldi.
Qur’oni Karimdagi quyidagi suralar oyatlarining barchasida kecha va kunduzning o‘rin almashishida ibratli alomatlar borligi aytiladi: 3-sura 190-oyat; 6-sura 13-oyat; 7-sura 54-oyat; 10-sura 6-oyat; 14-sura 33-oyat; 16-sura 12-oyat; 17-sura 12-oyat; 21-sura 33-oyat; 24-sura 44-oyat; 25-sura 62-oyat; 27-sura 86-oyat; 28-sura 71-, 72,- 73-oyatlar; 31-sura 29-oyat; 35-sura 13-oyat; 36-sura 37-oyat; 39-sura 5-, 67-oyatlar; 45-sura 5-oyat; 57-sura 6-oyat; 79-sura 29-oyat.
“Yosin” surasining 40-oyatida “Na quyosh oyga yetishi mumkin va na kecha kunduzdan o‘zuvchidir. (Quyosh, oy va yulduzlarning) har biri (bir) falakda suzib yuradilar”, deyiladi. Haqiqatda ham Yer o‘z o‘qi atrofida aylanganida kecha va kunduz ham Yer bilan birga 460 m/s tezlik bilan, Yer Quyosh atrofida aylanayotganida 30 km/s tezlik bilan va Quyosh galaktikada harakatlanayotganini e’tiborga olsak 295 km/s tezlik bilan falakda suzadi. Ushbu oyatning ruscha tarjimalarida kecha va kunduz falakda suzadi, deyiladi. O‘zbek tilidagi tarjimada esa qavs ichida “Quyosh, oy, yulduzlar”, — deb tafsir berilgani holda faqat ularning falakda suzishi tasdiqlanib, kecha va kunduz esa aytilmay qolgan.
“Naba’” surasining 6-7-oyatlari I.Yu.Krachkovskiy tarjimasida quyidagicha: 6-oyat: “Razve Mы ne sdelali zemlyu podstilkoy”; 7-oyat: “i gorы — oporami”. O‘zbek tilidagi tarjimada 6-oyat: “Biz Yerni to‘shak qilib qo‘ymadikmi?!”; 7-oyat: “Tog‘larni esa (Erni tutib turuvchi) qoziqlar qilib qo‘ymadikmi?!” tarzida berilgan. “Opora” va “qoziq” so‘zlari ma’nosida esa farq bor. Shuning uchun ham o‘zbekcha tarjimada “qoziq” so‘zi ushbu oyat ma’nosini yaxshi anglata olmagani uchun qavs ichida Kur’oni Karimga tegishli bo‘lmagan: “Erni tutib turuvchi” degan izoh berilgan. “Opora”: tirgovich, tirgak, tirak, tayanch, suyanchiq, asos, negiz, poy va hokazo ma’nolarni beradi. Shu sababli yuqoridagi oyatdan har bir tog‘ Yerning tagida turibdi, degan ma’no chiqadi. Aslida insonga tog‘lar osmonni ko‘tarib turgandek ko‘rinadi. (Erni uchta ho‘kiz ko‘tarib turadi, u uchta ho‘kiz baliq ustida, baliq suv ustida kabi el og‘zidagi afsonalarning birortasi Qur’oni Karimda yo‘q). Tog‘lar Yerning negizida degan ma’no yuqorida keltirilgan oyatning mazmunida bor. Haqiqatan ham koinotdan Yerga nazar solgan fazogirlar barcha tog‘lar Yer yuzida yashovchi odamlarga nisbatan poy bo‘lib turganini ko‘rishgan. Yevroosiyo, Afrika qit’alari tog‘lari Amerika qit’asi odamlari uchun, Amerika tog‘lari esa Yevroosiyo va Afrika qit’alari odamlari uchun negiz, poy bo‘lib turibdi. Shu sababli ham tog‘larni Yer uchun negiz (opora) deb tushunsak, Yerning sharsimon shaklda ekanligini oson tasavvur eta olamiz.
Albatta, Qur’oni Karimda men tushuna olmagan oyatlar ham bor. Masalan, soya haqidagi oyatlar. Soya hosil bo‘lishi murakkab optik jarayondir. Hali bu borada optikashunos fiziklarimiz izlanish olib boradigan jihatlar ko‘p. Qur’oni Karimda soya va zulmat farqlangani hayratlanarli. Osmon insonga zangori bo‘lib ko‘rinadi, lekin osmonni zangori qilib yaratdik, degan oyat yo‘q. Atmosfera siyraklashgach, osmon qop-qora zulmat bo‘lib ko‘rinadi.
Qur’oni Karimning 22-sura 18-oyatida “(Ey, Muhammad!) Osmonlardagi va Yerdagi bor jonzot, quyosh, oy, yulduzlar, tog‘lar, daraxtlar va (barcha) jonivorlar hamda ko‘p insonlarning (yolg‘iz) Allohga sajda qilishini ko‘rmadingizmi?…” deyiladi. Sajda qilayotgan insonni ko‘z oldimizga keltirishimiz mumkin. Biroq Yer va undagi boshqa jonzotlar, sayyoralar, hayvonot va nabotot olamining sajdaga bosh egishini tasavvur etishga odatlanmaganmiz. E’tibor bering: Yer sayyorasi o‘z o‘qi atrofida hamda Quyosh atrofida aylanish jarayonida goh Janubiy qutbga, goh Shimoliy qutbga tomon og‘adi. Shuning natijasida yil fasllari hosil bo‘ladi. Ushbu og‘ish jarayonini sajdaga egilganlik sifatida tushunish mumkin, deb o‘ylayman. Inson ham Yer bilan birgalikda shu jarayonda ishtirok etayapti. Biroq Alloh unga ong bergan, inson aqli raso mavjudot. Shuning uchun uning sajdasi ongli ravishda bo‘lishi talab etiladi. Yuqorida keltirilgan fikr-mulohazalar barcha osmon jismlariga taalluqli, deb uylayman.
Qur’oni Karimning 41-sura 11-oyati quyidagi tarzda berilgan: “So‘ngra tutun holatda bo‘lgan osmonni (yaratishni) qasd etib, unga va Yerga: “(Farmonimga) “ixtiyoriy yoki majburiy holda kelingiz”, — degan edi, ular “O‘z ixtiyorimiz bilan keldik”, — dedilar”. O‘zbek tiliga tutun deb tarjima qilingan so‘z V. Poroxova tarjimasida “pelenoy iz dыma” (tutun qatlami) deb berilgan. Buni qarang: kosmogoniya fani faqat XX asrdagina olam gaz-chang (tutun) bulutining (qatlamlari) siqilishidan osmonning paydo bo‘lganini aytgan bo‘lsa, Qur’oni Karimda bu xabar 14 asr oldin berilgan. Ushbu oyatda osmon va Yer o‘z ixtiyorlari bilan yaqinlashishgani aytiladi. O‘z ixtiyorlari bilan degan so‘zning ma’nosi Yerda ham, osmonda ham bir-birlariga intilish bor degani. Fizikadagi butun olam tortilish qonuni gravitatsiya maydoni bilan bog‘liq. Gravitatsiya maydonining tabiatiga ko‘ra, jismlar bir-biriga ma’lum qonuniyat bilan ixtiyoriy ravishda tortiladilar. Elektr, magnit maydonlari tabiatiga xos itarilish xususiyati yo‘q. Gravitatsiya maydoni haqidagi ma’lumot yuqoridagi oyatda qanchalar go‘zal qilib berilganidan zavqlanasiz. Zarralarning (jismlarning, planetalarning, yulduzlarning) o‘zaro tortilishi (gravitatsiya kuchi, oyatdagi ixtiyoriylik) natijasida jism shar shaklini olishga intilishi hozirgi zamon faniga ma’lum. Shuning uchun Quyosh, planetalar, ularning yo‘ldoshlari va yulduzlarning shakli shar shakliga yaqin.
Qur’oni Karimning 21-sura 30-oyatida: “Kofir bo‘lganlar osmonlar ham, Yer ham (avvalda) yaxlit bo‘lganini, bas, Biz ularni yorib yuborganimizni va barcha tirik mavjudotni suvdan (paydo) qilganimizni ko‘rmadilarmi?! Endi ham imon keltirmaydilarmi?!”, deyiladi. Kosmogoniya fani ilgari surayotgan buyuk portlash nuqtai nazari ham ushbu oyatning zamonaviy ilm yutuqlari bilan nihoyatda muvofiq ekanligini tasdiqlaydi. Ilm-fan taraqqiyoti shuni ham ko‘rsatmoqdaki, qachonlardir Yerdagi quruqlik bir butun, yaxlit bo‘lgan va ular keyinchalik qit’alarga ajragan.
Qur’oni Karimning 44-sura 10-oyatida: “Bas, (ey, Muhammad!) Siz osmon aniq tutunni keltiradigan kunni kuting!”, deyilgan. Astronomiya fani yutuqlariga asosan, Yer har 200 million yilda fazoda gaz-chang (tutun) qatlamidan o‘tib turadi va ushbu nuqtai nazar ham yuqorida keltirilgan oyatda o‘z ifodasini topgan.
Quyosh joylashgan gallaktikada hozircha ikki milliard yulduz mavjud. Qolgan yulduzlarni hisoblab chiqishga harakat qilinyapti. Quyoshdan eng yaqin yulduzgacha bo‘lgan masofa 4 yorug‘lik yiliga, Quyoshdan galaktikamizning markazigacha 40 ming yorug‘lik yiliga, bizning gallaktikadan koinotni kuzatish mumkin bo‘lgan chegaragacha bo‘lgan masofa 4 milliard yorug‘lik yiliga teng. Bunda bizning ko‘rish imkoniyatlarimiz yorug‘likning tarqalish tezligiga monand holda cheklangandir. Barcha galaktikalar o‘z yulduzlari bilan birga ulkan tezlikda olam sarhadi tomon harakat qilmoqda. U galaktikalarning bizga nisbatan tezligi orta borib, yorug‘lik tezligiga teng bo‘lgach, bizlarga butunlay ko‘rinmay qoladilar (Xabll qonuni).
Yulduzlar ko‘rinmay qoladigan ushbu chegarani birinchi osmon sarhadi sifatida olishimiz mumkin, deb o‘ylayman. Xabll qonuniga binoan, yulduzlar birinchi osmon chegarasidan o‘tganida, bizga ma’lum bo‘lgan fizika qonunlari amalda bo‘ladimi yoki yo‘qmi, bu haqda ma’lumot yo‘q. Yulduzlarning tezligi mazkur chegaradan o‘tgach, yorug‘lik tezligidan katta bo‘ladi degan nuqtai nazar bor. Agar shunday bo‘lsa, o‘z-o‘zidan bizga ma’lum qonun amal qilinmagani ayon bo‘ladi. Chegaradan o‘tgan yulduzlarning taqdiri nima bo‘lishi haqida hech qanday ma’lumot yo‘q. Ular o‘z harakatlarini yorug‘lik tezligidan katta tezlik bilan davom ettirishadimi yoki butunlay g‘oyib bo‘lishadimi? Bu insoniyatga hozircha noma’lum. O‘ylaymanki, ikkinchi osmonda insoniyat uchun birinchi osmonda ma’lum bo‘lgan tabiat qonunlari amalda bo‘lmaydi. Demak, yettita osmon mavjud bo‘lsa, bizlar birinchi osmonda joylashgan Yerda yashayapmiz. Ikkinchi osmonning borligini sezyapmiz. Qolgan osmonlar haqida bilishga fanning hozirgi ravnaqi ojizlik qiladi. Va biz bu haqda Qur’oni Karim oyatlaridan bo‘lak hech qanday ma’lumotga ega emasmiz.
Qur’oni Karimning 37-sura 8-oyatida “U (jin)lar oliy mavjudot bo‘lmish (farishtalar so‘zlari)ni eshita olmaslar, ularga har tomondan (yulduzlar) otilur”, deyilgan. Ruscha tarjimada: “Oni ne prislushivayutsya k verxovnomu sovetu i porajayutsya so vsex storon”, deb berilgan. I. Krachkovskiy ham, V. Poroxova ham yulduz so‘zini qo‘llamagan. Yoki Qur’oni Karimning 15-sura 17-oyatida “Yana uni (osmonni) barcha quvg‘in etilgan shaytonlardan muhofaza qildik”, deyiladi. V.Poroxovaning ruscha tarjimasida “I oxronyayem ix ot Satanы, pobitogo kamnyami”, deb berilgan. I. Krachkovskiy esa: “I oxronili Mы ix ot vsyakogo satanы, pobivayemogo kamnyami”, deb o‘girgan. E’tibor bering: ruscha tarjimalarda o‘zbekchadagi yulduz so‘zi yo‘q, balki tosh deyilyapti.
41-sura 12-oyatda: “…Biz quyi (Erga yaqin) osmonni chiroqlar (yulduzlar) bilan bezadik…”, deyilgan. V.Poroxova tarjimasida “…Ukrasili Mы blijniy svod ognyami…”, deb berilgan. Demak, ruscha tarjimada yulduz so‘zini ishlatishga o‘ta ehtiyotkorlik va ming mulohaza bilan yondashilgan. Chunki yulduzni uloqtirish hozirgi zamon fani nuqtai nazaridan juda ko‘p asoslar bilan lof deb qaraladi. Aslida osmondagi meteor jismlar deb nomlanuvchi toshlar Yer atmosferasiga kirib, o‘ta kuchli ishqalanishga uchraganda qiziydi va o‘zidan nur chiqaradi. Bu manzara bizga xuddi yulduz uchgandek bo‘lib ko‘rinadi. Qur’oni Karimning asl arabcha nusxasida yulduz so‘zi yo‘qdirki, rus tarjimonlari bu so‘zni ko‘p ishlatishmagan. Tafsirlarda meteor jismlarni yulduzlar deb tushuntirish unchalik o‘zini oqlamaganini aytishimiz kerak. Shuning uchun Qur’oni Karim tarjimasidagi “yulduz” so‘zini yulduz ma’nosida, uchar yulduzni esa meteor jismlar ma’nosida tushunishga harakat qilish zarurligini aytmoqchimiz. Negaki, tarkiban yulduzlar olovdan iborat. Shuning uchun ham rus tilidagi tarjimalarda yulduzlar chiroq deb emas, balki olov — ogon tarzida to‘g‘ri berilgan.
Qur’oni Karimning 16-sura 8-oyatida “U yana minishingiz uchun… sizlar (hali) bilmaydigan narsalarni ham yaratur”, degan jumlalar borligiga e’tibor bering. Bu ma’lumotni kelajakda yaratiladigan turli transport vositalari haqida axborot sifatida tushunish uncha murakkab emas. V.Poroxova tarjimasining 1004-izohi bilan tanishganda barcha tafsirchilar bu oyat mazmunini aynan shunday sharhlaganlari aniq bo‘ldi.
Alloh hech narsaga zor bo‘lmaganidek, uning so‘zi bo‘lgan Qur’oni Karim ham hech qanday bo‘yab-bejashlarga muhtoj emas, qaytanga bu muborak Kitob oyatlarini bilib-bilmay yanglish tarjima va tafsir qilib qo‘yishdan Allohning o‘zi asrasin, deyishimiz va bu ishga juda katta mas’uliyat bilan yondashishimiz zarur. Afsuski, Qur’oni Karimni boshidan oxirigacha o‘qib va uqib olmoqqa hammaning ham tayyorgarlik darajasi va imkoni yetavermaydi. Ko‘pchilik kundalik turmush tashvishlari bilan band. Ayrimlar faqat u yer-bu yerda diniy savodli kishilarning suhbatlarini uzuq-yuluq eshitib borishadi. Din ilmidan xabardorlar orasida esa gohida har xil mubolag‘aga yo‘l qo‘yuvchilar ham uchraydiki, bu odamlarni Qur’oni Karimning ma’no-mohiyatini to‘g‘ri ilg‘ab olishlariga xalal berishi, imonida ikkilanishlar paydo bo‘lishiga olib kelishi mumkin.
Sho‘rolar davridagi ayrim filmlarda Islom dinini yomon ko‘rsatish uchun asosan diniy mavzudagi hikoyalarda uchraydigan loflardan ustalik bilan foydalanilgan. Masalan, “Shum bola” filmida Abo Muslim haqidagi loflar shular jumlasidandir. Professor Fozila Sulaymonovaning “Sharq va G‘arb” risolasining 387-sahifasida Qur’oni Karim tafsirlari, merojnomalar, qissas-ul-anbiyolarda ayrim tafsirchi va ijodkorlar fantaziya jihatidan chegarani unutganlari tilga olingan (masalan, Hazrat Alining qilichi 40 quloch deb talqin etilishi mantiqqa zid. Aslida bu qilich Turkiyada, muzeyda turibdi va 70-80 sm.dan uzun emas).
Eynshteyn Nyutonning nuqtai nazaridan ustun bo‘lgan o‘z nisbiylik nazariyasini insoniyatga taqdim etar ekan, “Kechir meni, Nyuton”, deb so‘z boshlaydi. Buyuk Nyuton insoniyat uchun juda aziz, lekin haqiqat insoniyat uchun undan ham aziz ekanini Eynshteyn bilardi. Qur’oni Karim tafsirlari va tafsirchilari ham biz uchun aziz. Biroq Alloh va uning ulug‘ Kitobi Qur’oni Karim hamda payg‘ambari Muhammad alayhissalom biz uchun ulardanda azizroqdir. Boshqa Alloh yo‘q va bo‘lmaydi ham. Alloh insoniyatga boshqa bunday ulug‘ Kitob va payg‘ambar yubormaydi. Lekin insoniyat behisob Qur’oni Karim tafsirchilariga ega bo‘lishi va ular o‘z navbatida behisob tafsirlarini taqdim etishlari mumkin. Biz ular ichidan Qur’oni Karim oyatlarini eng mukammal darajada izohlay olganlarinigina tanlashimiz va e’tirof etishimiz lozim. Va bunda o‘tmishdagi ulug‘ tafsirchilarga ham uzrimizni ko‘ngildan kechirsak, ularning ruhi albatta shod bo‘ladi, deb o‘ylayman.
Ilm-fan qotib qolmaganidek, din ham, diniy qarashlar ham doimo rivojlanishdadir. Fizika-matematika fanlari doktori, bir qancha yuksak mukofotlar sovrindori bo‘lgan marhum akademik B.P.Zaxarchenya: “Fizika fani har kuni erishayotgan yutuqlar Yaratguvchi mavjud ekanligini tasdiqlab turibdi”, degan edi. Men ham shu fikrdaman. Shunday fikrda bo‘lgan olimlar hozirgi davrda nihoyatda ko‘p. Biologiya, ximiya, genetika, meditsina va boshqa turli fanlarning juda ko‘plab yutuqlari Qur’oni Karimda o‘z tasdig‘ini topgani hech kimga sir emas. 1998 yili “Trud” gazetasida “Molchalivыe genы” sarlavhali bir maqola bosilgan edi. Unda yozilishicha, inson tanasidagi genlarning juda oz miqdori irsiyat uchun xizmat qilar ekan. O‘zini namoyon qilish uchun hech qanday intilishi bo‘lmagan qolgan genlarning barchasini maqola muallifi “sukut saqlovchi genlar” deb atagan. Bu genlarning vazifasi insonning kundalik qilayotgan ishlari va xatti-harakati bo‘yicha axborot to‘plab borish ekan. Bu yangilik kishini ancha o‘ylantirib qo‘yadi, albatta.
Maqolamizni Qur’oni Karimning ushbu oyatlari bilan yakunlamoqchiman: “U sizlar uchun kecha va kunduzni, quyosh va oyni bo‘yin sundirib qo‘ydi. Yulduzlar ham Uning amriga bo‘yin sundirilgandir. Albatta, bunda anglaydigan qavm uchun (Uning qudratiga dalolat qiluvchi) alomatlar bordir”, “U Allohdir. Undan o‘zga iloh yo‘qdir. Avvalu oxirda (ya’ni dunyo va oxiratda) hamd faqat Unga xosdir. Hukm ham Unikidir va (qiyomat kuni) Ungagina qaytarilursiz”.
Mansurxon Toirov,
fizika-matematika fanlari doktori, professor
Mansurxon Toirov 1967 yili O‘zbekiston Milliy universiteti fizika fakultetini bitirib, Sankt-Peterburgdagi A.F. Ioffe nomli Fizika-texnika instituti aspiranturasi va doktoranturasida tahsil olgan. 1989 yili shu ilm dargohida yarim o‘tkazgichlar fizikasiga doir doktorlik ilmiy ishini muvaffaqiyatli himoya qilgan. V.M.Tuchkevich, J.I.Alferov, B.P.Zaxarcheniya kabi mashhur akademiklarning shogirdi bo‘lgan professor M. Toirov yuzdan ortiq ilmiy asarlar, risolalar hamda ixtirolar muallifi. Ko‘pgina ilmiy maqolalari chet ellarda ham nashr qilingan. 2003-2004 yillari Sankt-Peterburg va 2005 yili AQShning Denver shahrida bo‘lib o‘tgan yarim o‘tkazgichlar fizikasiga doir xalqaro anjumanlarda ma’ruzalari bilan qatnashgan. O‘zbekiston Fanlar akademiyasi hamda oliy o‘quv yurtlarida ko‘p yillar samarali faoliyat olib borgan.
1995 yili M. Toirovning haftaligimiz sahifalarida e’lon qilingan ilm va ruhiyat munosabatlariga bag‘ishlangan “Vahiy qo‘ng‘iroqlari” maqolasi mushtariylar e’tiborini qozongan edi. Quyida olimning shu mavzudagi yana bir tadqiqotini gazetxonlar e’tiboriga havola etmoqdamiz.
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2006 yil 49-sonidan olindi.