Shukur Jabborov. Germenevtika (2006)

G‘arbiy Yevropada 18-asrda fanga kirib kelgan germenevtika metodologiyasi hozirda barcha jamiyatlarning boshqaruv bo‘g‘inlarida ham qo‘llaniladi. Bu istiloh avvalda muqaddas diniy kitoblarning matnini o‘rganar va tushuntirar edi.

Ayniqsa, teolog faylasuflar Vilgelm Diltey (1833-1911) va Fridrix Shleermaxer (1768-1834) germenevtikani (yunon asotirlariga ko‘ra, yo‘lovchi va savdogarlarning homiy xudosi “Germes” so‘zidan olingan) o‘sha davrlar G‘arb olamining konstitutsiyasiga aylangan Bibliya matnlaridagi hamd-sano va na’tlarni keng sharhlashda qo‘lladilar. Keyinchalik esa o‘rta va kenja avlod germenevtlari tomonidan bu metod universallashdi. Edmund Gusserl  va Martin Xaydegger germenevtikani fenomenologiya hamda ruh haqidagi fanlarga olib kirdi.

Xaydeggerning shogirdi Xans Georg Gadamer (1900-2001) esa metod imkoniyatlarini kengaytirib interprotatsiya sferalarini ko‘rsatib berdi. Matnni tushunish hech qachon oxiriga yetmaydi, — deydi u “Haqiqat va metod” asarida. Zamondoshimiz Yurgen Xabermas esa germenevtikani sotsiologiyaga olib kirdi. G. M. Mayer, X. Volf, A. Bek, F. Ast va boshqalar bu tushuntirish amaliyotini falsafaga olib kirishga uringanlar. Shulardan, Xristian Volf (1679-17654) (Kand uni ratsionalistik dogmatizmda ayblagan) va “Aristotel sillogizmi”, “Suqrot” kabi falsafiy traktatlarning muallifi Genrix Mayer (1867-1933) teologiyada ham, hatto teosofiyada ham matnlarni sof aqliy quvvat bilan germenevtik talqin qilishni targ‘ib qilganlar. Germenevtikaning ibtidoiy shakli o‘rta asrlar G‘arbda teologiya, patristika, sxolastika, egzetika bag‘rida yashaganini bilamiz. Lekin, har qanday ta’limotning o‘zgacha shaklida bo‘lsa ham o‘z o‘tmishi bor. Talqin masalasi bilan bog‘liq dastlabki asar Gomerning “Iliada”si bo‘lgan. “Iliada” va “Odisseya” asarlarini talqin etgan grammatistlar germenevtiklar rolida namoyon bo‘lishgan (Q. Blass, 1891,1). Keyinchalik, musulmon Sharqida ham germenevtikadan yuksak ta’limotlar paydo bo‘ldi. Bo‘ so‘zimizga dalil shuki, Qur’oni Karimni tafsir qilmoqchi bo‘lgan mufassirga qo‘yiladigan talab juda katta bo‘lgan. U 8, 10, ba’zi manbaalarga ko‘ra, 13 ilmni mukammal egallagan bo‘lishi lozim. Tafsir va ta’vil vazifalarini germenevtika metodiga shartli ravishda qiyoslash mumkin. Sufiylarning sharhi esa ta’vildir.

Bu metod jamiyatning boshqaruv tizimida musulmon mamlakatlarida katta o‘rin tutadi. Ma’lumki, shariat fiqh qoidalari asosiga qurilgan. “Fiqh” so‘zining etimologiyasi esa arab lug‘atlarida “anglash”, “anglatish” degan ma’noni bildiradi. Bu esa interprotatsiya hodisasi bilan bog‘liq “tushunish”, “tushuntirish” ma’nolariga uyg‘undir. Fiqhda, xususan, ahli sunna val jamoat mazhabining asosiy shoxtomirini tashkil qiluvchi Hanafiya maktabi metodlari shunday mukammal ishlanganki, mana asrlar o‘tsa-da undan istifoda etib kelinmoqda. Bizning konstitutsiyamiz va boshqaruv tizimimiz nizomlari ham sof milliy, diniy manfaatlar ustiga qurilgan bo‘lib, uni aholiga chiroyli yo‘sinda anglatib borish lozim bo‘ladi. Fiqh rukn (asos)lari 4 qismga (1. Ijmo, 2. Qihs, 3. Ra’y, 4. Urf) bo‘linadi. Sunna tarmog‘dagi boshqa maktablarda masolixi murosala, istexson ruknlariga ham amal qilinib fiqhiy masalalar hal qilinadi. Qadriyatlarimiz silsilasiga kiruvchi ushbu fiqh asoslari va moturidiy e’tiqod ta’limi bizda germenevtik sferaning nechog‘li chuqur va kengligini bildiradi. Deylik, o‘lkamizdagi urf-odat fiqhiy metodning to‘rtinchi (Urf) rukniga ko‘ra, diniy qadriyatdan past bo‘lmasa (masalan: ko‘pchilik bilan taom tanavvul qilishda sunnatga muvofiq ovqatga hamma teng qo‘l ursa, bizda milliy odat bo‘yicha yoshi katta kishi boshlab beradi) milliy urfimizga qarab harakat qilinadi.

Tafsir va ta’vil, buyuk mutafakkirlarimizning asarlariga sharhlar bizning eng katta ma’naviy boyligimizdir. Vaholanki, G‘arbda Gadamerga davriga kelib germenevtika to‘la ratsionallashdi.

Gadamerga kelsak, haqiqiy tushunish mahsuldor munosabatdir. Bu bilan tarixni bevosita tushunish jarayonini yengillashtiradi. Tarixshunos bir muallif asarini o‘rganar, tarixiy hodisani talqin qilar ekan, o‘rganuvchining tasavvuri, mulohazalari doimo asar mazmunini, ruhiyatini aynan aks ettira olmaydi, degan xulosaga keladi (Istina i metod. M. 1988. Str.304).

Falsafiy germenevtika Forobiyning aktsidentsiyalarning ko‘chish qonunida ham bor. “Rasoil ul-xukamo” ta’kidlashicha, tushunishdan avval anglash keladi. Buni zamondoshlarimiz E. Betti, Gadamer germenevtika va uning sferalari to‘g‘risidagi ta’limotlarida endigina ta’kidlashdi. Gadamerning matnlarni qismlarga bo‘lib o‘rganish to‘g‘risidagi ta’limoti to‘g‘risida ham fikrimiz shunday. Bu metodning ham tajribadan o‘tgan usuli azlida bizda mavjuddir.

Shukur JABBOROV

“Hurriyat” gazetasidan olindi.