Qohiraning kunbotarida, azim Nil bo‘yida Luqsor degan do‘ppidek shaharcha bor. Luqsor osori atiqalar, ming yillik obidalar o‘lkasi. Daryoning chap sohilidan Shohlar vodiysi boshlanadi. Albatta, endi bu vodiyning «shoh»ligi qolgan emas. Past-baland, giyohsiz taqir qirlar, arxeologlar chala qazib ketgan handaqlar, yakkam-dukkam zarang daraxtlari ko‘ngilga mahzunlik soladi.
Yil o‘n ikki oy Shohlar vodiysidan odam oyog‘i uzilmaydi. Bu yerda ming-ming yil burun mo‘miyolab qo‘milgan misr fir’avnlarining daxmalari bor. Ularning eng mashhuri — Tutanhomon jasadi ham shu vodiydagi ko‘rimsiz bir tepalik bag‘rida sokin. Torgina o‘zandan borib, qorong‘i o‘ngirga kirasiz. Poygakda qabrxona. Uning oldidagi ikki xarsang toshga turli shakllar solingan. Bu qadimgi Misr yozuvi ekan. Yo‘lboshchi toshlardagi bitikni o‘qidi. Bitik mazmuni taxminan shunday edi: «Ey omonat inson! Sabru qanoatni odat qil. Qanoat — qanotdir, seni ko‘klarga olib chiqajak. Hoyu havas quli bo‘lma, harislik misli zanjirdirki, oyog‘ingdan tortib, tuproq qa’riga eltgay».
Bu yozuvga roppa-rosa 3100 yil bo‘libdi.
Uch ming yillik bitik qarshisida xayolga toldim. Inson farzandini sifatlovchi atamalar bir talay: tabiat shohi, oliy mavjudot, tafakkurda tengsiz mo‘jiza… Ana shu «Tengsiz mo‘jiza»ning mohoralarni tark etib, o‘ziga boshpana yasashni, olov yoqishni o‘rganganiga, jilg‘a xonishidan, qushlar sayrog‘idan zavqlanib ilk bor bosh tebratganiga necha million yil bo‘ldi. Million yildan beri inson o‘zgarishda, tinimsiz takomilda. U o‘nlab jamoalarni, formtsiyalarni, tarixiy tuzumlarni bosib o‘tdi. Nihoyat, Biologlar tilida xomo sapiyes — idrokli inson degan mo‘tabar nom oldi. Ilgari uning xayoli osmonda edi, endi oyog‘i oyda, yulduzlar ostonasida. Ammo inson degan sharafga muqobil o‘laroq harislik, ochko‘zlik, xudnamolik, birovning moliga ko‘z olaytirish, ayyorlik, riyo, xullas, xiyonat hisobiga boylik orttirish kabi unsurlar hamon qonida mavj urmoqda.
Nega shunaqa? Bu diltang so‘roqqa o‘zimcha javob izlagan bo‘laman.
Odam Ato farzandlari bugun xayrulbashar, ya’ni yaxshi inson degan mukarram nomga sazovor bo‘ldi. U ming yillik dardlarga davo topdi, tabiatda sodir bo‘ladigan turli balolarning oldini olishni o‘rgandi, ilmi g‘aybning mo‘jaz darchasini ochdi — ob-havoni bashorat qiladigan bo‘ldi, olami kabir, olami sag‘ir kabi tushunchalarning mag‘zini chaqdi, xullas, zamonasining g‘olib va o‘ktam xo‘jasiga aylandi. U olamni o‘ziga bo‘ysundirdi, vale o‘z vujudini qurtday kemirib, yemirib borayotgan nafs deb atalmish illatni yengolmadi. Hazrat Navoiy, «Senga yo‘q nafsdek dushman, qila olsang ani qil band» degan edi. Ne ajabki, dunyo mushkullarini yechishga qudrati yetgan inson zoti nafsi ammora qarshisida hamon ojiz, hamon bechora. Yo‘qsa, u bir shildiroq ko‘k qog‘oz ilinjida diyonatini sotmasdi, qo‘li kalta qo‘shnisi bilan ikki metr yerni talashmasdi, ota-onasini jilla qurisa oyiga bir marta ziyorat qilardi. Va nihoyat, birovning haqidan hazar qilardi, ayniqsa, yetim-esirning rizqiga ko‘z olaytirmasdi…
Shu haqda o‘ylar ekanman olis bir tumandagi bosh tabib xonimning qilmishi yodimga tushdi. Bu ayolgina ko‘p yillar el kaftida yurdi, majlislarning to‘rida o‘tirdi, tumandagilar «ota-ona»lab soyasiga salom berardi. Bosh tabib xonim esa, bir kuni xalq hurmatiga javoban… pora olib qo‘lga tushdi. Odamlar yoqa ushlab qolishdi. Yoshi bir yerga borgan, o‘g‘il-qizning tashvishidan qutulgan, nevara-chevaralarining ham g‘amini yeb qo‘ygan paytda bunchalik tubanlikning ma’nosi ne edi? O‘rgangan ko‘ngil g‘avg‘osimi? Tiyilmagan nafs qutqusimi? Odam tomirida qon bilan birga shayton ham oqib yurarmish. Bu rahbar opa vrach bo‘laturib qontomirdagi makkor dushmanni yaxshilab tanib olmagan ekan-da? Vodarig‘?
Yozuv paydo bo‘libdiki, ahli donish qanoat va ta’ma, tavoze va kibr, diyonat va riyo to‘g‘risida o‘lmas bitiklar bitib ketadi. Yuqorida Misr fir’avnlarining bundan uch ming yil burungi hikmatini keltirdik. Islomning muqaddas kitobi Qur’oni karimda muxtasar qilib, «nafs… barcha yomonliklarga buyurguvchidir», deyiladi. (Yusuf surasi, 153-oyat). Hadisi sharifda esa, rasuli Akram (s.a.v.) go‘yo sizu bizga xitob qilib deydi: «Ey, inson farzandi! Na ozga qanoat qilasan va na ko‘pga to‘yasan! Tani-joning sog‘-salomat holda tong ottirayotgan bo‘lsang, o‘zing xotirjam ersang va bir kunga yetarli yemishing bor bo‘lsa, bu o‘tkinchi dunyoga parvo qilib netasan?» Yusuf Xos Hojibdan Ahmad Yugnakiygacha, imom G‘azzoliydan Alisher Navoiygacha, Hakim Termiziydan Abdulla Avloniy va Fitrat domlagacha barcha allomai davronlar nafs tufayli inson boshiga tushadigan kulfatlardan ogoh etib, xaloyiqni amri ma’rufga undab keldilar. Biz u aziz zotlarning o‘gitlarini takrorlab, vaqtingizni olmaylik-da, yana bir dahoning tog‘dek salmoqli fikri bilan mulohazamizni davom ettiraylik. «Qanoat deb o‘ziga kerakli narsaga erishmakka aytiladi. «Boshqalarda ko‘rgan narsani qattiq istamaslik ham qanoat sanaladi». Buni Ibn Sino aytgan. E’tibor bering: boshqalarda ko‘rgan narsani qattiq istamaslik… Biz nima qilayapmiz? Yashirishning hojati yo‘q, biz gohi-gohida birovlarning yashash tarzini juda-juda «istab» qolamiz. Ammo do‘ppini olib qo‘yib, bir lahza sarhisob qilmaymizki, o‘sha odam mansab kursisida o‘z iste’dodi tufayli o‘tiribdimi yoxud qo‘li uzun tog‘asining sharofatimi bu? Mahalladagi hammaning ko‘zini o‘ynatadigan osmono‘par qasr halol pul evaziga solinganmi yoki pora hisobigami? To‘plagan mol-mulki unga vafo qilarmikan yoxud o‘tniki-o‘tga, suvniki-suvga, degandek bir kuni yelga sovrulib ketarmikan?
Tasavvuf peshvolari nafsni surat va siyratiga qarab nafsi ammora (qaysar), nafsi lavoza (jazoga loyiq), nafsi raddiya hamda safiyya, ya’ni poklangan, oliyjanob nafs deya toifalarga ajratganlar. Biz kundalik iste’molda bu tushunchalarni oddiygina qilib hayvoniy nafs, ruhoniy nafs deya qo‘llaymiz. Kulli jonli maxluqning, jumladan, odamzotning moddiy ehtiyojini anglatuvchi narsalar hayvoniy nafsga kirsa, yolg‘iz inson farzandiga xos bo‘lgan javhar, insonning ruhiy dunyosini muvozanatda ushlab turadigan narsa — bu ruhoniy nafsdir. Ana shu mezondan kelib chiqib, yon-atrofimizga boqadigan bo‘lsak, shoir Zavqiy aytmoqchi «qo‘l yaqog‘a borgudek turfa zamon» manzaralariga duch kelamiz. Azim shaharning yangi mahallasi. Bir serfarzand kishi uy solmoqda. Bir qavatli, ixcham, kamtaringina. Uning devor qo‘shnisi ham to‘rt kishilik oilasi uchun imorat tiklayapti. Ammo bu bino uch qavatli, hashamdor, o‘lganda 10-12 xonalik. Ikkinchi qavatda hammom, katta hovuz, uchinchi qavatda bilyardxona. Hali bu boyvachchaning qasri bitgani yo‘q. Bitganda bechora kambag‘al nima qiladi? Hovlisida emin-erkin o‘tirolmay, cho‘zilib yotolmay yuragi qon bo‘ladimi? Axir tepasidagi uyning uchinchi qavatidan kichkina hovlidagi qimirlagan jonning bari ko‘rinib turadi-ku? To‘rt kishilik oilaga shuncha dabdabali koshona qurish shartmidi? Ko‘rdinglarmi, men kimman, deb kerilish qaysi mazhabga to‘g‘ri keladi? Mayli, o‘sha sohibi davlat uyini halol pulga qurgan bo‘la qolsin. Ammo birovlarni ranjitib, muttasil o‘ksitib yashagan kimsaning umrida farog‘at bo‘larmikan? Uch oshyonning bir oshyoniga ketgan mablag‘i mahalladagi qari-qartanglarga, yetim-esirga bag‘ishlasa, u ko‘proq savob topmasmidi?
Bu «yangi o‘zbek»ning oq tunuka tomli uyiga qarab o‘tirib, bir fermer yigitni esladim. U Parkent tumanining Nomdanak qishlog‘ida yashaydi. Qirchillama yoshdagi bu yigit Mavlon Hojiyevdir. Mavlon tumanda birinchilardan bo‘lib chorvachilik bo‘yicha fermer xo‘jaligi ochdi, unga «Baxt» deb nom qo‘ydi. Hozir Mavlonning 370 bosh qoramoli bor. Yilma-yil davlatga tonnalab go‘sh topshirayapti. Sog‘in sigirlardan olinadigan bir kunlik sutning o‘zi uch tonnadan oshadi. Bu, taxminan yarim million so‘m, degani. Oyiga 12-15 million so‘m daromad qilayotgan fermerning uy-joyi el qatori. Idora ham oddiygina, bir necha ta’mirtalab xonalardan iborat. Mavlonning tagida ko‘hna «UAZ» mashinasi.
— Qaddingizni ancha rostlab olibsiz. Zamonaviy ofis qurib, «Jip» minib yursangiz bo‘lmaydimi? — deb so‘radim undan.
— Bo‘ladi, — ensa qashidi Mavlon, — unda maktab bitmas edi, molxonaning tomi yamalmas, edi, yangi texnika ham ololmas edik-da, aka.
Mavlon o‘z mablag‘i hisobidan 120 o‘rinli bitta maktab solib beribdi. Qishloqdagi qo‘li kalta oilalarga, pensiyadagi otaxon, onaxonlarga ko‘magini darig‘ tutmas ekan. Uning yana bir xayrli ishini begonalardan eshitdik. Oliy maktablarda o‘qiydigan bir nechta parkentlik talabaning shartnoma pulini ham Mavlon to‘labdi. Bu yiliga bir necha million so‘m bo‘ladi.
Men Mavlonni sinash uchun:
— Shuncha muruvvat qilibsiz, indamaysiz? — dedim.
— O‘ng qo‘ling berganini chap qo‘ling bilmasin, degan gap bor, — deb kuldi Mavlon, — xizmatingizni minnat qilsangiz, uning savobi yo‘qoladi. Ba’zi birovlarga hayronman. Televizorga chiqib olib, undoq qildik, bundoq qildik, deb keriladi. Uyat-ku bu. Muruvvat qildingmi, jim bo‘l, jar solma. Kimning qanaqaligini xalqning o‘zi biladi.
Bu, kiyganingdan kiydirganing yaxshiroq, degan qadim hikmatning tagiga yetgan ko‘zi to‘q insonning gapi edi.
Biz ko‘pincha nafsni tor ma’noda tushunamiz. Uni yolg‘iz moddiy ne’mat o‘rnida ko‘ramiz. Aslida nafsning shakli-shamoyili turli-tuman. Masalan, amalini suiiste’mol qilib, bir g‘aribga zulm o‘tkazish ruhoniy nafs shiddatli emasmi? Yoki obro‘ talashmoq, mukofotu unvon uchun qing‘ir yo‘llardan foydalanmoq, birovlarni kamsitib, birovlarga yetti bukilib ta’zim qilmoq singari turlanib-tovlanishlar shaytoniy nafsning jilvalari, o‘yinlari emasmi? Ana shuning uchun ham o‘tmishda haqqa yetishgan avliyo kabirlar «Dunyodagi butkul fojealarning ibtidosi nafsi shayton vasvasasi tufaylidir» deb qo‘yibdilar. Piri Turkiston deya Sharaf topgan Shayxul-mashoyix Xoja Ahmad Yassaviy deyarli har bir hikmatida bizlarni nafs xurujidan ogoh etadi: Qul Xoja Ahmad, qirqqa kirding, “nafsingni qirq, nafsing seni oxir damda gado qilg‘ay, Qahhor Egam, nafsimni qil zeru zabar”.
Otashnafas shoirimiz So‘fi Olloyorning mana bu satri bugun ham go‘yo xitobdek jaranglaydi:
Ko‘milgan termulib turg‘ondin ortuq!
Qarang, birovning mol-dunyosiga ko‘z tikib, ta’ma qilib turgandan ko‘ra yer qa’riga kirgan afzal emish.
Va nihoyat, Iskandar Zulqarnaynning o‘sha mashhur vasiyatini yana bir bor eslab, mulohazalarimizga nuqta qo‘ysak ham bo‘lar.
O‘limi oldida Iskandar vasiyat qildi: qo‘llarimni tobutdan chiqarib qo‘yinglar, toki odamlar ko‘rib ibrat olsin. Jahonni zabt etgan Iskandarning qo‘llari ham alal-oqibat ochiq ketmakda.
Bu so‘zlarga izohning hojati bo‘lmasa kerak, deb o‘ylayman.
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2005 yil 13-sonidan olindi.