Bu voqea 1979 yilning may oyida ro‘y bergandi. O‘sha kunlari men sayyohlar guruhi tarkibida Barselonada edim. Bir-ikki yil avval Franko vafot etib, Ispaniya uning 23 yillik istibdodidan qutulib, ozodlikka chiqqandi. Sayyohlar guruhimizning tashrifi Franko hukmronligi davrida mamlakatlar o‘rtasida uzilib qolgan aloqalarni tiklash yo‘lidagi ilk qadamlaridan biri edi. Barselona — safarimizning oxirgi nuqtasi edi. Biz o‘n besh kun mobaynida Madrid, Valensiya, Tioledo, Tragona kabi shaharlarni tomosha qilib, ularning tarixiy va madaniy obidalari bilan tanishib, kuni kecha Barselonaga yetib kelgan edik. Bugun esa Ispaniyaning shimoli-sharqida Frantsiya chegaralaridan uncha olis bo‘lmagan makonda joylashgan bu qadimiy shahar bilan tanishib, kechasi yurtimizga uchib ketmog‘imiz kerak edi.
Safar dasturiga ko‘ra, ertalab Barselonadagi Italiya-SSSR jamiyatining vakillari bilan uchrashib, birga nonushta qilmog‘imiz, keyin shahar aylangani jo‘namog‘imiz lozim edi.
Men nimadir bo‘lib, xonamda bir oz ushlanib qoldim. Darhol boshlig‘imiz yetib keldi.
— Jamoat jam, hamma sizni kutib o‘tirmaydi-ku! Tezroq qimirlang!
Men apil-tapil kiyindim-da, chemodanimdan ikkita patirni olib, pastga — nonushta bo‘ladigan joyga yugurdim. Ha, shunaqa. Har qancha g‘alati tuyulmasin, chet elga safarga boradigan bo‘lsam, uyda besh-o‘nta patir yoptirib olib ketaman. Negaki, xorijliklar, umuman, nonni kam iste’mol qilishar ekan va bizni ham o‘zlariga o‘xshagan deb gumon qilib, har gal ovqat vaqtida bir tishlamgina non berishar ekan. Shuning uchun butun umrlari davomida boshqa narsalardan ko‘ra nonga ko‘proq ruju qo‘yib o‘rgangan sho‘ro odamlari safar davomida bu jihatdan o‘zlarini ancha noshoyista his etishardi. Safar oldidan chemodanga solib olingan besh-o‘nta patir bu muammoni to‘la hal qilishga yordam berardi. Xullas, qo‘limda ikkita patir bilan nonushta xonasiga kirib borib, safardosh o‘rtoqlarim bilan salomlashdim. Boshlig‘imiz meni jamiyat vakili bilan tanishtirdi:
— Xose Gomes — jamiyat raisi, bu kishi — Manuela, raisning rafiqasi.
Men ularga alohida tavoze bilan salom berdim, ammo Xosening alik oladigan siyoqi yo‘q edi. U negadir menga emas, qo‘limdagi patirlarga qarab turar, xuddi sehrlangandek, ulardan nigohini uzolmay qolgandi. Oradan bir necha fursat vaqt o‘tdi. So‘ng u kishi patirdan ko‘zini olib menga qaradi, so‘ng yana nonga tikildi. Nihoyat, oradagi sukunat cho‘zilibroq ketganini his qildi, shekilli, salomimga javoban menga qo‘l uzatib, so‘z qotdi. Bu so‘zlarni eshitib, hang-mang bo‘lib qoldim. Hayotda nimalar bo‘lmaydi deysiz? Ayniqsa, xorijga safar qilganingizda boshingizdan har xil g‘aroyib voqealar o‘tishi, ko‘nikilmagan vaziyatlarga tushib qolishingiz hech gap emas — har nima bo‘lganda ham begona yurt, siz esa musofir, xolos. Lekin bu galgisi hammasidan ham g‘aroyib bo‘lib chiqdi — Ovrupaning narigi chekkasida joylashgan ko‘hna shaharda, muazzam mehmonxonaning shinam zalida, may oyining go‘zal subhidamlaridan birida birorta ispanning menga o‘zbek tilida murojaat qilishini kutmagan edim.
— Siz Samarqanddanmi? Bu patir Samarqandnikimi? — deb so‘radi Xose. Hayajondan uning ovozi titramoqda edi.
— Ha, men o‘zbekman. Lekin Samarqanddan emas, Toshkentdanman. Patir ham Toshkentniki.
— Toshkentniki bo‘lsa ham, patiringizning bittasini menga berolmaysizmi?
— Albatta! Albatta! — dedim men va patirning ikkovini ham qo‘shqo‘llab unga uzatdim. — Bitta emas, ikkovi ham sizdan aylansin.
Xose bilan xotini «dik» etib o‘rinlaridan turishdi, bir qo‘llarini ko‘ksilariga qo‘yib ta’zim qilgandek, yengilgina bosh egishdi. So‘ng Xose bo‘sh qo‘li bilan patirlarni olib, birini xotiniga uzatdi. Keyin ikkovlari ham allaqanday ilohiy ehtirom bilan patirlarni ko‘zlariga surishdi, keyin uning yog‘i yaltirab turgan chekkalariga lab bosishdi. Sayyohlar so‘z qotmay, bu manzarani tomosha qilib turishardi. Shundan keyin Xose xotinining qo‘lidagi patirni olib, o‘zinikiga qo‘shdi-da, xuddi chatnab ketadigan chinni buyumday ularni ehtiyot bilan sochiqqa o‘rab, yelim xaltasiga solib qo‘ydi. Xosening o‘zbek tilini bilganiga va o‘zbek nomiga bu qadar ehtirom ko‘rsatganiga lol qolib, hamon angrayib turardim. Nihoyat, tilim kalimaga kelib, undan so‘radim:
— O‘zbekchani qayoqdan bilasiz? O‘zbekistonda bo‘lganmisiz?
— Buning tarixi uzoq, keyinroq bafurja gapirib beraman, — dedi Xose.
Nonushtani apil-tapil qildik-da, shahar tomoshasiga otlandik. Xose bilan Manuela bizga rahnamo bo‘lishdi.
Barselona — Ovrupaning eng yirik shaharlaridan biri. Uning hududi ham katta, tarixiy va madaniy obidalari ham behisob. Hammasini aytmay qo‘yaqola-yu, faqat bir narsani — Xristofor Kolumb Amerikani kashf qilganidan keyin, uchta kemasi bilan shu shaharga qaytib kelganini va bu kemalar shahar portlaridan birida hozirga qadar buyuk bir yodgorlik sifatida avaylab saqlanib kelinayotganini aytsam, shuning o‘zi shahar tarixi naqadar boy bo‘lganini tasavvur qilishga yordam berar deb o‘ylayman. Shahar XX asrda jahon me’morchiligida mutlaqo yangi yo‘nalishni boshlab bergan Guchchoning nomi bilan ham bog‘liq. Unda bir necha joyda Guchcho loyihasi bilan qurilgan juda ham o‘ziga xos jomelar va boshqa binolar mavjud. Rassomlik san’atida yangi sahifa ochgan Pikassoning ham uy-muzeyi shu yerda. Bunday e’tiborga loyiq yodgorliklar va obidalarning ko‘pligi jahondagi barcha sayyohlarning diqqatini tortadi, Barselonani sayyohlarning ardoqli ziyoratgohiga aylantiradi. Xose va Manuela har qanday qilib bo‘lsa-da, bizning ko‘nglimizni olish payida edilar. Bilmadim, sayohat dasturida bormidi yoki bu mezbonlarimizning shaxsiy tashabbusi bo‘ldimi, har qalay, tushlikdan oldin Barselonaning yana bir ajoyib va g‘aroyib maskani bilan tanishish imkoniga ega bo‘ldik. Bu — dunyoda uzunligi bilan dong chiqargan — butun boshli o‘n ikki chaqirim masofaga cho‘zilib ketgan xiyobon edi. Xiyobonda turfa anvoyi gullar barq urib ochilib turibdi. Dunyoning turli mintaqalarida o‘sadigan daraxtlar uni quyosh nurlaridan to‘sib, soya-salqin go‘shaga aylantirgan. Oyoq ostidagi mayda qizil qum xuddi yumshoq gilamga o‘xshaydi. Ammo bu fazilatlaridan tashqari mazkur xiyobon yana bir sifatga ega ekan. U — butun dunyo xippilarining xalqaro markazi ekan. Xippilar — 60-yillarda yoshlar o‘rtasida paydo bo‘lgan bir toifa — ular o‘z dunyolaridan norozi bo‘lib, uni tark etgan, bu noroziliklarini kiyim-kechakka, hashamatga, maishiy qulayliklarga nafrat bilan ifodalashga uringan, usti-boshi kir-chir, oylab soch-soqoli ustara ko‘rmagan, daydilikni asosiy kasb qilib olgan odamlar edi. Ko‘p mamlakatlardan quvilgan, o‘z makonlariga sig‘magan xippilar Barselonada ekan. Ular uzun xiyobonning bir tomoniga qator qilib, joy qilib olishibdi. «Joy» deganimiz yerga solingan qanormi, sholchami, kleyonkami — shunga o‘xshash bir narsa, uning bir burchagida o‘rab qo‘yilgan odeyal yoki ro‘mol, yana bir-ikkita ikir-chikir buyumlar. Xippilar bu «joylari»da hatto oila bo‘lib ham yashashar ekanlar.
Ularning oldilarida mayda bolalar ham o‘rmalashib yurishipti. Bu isqirt odamlarning hech kim bilan ishi yo‘q, o‘zgalar bilan muloqotga kirishmaydi. O‘zlaricha «tabiiy» hayot kechirish bilan ovora — shuning uchun yeb-ichishlari ham, yotib-turishlari ham oshkora, hammaning ko‘z o‘ngida. Yana bir qiziq jihati: Barselonada daydilik taqiqlangan ekan. Jamoat joylarda ham bekorchi¬xo‘jalarning tekinxo‘rlik bilan kun kechirishlariga yo‘l qo‘yilmas ekan. Lekin xippilar buning chorasini topishipti. Ular o‘z joylarining bir chekkasiga yoymachining do‘konidek har xil narsalarni yoyib qo‘yishipti. Bular mixmi, qalammi, eski gazetami, dengiz chig‘anog‘imi — xullas, hech kimga keragi yo‘q buyumlar. Ularni sotish uchun yoyib qo‘yishipti, lekin bularni xarid qilayotgan bironta odamni ko‘rmadik. Shundoq bo‘lsa-da, shu buyumlar yoniga qo‘yilgan katta-kichik tarelkalar tanga pullarga-pesetlarga to‘lib ketgan. Ular «savdogarlik» bilan shug‘ullanayotgani uchun, bir narsa deyishga hech kimning haddi sig‘mas ekan. O‘shanda ispan ma’murlariga hayron qolgan edim — ular bozorlariga sifatsiz mollar kirib kelishiga qarshi kurashmas ekanlar-da?
Bu xiyobonda fohishalar bozori ham bor ekan. Bozorda hatto erkak fohishalar ham bisyor ekan. Ular ayollarga o‘xshab kiyinib olgan, boshlarida pariklari ayollarnikiga o‘xshatib turmaklangan, qosh-ko‘z bo‘yalgan, lablar pishgan pomidordek qip-qizil. Noz-karashmalar, qosh qoqishlar, ko‘z suzishlar, nozli firoqlar hech bir ayolnikidan qolishmaydi.
Biz har xil yoshdagi, har xil maqomdagi fohishalar safini bepisand yorib o‘tdik-da, xiyobonning oxiriga yetdik. Xiyobon — dengizga chiqar ekan. Qarshimizda yastanib yotgan nurga to‘la bepoyon dengizni ko‘rib dilimiz yorishdi, uning ajoyib havosidan to‘yib-to‘yib nafas oldik.
Tushlik vaqti ham bo‘lgan edi. Sayyohlarni avtobusga taklif qilishdi. Ammo Xose menga qolishni taklif qildi: «Tushlikni biron kafeda pivoxo‘rlik qilib, birga o‘tkazamiz», — dedi. Hatto: «Mening hisobimdan», — deb qo‘shib ham qo‘ydi. Men boshlig‘imizdan ruxsat olib qoldim.
Shu yaqin o‘rtada chog‘roq istirohat bog‘i bo‘lib, uning ichida tepalikda joylashgan shinamgina kafe bor ekan. Xose bilan rafiqasi meni shu kafega boshlashdi. Tepalikda g‘ir-g‘ir shabada esib turipti. Tevarak-atrofda juda chiroyli manzara. Xose xotini bilan meni stol yoniga o‘tqazib qo‘yib, bir zumda bir oz yegulik bilan krujkalarda pivo olib keldi. Barselonaning pivosi juda tiniq va xushta’m ekan — ta’mi og‘izda qoldi.
Pivodan ho‘plab o‘tirib, Xose hikoyasini boshladi. Uning tarixi chindan ham uzoq ekan. Xose tuzukkina ziyoli oilada tug‘ilib-o‘sgan. Uning otasi o‘qimishli, taraqqiyparvar inson bo‘lib, demokratik Ispaniya uchun kurashchilarning oldingi saflarida bo‘lgan. 30-yillarning boshida respublikachilar deb atalgan bu taraqqiyparvar kuchlar hokimiyat tepasiga keladi. Ammo ularni ko‘rolmaydigan yovuz kuchlar bor edi. Ular Franko boshchiligida isyon ko‘tarishadi. 1936 yilda Ispaniyada fashistlar bilan respublikachilar o‘rtasida fuqarolar urushi boshlanadi. Respublikachilarga dunyodagi ko‘pgina ko‘ngillilar yordam beradi. Shu jumladan, Sho‘rolar Ittifoqidan ham ancha-muncha zabardast yigitlar bevosita harbu zarbda ishtirok etadi. Biroq urushda frankochilar g‘alaba qozonadi. Omon qolgan respublikachilar qamoqlarga tashlanadi, qiynoqlarga duchor qilinadi. Shunda Sobiq ittifoqdagi ba’zi tashkilotlar respublikachilarning o‘g‘il-qizlarini fashistlar asoratidan xalos etish uchun ularga birodarlik qo‘llarini cho‘zishadi — yuzlab ispan bolalarini jang bo‘layotgan joylardan olib kelishadi va u yerdan boshqa shaharlardagi bolalar uylariga tarqatib yuborishadi.
Xose ham shu bolalar ichida edi. U ham ota-onasining issiq bag‘ridan ayrilgan yetimcha go‘dak edi. Lekin shundoq bo‘lsa-da, tez orada u yangi sharoitlarga ko‘nikib ketdi va boshqa muhojir ispan bolalari kabi baynalminal ruhda tarbiya topa boshladi.
Xose Sankt-Peterburgdagi bolalar uylaridan biriga joylashtirilgan edi. Oradan ko‘p o‘tmay, u ham boshqa ispan bolalari kabi tarixi boy bu go‘zal shaharni, uning ravon va keng ko‘chalarini, muazzam maydonlarini, hamisha kumush belbog‘dek tovlanib turadigan daryosini jonajon shahridek yaxshi ko‘rib qoldi. Ammo baxtli bolalik damlari uzoq cho‘zilmadi. 1941 yilda fashist bosqinchilari urush boshlashdi. Urushning birinchi kunlaridayoq shahar osmonida fashist quzg‘unlari paydo bo‘ldi. Ko‘p o‘tmay, shaharning ahvoli tanglasha boshladi, u qamalda qoldi. Shaharda qurol ushlashga yaroqli har bir odam uni himoya qilishga otlandi. Shu shaharning tuzini totgan, undan boshpana topgan, undan mehr ko‘rgan ispan bolalari ham balog‘atga yetmagan, ko‘pchiligi endigina 15-16 yoshga kirayotgan bo‘lishiga qaramay, bunday og‘ir kezlarda tomoshabin bo‘lib qarab turolmas edilar. Ular yakdillik bilan ko‘ngilli ravishda shahar himoyachilari safiga qo‘shildilar va frontga jo‘nadilar. Sharoit juda og‘ir edi, har kuni necha martalab o‘lim bilan yuzlashishga to‘g‘ri kelardi. Buning ustiga qurol-aslaha ham yetishmaydi, oziq-ovqat tanqis. Lekin ispan bolalarining birontasi nolimadi, tishlarini tishlariga qo‘yib, o‘z burchlarini ado etishda davom etdilar. Ahvol esa tanglashgandan tanglasha bordi.
Bir kuni oldingi marralarga front qo‘mondoni — marshal Voroshilov keldi. U jangchilarning ahvolini, mudofaa quvvatini tekshirib yurgan ekan. Uning kayfiyati yo‘q, ahvoldan norozi, lekin uni tubdan o‘zgartirishga ojiz edi. U qism komandirlarini so‘kib, urishib, harbiy tribunal bilan qo‘rqitib, turli farmoyishlar va topshiriqlar berdi. Shu payt uning qulog‘iga kimlarningdir xorijiy tilda chug‘ur-chug‘ur gaplashgani chalindi.
— Bu nima bo‘ldi? Kimlar ular chulchutcha gaplashayotganlar? — deb so‘radi marshal.
— Bular ko‘ngilli ravishda safimizga qo‘shilgan ispan bolalari!
— Nima-a-a? Ispan bolalari? Bu qanaqasi bo‘ldi? Kim ruxsat berdi ularni frontga olib kelishga? Kallalaring bormi? Bir kamimiz «ispan bolalarini jangga solishipti» degan malomatni eshitishmidi? Ikki soat muxlat — ularning birontasi ham bu yerda qolmasin! Yo‘qot hammasini!
Ispanlarni bir zumda shaharga qaytardilar. Keyin juda katta qiyinchiliklar bilan eshelonlarga o‘tqazib, mamlakat ichkarisiga jo‘natishdi.
Xose O‘zbekistonga boradigan eshelonga tushgan edi. Poyezd odatdagi uch kunlik yo‘lni bu gal kamida bir oyda bosib o‘tdi.
— Nihoyat, yo‘l azoblarini cheka-cheka, belgilangan manzilimizga yetib bordik. Bu Samarqand degan shahar ekan. Men ilgari bu shaharning nomini ham eshitmagan edim.
— Poyezdimizdan tushgandan keyin uni birinchi bor ko‘rdim, — deb hikoyasini davom ettirdi Xose. — Lekin nima deb o‘ylaysiz — men bu zaminga qadam qo‘yar ekanman, birinchi bor nimaga ro‘para keldim? Uning afsonaviy minoralarigami? Ko‘zni qamashtiradigan lojuvard osmonigami? Yam-yashil bog‘larigami? Tosh yotqizilgan qing‘ir-qiyshiq ko‘chalarigami? Yo‘q, bularning hammasini keyin ko‘rdim, keyin sevib qoldim. O‘sha kuni poyezddan tushib, birinchi ko‘rgan narsam — non bo‘ldi. Samarqand noni! Urush tufayli hamma joyda tanqislik boshlangan, nonlar kartochka bilan o‘lchab beriladigan bo‘lib qolgan edi. Urushning sovuq nafasi Samarqandda ham yaqqol sezilib turardi. Lekin shunga qaramay, uning mo‘jazgina bozorchasida bir-ikkita ayol non sotayotgan ekan. O‘zimizni nonga urdik. Yo, parvardigor — ishonasizmi — men umrim bino bo‘lib, bunaqa shirin non yegan emasdim. Ko‘rinishidan oftobga o‘xshab ketadigan Samarqand nonida allanechuk qaymoqlarning ta’mi, xushbo‘y dala o‘tlarining isi kelib turardi. Bu ta’m hozirgacha og‘zimda qolgan. Shunday qilib, biz tinch va osuda, mehribon va g‘amxo‘r Samarqand bag‘rida hayot kechira boshladik. Hamma vaqt ham yeganimiz oldimizda, yemaganimiz ortimizda bo‘ldi deb ayta olmayman. Ko‘pchilikka kelgan to‘y bizni ham chetlab o‘tgani yo‘q. Lekin mehr-shafqat bobida sira tanqislik ko‘rganimiz yo‘q. Samarqand shahrida biz bir lahza ham musofirligimizni, yetimligimizni his qilganimiz yo‘q. Bu shaharning odamlari — erkakdir, ayoldir, yoshdir, keksadir — benihoya xushfe’l, mehribon, mushfiq odamlar bo‘lar ekan. Biror joyni so‘rasangiz, iloji bo‘lsa, o‘zi birga olib borib qo‘yay, deydi. Qo‘lidagi narsasini bolasiga bermasa bermaydiki, sizga beradi. Iltimosingizni bajo keltirolmasa, xijolatga tushib, o‘zidan-o‘zi xafa bo‘lib ketadi. Keyinchalik men bu shaharning tarixiy yodgorliklarini ham ko‘rdim. Ularning ko‘pchiligi xarob, gumbazlari qulagan, minoralari qiyshayib qolgan, lekin shundoq bo‘lsa-da, ulug‘vorligini, salobatini yo‘qotmagan edi. Samarqandning katta bozorini aytmaysizmi! Hatto urush yillarida ham bu bozor o‘zining serob va arzonligi bilan kishini hayron qoldirardi. Xullas, avval o‘ylaganimdek, Samarqand osiyolik yarim yovvoyi odamlar yashaydigan maskan emas, baayni «Ming bir kecha» ertaklaridagi mangu yashnagan ulug‘ shahri azim ekan. Uning shaklu shamo¬yili, uning noni, uning patiri bir umr¬ga yuragimga muhrlanib qolgan.
Xose olis yillar xotirotiga aylanib qolgan birinchi muhabbatini qo‘msagan odamdek og‘ir so‘lish olib, gapdan to‘xtadi. Uning ko‘zlarida so‘z bilan ifodalash qiyin bo‘lgan bir mung sezilib turardi. U tevarak-atrofga alangladi, uzoqlarda atlasdek jilolanib yotgan dengizga bir zum nigoh tashladi, keyin xotiniga tikilib qoldi. Uning chehrasidagi hazinlik tarqab, nim tabassum paydo bo‘ldi.
— Sirasini aytganda, Samarqand men uchun yana bir jihatdan ardoqli, — deb gapida davom etdi u. — Men bu shaharda baxtimni topganman — umrimdagi birinchi va yagona muhabbatim bilan shu yerda — non bozorida uchrashganman. — Manuelaning chehrasi ham tabassumdan nurlanib ketdi. Men hikoyaning davomini kutdim.
— Men bozorga suygan patirimdan olishga borgan edim. Qarasam, novvoy ayolning oldida parilar sultoniga o‘xshagan bir qiz turipti. U ham patir xarid qilayotgan ekan. Uning qosh-ko‘zi, yanoqlari, qora mag‘izligi, qaddi-basti menga juda tanish ko‘rindi. Unda ispan qizlariga xos bo‘lgan shaddodlik, olovday joziba sezilib turardi. Bunaqa qiz bilan tanishmaslik gunohi azim edi. Tanishdik. U chindan ham ispan qizi ekan. Uning ham taqdiri menikiga o‘xshagan ekan. Xullas, uchrashib turadigan bo‘lib qoldik. Bu orada qarasak, bo‘yimiz o‘sib, bolalar uyining mezonlariga to‘g‘ri kelmaydigan bo‘lib qolibmiz. Bizni uchirma qila boshlashdi. Ammo biz uchirma bo‘lishdan avval taqdirlarimizni qo‘shishga ahd qilgan edik. Mana, o‘shandan beri 30 yildan ortiq vaqt o‘tdi. Bu yillarda boshimizga ne savdolar tushmadi, qanaqa qiyinchiliklarni ko‘rmadik. Lekin nima bo‘lganda ham, bir-birimizga hamdam, madadkor bo‘ldik. Eng og‘ir damlarda Samarqandni eslaymiz. Bu qutlug‘ shaharning ruhi bizga yordamga keladi.
Xose hikoyani tugatdi. Men uning gaplaridan larzaga tushib, hayajonimni bosolmay o‘tirar edim. Birinchidan, Ovrupaning narigi burchagida, mutlaqo begona bir yurtda, menga mutlaqo notanish bir insonning og‘zidan yurtim, vatandoshlarim haqida bunday iliq gaplarni eshitish g‘oyatda maroqli edi. Ikkinchidan, o‘zbekning quyoshi, o‘zbekning mehri, o‘zbekning paxtasi, o‘zbekning patiri dunyoning hamma burchaklariga yetib borganidan, qancha-qancha odamlar qalbiga nur to‘ldirganidan g‘ururlanmaslik mumkin emas edi. Qarangki, o‘zbekning noni nafaqat odamlarning qornini to‘ydirar ekan, ularni bir-biriga yaqinlashtirar ham ekan, ahil va inoq ham qilar ekan. Bu nonning buyukligini isbot qilmaydimi?
Hozirga qadar o‘zbek patirining Barselonadagi qismatini o‘ylasam, o‘zimdan-o‘zim yayrab ketaman.
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2003 yil 4-5-sonidan olingan.