1969 yil 28 martda singlisi Muqaddamxonga yo‘llagan boshqa bir maktubidan Sayid Islombek o‘z davrining yetuk siyosatdoni, mustamlakachilikning shafqatsiz dushmani, har qanday qudratli mamlakatning boshqa bir mamlakatga nisbatan zo‘ravonlik o‘tkazishiga toqati yo‘qligini ko‘rsatuvchi shaxs ekanini ko‘rish mumkin: «1921 yilgacha, – deb yozadi u, – Afg‘oniston chet davlatlar bilan hech qanday tashqi munosabatlar o‘rnata olmagan edi. Hindistonda hukmronlik qilgan Angliya Afg‘onistonning chet davlatlar bilan faqat Angliya vositachiligida aloqa o‘rnatishini talab qilgandiki, bu hol mamlakat mustaqilligi va erkinligiga zid edi. Afg‘oniston qurolli kurash va muhorabalardan keyingina Angliyani o‘zining mustaqilligini, birinchi bor Rossiya bilan do‘stlik va diplomatik munosabatlar xususida bitim tuzishini tan olishga majbur etdi». Shu maktub davomida Sayid Islombek o‘z hayotida ro‘y bergan bir voqea haqida xabar beradi: “1921 yilning 3 martida men Rossiya bilan diplomatik aloqalar o‘rnatish uchun Afg‘onistondan diplomatik missiya bilan Moskvaga keldim va shu yerda Kremlda V.I.Lenin bilan uchrashdim».
Shu axborot munosabati bilan savollar tug‘ilishi tabiiy. Avvalo, Sayid Islombek 1921 yilning 3 martida Kobuldan Moskvaga kelgan bo‘lsa, u Afg‘onistonga qachon borgan? Yuqoriroqda biz yodga olgan 1976 yilning 20 dekabrida singlisi Munavvaraxonga yo‘llagan maktubida Sayid Islombek 1920 yil 10 martda Toshkentdan Moskvaga jo‘naganini aytadi. Frantsuz olimi Lyusyen Keren esa, bolsheviklar ta’qibidan qochib ketgan Sayid Islombekni Afg‘oniston podshosi qabul qilib, Frantsiya va Shveytsariyaga ishonchli vakil etib tayinlagani haqida gapiradi («Amir Temur va Frantsiya», 69-bet). Ma’lumki, bu vaqtda Afg‘oniston podshosi Omonulloxon bo‘lib, u taxtga chiqishi bilanoq 1919 yil 21 fevralda mamlakat mustaqilligini e’lon qilgan, o‘sha yiliyoq Rossiya bilan diplomatik aloqalar o‘rnatilishiga erishgan edi. 1921 yilning 3 martida Sayid Islombek Kobuldan Moskvaga diplomatik missiya bilan boradi va o‘sha kunlari dastlabki Rossiya-Afg‘oniston bitimi imzolanadi. Binobarin, 1920 yil martida Moskvaga jo‘nagan Sayid Islombek ilgariroq Afg‘onistonga boradi, Omonulloxonning katta ishonchini qozonadi va ilk bor Rossiya-Afg‘oniston bitimi tuzilishida katta ishlarni amalga oshiradi. Xo‘sh, Rossiya bilan bitim tuzishga missiya bilan borgan bu odam so‘nggi Qo‘qon xonining nevarasi ekanini Lenin bilmasmidi? Bunga ishonish qiyin. Negaki, butun boshli Afg‘onistondan Rossiya bilan bitim tuzish uchun diplomatik missiya bilan kelgan Sayid Islombek, uning ajdodlari, barhayot ota-onasi, aka-uka, opa-singillari xususida F.Dzerjinskiy boshliq GPU barcha ma’lumotlarni Leninga topshirmaganligiga aql bovar etmaydi.
Shunday ekan, 1897 yil 3 dekabrda Rossiya imperatorining farmoni bilan «potomstvenniy dvoryanin mansabiga mustahiq qilingan» («Turkiston viloyatining gazeti», 1898 yil, 21 yanvar), XX asr boshlaridan to Fevral inqilobi arafalarigacha Turkiston general-gubernatori devonida tarjimon lavozimida, sho‘rolar davrida esa Turkiston Revolyutsion Harbiy Sovetida ishlagan Muhammad Aminbek Xudoyorxonovning to‘rtinchi o‘g‘li bo‘lmish Sayid Islombekni siyosiy dushman sifatida darhol hibsga olishi, keyinchalik uning beistisno barcha birodarlarini jismoniy mahv etgandek mahv etishi mumkin edi-ku! Oktyabr yo‘lboshchisi buning aksini qiladi, ya’ni uni ona shahri Toshkentga kelib, ota-ona va qarindosh-urug‘lari bilan xayrlashib, Toshkentda qolib ketgan rafiqasi Aleksandra Xudoyorxonni o‘zi bilan birga olib Afg‘oniston diplomatik missiyasi bilan Yevropa davlatlariga chiqib ketishi uchun to‘la imkoniyat yaratib beradi.
Bu hayratomuz voqeaning sabablari xususida biz yetmishinchi yillari Afg‘oniston Respublikasi adliya vaziri lavozimida ishlagan, hozirda Toshkent Islom universiteti kafedra mudiri Abdulhakim Juzjoniy domlaning fikrlarini so‘radik. Savolimizga quyidagicha javob berdi domla: «Afg‘oniston podshosi tomonidan har ikki mamlakat uchun nihoyatda muhim bo‘lgan bitim tuzish uchun diplomatik missiya bilan yuborilgan mas’ul shaxsni hibsga oldirish u yoqda tursin, aqalli unga ishonchsizlik bildirish ham o‘sha qaltis sharoitda Rossiya-Afg‘oniston bitimi tuzilishini barbod etishi juda ham mumkin edi». Undan tashqari, bizningcha, Kobuldan Moskvaga yo‘l olgungacha bo‘lgan muddat ichida Sayid Islombek podshohning iltifoti bilan Afg‘oniston fuqaroligini qabul qilgan bo‘lishi ham ehtimoldan uzoq emaski, u holda o‘zga mamlakat fuqarosini xonning nevarasi yoki dvoryanning o‘g‘li bo‘lgani uchungina hibsga olish xalqaro huquq me’yorlariga butunlay zid kelgan va Rossiyaning chet ellardagi obro‘siga qattiq futur yetkazgan bo‘lur edi. Qolaversa, Leninning o‘zi inqilob manfaatlari yo‘lida hatto shayton bilan ham ittifoqlikda ish ko‘rishga tayyor ekanligini qayta-qayta ta’kidlagan ediki, Sayid Islombek Yevropa mamlakatlarida Afg‘oniston diplomati sifatida ishlasa, otasi, aka-ukalari bir vaqtlar xizmat qilgan Rossiyaga manfaat yetkazishi mumkin deb o‘ylagan bo‘lsa ham ajab emas. Leninning mayli bilan Yevropa mamlakatlarida Afg‘oniston diplomati sifatida faoliyat ko‘rsatish uchun 1921 yil 10 martda Toshkentdan jo‘nagan Sayid Islombek butun Turkistonni, jumladan, bobosi hukmronlik qilgan Qo‘qon xonligini bosib olgan chor Rossiyasining mustamlaka siyosati sho‘rolar davrida yana ham mash’umroq tarzda davom etayotganini yaxshi anglamasligi mumkin emas. Shuning uchun ham 50 yildan ortiq muddat ichida chet ellarda diplomatik faoliyat bilan shug‘ullanishiga to‘g‘ri kelgan bu xonzoda Yevropadagi turli mamlakatlar bilan Afg‘oniston o‘rtasida do‘stona va madaniy aloqalarni rivojlantirishga katta hissa qo‘shgani holda Moskva xohlagan yo‘ldan bormaydi. Buni shundan ham bilsa bo‘ladiki, u chet elga ketgach oradan bir yil ham o‘tmay otasi o‘z ajali bilan o‘lib, qatag‘ondan qutulib ketadi. So‘ngra «Turkiston viloyatining gazeti»da ko‘p yillar qizg‘in faoliyat ko‘rsatgan, Fevral inqilobi arafalaridan boshlab general-gubernatorlikda Muhammad Aminbek o‘rniga tarjimon bo‘lib ishlagan amakisi Ibn Yaminbek Xudoyorxonov, 1929 yilga kelib, Turkiston jadidlarining saralaridan bo‘lgan amakisi Fansurullobek Xudoyorxonov, 1937—38 yillari esa birinchi jahon urushida rus-german frontida besh jangovar orden olib nomi elga yoyilgan ofitser akasi Temurbek, Rossiyaning, keyinchalik esa, Frunze boshliq armiyaning komandiri, 1920-yillar boshidayoq komdiv unvonini olgan Azamatbek va boshqa birodarlari jismonan mahv etildi. Hatto uning to‘rt devor orasidan nari chiqmagan to‘ng‘ich singlisi Saodat Aminovaga NKVDdan 1940 yil 29 martda berilgan 2338-sonli spravkada u 1892 yili tug‘ilgani, pasport seriyasi – YuV, nomeri 197735 ekanligi, 1938 yil 12 iyuldan 1940 yil 29 martgacha qamoqda saqlangani va ish to‘xtatilgani munosabati bilan bo‘shatilganligi aytiladi. Opasi qamoqdan chiqib kelgach, oradan hech qancha vaqt o‘tmay, 1940 yilning o‘zidayoq endigina Pedagogika instituti til va adabiyot fakultetini tugatgan Munavvara Xudoyorxonova Toshkentdan Namanganga surgun qilinadi. Shaddodgina ayol bo‘lgani uchunmi, har qalay u to‘rt yashar o‘g‘li Muzaffarxon bilan ko‘chada qolib ketmaydi, maktabdagi eng qora ishlarda ishlab, urush oxirlaridagina ona shahriga qaytib kelib yashash va ishlashga muvaffaq bo‘ladi. Uning boshqa birodarlariyu qarindosh-urug‘larining ham qismati shunday fojiali bo‘lgan edi.
Chet ellarda diplomatik faoliyat bilan qizg‘in shug‘ullanayotgan Sayid Islombek ona yurtidagi bu fojealardan turli manbalar orqali xabar topadi va ochiqdagi ba’zi birodarlari, qarindosh-urug‘lari bilan barcha aloqalarni, jumladan, yozishmalarni ham butunlay to‘xtatadi. Oradan 40 yildan ziyodroq vaqt o‘tib, sobiq ittifoqda bo‘lar-bo‘lmasga fuqarolar qatag‘on qilinavermaydigan vaziyat vujudga kelgach, o‘shanda ham Stalin vafotidan to‘rt yil chamasi vaqt o‘tib, o‘zi Frantsiyadagi Afg‘oniston elchixonasining mas’ul vakili lavozimidan nafaqaga chiqishiga yaqin Toshkentda qolgan birodarlari orasida hayot bo‘lgan Munavvaraxon va Muqaddamxonlar bilan xat aloqalarini yo‘lga qo‘yadi. Singillariga kelgan dastlabki maktublarga 1957 yil sanasi qo‘yilganligi shundan dalolat beradi.
Bu vaqtda Sayid Islombek hali Parijda yashar va u yerdagi Afg‘oniston elchixonasining faxriy maslahatchisi sifatida faoliyat ko‘rsatardi. 1972 yilga kelib rafiqasi 80 yoshda vafot etganida Sayid Islombek 84 yoshni urib qo‘ygan edi. Chamasi, shu paytlardan u ona yurtiga qaytishni orzu qiladi va sobiq ittifoqdagi, jumladan, O‘zbekistondagi haqiqiy siyosiy vaziyat qandayligidan voqif bo‘lish maqsadida singlisi Munavvaraxon bilan bir necha bor telefon orqali so‘zlashadi. Toshkentdagi yirik o‘rta maktablardan birining direktori lavozimida ishlayotgan taniqli xalq ta’limi xodimasi, shu vajdan butun faoliyati xavfsizlik organlari nazorati ostida bo‘lgan singlisi akasiga bu yerdagi haqiqiy ahvol haqida xalqaro telefon orqali xabar berishga ojiz ekanidan qattiq iztirobga tushadi. Munavvaraxon o‘ylay-o‘ylay yo‘l topadi: Moskvada Fanlar akademiyasi institutlaridan birining aspiranturasida ta’lim olayotgan o‘g‘li Muzaffarxon huzuriga yo‘l olib, o‘sha yedagi xalqaro telefon stantsiyalaridan biriga borib, akasining Parijdagi 870-01-47 raqamli telefoniga qo‘ng‘iroq qilib, u bilan yarim soat chamasi yig‘lay-yig‘lay so‘zlashib, haqiqiy ahvolni tushuntiradi. Sho‘ro tuzumi sharoitini yaxshi bilgan Sayid Islombek shundan so‘ng bir oy chamasi o‘tib, 1975 yil 12 noyabrda singlisiga maktub yo‘llarkan: «Maktubingdan bildimki, 31 oktyabrgacha Moskvada o‘g‘lingning yonida bo‘libsan. Endi uyingga qaytgandirsan», deydiyu, ammo u bilan xuddi o‘sha oktyabr oyida Moskvadagi xalqaro telefon orqali so‘zlashgani haqida lom-mim demaydi. Oradan bir yildan ziyodroq vaqt o‘tgach, 1976 yil 20 dekabrda yo‘llagan maktubida ham: «Qimmatli Muzaffarbekning turmushi qalay? O‘qishini tugatdimi va tugatgan bo‘lsa, qanday ish bilan shug‘ullanmoqda?», deb so‘raydi-yu, ammo Moskvadagi xalqaro telefon orqali suhbatni umuman eslatmaydi. Vaholanki, o‘shanda u Muzaffarbek bilan ham telefon orqali so‘zlashgan edi. Shundan so‘ng singlisiga yozgan maktublarida yurtiga borishni so‘rab Moskvaga bir necha maktub yo‘llagani, barcha maktublariga rad javobi olgani xususida iztirob bilan yozadi.
55 yil umrini qo‘shni Afg‘onistonning boshqa mamlakatlar bilan do‘stlik va madaniy aloqalarini o‘rnatish hamda mustahkamlashga bag‘ishlagan, bu xizmatlari uchun bir necha xorijiy davlatning yuksak ordenlari bilan taqdirlangan 88 yoshli Sayid Islombekning ona yurti tuproqlarini o‘pib, shu tuproq bag‘ridan so‘nggi makon topishdek eng muqaddas orzui sho‘rolar tuzumi tomonidan shunday shafqatsizlik bilan barbod etilgandi. Shundan so‘ng nima qilish kerak? Sayid Islombek butun shu davr ichida sadoqat bilan xizmat etgan Afg‘onistonda uni chet elga xizmatga yuborgan podshoh hukumati uch yilgina avval ag‘darilib, u Respublika deya e’lon qilingan, podshoh o‘rnida endi podshohning yaqin qarindoshi Muhammad Dovud o‘zi tuzgan yangi partiya markaziy qo‘mitasi qarori bilan ham prezident, ham bosh vazir, ham mudofaa va tashqi ishlar vaziri lavozimlarini egallab turardi. Shu vajdan ham, chamasi, Sayid Islombek Afg‘onistonga boradigan yo‘l ham uzil kesil berkitilgan edi.
Shu o‘rinda Sayid Islombek Munavvaraxonga yuborgan sanasi noaniq bir maktubida keltirilgan ma’lumot haqida ham mulohaza yuritish lozim deb o‘ylaymiz. Bu maktub, bizningcha, 70-yillar boshida bitilgan. Maktub muallifi: «Hozirgi Afg‘oniston prezidenti o‘n yoshda ekan chog‘ida men unga ta’lim berganman», deb yozadi. Muallif Afg‘oniston prezidenti der ekan, kimni nazarda tutayotgani aniq emas. Negaki, mabodo Muhammad Dovud nazarda tutilayotgan bo‘lsa, u 1908 yili tug‘ilgan bo‘lib, o‘n yashar chog‘ida Sayid Islombekda na Afg‘onistonda, na Frantsiyada ta’lim olgani mantiqqa to‘g‘ri keladi. Afg‘onistonning bo‘lajak podshohi Muhammad Zohirshoh esa, 10 yoshidan 16 yoshiga qadar, xuddi Sayid Islombek Afg‘onistonning Frantsiyadagi elchixonasida xizmatdabo‘lgan 1924 – 30 yillari Parijning Jakson de Sayli, Paster litseylarida va De-Monpelye kollejida ta’lim olganligi manbalardan ma’lum.
To‘g‘ri, Muhammad Dovud ham Parijda ta’lim olgan, ammo u vaqtda bo‘lajak prezident o‘n yoshda bo‘lmagan. Shunisi ham borki, Muhammad Dovud 1947 yildan Afg‘onistonning Frantsiyadagi elchisi lavozimida ishlagan bo‘lib, bu vaqtda Sayid Islombek elchixonada u bilan birga ishlashgan. Mabodo u o‘z maktubida aytgan Afg‘onistonning bo‘lajak hukmdori Muhammad Dovud bo‘lsa, bizningcha, Sayid Islombek o‘n yashar vaqtida unga ta’lim berganini aytish bilangina kifoyalanmay, keyinchalik Parijdagi Afg‘oniston elchixonasida Muhammad Dovud bilan birga ishlashganini ham aytishini mantiq taqozo etardi.
Harqalay, maktubdagi bu qiziqarli ma’lumotga oid ayrim noaniqliklar haqida o‘ylaganda, maktub bitilgan davrda Sayid Islombek juda qarib, xotirasi zaiflashib qolganini ham, o‘zi Afg‘oniston podshohiga ta’lim bergani xususida mas’ul lavozimdagi singlisiga yozish sho‘ro tuzumi sharoitida nihoyatda qaltis ekanini yaxshi anglaganini ham sabab qilib ko‘rsatish mumkin. Zotan, uning o‘zi singillari Munavvaraxon va Muqaddamxonlarga o‘sha vaqtlarda yozgan maktublarida, xuddi shu sababli, mashinkada yozsa, xatolar o‘tib ketishi, qo‘lda yozsa, barmoqlari titrab, harflar bir-biri ustiga mingashib, ba’zan tanib bo‘lmaydigan holga kelishi, jumlalar nihoyasiga yetmay, chala qolib ketishi kabi ko‘ngilsiz voqealar tez-tez uchrab turishini eslatib ulardan uzr so‘raganiga duch kelamiz. Xullasi, Sayid Islombek o‘zi ta’lim bergan Afg‘oniston hukmdori haqida yozar ekan, kimni nazarda tutganligi, uning hali o‘rganilmagan maktublaridan yoki boshqa manbalardan chiqib qolsa ajab emas. Shuni ham aytish kerakki, Muhammad Zokirshohgina o‘n yoshidan boshlab Parijda tahsil ko‘rganligi Sayid Islombek nazarda tutgan shaxs shu kishi ekaniga ko‘proq umid uyg‘otadi.
Ona yurtiga ham, 55 yil xizmat qilgani Afg‘onistonga ham qaytish yo‘llari uzil-kesil bekilgach, Sayid Islombek birinchi jahon urushi yillarida o‘zi Afg‘oniston vakili bo‘lib ishlagan va afg‘onlardan ham, bernliklardan ham ko‘plab shogirdlar yetishtirgan, samimiy do‘stlar orttirgan Shveytsariyaga borib yashash fikriga keladi.
Evoh, kajraftor falakning qilmishlarini qarangki, shuncha vaqt mobaynida Yevropaning bir necha mamlakatlarida zo‘r hurmat qozongan diplomat hayoti Shveytsariyaning Montre atalmish kichik bir shahri chetidagi kimsasiz qariyalar uyi hisoblangan Valmont doimiy shifoxonasidan boshpana topish bilan yakunlanadi…
Sayid Islombek Valmont shifoxonasiga 1976 yil iyun oyida yetib borgach, oradan bir oy chamasi o‘tib, singlisi Munavvaraxonga qarigan chog‘idagi bir necha suratini, 1932 yili, 44 yoshlik – kuch-g‘ayrat gurkirab turgan suratiga qo‘shib, maktub bilan birga yuboradi. Bu uning Munavvaraxonga so‘nggi maktubi edi. Sayid Islombek 1977 yilning 1 yanvar kuni Montreda qoldirgan vasiyatnomasi nusxasini esa, o‘tgan yili Parijdagi «Temuriylar tarixi va san’atini o‘rganish hamda frantsuz-o‘zbek madaniy aloqalari assotsiatsiyasi» taklifiga ko‘ra Frantsiyaga borgan samarqandlik arxeolog-olim Amriddin Berdimurodov uning vataniga olib qaytdi. Vasiyatnomada o‘z xokini Parijdagi Per La-Shez qabristoniga, rafiqasi yoniga dafn etishlarini iltimos qilgan, bu vasiyatni ado etishni o‘z vatandoshi va qarindoshi Islombek Sayfullin hamda uning rafiqasi Xayiya Sayfullinadan iltimos qilgan Sayid Islombek bu vasiyatini o‘z ma’naviy farzandi bo‘lmish doktor Akram janoblariga yetkazishni ham iltijo etadi.
Vasiyati so‘ngida Sayid Islombek Qur’oni karimdan «Zumar» surasining 35-oyati frantsuzcha tarjimasini yozib qoldirgan. Bu oyat o‘zbekcha nashrda quyidagicha berilgan ekan: «Zero, Olloh ularning qilgan yomon amallarini o‘chirib, qilib o‘tgan eng yaxshi amallarining ajri bilan mukofotlar».
Vasiyatnomada Islombek Sayfullin nomi bitilgan bo‘lib, vasiyat qiluvchi uni birodarim deb ataydi (ruscha tarjimada uni «dvoyurodnыy brat», frantsuzcha asl nusxada esa «kuzen» deyilgan). Islombekning bu birodari haqida o‘ylarkanman, 1875 yili Xudoyorxon bilan birgalikda Orenburg surguniga yo‘l olganlar orasida Sayfullin degan nom ham «Turkiston viloyatining gazeti»da keltirilganini esladim (uni men «Xudoyorxon va Furqat» kitobida keltirganman). U vaqtlarda men Sayfullin familiyali kishi tatar yoki boshqird millatidan bo‘lib, Xudoyorxon uni tarjimon sifatida o‘zi bilan olib ketgan degan fikrda edim. Biroq Sayid Islombek Sayfulinni o‘ziga «kuzen» deyishiga va uning ismi ham Islombek ekaniga qaraganda yangi taxminlarga kelish tabiiy. Chunonchi, Orenburg safariga xon bilan birga jo‘nagan Sayfullin familiyali kishi tatar yoki boshqird millatiga mansub bo‘lmay, uning asli familiyasi Sayfullayev, o‘zi esa Xudoyorxon qarindoshlaridan bo‘lishi, gazeta esa uni ruscha talaffuzga moslab Sayfullin tarzida bergan bo‘lishi ham mumkin. Sayid Islombek uni «kuzen» deyishi esa, o‘sha Sayfullin Orenburgdan Parijga borib qolgan va vasiyatnomada nomi tilga olingan Islombek o‘sha Sayfullayevning o‘g‘li yoki nevarasi bo‘lishi ehtimol degan taxminni keltirib chiqaradi. Yoki u Sayid Islombekka ona tomondan «dvoyurodnыy brat» bo‘lsa, Muhammad Aminbekning xotinlaridan biri tatar yoki boshqird millatidan bo‘lib, undan Sayid Islombek tug‘ilganu Sayid Islombek onasining hamshirasidan vasiyatnomada eslatilgan Islombek dunyoga kelgan bo‘lsa ham ajab emas.
Vasiyatnomada eslatilgan boshqa bir nom, ya’ni doktor Akramga kelsak, Lyusyen Kerenning A.Saidov bilan suhbatida ma’lum qilinishicha, vasiyatnoma bitilgan vaqtlarda u kishi Afg‘onistonning Frantsiyadagi elchisi ekan.
Sayid Islombek Toshkentdagi singillariga yo‘llagan so‘nggi maktub 1981 yilga taalluqli. Chamasi, shundan keyin uning sog‘lig‘i yomonlashadi va oradan ikki yil o‘tgach, u hayotdan ko‘z yumadi.
Xullas, vasiyatiga ko‘ra Sayid Islombek Parijning Per La-Shez qabristoniga, rafiqasi Aleksandra Xudoyorxon qabri yoniga dafn etilgan. Sayid Islombekning yana bir jiyani Temurbek Xudoyorxonov bundan bir necha yil avval Parijga safar qilib, Per La-Shez qabristonida tog‘asi qabrini topib, oldirib kelgan suratlar shundan dalolat beradi. Qabrlar ustiga o‘rnatilgan lavhalarning birida: «Islombek Xudoyorxon (1889 – 1983)», ikkinchisida esa «Aleksandra Xudoyorxon (1894 – 1972)» so‘zlari bitilgan.
Bu qanday bedodlikki, Qo‘qon xonligining so‘nggi hukmdori nevarasi bo‘lmish ajoyib bir inson, Olloh ato etgan buyuk iste’dodi, bir umrlik fidoiy mehnati tufayli XX asr xalqaro diplomatiyasi rivojiga salmoqli hissa qo‘sha olgan mutaxassis taqdiri shunday fojiali tugasa. Bu qanday bedodlikki, sho‘ro mustamlakasi siyosatdonlari yoshi to‘qson atrofida bo‘lgan, ojiz, munkillagan bir piri komilga oltmish yillik vatanjudolikdan keyin ham o‘z yurti tuprog‘iga dafn etilishdek so‘nggi orzuni ortiqcha hasham sifatida rad qilsalar.
Shu o‘rinda respublikamiz o‘n besh-yigirma yil ilgariroq o‘z istiqloliga erishgan bo‘lsayu, Sayid Islombek so‘nggi orzuini amalga oshirishni so‘rab murojaat qilsa, nima bo‘lardi, deb o‘ylab qolasan kishi. Shu xayollar og‘ushida ekanman, buyuk bobokalonimiz Amir Temur yubileyiga mashhur frantsuz olimi, do‘sti Lyusyen Keren bilan qo‘l ushlashib kirib kelgan, Sohibqirondan qolgan har bir yodgorlikni ko‘ziga surtuvchi vatandoshlarini galma-gal bag‘riga bosayotgan, 1921 yili tark etishga majbur bo‘lgan ona shahri Toshkentning, qadim dorussaltanamiz zebo Samarqandning endigi tengsiz jamolini ko‘rib hayrat maqomida qolgan, yosh to‘la ko‘zlari bilan hamma-hammaga tikilayotgan piri komil ko‘z oldimda gavdalanadi.
Sayid Islombek qismati haqida o‘ylaganda, bir tomondan, ko‘ngilda qattiq alam uyg‘onsa, ikkinchi tomondan, kishiga tasalli beradigan, hatto qalbda iftixor tuyg‘usi paydo qiladigan nurli jihatlar ko‘z oldimizga keladi. Zotan, u o‘zigacha o‘tgan barcha temuriyzodalar orasida eng uzoq umr ko‘rdi, 95 yil hayotning achchiq-chuchugini totib yashadi. Sayid Islombek o‘zi tug‘ilib, voyaga yetgan Turonzaminda mustamlaka siyosati quturib xurujga o‘tgan bir davrda ona yurtiga bevosita xizmat qilish imkoni barbod etilganligi boisidan bo‘lak bir yo‘l izlab topdi. U so‘nggi xon va shoir bobosi Sayid Muhammad Xudoyorxon muborak haj ziyoratini to‘la-to‘kis ado etib, kabirayu sag‘ira gunohlaridan forig‘ bo‘lib, yurtiga qaytar chog‘ida mangulik makon topgan jonajon Afg‘on yurtiga va xalqiga rosa 55 yil kamarbastalik bilan xizmatlar ko‘rsatdi, Afg‘onistonning qanchadan-qancha xorijiy mamlakatlar bilan diplomatik, do‘stlik va madaniy aloqalari rivojiga bebaho hissa qo‘shdi. Uning bu ulkan xizmatlari Osiyo, Yevropa, Afrika qit’alaridagi bir necha davlatlarning oliy mukofotlari bilan taqdirlandi. Shu tariqa Sayid Islombek 130 yil chor mustamlakasi sharoitida o‘z hamyurtlaridan birortasiga ham muyassar bo‘lmagan hayratomuz ishlarni amalga oshirib, ham Afg‘oniston, ham O‘zbekiston tarixiga noyob bir siyosiy arbob sifatida kiradigan bo‘ldiki, sevimli shoirimiz aytganidek, BUNI UMR DERLAR!
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2002 yil 5-sonidan olindi.