Yoshligimda ancha sho‘x bo‘lganim tufayli har xil ko‘chalarga kirib chiqqanman. O‘rgangan ko‘ngil o‘rtansa qo‘ymas, deganlaridek hali ham eski kasalim qo‘zg‘ab turadi. Malakali mutaxassis bo‘lganim uchun «ov»ga chiqishdan oldin puxta tayyorgarlik ko‘raman. Ba’zi firibgar o‘g‘rivachchalar shubha uyg‘otmaslik uchun «ish»ga po‘rim kiyinib chiqadilar. Men teskarisini qilaman. Avvalo, uch-to‘rt kun soqol olmayman, birov ko‘rsa mensimaydigan, jirkanadigan ust-bosh kiyib, devonasifat imidj yarataman o‘zimga. Ana innaykeyin ko‘chaga chiqaman. Supermarket va do‘konlarni aylanib, bozor kezib, yoinki birorta transportga tushib, bevosita o‘g‘irlik qilishni boshlayman. Men o‘g‘irlaydigan narsa — gap, madaniyroq qilib aytsam, odamlarning og‘zidan gap terish.
Yaqinda avtobusda ketayotib ajoyib bir suhbatni o‘g‘irlashga muyassar bo‘ldim. Orqamdagi o‘rindiqda yasanib-tusangan, o‘rta yoshlardagi ikkita ayol o‘tirardi. Mehmondan qaytishayotgan ekan, oshib-toshib ziyofatni maqtashardi. Ko‘p o‘tmay og‘zi to‘la tilla tishlisi mavzuni tuyqus o‘zgartirib, g‘iybatga ko‘chdi:
— Anavi yangi qo‘shni boru, Nozima degan…
— Ha, bilaman, o‘qituvchini aytyapsiz-da, — dedi qulog‘iga eshikning halqasidek zirak taqib olgan boshqasi.
— Ammo yomon ziqna ayol ekan…
«O‘lja»ning hidi kelib qulog‘imni dikkaytirdim.
— Kecha Oyposhshaxon qizining tug‘ilgan kunini o‘tkazdi, siz quda chaqiriqqa ketgan ekansiz, — davom etdi tilla tishli, — mahallaga aralashsin, deb Oyposhshaxon yangi qo‘shnini ham aytgan ekan. Sovg‘a deb uyalmay-netmay kitob ko‘tarib chiqibdi! Beti chidaganini qarang! Voy ziqna bo‘lmay o‘l! Kimnikiga chiqayotganingni oldin bir o‘ylab ko‘r, kimsan, Oyposhshaxonning arzanda qizining tug‘ilgan kuniga chiqyapsan, Oyposhshaxonning eri — mahallaning katta boyi. Ikki qavatli koshona, xonaning o‘zidan o‘n to‘rtta, mashinalari chet elniki, mol-dunyo bijg‘ib yotibdi…
— Shunaqa ziqnaligi uchun xor qilib qo‘ygan ekan-da xudo uni, — halqa zirakli burnini jiyirib alamzada hiringladi.
— Shuni aytsangiz-chi! O‘qituvchi ekansan, sal miyangni ishlat, kim hozir birovnikiga sovg‘a deb kitob ko‘tarib boradi?!
Orqamga o‘girilib ishshaydim:
— Opajon, kitobni nima qiladi deyapsiz, — peshonamni tirishtirib donolik qildim, — menimcha, o‘qisa kerak.
— E, qaysi jinni hozir kitob o‘qiydi?! — zarda bilan og‘zimga urdi tilla tishli xonim.
— Qidirsa bir-ikkita topilib qolar siz aytgan jinni, — dedim sal kinoya bilan, — judayam hammasi qirilib ketmagandir?
Ikkala ayol menga ajablanib boqdilar, kesatyapmanmi, chin gapiryapmanmi — ajratolmadilar. Juldur ust-boshim asqotdi, ahvolimni ko‘rib tentakka yo‘ydilar shekilli tilla tishli meni jerkib tashladi:
— Sen isqirtdan birov so‘ravottimi kitobni nima qiladi deb, moshxo‘rdaga qatiq bo‘lasan!
— Hadeb kitobni nima qiladi, kitobni nima qiladi, deb so‘rayverib qiynalib ketdingiz, rahmim kelib yordam beray dedim-da, — yana ishshaydim.
— Yordamingniyam, nasihatingniyam uyingga borib, xotiningga qil, bizni, xudoga shukr, aqlimiz o‘zimizga yetadi.
— Shu aniqmi? — yana kesatdim.
— U nima deganing, isqirt?! — do‘q urdi ko‘zini olaytirib tilla tishli.
— Qo‘ying, Dilyaxon, shu devona bilan aytishib o‘tirasizmi?! Ko‘rvossizu g‘ilay bo‘lib o‘tiribdi. Yo bangi bo‘lishi kerak, yo alkash! Kim bilandir g‘ijillashmasa— yorilib o‘ladi, — halqa zirakli ijirg‘anib mendan betini burdi.
O‘zimni tutolmay kulib yubordim.
— Ana, men nima dedim sizga, havoyi bu!
Shu payt avtobus to‘xtadi, hamrohlarim manzilga yetgan ekanlar, tushib qolishdi.
Ortlaridan iljayib kuzatib qolar ekanman, allanechuk bo‘lib ketdim. Sababi, ilgarilari kitob eng bebaho boylik, kitob o‘qimaslik johillik hisoblanardi. Buni qarangki, anavularning nazarida endi kitob sovg‘a qiladiganlar ziqnaga aylanibdi, kitob o‘qiydiganlar esa — jinniga. Yo alhazar!
Biroq men tushkunlikka tushadiganlardan emasman. O‘zimga tasalli berishga urindim. Hamma ham men uchratgan boyvuchcha ayollarga o‘xshamagandir. Kitobni qadrlaydigan, ardoqlaydigan fozil insonlar ham qidirsa bitta-yarimta topilar…
Yoki bu xomxayolmi, menga o‘xshagan havoyi odamning taxminlarimi?
Mana shu savol qiynaydi.
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2002 yil 5-sonidan olindi.