Abdulhamid Cho‘lpon o‘zbek realistik prozasining shakllanish davrida samarali ijod qilib, uning taraqqiyotiga sezilarli ulush qo‘shgan san’atkordir. Adibning qutlug‘ nomi oqlanib, ijodiy merosi chin egalariga qaytarila boshlangan dastlabki o‘n yillar mobaynida ko‘proq uning g‘oyaviy jihatlariga urg‘u berib kelindi. Albatta, jamiyatimiz hayotida tub o‘zgarishlar yuz berayotgan, milliy o‘z-o‘zini anglash jarayonlari endigina keng omma ichiga kirib borayotgan paytlarda bu xil yondoshuv asosli va zarur edi. Biroq, ma’lumki, adabiy asarni badiiyatga doxil etuvchi narsa unda ifodalangan g‘oya(mazmun)gina emas, bu o‘rinda o‘sha g‘oyaning muvofiq va go‘zal shaklda ifodalanishi yetakchi ahamiyat kasb etadi. Shu bois Cho‘lpon asarlarining badiiy qiymatini, adibning milliy badiiy tafakkurimiz tadrijida tutgan o‘rnini belgilash uchun ularning poetikasini tadqiq etish muhimdir. Zero, asrimiz boshida shakllangan jadid adabiyotini mazmunan aktual etgan sharoit o‘tkinchidir, ertangi o‘quvchi uni g‘oyaviy jihatdan emas, ko‘proq badiiyat nuqtai nazaridan baholaydi, qadrlaydi. Shubhasizki, jadid ijodkorlar yaratgan asarlar, badiiy saviyasidan qat’iy nazar, o‘z davri ijtimoiy hayotiga jiddiy ta’sir o‘tkazgan, boz ustiga, ularning aktual qatlami istiqlol arafalaridan boshlab xalqimizga yana bir karra xizmat qildi. Biroq jadid adabiyoti atalmish fenomen milliy adabiyotimiz taraqqiyotiga qo‘shgan ulush, avvalo, uning badiiyat bobidagi izlanishlari, milliy badiiy tafakkurimizga tadbiq etgan yangiliklari bilan belgilanadi. Shu ma’noda jadid adabiyotining estetik printsiplari, unga xos poetik usul va vositalarni o‘rganish orqaligina yangi o‘zbek adabiyotini yuzaga keltirgan omillarni, milliy adabiyotimizning XX asrdagi taraqqiyot yo‘lini yorqinroq tasavvur etish, adabiy jarayondagi murakkabliklarni tushunish, nihoyat, uni ob’ektiv ilmiy o‘rganish va baholash imkoniga ega bo‘lamiz. Shunga ko‘ra, asrimiz boshidagi adabiy jarayon xususiyatlarini atroflicha chuqur o‘rganish adabiyotshunosligimiz oldida turgan dolzarb muammolardandir.
Dilmurod Quronov. Cho‘lpon nasri poetikasi
Dilmurod Quronov. «O‘tgan kunlar»da xon va xonlik haqida
Dilmurod Quronov. Cho‘lpon hayoti va ijodiy merosi
Dilmurod Quronov. She’rda mantiq kerakmi?
Adabiyotshunoslik lug‘ati (D.Quronov, Z.Mamajonov, M.Sheraliyeva)
Dilmurod Quronov. «Adabiyot nadir» yoki Cho‘lponning mangu savoli
Dilmurod Quronov. Ilk avval ko‘zimni ishq bilan ochdim