Abdulhamid Ismoil. Manaschi (roman)

Kitob nomi: Manaschi (roman)
Muallif: Abdulhamid Ismoil
Yil: 2017
Hajm: 1,25 Mb
Fayl: PDF
Manba: Ziyouz.com kutubxonasi

Saqlab olish

Manaschi Saparbek Qasmambetga bag‘ishladim

MANASChI

Uchinchi muchalidan chiqayotgan tuni Bekesh ozg‘irdimi – bir tush ko‘rdi. Tushida toy-akasi yo amakisi Baysalning yaylovidagi o‘toviga kirib borganmish. Toy-akasi meeley yo qo‘lqop qoplagan bilagida Tumor otli burgutni, boshqa qo‘lida esa sutmi-qatiq to‘la kosasini tutib o‘tirgan emish. Serqahr Tumor avaysizroq Bekeshni ko‘rganidanmi tinchini yo‘qotib, ovdirarmish, so‘ng pat-pat qanot qoqib, Bekesh endigina kirib kelgan eshikka o‘zini ura, tashqari uchib ketarmish. Cho‘chiganidan yuzi oqarinqi Bekesh toy-akasiga salom berib, betma-bet o‘tiradi. Shunda toy-akasi unga qo‘lidagi kosani uzatib “Ich!” – deydi. Toshu adir bosib chanqagan Bekesh kosani qaqraygan labiga bosib sipqarsa, kosa ichidagi oq narsa – na sutu, na qatiq. Tuz desa – sho‘ri yo‘q, qor desa – erimaydi, qum desa – yumshoq. Bolaligida pionerlar lagerida “gulvata” degan oqimsiq loy chaynagan Bekesh uni shunga o‘xshatdi. Ana endi ichay desa – ichiga ketmaydi, kavshay desa – tishiga yotmaydi. Bosholomonlikda dovdirab o‘tirsa, burgutko‘z Baysal Bekeshning ko‘ziga tikrayib: “Tamshi!” deb buyurarmish. Bekesh tamshina-tamshina ushbu moddani yutadi, qorni og‘irinliqqa to‘ladi. Qo‘lidagi tovushyozari-yu ko‘nglidagi intervyu tilagi unutilib, aljaygan og‘zi ochilib, nima qilarini bilmay qotadi.
Shu dam atrofda shovqin ko‘tariladi. Shunday shovqinki, o‘rda-o‘rda otchanliklar, yerni boshiga ko‘tarib, bosib kelayotgandek. Bekesh alaqtalab to‘rt yoniga qaraydi. O‘ylaki, burgut ketidan uchgan shamol o‘tovga qaytadi, izg‘irin bilan birga qor uchqunlaridek tuman-tuman – askar desang, askar emas, otliq desang, otliq emas – Bekeshning muz bo‘lgan yuragini yorib, allaqanday kuch kirib keladiki, qarshida o‘tirgan alp Baysalning qoshu soqoli bir zumda oqarib, bir zumda u ham qorbo‘ronu burganakka aylanib, o‘tov-po‘tovi bilan dunyoni qoplagan oq quyunda g‘uv etib, yo‘q bo‘lib ketadi…
Muzterda uyg‘ondi o‘shanda Bekesh. Adirlab shishgan ko‘zlarini ishqaladi. Umrida eslamagan Tangriga topindi. To‘rt yoniga alangladi. Ship-shiydam, qurulay devorlarini ko‘rdi-yu, ozgina tinchidi, bosildi.