Taniqli yapon shoiri Tanikava Syuntaro (谷川 俊太郎) 1931 yilda tug‘ilgan. U faylasuf Tesudzo Tanikavaning o‘g‘li, bastakor Kensaku Tanikavaning otasi.
Shoirning ilk kitobi “Ikki milliard yolg‘izlik yili bilan o‘lchangan yolg‘izlik” nomi bilan 1952 yilda nashr etilgan. So‘nggi kitobi “Men” nomi bilan 2007 yili chop etilgan.
U hayot va ijod haqida shunday yozadi: “Biz she’r yozish uchun yashamaymiz. Biz yashayotganimiz uchun she’r yozamiz. Asl shoir she’rlarini emas, hayotni suyadi. Men so‘z qidirib emas, hayot mohiyatini qidirib ijod qilaman”.
UMR
Uch yoshimda
O‘tmishim yo‘q edi hali.
Besh yoshimda
Kecha – bo‘ldi o‘tmishim.
Ettiga to‘lganda
Samuraylar asri o‘tib bo‘ldi.
O‘n bir yoshimda
O‘tmishga aylandi dinozavrlar.
O‘n to‘rtda esa
O‘tmish kitobda yozilgandek bo‘lib qoldi.
O‘n olti yoshimda –
Dahshatga to‘lib boqdim
O‘tmish xarobalariga.
O‘n sakkiz yoshimda –
Qanday zamon edi,bilmayman.
INSONPARVARLIK
Kim dushman?
Dushman – odam.
Do‘st-chi,kim?
Do‘st ham odam.
Qotil kim?
Odam – qotil.
Kim o‘ldi?
Odam o‘ldi.
Kim odam?
Odam – bu do‘st.
Eh,qanday og‘ir
Oliy odamlaru…
Maymunlar aro.
UY VAZIFASI
Ko‘zni qisib qarasang –
Xudo bordek tuyular.
Ko‘zingni biroz ochsang –
Tuyular xudo yo‘qdek.
Agar ko‘zni katta ochsang –
Xudoni ko‘rasanmi,yo‘qmi?
Mana shuni bilib kel.
BAHOR KELGANDA
Gullar uzra
Oppoq bulutlar.
Bulutlar uzra
Osmon – cheksiz,moviyrang.
Gullar uzra,
Bulutlar uzra,
Osmon uzra
Uchsaydim deyman!
Bahor kelganda
Xuddi shu tarzda
Suhbat qurdim
Men xudo bilan.
YoMG‘IR MAVSUMI
Yomg‘ir yog‘ib qora tortdi
Daraxtu osmon,
Qora tortdi yurak ham.
Bulutlarning chetida
Mingrangli yog‘du,
Bog‘da esa jo‘yaklarda
Qizarmoqda qulupnay.
Vaqt o‘tmoqda –
Bulutlar ketmas.
Faqat bir maromda
Tomchilaydi tomchilar.
Yomg‘ir yog‘ib yuvindi osmon,
Yuvindi yaproqlar,
Yuvindi dillar.
TUNGI YoMG‘IR ShIVIRI OSTIDA
Mangu o‘tiray deyman
Derazamning oldida,
Qo‘rqinchu xotiralar
Dilni tark etar ekan,
Xudoga ishonmasdan
Ilohiy iforlarni ichimga yutarkanman,
Olisdagi poytaxtlar
Aro yerga to‘kilgan
Xazonni terarkanman,
O‘zimni topshirarkan
Tungi dengiz mayliga,
O‘zimni o‘zim sevib
Mangu o‘tiray deyman
Derazaning oldida.
Xurshid Davron tarjimalari