Ikkyu Sodzyun (1394-1481)

Ikkyu Sodzyun (一休 宗純, 1 fevral 1394 — 12 dekabr 1481) — yapon shoiri, rassom, xattot, dzen ta’limotining yorqin namoyandasi. U 1394 yilning 1 fevralida Yaponiyaning qadimgi poytaxti Kioto shahri yaqinidagi Saga manzilida dunyoga kelgan.
Ikkyu Sodzyun o‘z davrining taniqli musaviri va xattoti bo‘lib, yapon tasviriy san’ati tarixidagi e’tiborli Soga maktabining asoschisi hisoblanadi.

* * *

So‘qmoqlari ko‘pdir
Bu yuksak tog‘ning,
Ammo cho‘qqisiga yetganing zamon
Ko‘z o‘ngingda balqir
Tanho porloq oy.

* * *

Moychiroqning oldida
Duolar pichirlagan
Bu bechora och rohib —
Buddaga aylanganu
Hamon seni o‘ylaydi.

* * *

Rindzayning shogirdlari dzen nima bilmaslar,
Ammo,men – so‘qir eshak,
Haqiqatni angladim.
Ayolning muhabbati
O‘limsizlik bag‘ishlar.

* * *

Nima o‘zi “Yurak” otli ruh,
Tasavvur qila olasizmi
U o‘zi nima? –
U qora tush bilan chizilgan
Qayinzorda kuylagan shamol…

* * *

Inson ruhi pinhon,
Na isi, na sasi bor.
Agar kimdir so‘zamollik qilsa
Yurak haqida –
Bilingki, u g‘irt yolg‘onchi, u zot – firibgar!

* * *

Kulbamda qoldirgum boru yo‘g‘imni,
Qoldirgum finjonu cho‘b qoshig‘imni.
Yukim yengil – olis yo‘lga chiqmog‘im
Uchun kifoyadir eski boyligim –
Samon yoping‘ichu eski qalpog‘im.

* * *

Umrimiz vaqtlidir –
O‘tkinchi dunyodan Abadiyatga
Borguvchi yo‘ldagi manzildir,xolos.
Shunday ekan, yomg‘ir yog‘sa – yog‘aversin izillab,
Shamol essa – esaversin betinim.

* * *

Kecha-kunduz rohiblar qiladilar ibodat,
Tillarida aylanar Qonundagi hikmatlar.
Ammo, bular befoyda – chunki nodon rohiblar
Shamolu qor, yomg‘iru oy yo‘llagan
Ishqiy maktublardan bexabarlar,bexabar.

* * *

Demak, hech kim bilmasa
Umr yo‘li oqibat
Qay manzilga eltishin –
Adashaman,deb qo‘rqma,
Qo‘rqmasdan boravergin.

* * *

Iltimos,qayg‘urmagin,qayg‘urmagin,iltimos,
Necha marta aytayin bu hikmatni men senga –
Qayerda va kim bo‘lmog‘ing
Qayerda va kimliging
Bilan bog‘liq hammavaqt.

* * *

Qudratli to‘lqin kelsa,
Unga qarshi kurashib,
Kuchingni sarflamagin.
Yaxshisi, sen o‘sha
Kuchli to‘lqinga ishon.

HAZIL TANKALAR

* * *

Rohib bo‘laman deya
Uylanmasang,unda sen –
Eshakdirsan bor–yo‘g‘i .
Voz kechsangu yor topsang.
Odamdirsan bor–yo‘g‘i.

Xurshid Davron tarjimalari