Li Bo (李白; 李太白) – Tan sulolasi davridagi mumtoz Xitoy shoiri. “O‘lmas shoir” nomi bilan mashhur bo‘lgan. Li Bo Xitoy she’riyatida eng o‘lmas va o‘qishli she’rlar muallifi sifatida iz qoldirgan.
U o‘zidan 1100 asar qoldirgan, undan 900 tasi she’rlardir. Hali hayotlik chog‘laridayoq “Buyuk” degan e’tirofga sazovor bo‘lgan. Uning adabiy merosi she’rlar va ritmik proza – sa’jni o‘z ichiga oladi. Li Bo ijodida asosan Vatan madhi, erkin va hur mehnat jarayoni, tog‘lar va o‘rmonlar go‘zalligi, shuningdek, do‘stlik tuyg‘usi ifodasi yetakchi o‘rinni egallaydi. Uning ko‘plab asarlarida shimoliy ko‘chmanchilardan aziyat chekkan xitoyliklar taqdiridan kuyunish, xavotir hislari ko‘zga tashlanadi.
LUShAN TOG‘IDAGI ShARShARAGA QARAGANIM
Bo‘z tumanlar ketida lovillar oqshom,
Qarayman olisdan bu manzaraga.
Qarayman pastu baland tog‘ tizmalari
Ham sharsharaga.
Bulutli cho‘qqilardan otilib tushar —
O‘tib tog‘lardagi
ne-ne o‘rmondan.
Somon yo‘li uzilib
tushganga o‘xshar
Xuddi osmondan.
LUShAN TOG‘IDAGI ShARQQA, BESh ChOL ChO‘QQISIGA QARAGANIM
Besh Chol cho‘qqisiga uzoq qarayman —
Lushan tog‘i, janubi-sharq tomonga.
Oltin chechak kabi yuksalmish cho‘qqi,
Ko‘rinadi boshi osmonda.
Tepasiga chiqsam, ko‘ringay jahon,
Qani chiqolsamu bahralar olsam…
Koshkn shunda yashab, so‘ngi safarni
Shu cho‘qqida tugata qolsam!
OYDINDA YoLG‘IZ IChGANIM
Gulzor o‘rtasiga qo‘ydim ko‘zani,
Kecha jimjit edi, oy to‘lg‘un.
Jimjit shu kechada ichaman yolg‘iz,
Do‘st yo‘q edi yonimda bugun.
Ulfat bo‘laylik deb chaqirdim oyni,
Suhbat shirin bo‘lg‘usi, inon,
Davraga undadim o‘z soyamni ham,
Ichmakdamiz hozir uchovlon.
O‘z-o‘zimga sekin beraman savol:
Icharmidi axir oy ham may?
May ichganmi soya axir biron vaqt.
Yursa hamki izdan ayrilmay?
Oy bor joyda doim soya ham hozir,
Shu vajdanki, tunlarda men ham –
Roziman uchovlon bazmu aysh qursak,
Tag‘in qaytib kelguncha ko‘klam.
Men qo‘shiq boshlayman – kuy maqomiga
To‘lg‘anadi oy ham ushbu tun,
O‘ynayman – soyam ham o‘yinga tushar –
O‘zi novcha, soqov, beshovqin.
Sho‘x va shodon edi shirin bazmimiz.
Mast ham bo‘ldik axir uchovlon,
Biz o‘bdan mast bo‘lib, ajralishdik-da,
Har kim ketdi o‘z yo‘li tomon.
Toki Somon yo‘li yonida yorni
Uchratkuncha yorug‘ osmonda,
Tag‘in bu hayotda yakka va yolg‘iz
Daydish qoldi menga jahonda.
OQAR SUVDA
Jimir-jimir oqqan suvda
Kuzgi to‘lin oy.
Janubdagi ko‘lda orom,
Sukut va chiroy.
Nilufar-chi menga mungli
Bir gap demoqchi.
Balki mening ko‘nglimga ham
Mung to‘ldirmoqchi.
TINIQ DARYo MAQTOVI
Yuviladi qalbim g‘ubordan
Tiniq daryo qirg‘oqlarida.
Suvlarining rangi g‘alati,
O‘xshamaydi ming daryoga ham.
Sizdan so‘ray… Sinan-ku oqar
Bu ellardan ko‘p yiroqlarda,
Suv tagida har mayda toshni
Shundoq aniq ko‘rarmi odam?
Inson aksi ko‘rinar aniq
Go‘yo tiniq, yorqin ko‘zguda.
Qushlar aksi guldor pardada
Chiziqlarning rangiday ayon.
Maymunlarning g‘alvasi faqat
Oqshom tinchin buzadi juda,
Xunob bo‘lar ne-ne yo‘lovchi
Ham oydinda dayduvchi inson.
BODI ShAHRIDAN ERTAROQ ChIQQANIM
Gulgun bulutlarning qoq o‘rtasida —
Bodi shahrin tashlab ketdim men bugun,
Yuzib bormoqdamiz daryoda jadal,
Ming farsax o‘tkaymiz oqshom tushguncha.
Hali maymunlarning g‘ala-g‘ovuri
Qirg‘oqlarda sado bermasdan burun —
Olisdan qorayib ko‘ringan yuzlab
Tog‘ orqada qoldi, jadallik shuncha!
KEChASI NYuChJU QOYaSI TAGIDA QAYIG‘IMNI BOG‘LAB, O‘TMIShNI ESLAGANIM
Qadim qoya tagida bog‘ladim qayiq,
Kecha biram go‘zalu biram yarqiroq,
Oydinda to‘lqinlar ham yorqin va yoyiq,
Bu kecha general Se yo‘q edi biroq.
Axir men ham she’rlar o‘qiy olardim,
Afsus, ammo, eshita olmas u hozir…
Kecha o‘tib bormoqda behuda va jim,
Zarang o‘z barglarini to‘kmoqda bir-bir…
QISh KUNI TOG‘DAGI ESKI QO‘NALG‘AMGA QAYTIB KELGANIM
Tolg‘in ko‘zlarimdagi
Yoshni artmadim hali,
To‘ralik to‘nimdan
Changlarni qoqmadim hali.
Chulg‘abdi tol novdalar,
Ko‘rinmas yolg‘iz so‘qmoq,
Beg‘ubor, baland ko‘kda
Qorli tog‘lar yarqirar.
Barglar xazon bo‘libdi,
Er guvillar bemajol.
Tabiatning o‘ziday —
Bulutlar ham turg‘un, lol.
Bambuk o‘sibdi qalin,
Nuqul bachki chulg‘abdi.
Qadimgi daraxt bo‘lsa,
Chirib, soyga qulabdi.
Qaydandir yugurar it,
Hadeb vovillar, qarang.
Devorlarni mox bosmish,
Chang bosmish sarg‘ish-kulrang.
Vayrona oshxonamdan
Uchib chiqdi qirg‘ovul.
Qiyshiq tomda bir qari
Maymun yig‘lardi nuqul.
Qushlar qoq butoqlarda
O‘tirar jim, qo‘shiqsiz.
Tanish archa tagida
Yirtqichlardan so‘qmoq — iz.
Kitoblarga qarayman,
Kuya yebdi beomon.
To‘shagimning tagida
G‘imirlar qari sichqon.
To‘g‘ri yashashim darkor —
Balki bo‘lg‘um donishmand?
Tabiat, hayot, inson —
Shu xayollar etdi band.
Bundan ketishdan ko‘ra,
To‘g‘ri kelsa, aytayin,
Go‘rga ketganim durust,
Mangu chirib ketayin!..
Mirtemir tarjimalari
Marmar zina oldidagi qayg‘u
Allaqachon marmar zinani
Qoplab olgan muz kabi shabnam.
Kuz kechasi naqadar uzun!
Namxush,mana,paypoqlarim ham!
Uyga qaytib ohorli shohi
Darpardamni tushirdim sekin.
Darpardamning ortidan boqdim,
Xira nurin to‘kar oy sokin.
Shukrullo tarjimasi
Oq qo‘ton
Oq qo‘tonni ko‘rib qoldim
Kuzgi sokin qirg‘oqda.
Qirovdek oq, uchib kelib
Suzayotir ovloqda.
Yurak birdan g‘amga botdi,
Uyg‘ondi dilda vido.
Qumli sokin orolchada
Turardim men ham tanho.
Qayg‘u
Marmarli deraza
Oldida xyol
Surib ichikadi
Bir sohibjamol.
G‘amli ko‘zlarida
Porlar nam tuyg‘u –
Kim biladi:
Kimni o‘ylar u?
Bahorgi o‘ylar
Siz tomonda maysalar bo‘rtib,
Cho‘zmagandir boshini nurga.
Bizda esa tolni barg bosib
Og‘irlikdan bukkandir yerga.
Sen qoshimga kelmoqchi bo‘lib
Yo‘lga chiqsan,begim,o‘sha kun
Sog‘ingan bu yurak quvonchdan
Ko‘ksim yorib chiqishi mumkin.
Bahor yeli begona menga,
Chorlamasman uni qoshimga.
Ammo nechun u yarim tunlar
Kirib kelar mening ko‘shkimga?
Oqar suvda jilvalanar
Oqar suvda jilvanar
Kuzgi oy aksi.
Janubdagi ko‘lni quchgan
Sukut pallasi.
Oq nilufar meni g‘amdan
Etmoqchi ogoh,
Toki mening dilimdayam
Bo‘lsin mungli oh.
Kuz sohilidan xotinimga ushbuni jo‘natdim
Hech qachon,hech yerda
Yo‘qdir oromim.
Yo‘l esa tobora
Vatandan yiroq.
Qayiqda suzaman,
Suvdir panohim.
Senga maktub bitib,
Dilimda firoq.
Iloj yo‘q kezmoqqa
Birga darbadar.
Sen oils shimolda,
Men janubda zor.
Uydan,oiladan
Ayirdi yo‘llar,
Uch yildir,bilmayman
Ahvolingni,yor!
Rangimda rang yo‘qdir,
Chakkalarim oq.
Men qanday qaytaray
Tabassumingni!
Bir kun mehmon keldi –
Mast,kayfi taroq.
Qo‘lida ushlardi
U maktubingni.
O‘qidim zarbofga
Tikilgan so‘zni,
So‘zlaring zor yig‘lab,
Dil ochdi bir-bir.
Garchi tog‘,daryolar
Ayirar bizni,
Orzumiz yagona,
O‘yimiz birdir.
Xurshid Davron tarjimalari
TUNGI XAYoL
Derazadan yotog‘imga nurli yo‘ldek
To‘kiladi oyning zarrin yog‘dulari.
Qirovmikan, bu, ehtimol, bilolmadim,
Yo kechaning mungli-mungli kulgilari.
Derazadan mo‘ralayman, kecha oydin,
Borliq oyning shu’lasida tebranar tinch.
Yostig‘imga bosh qo‘yaman, allalaydi
Xayolimni Vatan degan munis sog‘inch.
YoZ KUNI TOG‘DA
Issiq jondan o‘tadi, hatto
Elpinmoq ham keladi malol.
Kechki salqin tushgunicha to,
Nafas olmoq bunchalar mahol.
Odimlayman tog‘ sari ildam,
Usti-boshim hilpirar xiyol.
Qarag‘aylar iforidan mast,
Uriladi bag‘rimga shamol.
DO‘STIM BILAN KEChGAN OQShOM
Bu kech eski anduhlarni
unutdik, bas.
Oydin kecha og‘ushida
uyqu kelmas.
Yuz piyola bo‘za ichsam, hatto,
do‘stim,
Diydoringga tashna dilni
qondirolmas.
Tun do‘stlarning gurungini
olqishlaydi,
Charchasak-da, kipriklarga
g‘aflat qo‘nib,
Toki zamin tagimizga
to‘shak solib,
Osmon ko‘rpa yopmaguncha
uyqu inmas.
* * *
Sochimning uch ming uch tolasi oppoq,
Anduhlarim uzun – hadsiz, hududsiz.
Ko‘zguga boqaman: manglayda qirov,
Umrim bog‘lariga yaqinlashar kuz!
Rus tilidan Nodira Abdullayeva tarjimalari