Guan Xantsin (an’anaviy xitoychada: 關漢卿, soddalashtirilgani: 关汉卿, pininda, ya’ni lotinchalashtirilgan xitoychada: Guān Hànqīng) qadimiy xitoy adabiyoti tarixida, eng avvalo, tszatszyuy deb atalgan dramatik janrga asos solgan dramaturg sifatida nom qoldirgan. Bizgacha uning 60 dan ortiq asarining nomi yetib kelgan, ulardan 18 tasi saqlanib qolgan. Shuningdek, uning she’riyatda faol ijod qilgani ma’lum. Uning she’rlari ilk marta o‘zbek tilida e’lon qilinmoqda.
QIZ HASRATI
I
Yomg‘ir tindi saharga yaqin,
Qanday go‘zal, huv, olis tog‘lar.
Daryolarda boshlandi toshqin,
Suv ostiga cho‘kdi qayroqlar.
Men minorda o‘ltirib tanho,
Olislarga boqarman tag‘in.
Minoradan tusharman*, ammo
Kundan-kun kuz oqshomi g‘amgin.
_________
Qadim Xitoy she’riyatida «minora» tushunchasi jangga yoki safarga ketgan erini minoraga chiqib yo‘lga ko‘z tikkan, ya’ni kutayotgan ayol timsoli bilan chambarchas bog‘liq.
II
Tiramohning bir kech pallasi,
Sovuq shamol uchirar xazon.
So‘nib bitgan yozning nafasi,
So‘nggi gullar bo‘y sochar larzon.
Pardalarni silkitar shamol,
Sirli va bo‘sh kunduzgi bu bog‘.
Yolg‘izlik hech kelmaydi malol,
Ana, bog‘da kuylar chirildoq.
III
Nechun buncha chekarman qayg‘u?
Nechun g‘amga oshyondir ko‘ksim?
Mani tanho tashlab ketdi u,
Shundan buyon yoshlidir ko‘zim.
Qimmatbaho toshdan yasalgan
Xontaxtamni qoplayotir chang.
Yashil rangli parda ortida
Kashta tikib o‘ltirgum diltang.
Bilarmisan, bilakuzugim
Tushganini sinib qo‘limdan?
Bilarmisan, yosh to‘kar ko‘zim?
Olurmisan xabar holimdan?
IV
U qayerlarda yuribdi ekan?
U kimlarning belini quchdi?
Mo‘jazgina ko‘shkda kim bilan
Qo‘shiq aytib, gulgun may ichdi?
Qarg‘amayman, bari bir endi,
O‘tmish yodi ko‘ksimdan kechdi.
Engim ila to‘saman yuzim,
Netay, qayg‘u-hasratlar cheksam?
Alamlarim tark etmas ko‘ksim,
Ketarmi deb alvon may ichsam…
Men devorga surat chizaman,
Kashta tikish jonimga tegdi.
Qachonlardir kecha-kunduz band —
Kashta to‘qish ermagim edi.
Netay, sevgi keldi to‘satdan
Va to‘satdan meni tark etdi.
BAHOR
Olislarda kakku zor yig‘lar,
Ayriliqda o‘tdi umrimiz.
Mana yana ko‘kardi bog‘lar,
Ammo yana uchrashmadik biz.
Qancha kunlar oradan o‘tdi,
Sog‘inch esa kundan-kun yomon.
Majnuntoldan oq bulduruqlar
To‘kilaru uchar yer tomon.
G‘ozlar uyga qaytib keldilar,
Ular sendan keltirmadi xat.
Ko‘kda ko‘rib juft qaldirg‘ochni
Ko‘zimdan yosh to‘kilar behad.
YoZ
Manim dilim ranjitgan ul mard
Olislarda yurar sargardon.
Nahot qolur unda toabad,
Nahot otin burmas yurt tomon?
Sog‘inch abgor qildi ko‘ksimni,
Boqaverib janub tomonga.
Salqinlarda sog‘inib uni
Rangim o‘xshab qoldi somonga.
Endi o‘sma chekmasman qoshga,
Holim yomon — yo‘lga boqmasman.
Netay, endi men anor gulli
Tasmaniyam belga taqmasman*.
_______
* Qadimda Xitoyda to‘y kechasi kuyov kelinga tasma sovg‘a qilish odat bo‘lgan.
* * *
Biz sen bilan ayrildik, yorim,
Dildan ketdi orom, farog‘at.
Ketmas o‘tgan kunlarning yodi
Yodda o‘sha lahza, o‘sha vaqt.
Engim bilan artaman ko‘zim,
Tilamayman o‘zgadan shafqat.
Daryo oqar… O‘sha tog‘ turar,
Ammo bunda yo‘qsan sen faqat.
* * *
Ko‘k chorbog‘da sayrar qushchalar mahzun,
Devorga suyanib turar bir odam.
Uning o‘yi g‘altak ipidan uzun,
Ko‘zlari yoshlidir, dilida alam.
* * *
Ovloq, chekka qishloqda
Panoh topdim oqshom chog‘.
Uyqu yo‘q — do‘st sog‘inchi
Dilimga sanchar pichoq.
Tashqarida oy porlar,
Dil yayrar, nur icharman.
Qachon men ham oy kabi
Baxtga to‘yib yasharman.
Olisda, janub yoqda
Mani yodlar kishim bor —
Meni bir qiz kutadi,
Yo‘llarimga boqib zor.
* * *
Uchrashmagay qaqnuslar aslo,
Qaldirg‘ochu zarg‘aldoqlar ham.
Huv, ko‘rinib turar bandargoh,
Ammo sen, xo‘b yiroqsan, erkam.
Qanday oson ayrilib ketmoq.
Qanday qiyin visolga yetmoq.
* * *
Yolg‘izlikda kuyarman,
Yolg‘izlikda kuyarman —
Saroy tegdi ko‘nglimga.
Bizni ayri etdilar,
Bizni ayri etdilar,
Ammo sen yor dilimga!
Osmondan o‘tinarman,
Osmondan o‘tinarman,
Qaytar deya elimga!
* * *
Bizni tangri yor etgan edi,
Ikki guldek — endi bizlar yot.
G‘am chekurman, qo‘limda qadah,
Tangri hukmi shu bo‘lsa nahot?
Ko‘z o‘ngimda, ammo jamoling,
Yuragimda siyrating ham bor
Va tunlari, qora tunlari
Sen tushimga kirarsan, dildor.
* * *
Manim g‘amim ming li* yo‘l qadar,
Jim yursam-da uni o‘ylardim.
Qachonlardir, yostig‘imga oy
Nuri tushib, ishqdan kuylardim.
Endi bo‘lsa Yanguandagi
Yorim qo‘msab ortadi dardim.
_______
* Li — masofa o‘lchovi
Xurshid Davron tarjimalari