Xitoy mumtoz shoirasi. U tabiatni musavvir kabi suratlaydi, ayniqsa, kuz, bahor fasllarini obrazlarga burkab, yuragidagi hislar bilan uyg‘unlashtiradi. Shoiraning she’rlari “Xitoy tasviriy she’riyati” kitobidan tanlab tarjima qilindi.
KUZ XAYoLLARI
Yakkash g‘ozlargina nimadir deb ming‘illar
muzday bulutga,
Go‘yo yolg‘iz qaqnus
ko‘zguda aks etgan misol.
Kuz shamoli
tunlar meni qayg‘uga solar,
Boisi ko‘ra olmasman sizni.
Birgina o‘zim,
may jomini qo‘lda tutgayman.
Sham ham so‘nayotir.
Yolg‘izman,
Sarxushman…
Oqarib kelmoqda tong ham.
BAHOR O‘YLARI
Tog‘ quchog‘idagi pushti rang gullar ichida
turg‘aloq yig‘laydi ,
o‘qday uchar qaldirg‘och,
hovlimiz teraklari ustida,
mudraydi o‘rdaklar,
ko‘lda esa suv sokin, ko‘m-ko‘k.
Bahor sust,
Ketgisi kelmas hech.
Kechga yaqin qaldirg‘och qoshimni pinhon bo‘yayman.
Ehtimol,
Sevgilim tushimda qaytar yonimga
she’rlarim sehriga uchib.
KO‘LDA
G‘arb shamoli yelmoqda,
Ko‘l uzra tollar sollanar.
Men ko‘rkam kiyimdaman
va kemam ham rosa chiroyli.
Chag‘alay
sokin suv yuzida mudraydi,
Parvonalar
qovjiragan gulni qurshaydi…
May ichaman –
tashvishu qayg‘uni bilmaslik uchun.
BAHOR TUNI
Sham bahorning
abadiy qiynog‘ini tarqatolmas,
she’rlar xirgoyi bo‘lmas,
men yolg‘izman
va ma’yusman.
O‘rikning shoxlari orasiga
tiqilib qoldi oy
ham bambuk ildizlari ostida shildirar jilg‘a.
OQShOMGI BAHOR
Sixu kengliklarida
esadi sharq shamoli.
Saharlar
Gul va tollar tepasida tumanlar namchil.
Zarg‘aldoq yig‘isi yeladi elas-elas,
Parvonaning – raqs tushgisi kelar.
Arg‘imchoq uchganim zamon
menga bildirmayin ketadi bahor.
OYDIN OQShOM MANZARASI
Tilla rang zarg‘aldoq
quyuq yaproqlarga berkinar,
Sehrli barmoqlarda
yangrar tsitra sadosi.
Bahorgi gullar yomg‘iri
oqshom tindi,
Mening kulbam uzra
yaraqladi oy.
KO‘LDA
Terakzor ichra tanho,
raqqosadek ururman charx,
Labga qo‘yganim –
may to‘la qadah,
Sarxushligim tarqalar,
tark etarman gul olamini,
maysa, gulbarg ichra to‘lg‘anib,
gavhar rang jomga yana quygum mayini…
Yomg‘ir yog‘ar, nok gullagan:
Bahor keldi.
Rus tilidan Tursun Ali tarjimalari