Bayramxon (1501-1561)

Muhammad Bayramxon (Muhammet Baýram han) turkmanlarning bahorli qabilasidan bo‘lib, ota-bobolari uzoq vaqt temuriylar xizmatida bo‘lishgan. Uning o‘zi esa Zahiriddin Muhammad Bobur va avlodlarining Hindiston saltanatida saroyda otabek vazifasida xizmat qilgan, shahzodalar tarbiyasi bilan shug‘ullangan, ulkan davlat barpo etishda katta hissa qo‘shgan. Turkiy va forsiy tillarda ijod qilgan.

XIROMONGINAM

Ey, chamani jon aro sarvi xiromonginam,
Umrim gulistonida g‘unchai xandonginam.

Ko‘zga meni ilmagan, bir bor nazar qilmagan,
Ko‘nglim olib bilmagan dilbari xandonginam.

Ham o‘zi yaxshigina, ham ko‘zi yaxshigina,
Ham so‘zi yaxshigina yori suxandonginam.

Ey, yuzi gul-gulgina, sochlari sunbulgina,
Qilma tag‘ofilgina, bo‘lma pushaymonginam.

Ey, qaddi chobukkina, vey labi nozikkina,
Vey, so‘zi o‘trukkina, va’dasi yolg‘onginam.

Vositai davlati vasling agar bo‘lmasa,
Mehnati hijron aro chiqqusidir jonginam!

YoR ILGIDAN

Bodayikim, ichdim ul sho‘xi sitamkor ilgidan,
To hayotim bordurur kayfiyatim bor ilgidan.

Ilgima olib ayoq hushimni berdim bir yo‘la,
Sharob ich deb chun ishorat qildi izhor ilgidan.

Shisha yanglig‘ qon to‘kub, sog‘ar kabi qondur ichim,
To bilibdur shisha-yu, sog‘ar namudor ilgidan.

Ko‘rmayin ilgiga har dam el ko‘zi tushmagin deb,
Bordurur ko‘zim hamisha xunbor ilgidan.

Mastu loya’qil bo‘lur ermish tamomi umrida,
Bedili kim qatrai may no‘sh etsa dildor ilgidan.

FARYoD QILAY

Necha hijron g‘amidin nola-yu faryod qilay,
Hosili umrni faryod ila barbod qilay.

Necha ko‘z lavhida tasvir etibon suvratini,
Dam-badam xotir onin ko‘rmagidin shod qilay.

Necha vaslini tilab, hajrida xursand bo‘lay,
Necha umidi birla jonima bid’at qilay.

Necha g‘urbat aro bekaslik oti birla kuyib,
Motamiylar kabi o‘z holima faryod qilay.

Necha jonima firoqida o‘t tushib,
Ani besabrligimdan kuyinib yod qilay.

Necha ishqida buzib sabru salomat vatanin,
Necha anduhu malomat uyin obod qilay.

Necha zulfiga giriftor bo‘lub zor bo‘lay,
Kelki, o‘zni bu balo qaydidan ozod qilay.

Bayram-o, yorg‘a vafo rasmi odat emas,
Endi jonimni jafosiga mo‘tod qilay.

ASAR ANDAN

Ko‘zim uchadur, to ko‘ra olgay asar andan,
Ko‘nglim o‘sadurkim ola olgay xabar andan.

Vohkim, nazarim o‘trusida jilvagar ermas,
Ulkim, ko‘tara olmas edim bir nazar andan.

La’li o‘ti gulgun sirishkimni qilur tez,
Zohir bo‘ladur qatrai xuni jigar andan.

Bunyodi balo qilmadi to‘foni sirishkim,
Kim yer birla ko‘k bo‘lmadi zeru zabar andan.

Bayram ki so‘rog‘ aylar edi og‘zi nishoni
La’lini so‘rib bo‘ldi so‘zi muxtasar andan.

BENAVOLARGA

Xush ulkim, sarvinozim rahm qilgay benavolarga –
Nechukkim podisholar marhamat aylar gadolarga.

Agar ul shohi xubon lutf ila bo‘lsa xaridorim,
Gadoyiman, ki istig‘no sotarman podisholarga.

Latofatlik go‘zallar umr yanglig‘ bevafodirlar,
Mening jonimdur ulkim o‘xshamaydur bevafolarga.

Demakim noz ila ikki labi vasfin ado qilgay,
Masiho bo‘lsa ham jon bergay ul nozik adolarga.

Balolardur menga ul ko‘z bila zulfu qaddu kokil,
Ne balo ko‘y edikim, uchradim mundog‘ balolarga.

TOPILMAS

Men zorga sendek yana bir yor topilmas,
Sen yorga mendek yana bir zor topilmas.

Ko‘p zor sanga bo‘ldi giriftor lekin,
Mendek yana bir zori giriftor topilmas.

Olamda go‘zal ko‘p topiluru lek seningdek,
Berahimu jafojo‘yu dilozor topilmas.

Vah, vah, bu ne so‘zdurki ko‘ngul mastlik ichra,
Husn ahli aro sen kabi dildor topilmas.

Yo rab, manga tole’i bargashta tururkim,
Sargashta bo‘lib izlasam yor topilmas.

Eldin ta’mai mehru vafo aylama Bayram,
Chun olam aro yori vafodor topilmas.

HIJRON EMISh

Yorsiz jonimni olg‘on mehnati hijron emish,
Mehnati hijron demangkim, baloi jon emish.

Xanjarin shavqi, yuzung mehriyu la’ling hajridin,
Ko‘kragim choku, yurak yuz pora, bag‘rim qon emish.

Komi la’lingdin visol ayyomida dushvor edi,
Yo‘qsa jon bermak firoqing sha’mida oson emish.

Na balodurkim, qutulmoq yo‘q zamona hajridin,
Qismatim go‘yo azaldin mehnati hijron emish.

Besaru somon debon Bayramni, ey nosih anga,
Pand etma, kima parvoyi jonu jahon emish.

Turkman tilidan Olim Usmon tabdili