Bahorgul Karimova (1945)

Bahorgul Karimova (Bahargül Kerimowa) 1945 yil Karki (hozirgi Otamurod) tumanining Govak qishlog‘ida tavallud topdi. Shoiraning “Ona mehri”, “Dunyo tabassumi”, “Ko‘ngil”, “Umr o‘ylari”, “Ishq daftari” kabi kitoblari nashr qilingan. Ko‘plab she’rlariga kuylar bastalangan. “Vatanga bo‘lgan sevgisi uchun” medaliga sazovor bo‘lgan.

ULUG‘LIK

Ona tuproq ulug‘ ne’mat chashmasi,
Shakli quyosh-dasturxonda nonimiz.
Hayotning boshidir bu tuproq, bu yer,
To‘ydirar, kiydirar, saqlar jonimiz.

Suvlarning qudrati buyukdir juda,
Suvdir tabiatga jon baxsh aylagan.
Ma’ni bormi suv bo‘lmagan tuproqda,
Suv hayotdir borliqni naqsh aylagan.

Ona Vatan buyuk – unda jam mudom,
Asrlarga tengdosh umr ma’nisi.
Er yuzida eng suyukli narsaning,
Vatanga teng bo‘lmas bari-barisi.

Inson martabasi ulug‘dir bizda,
Ham ulug‘dir Qoraqumning havosi.
Turkmanning ko‘ksini ko‘kka ko‘targan,
Ulug‘ qavmimizning tilak-duosi.

TILGA KELDI

Yaxshilikdir, g‘am-g‘ussalar yo‘q bo‘lsa,
Qorning och bo‘lmasa, ko‘zing to‘q bo‘lsa.
Qora nafsing emas, insof ko‘p bo‘lsa,
Hamisha shod bo‘lsang, ishing xo‘p bo‘lsa,
Qahratonda o‘chog‘ingda o‘t bo‘lsa.

Odob-ikromingni saqlasang asl,
O‘g‘il-qiz quvonsa shudir yoz fasl.
Ko‘ngling gulzorlarda yurganday bo‘lar,
Ham dunyo shodlanib turganday bo‘lar.
Ota yurtim mana shunday borlidir,
Bundan ulug‘ baxt degani bormidir?!

QIZIMAN

Dunyo ko‘z oldimda hamisha go‘zal,
Fasllar bahori yoziman yozi.
Ota bobom boshlagan bu turmushda,
Ko‘ngillar naqshining o‘ziman o‘zi.

Osmon gumbir-gumbir qoqar dovulin,
Bulutlar dur qilib to‘kar hovurin.
Tinglang g‘unchalarning shovir-shovirin,
O‘shal gul g‘unchaning noziman nozi.

Kun chiqib ko‘rkini ko‘z-ko‘zlar maydon,
Go‘zallik libosin kiyibdi har yon.
Osuda zaminim gul ila rayxon,
Turnasi, o‘rdagi, g‘oziman, g‘ozi.

Olg‘a bosdim qaytmam aslo yo‘limdan,
Vatan bayrog‘ini qo‘ymay qo‘limdan.
To‘ylarning ovozi o‘ngu so‘limdan,
Yangragan maqomi, soziman, sozi.

Charog‘on o‘lkamda ko‘payar oshiq,
O‘tmishi donolik, kelgusi yoshlik.
O‘zgarishi o‘sishlarga bog‘lashiq,
Baxtli zamonaning qiziman, qizi.

Turkman tilidan Abduvohid Saidmatov tabdili