Annaberdi Og‘aboyev (Annaberdi Agabaýew) – Turkmaniston xalq yozuvchisi, Maxtumquli davlat mukofoti laureati. 1938 yili Ashxobod shahrida tug‘ilgan. U Sergey Yesenin, G. Veselkov, M. Isakovskiy, Ye. Smelyakov, S. Mixalkov, Ye. Yevtushenko, R. Hamzatov asarlarini turkmanchaga tarjima qilgan.
AShXOBODNING SAHARI
Ona osmon oppoq ko‘ylak kiyinar,
Qushlar sayrab, boshlab berar saharni.
Tili shirin dutor bilan uyg‘onar
Ashxobodim — oshiqlarning shahari.
Sayrab, dutor, sen shahrimni uyg‘otgin,
Sayrab, dutor, saharimni uyg‘otgin.
Ashxobodim — ishq obodim — Vatanim,
Qalb torimni dil toringdek so‘ylatgin.
* * *
Ona tuproq, sening saxiy qo‘yningda
Ming roziman, manglay terim to‘kilsa.
Ataganman senga butun umrimni —
Ko‘krak kermay nechuk, yurtda baxt kulsa?!
Bolg‘alarning o‘t chaqnagan zarbini
To‘ygan qalbim senda qolsin, tuprog‘im.
Qo‘shiqlarim har so‘ziyu harfini
Sendan topib, qalbda yonsin, tuprog‘im.
Keksaysam ham, senikidir bu tanim, —
So‘nggi damim, suyak-sochim — hammasi.
Ona Zamin, bor yo‘l!
Ammo hech mahal —
Yuzginangga mening qonim tommasin!
Ona tuproq, sening saxiy qo‘yningda
Ming roziman, manglay terim to‘kilsa…
Normurod Narzullayev tarjimasi.
* * *
Shoirni shoirga qarshi qo‘ymanglar,
Shoirni shoirlar yoniga qo‘ying!
Elu yurt boshiga g‘am kelar bo‘lsa,
Shoirni shu balo oldiga qo‘ying!
Shoirni shoirga qarshi qo‘ymanglar,
Shoirni shoirning o‘rnida tuting!
Shoirlar ko‘ksini changallagan payt,
Shu nozik yurakning dodiga yeting!
Shoirni shoirga qarshi qo‘ymanglar,
Shoirlarning barin bir ko‘zda ko‘ring.
Bajara olsangiz, shoir oldida
Qo‘lingiz qovshirib, xizmatda turing!
ChO‘PLAMALAR TURKUMIDAN
* * *
Tong otgandan chug‘urlashib, uyg‘onib,
Qushlar hayot haqda suhbat ochdilar.
Avval qishloq keksalarin uyg‘otib,
So‘ngra uchdilar…
* * *
Nafas sanaguncha xastaxonada,
Nafas tinsa yaxshi ustaxonada!
* * *
Shukur, shoirlarga sen go‘r qazmading…
She’rin o‘g‘irlading Rasul Hamzatning!
* * *
Bir qarasam – sen she’riyat dushmani!
Bir qarasam – she’r do‘stiman, dermisan?
So‘zingdan, o‘zingdan topmadim ma’ni, –
Ikki jahon ovvorasi senmisan?
Turkman tilidan Muzaffar Ahmad tabdili