Turk adibi O‘qtoy Rifat Xo‘rozji (Oktay Rifat Horozcu) Istanbulda tug‘ilgan. Anqara universitetining huquqshunoslik fakultetini tamomlagan. Nashriyot direktori, keyinchalik Istanbul Davlat temir yo‘llarida advokat bo‘lib ishlagan. U bir qator sahna asarlari va romanlar muallifidir.
QALDIRG‘OCh
Qaldirg‘ochni eslatar menga
Yo‘l bo‘yida turgan simyog‘och.
Lekin doim yodimga solar
Uyimizni o‘sha qaldirg‘och.
QIZGINA
O‘n oltiga to‘lganda yoshi
Bir beva ayolning betayin,
Daydi o‘g‘lin sevib qoldi u.
Emay, ichmay qo‘ydi hattoki.
Ishqdan qalbi gupurgan chog‘i
Osmonlarga yetgancha boshi —
Talpinadi unga qizgina
Bo‘lmasa ham, uyi, o‘chog‘i.
ISTANBUL QO‘ShIG‘I
Qosimposha bo‘yi – aslahaxona,
Bir qiz sevdim, omon olloh, yagona.
Oshiqlarga doim “qiz-piz” bahona,
Sara chechak — dasta gulim,
Jonim Istanbulim,
Omon-omon, bahona.
Borib ko‘rdim, qiy-chuv baliq bozori,
Ichib sarxush bo‘ldim men dil ozori,
Uch qadahga uchta bodom shakari,
Sara chechak — dasta gulim,
Jonim Istanbulim,
Omon-omon, bodom shakari.
SO‘NGSO‘Z
Tomog‘ingdan qult-qult o‘tuvchi
Oddiy suvning qadriga yet.
Nima o‘zi bu moviy dema,
Derazangdan ko‘z ilg‘agancha
Osmonning qadriga yet.
Qadriga yetgil
Gullab turgan bodomning.
Oftob tushgan xonaning,
Loy ko‘chalarning.
Oqning, Qoraning, Yashilning
Pushtining qadriga yet.
Hayot shunday xilqat yurakda
Sevinch bilan tipirchilaydi.
Ming xil xayol odam boshida,
Inson zoti qizishadi,
G‘azablanar, janjallashadi.
Xalqni deb jangga kirganda
O‘sha qo‘rquvli sevinchning,
Qahru g‘azabning qadriga yet.
Shuni bilki, oftob
Tiriklarni istar faqat.
Sen quyoshning qadriga yet.
QUShDAYIN
Turkanga
Qushdayin uchaman yo‘llarda
Tutgancha yorimning qo‘lini.
Tomirda qonlarim gupirar,
Quchganda dilbarim belini.
Jannat taomidan shirinroq
Birga yesak pishloq bilan non.
Ko‘nglim olsa g‘am bosganida
Meniki bo‘ladi keng jahon.
Uyqu kelmas ko‘zlarimga
Dildor kelgandan beri.
Sahar chog‘i yozib bu she’rni,
So‘ngra o‘qib berdim yorimga.
TURKANGA MARSIYa
Boshin egib oqimda ketayapti
Kecha-kunduz zamonning dildorasi.
Inju kabi yaltiraydi kunlari —
O‘n uch fevral olti iyul orasi.
U bir kema to‘lqinlar-la talashar,
Netay dardim qalbimga o‘t qalashar.
Menga endi o‘lib ketish yarashar,
Qonamoqda jigarimning yarasi.
O‘lgan bilan birga o‘lib bo‘lmaydi,
O‘lib bo‘lmas hamda kechib bo‘lmaydi.
Mening dardim o‘lmaguncha qolmaydi,
Yig‘la ko‘zim, yig‘lamoqning sirasi.
O‘qtoy derki yaradorman, g‘oziman,
Darbadarday aylanaman, kezaman.
Birovning baxtini ko‘rsam sezaman,
Birodarlar, yo‘q bu dardning chorasi.
Turkchadan Fayzi Shohismoil tarjimalari