Habibullo Fayzullo (1945-1980)

Habibullo Fayzullo 1945 yil 15 mart kuni Vose’ nohiyasining Xovaling qishlog‘ida tug‘ilgan. Dushanbe Pedagogika institutining tarix-filologiya fakultetini bitirgan. So‘ngra «Tojikiston komsomoli» va «Dushanbe oqshomi» gazetalarida adabiy xodim bo‘lib ishlagan. 1973 yilda Moskvadagi Gorkiy nomli adabiyot institutini bitirgan. Tojik Sovet Ensiklopediyasi tahrir hayatining xodimi, «Maorif va madaniyat» jurnali xodimi, Tojikiston yozuvchilar Ittifoqi adabiyot targ‘iboti bo‘limi mas’uli bo‘lgan.
«Yomg‘ir tomchilari», «Yoshlik dunyosi», «Orzular diydori», «Chilchanor» kabi kitoblari chop etilgan. Rus tilida «Yabloko», «Bol» kabi kitblari chop etilgan. 1976 yilda Tojikiston yozuvchilar Ittifoqiga qabul qilingan. 1980 yil 8 iyunda avtomobil halokati tufayli vafot etgan.

BEDORLIK

Kulgular, shodliklar, qayg‘ular aro
Umring o‘tar-ketar, bilmay qolasan.
Sarxush bo‘lib yuksak ishqu havasdan
Umring qanday o‘tar, bilmay qolasan.

Olis koinotni zabt etar asrim,
Biz esa talpindik faqat yurakka.
Alamu armonlar quvonchdan ziyod,
Qalb esa tashnadir isyonga, erkka.

Bizlarga do‘stlar ham boqar aftoda,
Ba’zan uyqu qochar sahargacha to.
Ba’zan bedor yurak uyquga cho‘mar,
Ammo tushlar ko‘rar bedorlik aro.

QAYG‘U

Agar dunyo aro bo‘lmasa qayg‘u,
Yurak ham chekmasdi nola, vovaylo.
Axir, tog‘u toshdan tushmas ekan suv,
Qaydan paydo bo‘lar bu so‘ngsiz daryo?

Agar dunyo aro bo‘lmasa qayg‘u,
Na shoir, na she’rdan bo‘lardi nishon.
Na tordan chiqardi alamli sado,
Nay ohi ezmasdi yurakni, ishon.

Mehru muhabbat ham bo‘lmaganda-ku,
Beshikda chaqaloq jilmaymas edi.
Agarchi jismida yonmasa qayg‘u
Temir ham zanglamas va sinmas edi.

Hayot borki, qayg‘u nafasi so‘nmas,
Qayg‘u umrimizga qo‘shar doim rang.
Tog‘da buloq aytar: — Abadiy tinmas
Dardli ham dardsiz dil o‘rtasida jang.

VARZOB

Yuksaklardan oqib tushar vodiyga Varzob,
To‘lib oqar, halqa toshlar to‘lqinga girdob.
Faryod chekar, o‘zaniga sig‘masdan aslo,
Fig‘onidan tog‘u toshda yangrar aks-sado.

Tong payti, tog‘lardan oshganda quyosh,
Nurlari to‘lqindan yasar tillaqosh.
Tillarang sochlari taralib har yon,
Intilar cheki yo‘q ufqqa tomon.

Qirg‘oqda o‘tirib tinglayman suvni,
Tuygayman to‘lqinda sharshara — kuyni.
Varzob osha erur, soylar — bolalar,
Ulardan yashnaydi dashtu dalalar.

Varzobning suvlari guvillab toshar,
Tog‘ning ohusideq raqsga tushar.
Hayot mavjlarini tinglaydi yurak,
Guvlar har to‘lqinda orzu va tilak.

Tilak Jo‘ra tarjimasi