Gulruxsor (1947)

Otashnafas shoira Gulruxsor (Safiyeva Gulruxsor) 1947 yil 17 dekabrda Komsomolobod (hozirgi Nurobod) nohiyasining Yaxch qishlog‘ida tug‘ilgan. 1968 yilda Tojikiston Davlat Universitetining tojik filologiyasi fakultetini bitirgan.
Ilk mehnat faoliyatini «Tojikiston komsomoli» ro‘znomasida boshlagan. Tojikiston Lenin komsomoli markaziy qo‘mitasi matbuot bo‘limi mudiri, «Tojikiston pioneri» ro‘znomasida muharrir, yozuvchilar Ittifoqi rayosati kotibi, Tojikiston madaniyati xazinasi raisi va Rossiya «Evro-Osiyo» xalqaro akademiyasi raisi vazifalarida xizmat qilgan. Ayni paytda xalqaro «Jahon She’riyati akademiyasi»ning raisidir.
Shoiraning ilk she’ri 1962 yilda «Sovet Qarotegini» gazetasida chop etilgan. Shundan so‘ng shoiraning «Bunafsha», «Ota uyi», «Tog‘ afsonasi», «Dil olami», «Ixlos», «Sug‘d otashi», «Boxtar ruhi», «Gazal paymonasi», «Toshdagi shu’la» va «Faqat Ishq» kabi she’riy to‘plamlari chop etildi. Ruch tilida «Odna planeta na dvoix» kitobi nashr etilgan.
Shoira qalamiga mansub bo‘lmish nazmiy va nasriy asarlar xorijiy tillarga tarjima qilingan. Tojikiston Lenin Komsomoli, umumittifoq Lenin Komsomoli, Abu Abdulloh Rudakiy nomidagi Davlat Mukofoti, Helmut Hammet nomli (AQSh) adabiy mukofotlar sovrindori. Tojikiston xalq shoirasi. 1971 yildan Tojikiston yozuvchilar Ittifoqi a’zosi.

VATAN

Ont ichaman, Yaxch chashmalari
Ko‘zlarimdan otilgan yoshdir.
Ko‘kda qotgan, yulduzlar bari
Nigohlarim qadalgan toshdir.

Izlamadim molu siymu zar,
Menda bori faqat bir hunar,
Sening haqiqating tilimda,
Sening muhabbating dilimda,
Vatan!

Ne qilibdi, gar ko‘ngli qaro
Aylamasa nuringga nazar.
Sening qaro kechalaring ham
Mening uchun oydin, munavvar.

Bu zaminning osmonlarida
Sen tanhosan misli Kahkashon.
Dushmaningni cho‘ktirmoqqa tiz
Adolatdek mangusan hamon,
Vatan!

Bu olamda minglab tepalar
Sening farzandlaring mozori.
Senga bag‘ishlangan ularning
Erga singgan gulgun bahori.

Shundan, bu yuz turlik zamona,
Hikmatingga berajakdir tan.
Sulhning baland minbarlaridan
Sening so‘zing yangraydi, Vatan!

Dil bahori,
Jon qarori,
Qanotimning madori,
Vatan!
Onamning o‘rnida — onam,
Vatan!
Ikki ko‘rar ko‘zim mening,
Ilk bor aytgan so‘zim mening,
Zamindagi ganjim mening,
E’tiqod, suyanchim mening —
Vatan!
Vatan!!
Vatan!!!

Olimjon Bo‘riyev tarjimasi

MUHABBAT

Bilganingdek  o‘zing meni, o‘shaldirman, o‘shaldirman,
Oshig‘i beqaror o‘sha, go‘zaldirman, go‘zaldirman.
Hamon xumordir kezlarim, hamon anordir yuzlarim,
Bamisoli Samandar rush, goh uchrun, goh olovdirman.

Na shamshiri fisqu fasod, na-da zanjiri bul  qismat,
G‘ov bo‘lolmas yo‘llarimga, mening yo‘lim sen, muhabbat!
Ey muhabbat, ey muhabbat, azoblaysan meni faqat,
Dil uyimda qayg‘ularim kitob yanglig‘ bo‘ldi qat-qat.

Ey muhabbat, ey muhabbat, bu olamda yo‘qdir mendek
Biror oshiq, biror gado!
Ey muhabbat, ey muhabbat, bu olamda yo‘qdir sendek
Biror panoh, biror Xudo!

MEZON

Kecha xandon, uy zindonlik nechun yor?
Bolalarga bo‘lsangizchi mehribon.
Johillaru nomardlar dunyosida
Ayolingiz-gulingiz istar posbon.

Ajal mudom tiriklikdan qarzdordir,
Tiriklikda yetishing mangulikka.
Olov yanglig‘ dilingizni yondiring,
Tashnadillar erishsin yorug‘likka.

Haq hukmini bizlarga o‘rgatingiz.
Tokim gunoh yo‘lga ketmaylik kirib.
Muhabbatning ko‘zi bir-la boqingiz,
Men zerikdim ishqu havassiz yurib.

Ko‘zingizla boqib jumla jahonga
Musaffolik, zebolikni tilayin.
Ӯlchab sizning amal mezoningiz-la
Olam yaxshi yomonligin bilayin.

YoDGORLIK

Ketganlardan bir sen qolding
Qolganlardan bir murg‘i Haq.
Yodlar aro hazin g‘urub
Shodlar aro husni shafaq!

DA’VAT

Ko‘zlarim ishqing-la  to‘ladir
Turfa rang chechaklar unda bor.
Tong chog‘i ko‘zlarim bog‘iga
Lolalar tergali kelgin yor!

HAYoT

Hayot, bu – she’r erur – shoir emasmiz.
Hayot, bu – mehrdir – mohir emasmiz.
Hayot, bu – parvozi orzu qushining
Hayf bizga, hayf bizga toir emasmiz!

Tojikchadan Hasanboy G‘oyib tarjimasi

MENI ESLAB QO‘YGIN ShUNDA BIR BORA

Qachonkim el ichra, yolg‘iz qolsang gar,
Muhabbat daftarin qo‘lga olsang gar,
Rangimdek za’faron varaqlar ichra,
Men bitgan nomaga nazar solsang gar.
Meni eslab qo‘ygin shunda bir bora.

Bordiyu izlasang ilhom parisin,
Nigohing sayr etsa izlagan sayin,
Uchrasa nogahon bir paripaykar,
Lutf aylab termilsa ko‘zingga mayin,
Meni eslab ko‘ygin shunda bir bora.

Goh jafo, goh safo hayotga yo‘ldosh,
Payvanddir xatoyu tadbiru bardosh,
Gunohing jabrini tortgan chog‘ingda,
Ko‘zingdan to‘kilsa gar alamli yosh,
Meni eslab ko‘ygin shunda bir bora.

Navbahor gul bazmin etganda bunyod,
Bulbulning ko‘ksidan uchganda faryod,
Gul-gul yashnatsa gar gullar jamoli,
Lolaning yonishi qalbing etsa shod,
Meni eslab ko‘ygin shunda bir bora.

Tojikchadan Jonibek Quvnoq tarjimasi

POMIR

Nurli cho‘qqisi tomon meni chorlaydi Pomir,
Men ham keksa donishning tolibman yo‘rig‘iga.
O‘rganay deyman undan otib zaminga tomir,
Tik qad tutib yashashni bu hayot qo‘rig‘ida.

Botqoqlik nima — bilmas, tog‘lar aytsalar, derdim,
Yuksakliklar sirini. Shu tog‘lar-ku, maktabi.
Yashab sira qartaymas, ularga men tan berdim,
Yor qalbin tinglarkanlar kitob o‘qigan kabi.

Quyoshga eng yaqin yo‘l tog‘da ekani aniq,
Orzularning ro‘yobi quyosh bor yerda, zotan.
Pomir bolakayiga andak o‘xshash, sho‘x, yoniq,
Baxt shunday yuksaklikni aylar, odatda, Vatan.

Bu serquyosh cho‘qqilar ko‘rgan qancha qadamni,
Qancha siri ochilgan, ochilmagani qancha.
Mirzo Tursunzoda ham shunday…
Zotan, olamni
Bilmoq osonmi ekan, deyman olis boqqancha.

Saxiy Pomir, sen tomon uchirmoqda xayolim,
Chashmalaring deyinmi Shug‘non qizlarin kuyi.
Shalolalar — Qimmatsho torin savti misoli…
Faqat shavq emas lekin ko‘rganing umr bo‘yi.

Dalalarga chopqillar to‘polonchi irmoqlar,
Muzliklar ko‘z yoshidan yashnayotir to‘rt taraf.
Ona-er qonsin uchun, ko‘klasin deb bog‘-rog‘lar,
Umr bo‘yi to‘kar yosh, deyman tog‘larga qarab.

Berk Badaxshon eshigin ochmoq istayman o‘zim,
Dilim gung qoyalar-la suhbatga xohish sezar.
Fedchenkoning nigohi bilan emas, o‘z ko‘zim —
Pomir qizin ko‘zi-la tashlasam deyman nazar.

Men qorli cho‘qqilarni bir-bir silab chiqqim bor,
Qishloqdagi taqvodor bobomday boshlari oq.
Tanada chandiqlari — qonli yillardan yodgor,
Manglaydagi har ajin — hayotdan bitta saboq.

Aqalli bir on bo‘lsin, senga, Pomir, uchgum bor,
Har toshingda yuz asror, har tosh — yuz daryo boshi.
Kimki quyoshga oshiq, bunda fazoviy zalvor,
Mard uchun to‘siq ham mo‘l, sinasa gar bardoshin.

Pomir tog‘ emas, yo‘q-yo‘q. U — alp odam, shiddatkor…

TEGIRMON

Och-yupun yillari butun qishloqqa
Ona bo‘lgan eding, ko‘rsatib shafqat.
Hech kim qadam bosmas endi sen yoqqa,
Mung‘ayib turibsan — yodgorliksan faqat…

Senga aytgan so‘zim qoldi javobsiz,
Faqat tog‘dan qaytdi aksu sadosi.
Yuragimga soldi alamli bir his
Hayhotday hayotning achchiq savdosi.

Vayrona bag‘ringdan yontoq mo‘ralab,
Qurigan suvingdan ruhimda motam.
Tegirmon, dardlarim tortgil maydalab,
Toki huzuringdan qaytay besitam.

Qishloqqa kelgandim ichay deb safo,
Sokin quvonchlardan to‘ldiray deb qalb,
Urush azoblarin esladim ammo,
Tegirmon, vayrona holingga qarab.

Kim istarki, dilxun onalar hamon
Sarg‘aygan qog‘ozlar uzra to‘ksin mung…
Jon edi, non edi senga tushgan don,
Urush-chi, dillardan tortgan edi un.

Sen esa, tegirmon, mayli, bir hovuch,
Tutarding boringni, yengsin deb hayot.
So‘nggi bardoshlarga eding tirgovuch,
Sendan topar edi har kim bir najot.

Shundan o‘limlarni qoldirib dog‘da,
Er edi odamlar bardosh nonini.
Katta madad bo‘lib och-yupun chog‘da,
Maydalab tutarding umid donini.

Men ham yiqilmovdim u og‘ir kezlar,
Bir kaft uning meni turgandi qo‘llab.
Vayrona bastingga tushdiyu ko‘zlar,
Bu gal mening o‘zim ketdim naq qulab.

Toming o‘tin bo‘lgan allaqachonlar,
Hech kim holing so‘rmas, g‘amingni yemas.
Dumaloq toshing ham tashlandiq. Zotan
Zvarnots bag‘ridan olingan emas.

O‘kinma, tegirmon, bilsang aslini,
Chang bosgan toshlaring — men uchun yorliq.
Ulardan quray men shafqat qasrini,
Senga va onamga tiklay yodgorlik.

Eslayman: don sepsa, kim tuproq kechib,
Sen uning yodiga kelarding darhol.
Endi xotiradan ketyapsan o‘chib,
So‘g‘diyona moziy bo‘lgandek, ne hol?!

UYQU OLDIDAGI TILOVAT

Orzularim mening — bedor xushro‘ylarim,
Erta kunga qadar xayr-xo‘sh sizga.
Hayot haqidagi tuganmas o‘ylarim,
Oppoq tongga qadar oppoq tush sizga.

Menga yaxshilikni istamas do‘stim.
Xayr,
Erta tongdan bo‘lgil serhimmat.
Mudom bilmay yasha hayot kam-ko‘stin,
Xotirjamlik bo‘lsin uyingda har vaqt.
Sovuq yuragingda paydo bo‘lsin o‘t,
Uning shu’lalarin odamlarga tut.

Ey, yog‘iy, sen esa yolg‘on so‘zdamas,
Chin dildan bo‘lolgil, bo‘lsang xayrixoh.
Qisiq ko‘zlaringdan rashk-hasad emas,
Joy olsin hayotbaxsh, ilhombaxsh nigoh.
Tikmog‘ing-chun shunday nigohni menga,
To yangi kungacha xayr-xo‘sh senga.

Birodarim mening — saxiyqalb inson,
Yaxshiliklar ko‘rgil yaxshiliging-chun.
Hayot — bu doimo murod va armon,
Hayot — bu doimo kunduz bilan tun.
Xayr tongga qadar, murod va armon,
Men hamma, hammaga oq tong tilarman.

Tilak Jo‘ra tarjimasi

KETDI MUHABBAT

Muhabbatsiz qanday yashamoq mumkin,
Butunlay unutib, unutilmasdan.
Qanday yashash mumkin labda tabassum,
Ishqdan kechib, ortga qaytmasdan?

Faqatgina sevgi, faqat u qodir
Bizga to‘g‘ri yo‘lni ko‘rsatmoqlikka.
Yashashga chorlar u, o‘limga chorlar,
Chorlagay qaytadan tirilmoqlikka.

Botqoq ichra qolgan baliqlar yanglig‘
Tog‘lar daryosini qo‘msab sog‘inib,
Mahkummiz sevmagan yorla yashashga,
O‘zni aldab, dildan kuyib, ovunib.

Billur ishqning po‘lat darvozasini
Taqillatib noumid, nochor,
Qanday o‘z-o‘zingdan qochmoqlik mumkin,
O‘zligingni unutmay takror.

O‘z aybingla tushgan do‘zaxda
Jannatdan yor kelishin kutib,
Ishq daraxtin kesib tashlashga
Kuch topmasdan fig‘oning chiqib,
Ado bo‘lib ishqning o‘tida
Qanday o‘lmay qolishlik mumkin?
…Ketdi sevgi, qoldi dard, og‘riq,
Sevgisizlik dilni kemirar.
Endi o‘zim yashayman tanho
Yolg‘izlikning zahrin simirib.

Rus tilidan Hasanboy G‘oyib tarjimasi

* * *

Turmush sahna,
Ijro etgum turfa o‘yinlar,
Gohi yulduz,
gohi cho‘g‘u
gohi kul bo‘ldim.
Goh yururman giryalarga parvo etmayin,
Goh kulgumning xushk yoshidan
jiqqa ho‘l bo‘ldim.
Niqobimda o‘zlarini izlar odamlar,
Qadrim ortar nazarlarda go‘yoki har kun.
Zarralarga bo‘linib goh suvga aylangum,
Bilishsaydi o‘yin – marg bu,
Bo‘lishar dilxun.
Men – shohdirman,
Men – gadoman,
o‘zim emasman.
Goh umanu goh buman,
yo‘qdir qiyofam.
Men u bo‘lib boshqalarga o‘qiyman g‘azal,
To o‘zgalar dardlarini ko‘rmak-chun baham.
Ortar bunday hunarimga maylu rag‘batim,
Ochilmagan ko‘zlarda men tosh qotay toki.
Men sahnada tugaydirman hayot jahdida,
Boshda o‘zga kulohi-yu
labimda ohi.

BIR DO‘STIM BOR

Do‘stim bor,
dushmanim qarindosh unga,
Anduhu ozorim kutib yuradi.
Tilda u men bilan hamdardu, pinhon
Ag‘yorga sirlarim sotib turadi.
Duch kelib qolganda ikkiyuz ilon
Sadoqat bobida ko‘rsatar o‘zin.
Topmoqqa intilar ko‘nglimga u yo‘l,
Lahzada necha bor tuslanar yuzi.
Umri uzoq bo‘lsin,
mayli, uning ham.
Yo‘l usti toshidan nechun ranjimoq?
Jon tikish urfidan g‘ofildir axir,
Qalbi ham emasdir axir begunoh.
Men faqat o‘zimni ayblayman hanuz,
Ishonganim uchun yolg‘on so‘ziga.
Men nechun sezmadim sovuq bir cho‘g‘ni
Uning yiltillagan makkor ko‘zidan?…

Jamshid tarjimasi