Zinnur Mansurov (1949)

Zinnur Mu’jib o‘g‘li Mansurov (Zinnur Mөҗip ulы Mansurov) Tataristonning Mamadish viloyatidagi Tuban Ushmi ovulida tug‘ilgan. Qozon davlat universitetining tarix-filologiya fakultetida o‘qigan. Matbuotda, Tatariston Yozuvchilar uyushmasida xizmat qilgan. Qozon, Ufa va Moskvada yigirmadan ortiq kitobi bosilgan. 2009 yili Abdulla To‘qay nomidagi davlat mukofoti bilan taqdirlangan. 2017 yilda Turkiy dunyoning adabiyot kishisi.

BOSh

Etti teshikli to‘qmoq…
Qrim-tatar topishmog‘idan

Avvaldan ko‘p ur-sur bo‘lding,
Etti teshikli to‘qmoq!
O‘z qavmingni surgun qilding
O‘z yurtidan sen biroq..

O‘z xalqini chiqishtirmay,
Tiriklay go‘rga tiqmoq
Ishidan hech qutulmading,
Etti teshikli to‘qmoq!

Masko‘v taxtin qatag‘oni,
Bo‘g‘moq, turmaga tiqmoq;
Devorlarni dupurlatgan
Etti teshikli to‘qmoq!

Ishing kar eshiklarni
Qonli qo‘l bilan qoqmoq!
Butlarni ham o‘yga solding,
Etti teshikli to‘qmoq!

Maydonlarda yangi yurtdosh
Tug‘ildi, bu yaxshiroq…
Topishmoqni
chalkashtirdim,
Etti teshikli to‘qmoq,
Urilibsan xo‘p,
bo‘libsan
Etmish teshikli to‘qmoq!..

QADAHDAGI TIKAN

Ey, Mansurov*, jonajon do‘stim,
Kiy boshingga tikanli tojni!..
       A.S.Pushkin

Almisoqdan qolgan saloming
oldim qancha qishu yozdan so‘ng.
Haqdan kechib… valiy kaloming
yozug‘imga qo‘shib yozgansan.

Farishtalar bir she’riy duo
o‘qimishlar menga beshikda.
Adashlarim adashmish go‘yo,
ingrar ular besh uy, eshikda.

Shariatga mos she’rlar hatto;
zamonga xos odim otay deb,
emizikli qalamlar burro
Xayyomona sharobdan ichib.

Vahiylaring ayladi vosvos,
men ham tangri quliman, axir;
taqdirimga kirmishsan noxos –
ul asrda edim-ku asir.

Kitobingni varaqlab qat-qat,
o‘z-o‘zimga ochganmidim fol,
irimlangan betlardan bot-bot
Parnas gulin toparkan xushhol?..

Ul toj sir-la tamg‘alanganmi?
Ilhommi u, yo asriy ro‘yo?
Men taqdirga moslashyapmanmi,
moslashmoqda taqdir menga yo?..

Nomim eslab bitikda bir payt,
berganmiding xabar g‘oyibdan?
Tikanli toj mujdasi faqat
bari azob, bari g‘am ekan.

Taqdiriga qarshi borgay kim?
Ofatlardan asra, ber omon…
Qadahdagi tikanlarni jim
yuragimga ko‘mib boraman…

Quvonurman, adashligimni
kitobingdan o‘qirkan, rahmat!
…Bitikdagi so‘zlarni bu payt
chinga olib, adashmadimmi?
____________
* Pushkin o‘z zamondoshi bo‘lgan harbiy Pavel Mansurovni nazarda tutgan.

AVLIYoLAR TOG‘IGA ChIQISh

“Oldinga – kun chiqishga, o‘ngga – kun o‘rtasiga,
orqaga – kunbotarga, so‘lga – tun o‘rtasiga qadar
cho‘zilgan yerlardagi tarqoq xalqni to‘pladim”.
Kultegin bitigidan

Yalangoyoq o‘g‘londek, o‘h-ho‘,
yalang Yerda qaylarga bordim.
Jonimni o‘rtagan g‘amlarni
soylarga oqizib yubordim.

Qo‘shig‘imi aytdim yangratib,
kezginchi bir baxshi-oshiqdim.
Avliyolar tog‘iga chiqib,
dilni bo‘shatishga oshiqdim.

Ko‘klam bulutlari qatindan
bir sirli, sehrli tin keldi.
Yuksakda farishta qanoti
unga urilganday tuyuldi.

Ko‘pdandir tilakka erishdim,
shundandir ko‘ngil to‘q, ko‘r, mana.
Bundan Bulg‘or, Bilar, Sibirlar,
Oq O‘rda, Ko‘k O‘rda ko‘rinar.

Xayoliy saroblar ortinda
xonliklar ko‘rinar ko‘zimga.
Bu tarqoq xoqonlik, tuproqlar
barisi o‘zimdan, o‘zimga.

Mahrumlikning chegaralarin
Avliyolar tog‘ida ko‘rdim.
Qalbimning o‘z qayg‘ularini
tag‘in o‘z o‘rniga qaytardim.

Bo‘g‘zimda yosh qonga bo‘yaldi.
Ko‘k dalaning unda bor isi.
Shu to‘zg‘igan qumdan so‘raymi –
deb: “Biz bunda kimlar vorisi?”

Xotirda jonlangan manzara
tumanga ko‘milgan tush endi.
…O‘sha Avliyolar tog‘idan
tuban bir holatda tushildi.

BOG‘LANGAN ChALG‘IChI

Tushga yo‘yib, g‘amga qo‘yib, ko‘z tikib,
falakka dardini ko‘p bor aytdi chol.
…Toshqal’aning etagida, o‘tloqda
pichan o‘rar Xizrsifat oqsoqol.

O‘z-o‘zini chilvir bilan bog‘lab ham
yiqilmasdan oyog‘ida tik turar.
Bunda bir ish qilib bo‘lmas tinchgina,
shunday yerki, yo ter, yo qon oqtirar.

Buyuklikka berilib ko‘p g‘o‘dayma,
Olloh har bir xalqqa bir o‘lka bergan.
Edil yurtga o‘lim sochib kelsa yov,
boshin kesib, bobolarim ko‘p qirgan.

Tubigacha ochilgan ko‘z yaradek,
qolar yerda bir shish kabi yalang tosh.
El keksasi pichan o‘rar o‘tloqda,
chalg‘isiga qonli o‘lan o‘ralash.

Yo‘ng‘ichqalar oqib tushar nishabdan,
go‘yo pastda so‘nmagan bir qo‘r yotar.
Qayroqtoshga tegib chalg‘i, ching‘illab,
ufqdagi chaqmoq dardin qo‘zg‘otar.

Kinli cherik changal otib har yurtga,
qirg‘in qilar, kim to‘xtatar bu selni?
Kengliklarda ko‘m-ko‘k o‘tni o‘stirmay,
toptar ular… biz sog‘indik hur yelni.

Tushga yo‘yib, g‘amga qo‘yib, ko‘z tikib,
falakka dardini ko‘p bor aytdi chol.
…Toshqal’aning etagida, o‘tloqda
pichan o‘rar Xizrsifat oqsoqol.

BOSh

Etti teshikli to‘qmoq…
(Qrim- tatar topishmog‘i)

Avvaldan ko‘p ur-sur bo‘lding,
etti teshikli to‘qmoq!
O‘z qavmingni surgun qilding
o‘z yurtidan sen biroq..

O‘z xalqini chiqishtirmay,
tiriklay go‘rga tiqmoq
ishidan hech qutulmading,
etti teshikli to‘qmoq!

Masko‘v taxtin qatag‘oni,
bo‘g‘moq, turmaga tiqmoq;
devorlarni dupurlatgan
etti teshikli to‘qmoq!

Ishing kar eshiklarni
qonli qo‘l bilan qoqmoq!
Butlarni ham o‘yga solding,
etti teshikli to‘qmoq!

Maydonlarda yangi yurtdosh
tug‘ildi, bu yaxshiroq…
Topishmoqni
chalkashtirdim,
etti teshikli to‘qmoq,
urilibsan xo‘p,
bo‘libsan
etmish teshikli to‘qmoq!..

Tatar tilidan Tohir Qahhor tarjimaci