Said Ramiyev (1880-1926)

Said Lutfulla o‘g‘li Ramiyev (Sәgыyt Rәmiyev, Säğit Rämiev) Orenburg viloyatining Oqmon qishlog‘ida tug‘ilgan. Husayniya madrasasini bitirgan. Arab, fors, rus tillarini o‘rgangan. Bir muddat madrasada dars bergan, so‘ng Qozonga kelib, 1905 yildan “Tong yulduzi” gazetasida ishlagan, “Al-Isloh” gazetasi bilan hamkorlik qilgan; 1910 yildan Astraxandagi “Edil” gazetasida kotib bo‘lib faoliyat ko‘rsatgan. 1914 yilda chor hukumati gazeta nashrini to‘xtattiradi, S.Ramiyev esa oilasi bilan Ufaga ko‘chiriladi. Shoir 1926 yili sil kasaliga chalinib vafot etgan.

ALDANISh

Men yiqildim… O‘ldi ruhim…
Qolmadi hech rohatim.
Kunduz – og‘ir… Tun – qabr…
Yilday uzun har soatim.

Qoldi ko‘nglim bu jahondan –
Yo‘qdir unda hech subut.
Yo‘q haqiqat, aldagay u,
Suv desam men, u der o‘t.

Ko‘kka hech chiqmas quyosh,
Bu ham uning bir hiylasi,
Ko‘kda oy yo‘q, yerda olim,
Bor saroblar shu’lasi.

Bir sarobdir olam asli,
Bor na yerlar, bor na ko‘k,
Yo‘q tabiat, yo‘q xaloyiq,
Na o‘lik bor, na tirik.

Yo‘q chini hech narsaning,
Chin faqat xor-zorlig‘im,
Bitdim, aldandim, yonurman…
Bir yonar o‘t borlig‘im.

O‘tdi oqqan shaldirab ul
Suvdayin shod kunlarim,
Bir qorong‘u ham tutunli
Kunga do‘ndi tunlarim…

Borlig‘im podshosi sensan,
Osh desang, tog‘lar oshay,
Bermish Olloh umrimizni,
Sen yasha, men ham yashay.

Barcha boqqaylar mehrsiz,
Och, do‘laygan ko‘z bilan.
Ham so‘karlar qichqirib,
Achchiq, alamlik so‘z bilan.

Uchrashib qolsak tasodif,
Yo ko‘rishsam ish bilan,
Tishlagaylar bir ilondek
Zap-zaharlik tish bilan.

Teskari dunyoga la’nat!
Menga har dam ters boqar,
Ishq o‘tin yoqsam, u doim
Ayriliq shamin yoqar.

Shu falak ham o‘zgararmi?
O‘zgararmi qora baxt?
Biz uchun ham kun chiqarmi?
Tong otarmi – qaysi vaqt?..

Gar xayol etsam, ko‘zimning
oldida turgay yuzing,
Har ne o‘y-fikrim ichinda
Eng yoqimli o‘y o‘zing.

Sengina bor hasratimni
Tarqatursan – tarqat, ot!
So‘ndirib rohat quyoshim,
Istasang, ko‘kni qorayt!

INGRA, KO‘NGLIM

Ingra, ingra, ingra, ko‘nglim,
Ingra, bir on to‘xtamay!
Ingra oylar, ingra yillar,
Ingra kun-tun uxlamay!..

Ingra, ingra, sen muhabbat
O‘tlarindan gul yarat!
Har ne zulmat, har ne hasrat
Kunlarinda nur yarat!..

Tatar tilidan Tohir Qahhor tarjimaci