Dardmand (1859-1921)

Muhammadzokir Muhammadsodiq o‘g‘li Ramiyev (Mөxәmmәtzәkir Mөxәmmәtsadыyk ulы Rәmiyev, Mөxəmmətzəkir Mөxəmmətsadıyq uğlı Rəmiev) (taxallusi Dardmand – Dәrdemәnd) Orenburg viloyatining Istarlitomoq tumanidagi Jirgan qishlog‘ida tug‘ilgan. Muhammadzokir maktabni tugatgach, Istanbulda yashab ta’lim oldi. 1881 yilda yurtiga qaytdi. Nashr ishlariga bosh urdi, ammo hukumatdan izn ololmadi. 1905 yildan keyingina niyatiga yetdi. “Vaqt” kundalik gazetasi (muharriri F.Karimiy) va “Sho‘ro” jurnali (muharriri R.Faxriddin)ning tashkil etilishida faol qatnashdi, ushbu nashrlar Qofqoz va Turkiston musulmon turkiylari fikriy hayotiga katta ta’sir ko‘rsatdi. Dardmand she’rlari falsafiy teranligi, muhit manzaralarini majoziy aks ettirishi bilan ajralib turadi.

KEMA

Shovullar dengiz.
G‘uvullar shamol.
Kema ochmish yelkanin.

Kechayu kunduz
Bosadur ul yo‘l,
Yo‘llari yot o‘lkaning.

Zo‘r shamol turar,
Kemani surar,
To‘lqinlar bizni o‘rar…

Bilmam, qay zamon
Qay girdob, o‘pqon
Tortar, bizdan jon so‘rab…

QOQILISh

O‘zing yerda, ko‘zing yerda – nedan bu?..
Ko‘rib ko‘k daftarin, yonding-yoqilding.
Yo‘lingda har neni ko‘rganding, nechun
Oyoq ostingdagi toshga qoqilding?..

TAQDIR

Quvondi el, qanot qoqdi malaklar,
Shoshib, hang-mang bo‘lib shayton tupurdi…
Etar, ko‘ngil, quvonch-la urma ortiq,
Kuyovmassan bu to‘yda, senga joy yo‘q,
Jahon taqdir to‘yin tuzganda bitmish,
Sening o‘rning – o‘liklar o‘lkasinda!..

KO‘KLAM

Keldi ko‘klam, kun aro yomg‘ir yog‘ar,
Tog‘ tarafdan sharqirab suvlar oqar.
Keldi oqqush g‘ag‘lashib ham keldi g‘oz,
Qaynadi qush, to‘ldi ko‘llar, bo‘ldi soz!..

Keldi ko‘klamning yetib porloq kuni,
Yangrar oqqush sayrashi, masrur uni.
Talpinib, og‘ir qanot qoqqan, ana,
G‘oz gala bo‘lgancha kelmishdir yana.

Keldi ko‘klamgi halovat oylari,
Sayrab uchdi ko‘kda bo‘zto‘rg‘aylari.
Ma’rashib o‘tlar sigir, qo‘y-qo‘zilar,
Kishnashib o‘ynar qulunlar – shod ular.

Cho‘lda erkin sayr etar hurkak kiyik,
Ko‘lda oqqush tovlanib suzgay, suyuk.
Sanduvochlar mungli-mungli sayrashar,
O‘ngu so‘lda har ne hayvon yayrashar…

O‘ROL-YoYIQ ShUNQORLARI

Nozik bellar qilich taqmas… kamarlanmish bel…
Toziy otlar yolini hech tarab o‘tmas yel.
Qarol bo‘ldi dalalarning oq tulpor oti,
O‘rol-Yoyiq shunqorining sinmish qanoti…

Tatar tilidan Tohir Qahhor tarjimaci