Evgeniy Yevtushenko (1932-2017)

Evtushenko Yevgeniy Aleksandrovich (1932.18.7, Irkutsk viloyati – 2017.1.04, Talsa, Oklaxoma, AQSh) — rus shoiri. Birinchi she’riy to‘plami «Kelajak razvedkachilari» (1952). Yevtushenko adabiyotni kompartiyaning g‘oyaviy quroliga aylantirmay, asl holiga qaytarishga — insoniyatning madadkoriga aylantirishga harakat qilgan.
Eng yaxshi asarlarida murakkab axloqiy va tarixiy masalalarni («Stalin vorislari», «Babiy Yar» she’rlari), xalqaro siyosatga daxldor muammolarni o‘rtaga tashlaydi, ijodida fuqarolik ruhi ustuvor mavqega ega.
«Uchinchi qor» (1955), «Tashabbuskorlar ko‘chasi» (1956), «Nazokat» (1962), «Bratsk GESi» (1965), «Aloqa qayig‘i» (1966), «Oppoq qor yog‘yapti» (1969), «Qozon dorilfununi» (1970), «Ishqiy lirika» (1973), «Ertalabki xalq» (1978), «Fuku» (1985) kabi to‘plamlari va dostonlari nashr etilgan.
«Mevali joylar» (1981) romani axloqiy mavzuda. «Iste’dod — betakror mo‘jiza» (1983) maqolalar to‘plami adabiyotshunoslik masalalari to‘g‘risida. «Bolalar bog‘chasi» (1984), «Stalinning dafn etilishi» (1990) filmlari muallifi.
Evtushenkoning «Oq qorlar» (1982), «Iltijo» (2021) she’riy to‘plamlari o‘zbek tilida nashr qilingan (1982).

YO‘QChILIK

I

Xalq qudrati cheksiz. Ko‘p mening kuchim.
Tebrangan har narsa mo‘rtmas, albatta.
Baxt va kulfat chekib urushda o‘sdim,
Yo‘qchilik avj olgan shu mamlakatda.

Tong yorir-yorimas non do‘koniga
Navbat turishardi tirg‘ilib-shoshib.
Chol soqolin silab xo‘rsindi shunda:
«Qayerda jang bo‘lsa, shu yerda ochlik».

U payt yetmas edi urushda doka,
Etik, samolyotu portlovchi qurol.
Ammo qadash uchun Berlin ustiga
Ol bayroqqa mato yetgan bemalol.

Endi to‘kin-sochin zamonlar keldi,
Rossiyada hamma to‘ygan chog‘ida —
Bu saf-saf navbatlar qaydan tug‘ildi,
Ko‘rib jonim kelar hiqildog‘imga.

Apelsin, jersi ber — to‘ymaydi ko‘zi,
Qoldirmay yutadi qandaydir shayton.
Ta’minotchi deydi tushib tarvuzi:
«La’nati! Hech narsa yetmaydi hamon!»

Qancha sukut bosgan yo‘l ortimizda,
Qorbo‘ron oralab olg‘a yuramiz.
Ammo kamlik bo‘lmas hech qachon bizda,
So‘nggi ko‘ylakni ham do‘stga beramiz.

Vijdonu nomusni qarzga olmaymiz,
O‘z qalbimiz bizga qilar kifoya.
Bizning zavol bilmas g‘ururimiz bor,
Mavzoleyga navbat bilmas nihoya.

Mening Vatanim bu. Kerakmas o‘zga,
Bozorga solmayman uning dardini.
Badavlat va xasis jodugar bo‘lsa,
Men bunchalik yonib sevmasdim uni.

Unda musibat ko‘p. Har g‘amga shayman.
Ojiz qaydan bilsin, axir, qudratni.
Qanchalik sevishim qanday atay man
Ko‘p narsa yetishmas shu mamlakatni.

Ruschadan Ma’ruf Jalil tarjimasi.

ERISh TUYuLADI…

Erish tuyuladi dardsiz yashamoq
Nafis adabiyot, xususan, she’rda.
Erish tuyuladi ko‘kni qo‘msamoq
Har holda odamlar yashagach yerda.

Dil istar qandaydir noyob so‘zlarni,
Mayli, tug‘ilsa ham ular qiyinroq.
Nekrasov ruhiga ergashar barcha,
U esa — teranroq, tag‘in teranroq.

Erish tuyuladi ko‘z yosh tinmasa,
Shafqat, yuz-xotir deb egilsa bo‘yin.
Erish tuyuladi sog‘inilmasa
Har holda samo ham bo‘lgandan keyin.

Dil istar qandaydir quyma so‘zlarni,
Qog‘ozga to‘kilsin osonu o‘ynoq.
Barcha ergashadi Pushkin ruhiga,
U esa — yuksakroq, tag‘in yuksakroq.

ChEGARA

Hamma narsada ham bordir ma’lum had:
Cheklidir bardosh, qalb, idrok, muhabbat,
Cheksiz kenglikning ham chegarasi bor.
Shoir, bas, ezmasin ko‘ngling hadigi —
Iqgidor va umring cheklanganligi,
Inon, bunda zarra gunoh yo‘q zinhor!

Ammoki nash’ador jilmaysa johil:
Degandek, u sho‘rlik tugabdi oxir, —
Bu aslo qalbingni etmasin yara.
Sen-ku tugamading, ruhingda sarhad.
Har qanday daho ham cheklangan, faqat
Inson razilligi bilmas chegara.

Men hamyonman.
Etibman yo‘lda.
Kun yarmida yotibman yolg‘iz.
Eh, odamlar, payqash o‘rniga
Toptamoqda oyoqlaringiz.
Nima bo‘lgan sizlarga, axir?!
Ko‘zlaringiz qo‘rmi yo?!
Atgang,
Meni sizdan berkitmoqdadir
Izingizdan ko‘tarilgan chang.
Bir bor boking.

Bir boqish xolos,
Men sizniki bo‘laman shu zum.
Surishtirmang egamni ham, rost
Erga qo‘ydim o‘zimni o‘zim.
Xayol qilmang, ip tortib bexos,
Taxta devor ortidan turib,
Shum bolakay ko‘tarmaydi bosh:
«Qotirdik!» deb, qahqaha urib.
Cho‘chitmasin istehzo bilan
Derazadan qaragan kimsa…
Qalbakimas, men haqiqiyman.

Bir bor boqing, ko‘rasiz shunda!
Men qo‘rqaman sizlardan araz —
Bir tasodif bosar tashvishi:
Ko‘rib qolar kutganim emas,
Olib ketar muhtojmas kishi…

Mirpo‘lat Mirzo tarjimalari

AFG‘ON ChUMOLISI

Afg‘on deb atalgan olis tuproqda
Bir o‘ris yigitin murdasi yotar.
O‘rmalab yuribdi muzdek yanoqda
Musulmon chumoli ayni kunbotar.

Qiynalib o‘rmalar — o‘limdan so‘ng ham
O‘sishdan to‘xtamas murda soqoli.
Yo‘l izlab borarkan, jim qotib bir dam
Murdaga gapira boshlar chumoli:

«Sen hatto bilmaysan bu yerning nomin,
Bilmaysan qayerda bo‘lgansan qurbon.
Faqat bilasanki — hayoting zomin,
Faqat bilasanki — yoningda Eron.

Sen-ku «Islom» degan so‘zning ma’nosin
Faqat shu o‘lkaga kirganda bilding,
Axir, ayt, sen o‘zing bilmagan yurtga
Nega miltig‘ingni ko‘tarib kelding?

Nimayam berarding mening elimga
Mabodo qoshingga kelib bosh ursa,
Axir, o‘z yurtingda kolbasa uchun
Odamlar soatlab navbatda tursa?

Yigirma million qabr kammidi,
Kammidi nohaq qon, yolg‘on, xiyonat ?
Nega yana sonsiz qurbonlar tilab
Bu yerga keldingiz boshlab qiyomat?

Afg‘on deb atalgan olis tuproqda
Bir o‘ris yigitin murdasi yotar
O‘rmalab borarkan muzdek yanokda
Musulmon chumoli boz o‘yga botar

Va ming alam ila bilmoqchi bo‘lar,
Yitsin degandayin bu yurtdan o‘lim,
Isoga cho‘qingan chumolilardan
Bu o‘ris yigitni tiriltmoq yo‘lin,

Ammo o‘sha olis — yetimlar dodi,
Bevalar faryodi pajmurda etgan
O‘lkada bu yo‘lning chorasin bilgan
Chumolilar bari qirilib ketgan.

BALKI KUNLAR O‘TIB…

Balki kunlar o‘tib izma-iz,
Bir kun kelib qolarman yolg‘iz.

Balki yillar o‘taru bir dam
O‘lganimni anglarman men ham.

Balki hali sovimay qonim
Unitilar yurtimda nomim.

Faqat kunlar o‘tsa-da besas,
Uyat bilan yashamasam bas.

Faqat yillar o‘tsa-da tushday,
Buqalamun holiga tushmay.

Faqat yuz yil o‘tsayam, kelib
Tupurmasin qabrimga elim.

Xurshid Davron tarjimasi

GIRYa

Momiq patlarida qotgan laxta qon,
Ko‘zlari chirt yumuq. Jim. Aftodahol.
Qayiqda chayqalib yotibdi bu on
Bitta g‘oz — qoramtir bir kumush misol.

Vilyuy bo‘ylab uchar edi ikkovlon,
Bittasi parvozda nogoh o‘q yedi.
Qayiq tepasida boshqasi nolon
Charx urib, armonda zor bo‘zlar edi.

«Kumushqanot ukam,
Tuxum po‘chog‘in
Pachaqlab chiqqandik qarshilab tongni.
Onamiz eng avval ochib quchog‘in
Seni to‘yg‘izardi,
So‘ng esa meni.

Kumushqanot ukam, sen eding bir zar,
Osmonga ko‘rk bo‘lib qilarding parvoz.
Rangparroq edim men. Nozanin g‘ozlar
Seni ko‘p sevardi,
meni esa — oz.

Kumushqanot ukam,
Mard atardilar
Seni
Yot ellarga borganimiz payt.
O‘sha yurt g‘ozlari kuzatardilar
Seni ko‘p mahliyo,
meni-chi — loqayd.

Parvoz qilar edik tinmay bir zamon
Qaro bulutlardan salgina pastda,
Jala quysa, sendan suvlari oson
Duv to‘kilar edi,
mendan-chi — asta.

Iztirob chekyapman,
Pushaymonlar yeb,
Men uchun sensiz baxt — yo‘qolgan sarob.
Sen mendan — men sendan
Ustun bo‘lay deb,
Sen kabob bo‘lyapsan,
men esa — xarob.

Cho‘qishardik,
Shafqat kelmasdi, hayhot,
Na mening yodimga,
Sening esingga.
Suyanib yashasak bo‘lmasdi, nahot,
Sen, ukajon, menga,
men esa — senga.

Jondan to‘yib,
Hasaddan kechganimda voz
Momiq to‘shginangga kelib tegdi o‘q.
Taqdir oldi mendan mudhish bir qasos —
Seni o‘ldirdilar.
Meni…
Esa…
Yo‘q…”

Matnazar Abdulhakim tarjimasi

TO‘YLAR

A.Mejirovga

O, urush vaqtin to‘ylari!
Shahdida – aldamchi bir zavq,
dudmal o‘ylari-so‘ylari,
“o‘lmas…” deb qo‘yar beshavq.
Qishki, qorli yo‘l; shamol goh
old, ortdan urar ko‘chkiday,
shoshilinch to‘y – qo‘shni qishloq
sari boryapman uchguday.
Kirarkanman sinim saqlab,
g‘ala-g‘ovur kulbaga man
hamma tanir – borday qashqam:
raqqosman-da dong‘i chiqqan.
Girdida qarindosh, do‘st-yor,
bashang kiyingan, naq olov,
o‘ltirar lol, beixtiyor,
harbiyga chorlangan kuyov.
Yonida Vera – kelin ham.
Uch-to‘rt kun o‘tar yo o‘tmas
u kulrang shinel kiygan dam
jabhaga yo‘l olar – kutmas.
O‘z emas,
yot elda
yaktan –
bo‘lgancha miltig‘i ila,
uchar u, balki, daf’atan
nemis o‘qiga duch kelar.
Stakanda qaynar bo‘za,
sipqorgani izn bermas hol.
Bu, kelin-kuyov o‘tkazar –
ilk, ham so‘nggi tun, ehtimol.
G‘amgin to‘nar, birdan nega
tilga chiqar dardi qaynab,
o‘tirgan joyidan, menga –
aytar: “Bo‘l, bir o‘yna!”
Hammaning kayfi tarqadi,
hamma menga boqdi, qarang.
Charx urdim, yo‘q shahdim haddi,
nag‘allarim sochdi jarang.
Larza solib,
ot suraman,
shamoldan o‘zib o‘tguday,
hushtak chalib,
qars uraman,
uchaman shiftga yetguday.
Shior
Gitlerga go‘r qazib,
devorda qanotin qoqar,
kelinning ko‘zidan
sizib,
qaynoq yosh
tomchilab
oqar.
Bas, og‘zimda aylanmas til,
chiqmoqda nafasim zo‘rg‘a…
“O‘yna!…” –
qichqirishar yakdil,
qaytadan raqs-otim yo‘rg‘a…
Tovonim yog‘ochday – sezmas,
qaytib,
uyga kirmasimdan
yangi to‘yga chorlab
bir mast
kirib keladi izimdan.
Onamdan so‘rab amallab,
men yana to‘yda hozirman,
men yana shavqqa o‘t qalab,
qulochimni keng yozarman.
Kelin achchiq yig‘lar… yosh – cho‘g‘…
Do‘stlar yosh to‘kar, tortar oh.
Dahshat bosar.
O‘ynagim yo‘q,
o‘ynamay
iloj yo‘q,
biroq.

1955

* * *

M.Bernesga

Ruslar urush istarmi hech?
Shudgoru dala uzra zich –
sukunatdan so‘rang bir dam,
oqqayinu terakdan ham.
So‘rang oqqayin ostida
yotgan askarlardan, fido –
o‘g‘illari der sero‘kinch:
ruslar urush istarmi hech?
Askarlar o‘sha urushda
yurt uchun tog‘dek turishda
er yuzida jami inson
xush tush ko‘rsin deb berdi jon.
Barglar, afishalar – xo‘b ko‘rk,
uxlaysiz, Parij va Nyu-Yo‘rk.
Tushingiz yo‘ysin erta-kech:
ruslar urush istarmi hech?
Ha, urushga qurbimiz bor,
lek ko‘zimiz qiymas, takror
askarlar xuddi bir yashin
g‘amgin yer uzra qulashin.
Onalardan so‘rang sizlar,
Xotinimdan so‘rangizlar,
shunda anglarsiz peshma-pesh
ruslar urush istarmi hech.

1961

OILA

O‘sha, o‘zing sevganing
sendan zada, boshi xam,
Senga, yovga boqqanday,
tikar qo‘rquvli ko‘zin:
tun bo‘yi itlik qilib,
nahs bosib qaytganing dam –
seni kaftda ko‘targan
o‘z uying bulg‘ab o‘zing.
Shunchalik tarqalarki
butun uyga sendan bad
karovatning tagida
kuchuging pisib yotar.
“Achom” deb chopmas tongda
o‘g‘ling shodlanib behad,
ko‘zida bor xavotir,
seni ko‘rsa, tek qotar.
Go‘yoki, o‘z oilang
jabriga berib barham,
niyatingga erishding –
o‘zni qilding ihota.
Oilani qaramlik
deb o‘ylagan u qaram –
o‘sha er, o‘sha ota –
endi na er, na ota.
Dahshatli. Yoqimli ham…
o‘zni baxtsiz deb sanash.
O‘z aybing oqlaysan sen –
yonar o‘tga tomar yog‘.
“Men – baxtsiz, tushunmas hech…” –
kimga kerak bu sannash,
jilla qursa,
sen o‘zing
o‘z xotining anglab boq.
Uyat: ayb to‘nkab oqlanish,
ko‘zi mo‘ltirab turganni yanish
uning bir bor berilgan
umrin o‘g‘irlab bir qur.
Tavba – qulay bir imkon,
“Tavba qildi – pok bu jon” –
oqlanib olding – yana
qaytadan balchiq kech, tur.
Sen buyuk, tengi yo‘qsan
o‘g‘ling nazdida hali
ko‘zidagi moviylik
toza, mehr, havasdir,
erking sari shoshilib,
ochib – yopgan mahaling,
falokat bosib, boshin
eshik ezmasa – basdir.

Qo‘lla,
ijod gultoji –
oilani,
ey egam.
Bolalar boshchalarin
haqqidir
hayot esa.
Asli bir –
oiladir
insoniyat o‘zi ham,
Bola, Ona, Ota – bu
Erdagi uch iloha.
Qo‘y bu alahlashga chek
sezilmasdan nafrat, kek,
senga o‘z xotining-u
qarag‘ay sasida, bil,
oynadan tashlarkan ko‘z
barglar oralab yulduz –
hali sendan jirkanmay,
go‘yo rahmdil singil.

1972

* * *

Bemazmunlik – qo‘rqoqlik.
Bardosh –
etolmaslik davr yukiga.
Og‘ir kelsa hamki yelkadosh
va bir yukka bo‘layin ega.

Bemazmunlik – o‘ta to‘qlik.
Or –
birov dardin shirin qilsang gar.
Tuzdan yomon, dodlagan bemor
yarasiga sepilgan shakar.

1973

* * *

Xavfli ish – badiha qilib she’r aytmoq, –
qarang, shoir, uyalib qolmang! –
lekin undan, ko‘zni o‘ynatgancha goh,
yombi fikr qalqir aylab hangu mang.

Alahsiragandek aytilgan so‘zga
aqllilik yo‘ngan fikr dosh bermas picha –
necha tun-kun turib, to‘r solib muzga,
achqimtir ta’m olgan karam sho‘rvacha.

Bichiqchiday bichmas u aytar so‘zin,
avvaldan shart qo‘ymas: bu – yeng, bu – yaqo,
tin olmay, unutib tamoman o‘zin
sannaganlarida balqadi baqo…

1977

* * *

Shakl – bu ham mazmun azaliy.
Alangali – shakli olovning.
Bezovta kishnamoq amaliy
mukammal shaklida bedovning.
Bo‘kkan bulut ichra qo‘rg‘oshin
tusli jala to‘layu beun
va, shaklida inson ko‘z yoshin
yashirilgan tilsim bir mazmun!

1978

IRSIYaT

Sambittol shoxini
asta siladim.

Ajdod-u jadimiz,
eng olis jadim –
suyak surib kelar unda – dil aytar.
Endi ular yerda tirilar qayta.
Qancha daraxt bo‘lsa, –
o‘rni o‘ng yo chap, –

o‘z chittaklarimiz –
shoxlari bo‘ylab,
po‘stining ostida –
etrusk, osuriy.
Har biri shajara daraxti erur.
Butun tana ichra oqqan sharbatda
aralash bari –
qul, fir’avn, – albatta.
Suvdagi daraxtga
qo‘l tegizsang gar
po‘panak ostidan
so‘ylar varyaglar.
Seskandi partizan ayol sirtmoqda,
yum-yum yig‘layotgan
oqqayin
dordan –
u ichra, fashistdan berkinib olgan
Morozova xonim dodlagan choqda.
Sambittol shoxini
asta siladim.
Men ham bir
shajara daraxti, dedim.
Irsiyatimizga va
o‘zimizga
boqsak,
ko‘pik –
hayot boshidir bizga.
Suvdan quruqlikka chiqqach o‘rmalab,
yuzg‘ich, oyquloqni, –
bo‘ldi ne talab, –
insoniy ko‘ngilga almashtirdik biz,
debmi:
“O‘t sehridan yong‘in yasaymiz”?!
To‘rt oyoqni qo‘yib, tik turgach,
dangal –
jahd etdikmi:
“Pulga to‘ldiray changal”?
Barmog‘imdan qon chiqsa,
uni tig‘ yaralab sal,
qonga qo‘shilib ketar
mendagi neandertal,
maxfiy irsiyatda
yashrinib, shivirlar u:
“Afzalroq bo‘lmasmidi
ko‘pikda qolsak mangu?”
Madaniyatlar – tort-ort.
O‘zgarib ketdi olam.
Neandertallik bizga
yuqqan edi qaydan ham?
Kaptar bolasi emas,
qotil qo‘lida asli
ko‘ringan neandertal
to‘qmoqli raketasi.
Pay tomirimdan kelgan
skif sasin ilg‘ayman men:
“Men-ku ko‘chmanchi edim.
Lekin shaharliksan sen.
Tabiatga emas, yo‘q,
keltirdim yovga qiron,
shahar zahar oqizar
suvga,
to‘xtamay bir on.
Kimdir qattol neytronni
qaynatar.
varvarlik – shu!..
Kim meni varvar atar?”
Sambittolning shoxini
asta silab – siypadim,
bu ko‘ngil xush bo‘lmadi.
Yana tirriqdir ta’bim.
Neandertalning urar to‘qmog‘in olib,
tun oqqach, yo‘l solaman
yorim sari
surgalib.
Silqigan qon ho‘l qilgan
kepkamni yechar o‘zi,
eshik oldida o‘pib,
qarshilar, boq bu sirga:
Yaroslavna,
Saskiya
uning labi-yu ko‘zi,
mehri-la meni suyib,
o‘par u bilan birga.
Nahot, mal’un bomba shu –
hayot gulim so‘ldirar –
undagi
Beatriche,
Laurani o‘ldirar!
Va mendagi pushkiniy yolqin
ko‘rmayin kamol –
u – bo‘lajak dahshatli urushda topar zavol?
Shunda barcha daraxtlar –
o‘ngdagisi yo chapi, –
shajara daraxt kabi,
yonib kul bo‘ladimi
chiqqancha jizg‘anagi?
O‘zimizda jamuljam
irsiyatni tinglab biz,
ular bilan birlikda
qoqilib,
sudralamiz.
Biz qaysidir kelgusi
payg‘ambarlardan,
juda –
maxfiy sir-saboqlarni
kutayapmiz behuda.
O, inson, irsiyat ham –
jarohatlar orqali –
qoning-la birga, butkul
sizib chiqar unutma,
milyonlab payg‘ambarlar – ma’lum bo‘lmayin hali,
erga butkul singuvchi mash’um lahzani kutma!
Va lekin yer ham bo‘lmas u kasofat mahali…
1981

OKUDJAVANING DAFN MAROSIMI

Ne ko‘yga solsa ham bu hayot mani,
yodlovchilardanman
Okudjavani .
Semiz davron ayshi bahridan o‘tib,
o‘zini simdorchi bir qizday tutib,
oriqqina vijdon
saqlayoldi sha’n –
gitara torini etgancha vatan.
Sen-la vidolashay deb keldim,
Bulat,
oltmishinchilarga to‘libdi Arbat.
Pionerlagerchi biz. O‘sha, ha, biz

Qrim Kolimasining qochqinlarimiz,
unda,
lov-lov gulxanlarida birdek –
cho‘kichlab, majruhlar yasagan Artek.
Biz
Pavlik-nusxalar
bo‘lganimiz yo‘q,
“bo‘ltayyorchilik” ham qilganimiz yo‘q,
biz – u gulxanlarda yonmagan asl.
Biz –
qo‘rquvni yengib o‘tolgan nasl,
yuzda ajinimiz, jarlarday, bari
Pragadagi, bizning tanklar izlari.

Va, yetmishinchilar – izma-iz, ular
qamoqda qolmadi qo‘ng‘iroqqacha,
dissidentlik umid bergan choqqacha –
na dissedentlik bor,
na bor orzular.
Amal olmog‘ida yorlashganga, so‘ng,
har bir yangi davron boqavermas o‘ng.

Ammo uchib bordi lagerlarga ham,
berib dalda,
bo‘lib tush aro hamdam,
u, oddiy chilvircha bog‘langan gitar,
u, torlarin qirov qoplagan gitar
qo‘shig‘iga dil zor – xumor mahalda.

Saksoninchilar kelar.
Chamasi,
EHM jinnisi ular hammasi,
chunki boshqa ne bor bilgani aziz,
biroq xuddi o‘sha oriqqina qiz,
ularni tark etmay, go‘yo ammasi,
Bulat torlarida titrarkan orday,
negadir ishonar, lek aybi borday,
his qilar – o‘ylar, shu, ulkan mamlakat
bir o‘zining ulkan gunohi faqat.

Kelishar
na lirik
va na-da fizik –
paydo bo‘lgan ular ancha vaqt avval,
ohanjama libos kiygan-u tanbal,
allambalo da’vo qilgani qiziq.

To‘qsoninchilar-ku –
yo‘qdayin.
Zada.
Aynigan.
Qilmaydi hech kimni pisand.
Ensasin qotirar dafn marosimi.
Ular ichra kamyob
she’rga ixlosmand,
duch kelib qolgandek
diskotekada
bo‘tako‘z tishlagan yovvoyi kiyik.
Hammaga baravar – yalpi ozodlik
ro‘yobga chiqmog‘in sababchilari
dafn marosimiga kelmaslik – sharti –
yoshlarga urf: yangi, shu, qalp ozodlik.
Behurmatlik degan ozodlik toti
do‘ndi qadrsizlik savdolariga,
dafn marosimin bilmaslikka ep.
So‘nggi yo‘l… kuzatmoq – sharaf navbati
nahotki,
yarashmas –
eh, kelib-kelib –
bizning avlodimiz
surx novdalariga?

Avlod boy berilgan vaqtlari goho
kutmaganda paydo bo‘ladi daho.
Cho‘chqa bolasining dumiday qizg‘ish,
uvoq-to‘qsoninchi, go‘yo qush mizg‘ish –
tepada, jim – ko‘zi ochilgan katta,
yuzminglik jamoa va xorg‘in asr,
buvi-oltmishinchi mehriga asir –
Litseyga boqqandek, boqar Arbatga.

Yo‘q, davlatning tilsiz gimnini emas,
u nevarasiga asta, xushnafas,
kuylar Okudjava qo‘shiqlarini.
Afsonaviy gitar torlarin quchib,
hangi pop-dod-voylar ustidan uchib,
o‘zi topib keldi umid-qiz uni.

Ro‘y-rost ayon qildi ne achchiq saboq:
payg‘ambarlar bor o‘z yurtingda har choq,
to‘g‘ri, ba’zan – mumkin – bo‘lar kechikish,
biroq yo‘q shahdlari yetmas mushkul ish.
Rossiyaga qandoq ishonmay, axir,
unda tahqirlangan bid’atlar oxir
mumtozlik maqomin olsa beyanglish?

Avlodlar, – rizqini ne zavol qissa, –
boshqa avlodlardan oladi hissa,
she’ring boqiy, Rossiya, sening.
To‘qsoninchilardan ichim chiqmasa,
to‘qsonlaring – ishonchim mening!
1997

Rus tilidan Muhammadali Qo‘shmoqov tarjimasi

* * *

Sen sevgida ulkansan.
Dadil.
Men cho‘chiyman yurgan yo‘limda.
Yomonligim yo‘qdir senga, bil,
Yaxshilik-chi, kelmas qo‘limdan.
Sen go‘yoki
Beyo‘l, beso‘qmoq
O‘rmon aro boshlaysan meni,
Bizni chirmar chechaklar, biroq
Men bilmasman ular nomini.
Nima qilay, qanday? –
Bilmam, eh,
Bor bilganim behuda bu on.
Horigansan.
“Ko‘tar”, deysan, lek
Qo‘limdasan sen allaqachon!
“Qara,
osmon qanday moviy,
pok!
Tingla,
qushlar sayroqi, mayin.
Angraymagin.
Qani,
elt tezroq…”
Lekin seni qayga eltayin?!
1953

* * *

Yaxshimi bu yo yomon,
Bir kun bo‘lajak ayon.
Qiynalib ketaman lek
Yoningda qolsam bir on.

Qilasan ko‘p qo‘ng‘iroq,
Meni so‘raysan betin.
Aytib qo‘yganman, biroq
“U yo‘q”, der qo‘shni xotin.

Xat yozasan dam-badam,
Dilga solib tashvish-o‘y.
Deysan: “Sensiz yasholmam
Bir soat ham, bilib qo‘y.

G‘alatsan, yo‘qmi tiling,
Toqatim bo‘ldi-ku toq.
Bil, mayxo‘r Vitka Silin
Qo‘limni so‘rar mushtoq!”

Borlig‘imda urar jo‘sh
Baxt, iztirob paydar-pay.
Seni nima qilay, xo‘sh?
Ayt, o‘zimni ne qilay?!

Orzularingdan cho‘chib,
Hushyor boqaman: tayin
Mendan kechmog‘ing uchun
Qanday chora topayin?

Atay tikilgan zangor
Kostyumin kiyib shul dam –
Huzuringga shoshar zor
Balki Vitka Silin ham.

Qalbi ishqing bilan band,
Seni qattiq rashk qilar.
U tarixchi-aspirant,
Nimanidir kashf qilar.

Ko‘klam ko‘lmagin kechib,
Oshiqar yomg‘ir aro.
Sen-chi, sevmaysan hecham,
Uni kutmaysan aslo.

“Ermitaj” ichra bu payt
Raqam terasan tolg‘in,
Garchi, bilasan, loqayd
“Uyda yo‘q” derlar tag‘in…

1953

HASAD

Men hasad qilaman.
Bu – ko‘p eski sir,
Hammadan bekitib keldim to shu dam.
Bilaman,
bir bola yashar qaydadir,
Men hasad qilaman unga juda ham.
Qoyilman,
mushtlashsa qilmas murosa,
Unday mard, chapani bo‘lolmaganman.
Kulgisiga hasad qilaman rosa,
Bola paytim unday kulolmaganman.
Aft-angori doim shilingan, daydi,
Men-chi,
xo‘b sarishta bo‘lganman, butun.
U menday kitobni varaqlamaydi,
Hijjalab o‘qiydi.
U mendan ustun.
Haq so‘zni aytar u ochiq va keskin,
Riyokor zulmni fosh etar shaxd-la.
“Shartmas”, deb
qalamni qo‘ysam men ezgin,
U “Shart!” deb
qalamni oladi shartta.
Tugunni yechmasa,
kesib tashlar, bas,
Men-chi, na yechaman
va na kesaman.
U bir bor sevdimi,
Ishqidan kechmas,
Men-chi, ham sevaman,
ham voz kechaman.
Hasadim yashirib, jilmayaman nim,
O‘zni go‘l kimsaga o‘xshatib andak:
“Axir, kimdir xato qilmog‘i lozim,
Kimdir sal boshqacha yashashi kerak!”
Garchi
“Har kimga o‘z taqdir yo‘li yor”, –
deb taskin bersam-da o‘zimga, biroq
Bilaman,
qaydadir bir bolakay bor,
Yutuqqa erishgay u mendan ko‘proq!
1955

MEHR

Tokay davom etar
bu holat, axir,
Bu qanday hamoqat,
bu qanday tahqir?!
Ajab,
urfga kirmish qayda, qay fursat:
“Tirikka – befarqlik,
o‘likka hurmat!”

Odamlar bukchayib g‘amdan,
icharlar,
Odamlar izma-iz so‘zga chiqarlar,
Tarixda qolar deb nutq so‘zlaydilar,
Mayitni kuydirib, so‘ng bo‘zlaydilar.
Ne berdi Mayakovskiyni o‘limga,
Kim to‘pponcha tutdi uning qo‘liga?
Garchi alpqomatu jo‘shqin sas edi,
Qatra mehr bersak…
balki ketmasdi.
Odam tirik ekan–
qiynashar bot-bot,
Mehr –
o‘lim uchungina mukofot!
1955

ShIVIRLARDING…

Shivirlading ohista, mayin:
“Xo‘sh, keyin-chi?
Xo‘sh, undan keyin?”

Yozilgandi to‘shak, sen ammo
Parishonhol turarding hamon…

Endi shahar kezasan mag‘rur,
Boshingni tik tutgancha masrur.

Tilla zulfing – kibr timsoli,
Poshnalaring bigiz misoli.

Ko‘zlaringda mazax, istehzo
Hamda amr: chalkashtirma, o,

Men boshqaman, boshqa – sen suygan,
Ham yondirib, ham o‘zi kuygan…

Lekin bari – behuda, bekor,
Sen men uchun kechagi xushtor.

O‘sha zaif, zabun, ojiz jon,
Zulfi kabi holi parishon.

Garchi bu kun o‘zga rang-ro‘ying,
Va menga ham buyurar o‘ying:

Go‘yo senmas o‘zga bir ayol
Yonginamda yotib noz-la, lol

So‘ragandi shivirlab mayin:
“Xo‘sh, keyin-chi?
Xo‘sh, undan keyin?”
1957–1975

* * *

Tushunmasa ikki dil – dahshat,
Tushunmayin, bir-birin quchsa.
Va aksincha, g‘alatdan-g‘alat,
Xuddi shunday dahshatdir, dahshat,
Bir-birini to‘liq tushunsa!

Bizni birday o‘rtar ikki hol,
Bolalikdan ma’lum bu a’mol.
Nozik qalbing qilmasman hech chok –
Tushunmasdan tahqirlab, alhol,
Tushunish-la etmasman halok…

1956

ODAMLAR KULARDI…

E. Laskinaga

Odamlar kulardi devor ortida,
Men esa boqardim devorga nochor –
Huvillagan qalbni quchib o‘rtada,
Kasalmand qizchamni ko‘targanday zor.

Odamlar kulardi devor ortida,
Ular go‘yo meni mazax qilardi.
Qovrilib yonardim alam o‘tida,
Andisha qilmasdan, ular kulardi.

Aslida, bilaman, mehmonlar sarmast
Raqs tushib, o‘ynashdan toliqib gir-gir,
Mening yo boshqaning ustidan emas,
Shunchaki kulishar edi begidir.

Odamlar kulardi devor ortida,
Qonlarin qizitar edi gulgun may.
Ular uchar edi shodlik otida
Menu xasta dilim borligin bilmay.

Odamlar kulardi… Men ham ko‘p bora
Shunday qah-qah urib, yayrab kulganman.
Devorning ortida qaysi bechora
So‘ngan chog‘, achinib birrov, ko‘nganman.

O‘ylagandir u ham, g‘am quvg‘indisi,
Taslim bo‘lay derkan kulfatga oxir,
Meni kuldi deya ustidan hissiz,
Balki tuyulganman qilganday tahqir.

Ha, shunday qurilmish kurrai zamin,
Shunday davom etar qiyomat qadar:
Kim devor ortida qon yutar g‘amgin,
Biz esa kulgaymiz loqayd, bexabar.

Ha, shunday qurilmish bu ko‘hna olam,
Toabad buzilmas azaliy mezon:
Kim devor ortida kular shod-xurram,
Biz bunda to‘lg‘onib yotsak, bag‘riqon.

Qalbingni avayla, sachramasin dog‘,
G‘ussadan o‘zingni yo‘qotib qo‘yma.
Devorning ortida kimdir kulgan chog‘
Sen uni xusumat, alamga yo‘yma!

Uyg‘un muvozanat – borliq odati,
Hasad, bu – o‘zingga jirkanch haqorat.
O‘zgalarning kulgan baxtu omadi –
Sening baxtsizliging uchun kafforat!

Xudodan so‘ragin, oxirgi damda
Ko‘zlaring so‘narkan, beg‘am yumilsin:
Devorning ortida kulsin odamlar,
Kulsin, ay, baribir, odamlar kulsin!
1963

* * *

D.G. ga

Yarador bo‘lganman hayotda ko‘p bor,
Uyimga emaklab kelganman zo‘rg‘a.
Faqat adovatmas berguvchi ozor,
Hattoki gulbarg ham yaralaydi, ha.

Bilmasdan, yaralab qo‘yganman men ham,
Noo‘rin takalluf qilganman-da goh.
Kimningdir yuragi yaxlagan shu dam,
Muz uzra yurganday u yalangoyoq.

Nechun qadrdonlar, do‘stlarning g‘arib,
Vayron qalbi aro sayr qilaman:
O‘zim ham tez, og‘ir jarohatlanib,
O‘zga dillarni ham oson tilaman?
1973

Rus tilidan Nodir Jonuzoq tarjimasi

* * *

Shoirlar she’rlarin ketmaydi tashlab,
She’rlar shoirlarin etadilar tark.
Qo‘rqqanidan ular yelkanni kesib,
Suvga birdaniga bo‘ladilar g‘arq.

Ayanch taqrizlarning uyumi ila
Kimdir achomlashib otarkan xurrak.
Birovlarning tirnoq arralarida
Elkan allaqachon kesilgan, demak.

She’rlarda o‘zining nuqtasi turmas,
Hamda mualliflik nomi-nasabi.
Ular o‘z satriga xoin bir nokas,
Mukammallik emas ular matlabi.

Allaqaysilarning kengaygan tani,
To‘ng‘iz yog‘idayin to‘ng‘igan qotib.
She’rlar o‘zimniki deya hammani,
Inontirmoq bo‘lar terlarga botib.

Kesilgan yelkanlar emasdir bayroq,
Avvalgi xizmatlar o‘tmas hisobga.
Ammo bizlar uchun eng dahshatliroq,
Aylanganda shoir nochor kosibga.

Ezmalik sukutdan yomondir axir,
Qulagach nihoya topadi parvoz.
Ezmalik-la kechgan maydakashlikni,
Qayta tug‘ilish deb etishar og‘oz.

Ko‘ksimizda sharros otilib chiqqan,
She’rlar bizga e’lon qilishadi jang.
Farzandlar singari voz kechib ketgan,
O‘zlariga noloyiq otalaridan.

Aylanib qo‘rqog‘u, poxol, to‘ponga,
Kimdir oramizda arzisa korga.
She’rlarimiz hargiz yig‘lamaydilar,
Ularga begona bizning mozorda.

MINNATDORLIK

M.V.

Ayol dedi: “Uxlab qoldi o‘g‘ilcham”–
Bola karavotin pardasin tortdi.
O‘ng‘aysizlik ila o‘chirib chiroq,
Qabosin g‘ijimlab kursiga otdi.

Muhabbatdan bir so‘z ochmadik aslo,
Nedir shivirlardi, tillari chuchuk.
“R” tovushi uzum donasiday go‘yo,
Tishlar orasidan sirg‘alib uchib.

“Bilsang meni eh, ko‘p kuydirdi hayot,
Ozib qolmasaydim aqlimdan nogoh,
Yubkadagi erkak, yuk tashuvchi ot,
Ayol bo‘ldim yana, og‘ushingda, oh”.

Mendan lozim edi minnatdor bo‘lmoq,
Ojiz shu xilqatdan axtargan najot,
Qorga yashiringan qashqirday biroq,
Ayol to‘shagiga burkandim, hayhot.

Bo‘rivachcha kabi aftoda, quvg‘in –
Ayol ko‘z yoshlari yuzimga oqdi.
Minnatdor nigohga tob berolmayin
Uyatli qaltiroq ichimni yoqdi.

Keldi qofiyalar bilan o‘ragim,
Goh oqarib, goho yuz yonib lov-lov.
Erkakligim va erkalashim uchun,
Ayol rahmat, deya to‘larmi to‘lov.

Nechuk yuz bermoqda dunyoda bu hol,
Ayol maqomini qo‘ydik unutib.
Erlarga pastlatib, oqibat, alhol,
Xotinni erkakka baravar etib.

Qanday ishchan to‘da bu axir, deyman,
Necha asrlarkim o‘ylangan follar:
Erkaklar negadir bugun ayolmand,
Deyarli erkakka do‘ngan ayollar.

Xudojon, bu ayol yelkasi cho‘kik,
So‘lg‘in barmoqlari och va yalang‘och.
Endi bu g‘aroyib jonzot ko‘zlari,
Ayolniki bo‘lib chinqirar uvvos.

Ayol nigohlari nim qorong‘ida
Shamchiroq singari lipillar beun,
Kerakmaskan ko‘p narsa, Xudoyim,
Ayol o‘zin ayol sanashi uchun.

* * *

Aytdim qancha aqlli gaplar,
Silab-siypab yelkangni bir-bir.
Yig‘lagancha go‘dakdan battar,
Deding: “Seni sevmayman, axir”.

Behudadir qol, deb yolvorish,
Yomg‘ir kechib ketding mardona.
Goh shitob-la tortdi yomg‘irpo‘sh,
Goh yoningda bo‘ldi parvona.

Cho‘kkan kabi benishon, besha’n,
Yo‘qliklarning qa’riga alhol.
Yomg‘irlarda yugurarding san,
Nozikkina, yupun, navnihol.

Tarnovlarning bo‘g‘zida vahm,
Chinqirardi olami jahon:
“Biz berahm, bizlar berahm,
Aybimizga aslo yo‘q omon”.

Tomu devor – berahm bari,
Uylar uzra kaftini ochgan
Televizor antennalari,
O‘xshab Iso tortilgan xochga.

* * *

Yodimda, yodimda – guvoh Xudoyim, –
Sensizlikda itday uvillab o‘tdim.
Qachonki ilk bora uchratdim mohim,
Men unutdim. Barchasini unutdim.

Cho‘chibmi o‘smirday bu haroratdan,
Nogoh toliqishmi yuzimda kechgan.
Izg‘irin shamolday bu bashoratmi,
Qismat yozug‘ini bilgan azaldan?

O‘tmish uchrashuvlar keltirgan alam,
Yo‘qolib ketgaydir malolsiz mutloq.
Endi unutganim ko‘p-ko‘p xotira,
Meni unutgandir atayin qasdnok.

Demam hech biriga: “Tiril, ko‘rayin”,
Ammo shivirlayman o‘tinib takror:
“Aytgin, axir qanday judo bo‘layin,
Hali uchrashmadik sen ila dildor”.

* * *

Ko‘kdan tushdi olma zaminga larzon,
Yoki tashladimi nobakor shayton?
Farishta qanoti silkdimi shoxni,
Yo bulbul tumshug‘i turtdi butoqni?

Erlarga urilib tani beshafqat,
Atrofga sachratib shirayu sharbat.
Donlari ichida jaranglab shu choq,
Menga yolvorardi: “Olsang-chi tezroq”.

Shabnamda yotardi yarqirab olma,
Misoli bir go‘zal, bellari tolma.
Orom olar edi ruhi, vujudi,
Ulkan sayyorada sayyora mitti.

Olma yorig‘iga begidir, bekin,
Kirdi mazaxo‘rak bir ari lekin.
Olmani avaylab olib shu damda,
Ari bilan olib kirdim xonamga.

Ari ko‘tarilib olmadan shu on,
G‘o‘ng‘illab kuyladi o‘zicha chunon.
O‘shal afsonaviy ajib o‘tmishdan,
Meni ham bebahra qoldirmay nishdan.

Toki og‘riqlidir vaqt nishi qancha,
Mangulik lazzati shirindir shuncha.

* * *

Ehtimol, kunimning oqimlarida
Biyron tillarimdan bo‘larman judo.

Yillarning beshafqat raqamlarida,
Bilaman, o‘zim ham bo‘larman ado.

Ehtimol, asrlar to‘lqinlarida
Hatto kimligimni hamma unutar.

Ammoki kunlarning oqimlarida
Uyalib yashamoq o‘limdan battar.

Odamlar yillarning oqimlarida
Ikki yuzli deya gapirmasinlar.

Asrlarning adl odimlarida
Avlodlar qabrimga tupurmasinlar.

XUDOYIM

Xudoyim, so‘qirga qaytar ko‘zini,
Bukri qomatini aylagin raso.
Xudoyim, Xudoday ko‘ray o‘zingni,
Xochlarga O‘zingni osmagin ammo.

Xudoyim, mansabga qo‘ymayin ixlos,
Qahramon bo‘lmayin yasama, soxta.
Boy bo‘lay, o‘g‘irlik mol bilan emas,
Happa-halolidan bersa, albatta.

Xudoyim, mayliga, non bo‘lay oppoq,
Ilib ketishmasin olg‘irlar ammo.
Qurbon-da bo‘lmayin, bo‘lmayin jallod,
Bo‘lmayin boyvachcha, bo‘lmayin gado.

Xudoyim, kam bo‘lsin yirtiq yaralar,
Katta mushtlashuvlar avj olgani chog‘.
Xudoyim, turfa xil mamlakatlar ber,
O‘z yurtimdan judo qilmagin, biroq.

Xudoyim, ko‘z ochib ko‘rganing Vatan,
Tepmasin og‘zingga etigi bilan.
Xudoyim, ayoling bir seni desin,
Darbadar, qashshog‘u gadolikda ham.

Xudoyim, yopib qo‘y olchoq og‘zini,
Ovozing yangrasin go‘dak bo‘g‘zida.
Xudoyim, aksingni tiriklar ko‘rsin,
Gar erkak bo‘lmasa, Ayol yuzida.

Xochmas xochsizlikni ortmoqlab olib,
Ikki bukilganmiz qashshoq va gado.
Endi hech nimaga dar qolmaslik-chun,
Ozroq Xudoliging in’om et, Xudo.

Xudoyim hammasin, hammasini ber,
Birdan hammamizga – gina qolmasin.
Hammasini beru alal-oqibat,
Keyin bir kun kelib uyat bo‘lmasin!

OQ YO‘L

M.Katsga

O‘z oyog‘ingni o‘zing
Ko‘tarib yur hamisha.
Yo‘llardan-chi, yo‘llarning,
Holidan qil andisha.

So‘rasin yo‘lning o‘zi,
Egilib buralishni.
Sevib, ardoqlab bizni,
Elkasiga olishni.

Omma Xudosiz bo‘lsa,
Ne qilolur payg‘ambar?
Yo‘lsizlikda bizlarga,
Yo‘ldir Ayol – mo‘tabar.

Qismat ajin yuziga,
Mayli, to‘lov qilmasin.
Ammo karam sho‘rvasin,
Ko‘ylagiga to‘kmasin.

Ayoling va bolangni
Yasha joningdan suyib.
Yovuzlar o‘z fe’lidan
Alamdan ketsin kuyib.

Ko‘tarsin yo‘lin har kim,
Quloq tutib vijdonga.
Bu dunyoda sig‘inar,
Kim amal, kim Yazdonga.

Yana bitta tarafi,
Qo‘shib qo‘yilsin albat.
Hammani qo‘llasin yo‘l,
Xoin chiqmasin faqat.

Qayda emanzor, dala,
Joning bo‘lar rohatda.
Yur nariroq, albatta,
Shon-shuhrat, siyosatdan.

Tobut va qabr uzra
Gaplar bo‘lmasin uzoq.
Sendan marhum qabriga
Kifoya bir kaft tuproq.

O‘lim oldi to‘lg‘anma,
Ajalning ko‘nglini ol.
Yasha mayli, to abad,
Navqiron – misli maqol.

MENI UNUTINGIZ

Unutingiz meni,
gar bu unutish,
Sizni bir lahzaga
etsa baxtiyor.
Unutingiz, taygada
esgan yelday,
Shamolday gunohkor va itoatkor.
Unutingiz meni,
o‘zni unutganday,
Faqat o‘zingiz-la
qoling o‘zingiz.

Unutingiz meni,
yong‘in shu’lasi,
Girdu yoningizdan
qilganiday daf.
Issiq , sovug‘i-la
chirmashib go‘yo,
Vujud-vujudingiz
olganday o‘rab.

Unutingiz meni,
go‘yoki poyezd
Changalzor oralab uchayotganday.
Xotirangiz qopqasin
qoqishdan to‘xtab,
Izsiz yitayotgan,
o‘chayotganday.

Unutingiz meni,
bo‘ling jasurroq,
Men bo‘ldim, bo‘lmadim –
bu muhim emas,
Faqat ko‘rining, bas,
tund va tashvishli
Yashang navqiron va
hech sotilmasdan.
Ammo unutmaslik –
unutilganlar haqqi,
O‘lganlar haqqidir –
tushimizga kirmoq.

* * *

Mashaga

Seni tabiatdan sevaman ko‘proq,
Sening o‘zing asli tabiat, ishon.
Seni ozodlikdan sevaman ko‘proq,
Sensiz ozodlik ham qamoqdan yomon.

Men seni sevaman bo‘lmay ehtiyot,
Ravon yo‘lda emas, jar yoqasida.
Men seni imkondan sevaman ziyod,
Noimkondan ko‘proq sevgum aslida.

Men seni sevaman muddatsiz, hadsiz,
Bo‘kib ichib olib, so‘kinib gohi.
O‘zimdan ham ortiq sevaman shaksiz,
O‘zingni o‘zingdan ziyod hattoki.

Seni Shekspirdan sevaman ko‘proq,
Senda mujassamdir olam jamoli.
Barcha musiqalar mavhum, tumtaroq,
Afsunkor musiqa o‘zingsan, oliy.

Seni ko‘p sevaman shonu shuhratdan,
Hattoki kelajak zamonlarda to.
Menga nima bo‘pti zanglagan Vatan,
Vatan menga o‘zing, o‘zingsan, tanho.

Sen baxtsizmi? Buncha solayapsan dod?
Chirqirab Xudoni qaqshatma, erkam.
Men seni baxtdan ham sevaman ziyod,
Men seni sevaman muhabbatdan ham.

* * *

Loyiq bo‘l, muhimi, loyiq bo‘l,
har davrga chiqishga ro‘baro‘.
ayniqsa, davrlar turg‘un bo‘lsa,
tagigacha loyqalanib yotsa u.

Loyiq bo‘l, muhimi, loyiq bo‘l,
olg‘irlar rizqingni qiymasin.
molxonaga yetaklab borib,
og‘zingga poxolni tiqmasin.

Vaqt oldida qo‘rquv – yiqilish,
titramagin qo‘rquvdan ey jon,
yo‘qotishga doimo shay tur,
hammasidan yo‘qotish yomon.

Bo‘lganida hammasi barbod,
tuzatishga topmasang to‘zim.
sen o‘zingni shundayin yupat:
“Bu kunni ham o‘tkazish lozim…”.

* * *

Majnuntol tagida o‘ylarga toldim,
Kezdim qirg‘oqlarni besado, besas.
Qandayin baxtiyor etay sevgilim,
Bunga minba’d balki ilojim yetmas.

Ozdir unga bolalar, to‘kin hayot,
Mehmondorchiligu kinolar ahyon.
Qoldiqsiz va tugal kerakman, hayhot,
Men esa bor-yo‘g‘i qoldiqman, ayon.

Zamon daraxtiga yelkamni tutdim,
Shoxlari yelkamni ketdi-ku o‘yib.
Sevgilimga esa qolmadi yelkam
Yig‘lamog‘i uchun boshini qo‘yib.

Gul tutish o‘rniga ajin tasvirin
Chizdim sevgilimning yuziga ko‘p bor.
Erlar razillik-la xiyonat qilar,
Sho‘rlik ayollar-chi, alamdan nochor.

Sevgilimni qanday etolsam baxtli,
Ne qilib bo‘lsada, berolsam shodlik.
Unga ilk qadamning o‘zida taqdir
Qurtlagan hayotni ayladi tortiq.

Quvonchni qo‘yaylik, ularni mudom
Bir so‘zdan ranjitib qo‘yamiz darrov.
Ayolni yig‘latish hammaga oson,
Baxtiyor etishni bilmas hech birov.

* * *

Yashil bedazorlar shovullamoqda,
Qarag‘ay shamolda qarsillayotir.
Shuurim nelarni xotirlamoqda,
Men ham qachonlardir o‘laman oxir.

Ammo tomlardagi tarnov yonida
Paydo bo‘lar nogoh kaptarboz bola.
Bilaman, o‘lmoqlik vahima juda
O‘zim va muhimi, boshqalarga ham.

O‘lim tuyg‘usisiz yo‘q hayot hissi,
Qumga suv singari singmasmiz bizlar.
Marhumlar o‘rniga kelar tiriklar,
Ammoki… ularda o‘zgacha hislar.

Nenidir angladim, ayni, hozirda,
Egan kaltaklarim ketmabdi bekor.
Unutdim hammasin, bo‘lsa xotirda,
Esladim barini, unutdim ne bor.

Go‘daklik – mayin u qorlarni yodlar,
Fasli balog‘atda sayhonlar – yashil.
Angladim, hayotda ne bir hayotlar,
Necha suluvlarga bog‘ladim ko‘ngil.

Baxtning ko‘zlarida nodonlik zohir,
Engiltak ayolga o‘xshab ketar baxt.
G‘ussa nigohida savollar og‘ir,
Ko‘zingga alamnok tikiladi shaxt.

Baxt go‘yo osmondan zaminga boqish,
Baxtsizlik olamni ko‘rar ro‘yi rost.
Baxt – xoin singari aldamchi xohish,
G‘ussa odamlarni hech qachon sotmas.

Avvallari edim yovqur va shodon,
Baxtim kulolmadi, shukr Xudoga.
Imkonsiz narsani istagan edim,
Barcha istaklarim do‘ndi ro‘yoga.

Men sizni sevaman, yaxshi odamlar,
Baxtga intilasiz tug‘ilgan hamon.
Men endi baxtliman abadul-abad,
Chunki izlamasman baxtni hech qachon.

Menga shu yam-yashil bedazor bo‘lsa,
Tillarimdan muzni olib tashlasam.
Muhimi, chivinday mitti jon bilan
O‘limdan nariroq yashay boshlasam.

* * *

Qayiqdamiz, sharrosdir yomg‘ir,
Qo‘lim muzlab rulga yopishgan.
Sen sevmassan, qo‘rqaman, axir,
Qo‘rqaman, men seni sevishdan.

Toshayotir bir soqov hasrat,
Yoqut Serafimning ko‘zidan.
O‘xshab Kolimadagi olov
Gulxanidan chiqqan tutunga.

Qopqora choy, misoli qatron,
Tuzukmidi, balki qand tashlash:
– Ayt, Serafim, baxt o‘zi nima?
– Baxt menimcha, uzoqroq yashash!

Yotar chog‘ing bo‘lsa-da, jo‘ra,
Olaman, lek, seni qistu bas.
“Juda uzoq yashashdan ko‘ra,
Yaxshimasmi, sevgi bir nafas?”

Serafim ham qaytarar javob,
Ko‘zlarini yumgancha mudroq:
– Yaxshi – faqat bu ham xavflida,
Kimki sevsa, yasholmas uzoq.

Yoqut, cho‘qchi biladi buni,
Patrondayin kunlarni asrar.
Qimmat tushar hissiyot bizga,
Hayotimiz pichoqday qirqar.

Oltin topdi daryodan Boris
Va oltini boshiga yetdi.
Mana, nega ishqdan qo‘rqamiz,
O‘sha oltin vaboday xuddi.

Qo‘rqitmasin yong‘in ro‘yoday,
O‘chir o‘tni, bosib tepkila.
Bu olovning tutuni achchiq,
Hatto, eng baxtiyor sevgida.

Suhbatimiz shunday uzilar,
Kolimaning zulmat tunida.
Yomg‘ir tortgan kumush chiziqlar
Yarqillaydi ayol taniday.

Tortilganday misli tarang tor
Sharros yomg‘ir kuchayar bu choq.
Uzoq umr menga ne darkor,
Chin oshiqlar yashamas uzoq.

Rus tilidan Abdumajid Azim tarjimasi

SEVGIDA ULKANSAN

Sevgida ulkansan,
Ham dovyuraksan,
Har bir qadamimda yashayman cho‘chib.
Men senga yomonlik qilmayman rostdan,
Saodat ep ko‘rgum o‘zimdan kechib.

Barchasi yodimda, boryapsan go‘yo
So‘qmoqlarsiz o‘rmon bo‘ylab yetaklab.
Gulzordamiz, gullar belga urar, o,
Har birin silayman kulib, ermaklab.

Eski ko‘nikmalar badga urgan rost,
Menku ne qilishni bilmay adoman.
Qo‘lingga ol deysan qilganingcha noz,
Allaqachon mening qo‘llarimdasan.

Ko‘ryapsanmi, osmon qanday zangori?
Tingla, qushlar sayrar o‘rmonda ajib.
Xo‘p, nima bo‘libdi? Xo‘sh, shumi bori?
Seni qayga olib ketay ko‘tarib?!

BIR-BIRINI TUShUNMASLIK…

Bir-birini tushunmaslik dahshatli –
Tushunmoqlik va quchmoqlik undan-da.
Buning bari bo‘lmasin xo‘p g‘alati,
Qo‘rqinchligi shundan, barcha narsada
Bir-birini tushunmoqlik xo‘p og‘ir,
O‘zgalarni jarohatlab qo‘ygan chog‘.
Ko‘nglimizda his etamiz og‘riqni,
Keyinchalik o‘kinamiz tortib oh.
Tushunmoqlik qancha og‘ir bo‘lmasin,
Sening nozik, hur ko‘nglingni biron on,
Ranjitmayman tushunmaslik bilan men,
Anglash bilan o‘ldirmayman hech qachon.

* * *

Yo‘q, menga kerakmas narsaning yarmi,
Butun osmonni ber, butun bo‘lsin yer.
Ne bor – bo‘lishishga emasman rozi,
Daryolar, dengizlar meniki erur.

Hayot, alqamagin bir ulush bilan,
Bari to‘la-to‘kis bo‘lsin batamom.
Yarimta baxtingni istamagayman,
Yarim dard-alaming o‘zingga in’om.

Uchar yulduz kabi ojiz nurini
Ko‘lingdagi uzuk tararkan betin,
Yuzingni avaylab yostiqqa qo‘y-u…
Faqat shu yostiqning yarmini bergin.

* * *

Seni qayda, qachon ko‘rib qolsam gar,
Yuzma-yuz kelishga topmayman jur’at.
Bari boy berilgan kabi tuyular,
Siri qolmagan gap – bo‘sh qopdir, albat.

Qo‘rqaman qalb bilan topinmaslikdan,
Eplay olmaslikdan qo‘rqaman tag‘in.
Dunyoda haqorat, la’nat bor ekan,
Bizning boshimizga to yog‘ilmasin.

Sirli boylik kabi tuyulasan ko‘p,
Qo‘rqaman – nimadan, bilmayman esam.
Qo‘rqaman baridan, uning yo‘qolib
Qolishidan ortiq qo‘rqmaslikdan ham.

* * *

Poytaxt izdihomi aro tentiyman,
Quvnoq aprelning suvlari jo‘shar.
G‘ayri bir shukuhu mantiqsiz o‘ydan,
Balog‘at sho‘xligi ko‘ngilga ko‘char.

Tramvayga shoshib chiqaman shu zum,
Kimgadir valdirab so‘zlayman yolg‘on.
O‘zimning ortimdan quvaman o‘zim,
Quvib yetolmayman o‘zimni hamon.

Kemaga boqaman hayrat ila tik,
Ulkan samolyotlar, she’rlarimga, ha.
Boylik in’om etdi, aytishmadi, lek
Ular bilan nima qilishni menga.

* * *

Pichirlab so‘rading:
“Undan keyin-chi?”…
To‘shak yozilganda
Qolding yo‘qolib.
Biroq shahar bo‘ylab
Boryapsan shu zum,
Boshingni chiroyli
Ko‘tarib – g‘olib.
Malla sochning sabiy
Dimog‘dorligi,
Ko‘zingda uyg‘otar
Achchiq istehzo.
Unga yo‘l bermaslik
Vajida, lekin
Amir uqding sobiq
Jazmaningga,o.
Biroq bu behuda
Nojoiz bir ish,
Axir, sen men uchun
Kechagi bir tush.
G‘ayri unutilgan
O‘sha sochli-la,
Chigal hayotimni
Ko‘tarding boshga.
Qanday sen o‘zingni
Sanaysan mo‘min,
Yo‘l to‘sishing ne deb
Hisoblash mumkin.
U yerda bir boshqa
Ayol-chi rostgo‘y,
Quchog‘imda derdi
Pichirlagan ko‘y:
“Undan keyin-chi?”,
“Undan keyin-chi?”

IRA

Salom, Ira?
Qanday, sog‘-omonmisan?
Qo‘ng‘iroq qilmayin keldim yo‘l tortib.
Chunki kechirishing rosti bilaman,
Quvib solmaysan ham g‘avg‘olar ortib.

Taom tayyorlaysan kuyinib, keyin
Qayg‘uga botasan men bilan birga.
Na eringman, na-da jazmaning, lekin
Qo‘lingni avaylab bosdim bag‘irga.

Peshonangdan o‘pdim qizarib, yona,
Sevimli yor bo‘lgan bo‘larding, albat.
Vafo-yu mehrda tengsiz jonona,
Qulog‘ingdan tishlab qo‘ysaydim bir payt.

Do‘stlarim kulishdi: “Qiziqsan, Jenya!
Ko‘chada qoladi unga uylangan.
Sevish mumkinmi? Shu alvastini-ya,
Eski bir qo‘shiq u – axir, kuylangan”.

Pastkashlarga maqbul ermaksan – arzon,
Lekin sen yaxshisan, qalbing esa hur.
Sha’ningni bulg‘ashar ular beomon,
Qanday aldashdi-ya!… Bari yaloqxo‘r.

Hademay o‘ttizga to‘lasan, ma’zur,
Qalbing – cho‘rixona! Oqsoch ham o‘zing.
Yaxshilik yo‘lida sen hammadan zo‘r,
Bola ko‘zlariday tortinchoq ko‘zing.

Ammo yuragingda chidab bo‘lmas sir:
Kim bilan uxlab-da uyg‘ongung tongda.
Uchrashishi shart u senga, baribir,
Umidim charx urar idroku ongda.

Asli iffatsizlik bolalarga xos,
Ayollarga esa bokiralik mos.
Rahmsiz hasrat-da asrasin doim,
Azizam, dilbarim, baxtiqaroim.

KIMLARDIR…

Kimlardir qalbimga yetkazdi ozor,
Barchasin jin ursin,
jin ursin – ag‘yor.
Shimoliy do‘ngliklar bo‘ylab kezgan chog‘,
Kichik o‘rmonlarga ochdim keng quchoq.
Botqoqlar ham xira etmadi ta’bim,
Zarradan tikladim chilparchin qalbim.
Qo‘shilib ketarman qalb ila birga,
O‘rin qoldirmayin shubhali sirga.

BLOK HAQIDA

Gar qachon o‘ylasam Blok haqida,
Qachonki sog‘insam yuragim – tuproq.
Uni eslolmayman misralarida,
Neva yo ko‘prikda eslayman ko‘proq.

Yoxud aravada, tungi ovozlar
Ravshan etar otliq qiyofasini.
Qo‘rqinchli ko‘zlardan taralgan rozlar,
Doiralar aro ko‘rar aksini.

Soya qarshisiga uchar yorug‘lik –
Yulduzlar dupuri ko‘prikda ayon.
Nimadir balandda qiy-chuv ichra tik,
Yoprilar quyiga noma’lum to‘zon.

Go‘yoki jumboqli muqadimmadek,
Mohiyati mavhum, teran bir sado –
Tumanda berkinar taqillashlar, lek
Chag‘irtosh, bulutlar, Blok shu asno…

BOLALARDA YO‘QDIR ROST GAPLAR..

Bolalarda yo‘qdir rost gaplar,
Ammo sodda mug‘ombirlik jam.
Muzqaymoqdek shirin zavq berar,
Urush-urush o‘ynasalar ham.

Daholikka havasmand ular,
Quchar mudhish uddaburonlik.
O‘zgalarni turtib yo‘l ochar,
Tirsaklari bilan surib tik.

Qachonki men ularda ko‘rsam,
Shafqatsizlik ibtidosini.
Ayblamayman o‘zlarin hech ham,
Tushunaman iddaosini.

Xuddi bo‘ri bolalaridek,
Olishib-da to‘kmasayam qon.
Besh yoshida laganbordor, lek
Etti yoshda chaqimchi – shayton.

Shular meni vahmga solar,
Shular meni qiynaydi ortiq.
Goh tunlari uyqum yo‘qolar,
Ko‘kragimni o‘rtaydi og‘riq.

Kim bo‘lishni istaysan, o‘g‘lim,
Hech bo‘lmasa futbolchi bo‘lgin.
Biroq avval inson bo‘l – orzum,
Har qadamda xulosa qilgin.

Ishon, o‘g‘lim, ota bo‘lib men,
Hech nimada uyaltirmadim.
Balog‘atga yetganda qiyin
Kechar jamlash o‘zini har kim.

Otalarga xos qo‘rquv faqat,
Haqoratli tarzda beshafqat,
Bunday yolg‘on aytishga undar:
“Bolalarda yo‘qdir rost gaplar…”

VAN GOG MONOLOGI

Biz o‘ziga to‘la-to‘kis ishongan,
Ha, cho‘ntagi quruq mohir aslarmiz.
Homeru Rembrand qovurg‘asidan
Tug‘ilgan bizdagi iste’dod so‘zsiz.

Bizga kerak emas ortiqcha siylov,
Rasmiy doiraning marhamati ham.
Buddayu Iso ham kerakmas birrov,
Qora non bo‘lsa bas, faqat bir tishlam.

Qog‘ozlaru loylar, yo mato kerak!..
Notali belgilar, bo‘yoqlar siljing!
Shakliga ko‘ra yer eskidir beshak,
Unga yangi shakl baxsh etgaymiz so‘ng.

Mayli, eshitaylik hushtakbozlikni,
Bemahal hurishni eshitaylik biz.
Qancha bekitmasin yolg‘on kunlarni,
Siz-la mohirona qasos olgaymiz.

Bizning iste’dodga ishonmaganlar
Va panada g‘iybat qilganlardan ham.
Qani olg‘a, qattiq beraylik zarba,
Aniqlik nishonin mo‘ljallab bardam.

O‘rningizdan turing, og‘aynilar, tez,
Yo‘lga chiqish vaqti yetildi, yetar.
Aslida, sizu biz qanchalik boymiz,
Ey cho‘ntagi quruq mohir ustalar!

QO‘NG‘IROQChA

Kirish yo‘lagida, kechir, azizim,
Bolalarcha qimtib lablarimni men.
Yarim tunda yomg‘ir shovqinida jim,
Senga qiyo boqdim yuz burib sekin.

G‘alati tutaman o‘zimni sen-la,
Sen menga hamisha yaxshi bo‘l, ammo
Meni aldashlari qo‘rqinchlimas, ha,
Dahshatlirog‘i bu – aldamoqdir, o!

Meni qaysar deya atama aslo,
Senga riyokorlik qilmayman rosti.
“Sevaman” demoqlik – haqiqatga yot,
Rosti bu “Sevmayman” deb aytmoq asli.

Yo‘q, jig‘ingga tegib, qotirmam ensang,
Ana o‘shanda ham yonimdan jilma.
Ko‘ksimda qachondir, balki urar bong,
Allaqanday kumush qo‘ng‘iroq, kulma.

Nohaq qiynamagin, yo‘q, berma ozor,
Men temir emasman, erimas tosh ham.
Sen bilan bo‘lishlik har nedan a’lo,
Qo‘ng‘iroq jarangi tutmaydi malham.

Meni qaysar deya atama aslo,
Senga riyokorlik qilmayman rosti.
“Sevaman” demoqlik – haqiqatga yot,
Rosti bu “Sevmayman” deb aytmoq asli.

SEVGI O‘LIMI

Muhabbat o‘limdan o‘lmaydi hech on,
Bir-birovga loqayd boqishdan o‘lar.
Bu uymi, go‘yoki kichik Osventsim,
Bunda rashk ko‘ylagin kiyar ko‘ngillar.

Muhabbat o‘lmaydi og‘udan hech on,
Mayda-chuyda gapdan g‘arib va qashshoq.
Do‘zaxiy bu uyning achchiq kuyini
Chala bilmagaydir bu usta mashshoq.

Turmush tovasida qovrilar asab-
Bu qanday yoqimsiz,
bemaza taom.
Ko‘ngilsizlik! O, bundan bo‘g‘riqarkan qalb
Muhabbat o‘ladi so‘zsiz, batamom.

Sevgi o‘ldirilmas taraf-tarafdan,
U mangu yolg‘izdir, bamisli tog‘dir.
O‘zin qurbon qilmoqqa chog‘langan chog‘ ham
Chakkasiga o‘zi o‘q uzar mag‘rur.

* * *

Shubhasiz, kun davomida men,
Aylanaman o‘zgaga tayin.

Shubhasiz, yil davomida men,
O‘zim jamlab olaman butun.

Shubhasiz, bir asrdan so‘ngra,
Kim bo‘lganim unutishar, ha.

Biroq faqat bir kun shavqida yashnash –
Uyatlidir, budir nomussiz yashash.

Yillar davomida aylanmasdim,o,
Ikki qiyofali sallotga aslo.

Asrlar ortida sira ko‘rmay ep,
Bilaman qabrimga tashlar tupurib.

* * *

Suvpari misoli nurga chayinib,
Suvdan chiqib keldi xushro‘y bir ayol.
Shaffof nigohlari yelda tayinib,
Tantanavor boqar, yo‘q zarra malol.

Huv olis yo‘llarga nigoh tiksam, kim
Yonimda o‘ynardi “Echki” o‘yinin.
Ayol sochlaridan nilufargul jim
O‘sib chiqqan yanglig‘ tuyuldi – fusun.

Shovqin va kulgular ulfatlardek jam,
Deyishar go‘yoki; “Nilufar – tilsim”.
Ayolning cho‘milish kiyimidan dam
Titrardi qirmizi yelkanlar – sim-sim.

Sariq sohil bo‘ylab bug‘doy tus jonon,
Borardi sollanib, goh ma’sum kular.
Qoraygan tanidan qumloqqa tomgan,
Eshitilar edi notinch tomchilar.

Yillarku to‘kilar qum zarrasidek,
Hayotda ham uchrar yaxshi-yu yomon.
Ammo men ko‘ryapman aftidan aniq,
O‘limim vaqtini – bosar hayajon.

Bashoratgo‘y quvonch, muqaddas g‘amlar,
Sodir bo‘lmoqligi bor gap hayotda.
Ul ayolga nigoh tashlagan damda,
Nilufargul suvdan suzib chiqar, ha…

* * *

Sohildagi bargin to‘kmagan tolning
Ostida men uzoq o‘ylarga botdim.
Qay tariqa baxtli qilmog‘im mumkin
Sevikli yorimni? – tosh bo‘lib qotdim.

Unga kamlik qilar bolalar tug‘ish,
Mehmonnavozlikka bo‘y bermaydi ko‘p.
Men unga kerakman butunimcha rost,
Mening butunligim qoldiqlardan but.

Zamonga hamisha yelkamni tutdim,
Shilib oldi barin davroni so‘qir.
Elkamni tutmabman yorga, unutdim,
Yig‘lab-yig‘lab yupanch tuymadi u bir.

Ularga gul hadya qilmasdan tag‘in,
Ajin tushganida yayraymiz dilxush.
O‘g‘rilik erkakni o‘zgartirar chin,
Yorimizni esa nohaq ranjitish.

Qay tariqa baxtli qilmoqlik mumkin?
Qay oyoq ostiga tashlaymiz – dahshat.
Qurtlaganin tortiq etsa gar hayot,
Ilk tishlangan joyi bizniki albat.

Quvonch ulashishni ep bilmaymiz-u
Dilin og‘ritamiz sababsiz doim.
Hamma bilar yorin baxtsiz qilishni,
Baxtli qilmoq haqda o‘ylamas hech kim.

* * *

Xuddi asossizdek tuyulsa-da gar,
Ammo rostgo‘ylik bor,
Rostgo‘ylik bordir.
Inon, hayot uning qarshisida
Har
Qachon, qay vaqt bo‘lsin –
Aybsiz aybdordir.
Shunchaki shakl bu mohiyat emas,
Hayiqing hayotni to‘g‘rilashga,
Bas.
Tushunmasdan uni, eng noto‘g‘ri ish –
To‘g‘rilayman deya qayirib qo‘yish.
Tarixiy haqiqat –
Bizga ma’lum sir –
Ikki nuqta aro uzun yo‘l bordir.

* * *

Qalbaki huquqqa ega bo‘lmoqlik,
Seni parchalaydi,
O‘ngu so‘ling yot
Qay huquqqa ega edim, bilmam, lek
Yaxshi ishlanmagan burmi? –
Iste’dod.

* * *

Qachonki ketsam men hech qachonlikka,
Navqiron bo‘lasan o‘shanda sen ham.
Sen uchun qariyman, qazomdan so‘ngra
Abadiy getto*mda yasharman beg‘am.
Qo‘yib yubormayman u yerga seni,
Navqiron qolursan, unutib meni.
_________
Getto* – irqiy jihatdan past tutilgan ahol guruhi uchun ajratilgan mahalla

* * *

Hech kim senday go‘zal uxlay olmas xo‘p,
Biroq uyg‘onishing qo‘rqinchli menga.
Uyqudan turasan hademay,
Boqib
Loqayd nigoh bilan yuzakigina,
Go‘zalliging bilan o‘ldirasan ham.

YO‘QOLMA

Hech qachon yo‘qolma… Mendan yo‘qolsang,
O‘zingdan yo‘qolib bo‘lgaysan g‘oyib.
Yuz ham o‘girasan mangu o‘zingdan,
Budir vijdonsizlik, ham aybsiz ayb.

Yo‘qolma… yo‘qolish shundayin oson,
Topmoqlik bir-birin qiyin kechar so‘ng.
Daqiqalar ichra aylab-da bejon,
O‘lim tortib ketar qa’riga butun.

Yo‘qolma… uchinchi soyani unut,
Ishqda ikki qalb bor. Uchinchisi yo‘q.
Qiyomat kunida shuni yodda tut,
Pokiza bo‘larmiz – taqdiriy yo‘ruq.

Yo‘qolma… biz yuvdik gunohimizni,
Taqiqlanmagan sud qilmoqlik bizni.
Avf etilishga arziymiz bugun,
Kimgadir jarohat yetkazilgan-chun.

Yo‘qolma… yo‘qolish – bir soniyada
Yuz berishi mumkin.
Asrdan so‘ngra
Qanday uchrashamiz?
Yorug‘ olamda
Uchrashi mumkinmi sening o‘xshashing.

Yo‘qolma… kaftingni menga ber faqat,
Unga yozilganman, ishonaman rost.
Shu qadar qo‘rqinchli so‘nggi muhabbat,
Yo‘qotish azobi undan-da dahshat.

Rus tilidan O‘roz Haydar tarjimasi