Mixail Aleksandrovich Dudin (1916—1993) — rus shoiri, tarjimon, jurnalist, harbiy muxbir. Jamoat arbobi, stsenarist, 70 dan ortiq she’riy kitoblar muallifi. Sotsialistik Mehnat Qahramoni (1976), SSSR Davlat mukofoti laureati (1981).
SAHNADA
Halok etmas mudhish jarohat,
Engajakman manfur o‘limni.
… Sahnada bir bolakay rohat
qilib o‘ynar mening rolimni.
Manzilimdir, yetolsam omon,
qirmizi xoch tasvirli chodir.
… Zalda esa ulkan olomon
ko‘rguligim kuzatayotir.
Umrim bunda yalt-yult qiladi,
qil ustida qolar hayotim.
… Voajab! U qaydan biladi
ming o‘limni yenggan sabotim.
Jang qilgandim xolis, betama,
qoldirmoq-chun emas otimni.
… Bir bor o‘ynab, men uchun olar,
o, buyursin, mukofotimni.
So‘ng ekrandan ko‘chaga chiqib,
borar mag‘rur parvoyi falak.
Muxlis qizlar esa hovliqib
bo‘lar unga girdikapalak.
Yo‘lim to‘sib o‘tar u mag‘rur,
sirli kulib — bo‘ychan, gajaksoch,
demoqchidek «Qani chetda tur,
hoy, yo‘lovchi, po‘sht! Oldimdan qoch!»
Ne ham derdim… bolakay, oq yo‘l,
shoshil, ammo hovliqma. Chunki
hali mening xatolarim mo‘l,
qulama sen shularga munkib.
Solma yaxlit umrimga yaxna,
qo‘y, yaxshisi, bersa gar to‘zim,
tentib yurmay sahnama-sahna,
bu yog‘ini o‘ynayman o‘zim.
Matnazar Abdulhakim tarjimasi
* * *
Bulut tanklari kabi gulduros solib,
Bo‘ron dov-daraxtni qulatib o‘tdi.
Sokin, moviy qo‘llar nogoh qo‘zg‘alib,
Bosh urib qirg‘oqqa, ko‘pirib ketdi.
Ammo bugun yana sokin tevarak,
Suvlar jimirlaydi, zumraddek osmon.
Kechagi suron-u bugungi jimlik
Sehri bir dam seni qiladi hayron…
Kaftdek tekis, sokin zamin qalbiga
Agar solib ko‘rsang bir nafas quloq,
Bo‘ron so‘ngidagi bu sokinlikda
Nedir yaralmog‘in sezasan shu choq.
* * *
Ko‘z oldimda bahor, sen onaginam…–
Sen yosh ayol eding, men murg‘ak go‘dak.
Tizzangga yuzimni qo‘yganimcha man
Qo‘shig‘ingni tinglab ketardim mudrab.
Sen esa ishingni to‘xtatmay sira,
Urchuqning bir tekis ko‘yiga qo‘shib,
Ayiqcha haqida kuylarding menga –
Qo‘shig‘ing tinglardim yuragim jo‘shib.
Bahor chog‘idagi tip-tiniq ko‘lda
Yalt-yult tovlangandek baliq tangasi,
Sening ham yoqimtoy, iliq so‘zingdan
Kelardi o‘rmonning muattar isi.
Ashulang jarangdor va mayin edi,
O‘rtardi dilingni qandaydir qayg‘u,
Ayiqchamas, go‘yo sening bolangni
Oqizib ketgandek tuyulardi suv.
Shukrullo tarjimasi