Tudor Argezi (Tudor Arghezi, asl ismi Ion Naye Teodoresku, Ion Nae Theodorescu; 21 may 1880, Buxarest — 14 iyul 1967, Buxarest) — XX asrning eng buyuk rumin shoirlaridan biri. Ruminiya Akademiyasi (Academia Română) a’zosi.
DUOIBAD
Ular ekinzoru alaflar aro
Emaklab bordilar o‘rmongacha to.
Emaklab bordilar, dahshatdan qochib,
Suzardi ko‘qda oy yorqin nur sochib.
Eshitdim shunda men zaminning dodin
Va ular qalbining teran faryodin:
«Yonsin, kunpayakun bo‘lsin qasrlar,
O‘rtansin mehroblar, bog‘lar, qabrlar.
Shaharlar aylansin sahroga, cho‘lga,
Qoplansin tikanga, yo‘g‘rilsin sho‘rga.
Ummonlar qurisin, tinsin daryolar,
Tonglar qora tortsin, so‘nsin ziyolar.
To‘lsin safro bilan quduq-hovuzlar,
Ochlikdan izg‘isin to‘p-to‘p yovuzlar.
Majruh, xor taningiz uzra kun-tunlar
Charx ursin un tarab qora quzg‘unlar.
Tokcha-taxmonlarga ko‘milgan oltin,
Sariq chayonlarga aylanib qolsin.
As’asa, dabdaba sarposin butkul
Kuyalar yesinlar semirib nuqul.
Ko‘milsin cholg‘ular changga, g‘uborga,
O‘rgimchak to‘riga, achchiq mog‘orga.
Darddan qazo topmang bir zumda aslo,
Qiynasin sizni u lahadgacha to.
Toinki ko‘rmangiz hech qachon rohat,
Azoblar qadahin simiring faqat.
Bossin kiftingizga qamchi cho‘g‘-lahcha,
Asrdan uzunroq tuyulsin lahza.
Ochlik mudom burab, yondirsin chanqov,
Tilingizga qadoq chiqsin beayov,
Halqumdan osilsin bo‘lib og‘ir yuk,
Kul va kukundan u axtarsin tupuk.
Zor bo‘lib so‘qmoqda — shabnamga shirin
Iching halqob-halqob otning shiptirin.
Har bitta olvoli — yetilgan, sara,
Oqsin og‘zingizda bamisli yara.
Otashini do‘lday yog‘dirsin osmoi
Va sizni podadek quvsin har tomon.
Tog‘lar uvalanib, yer titrasin zir,
Toshlar taningizga sanchilsin bir-bir.
Kimki tavba aylab, yiqilsa behol,
Erni quchganicha topsin u zavol.
Seni, razolatga rahbon va homiy,
Tortsin to‘pig‘ingdan ajalning komi.
Oqsin iliklaring va tanangda mor
O‘rmalab yayrasin takror va takror.
Mesh qorning chuvalsin to poyinggacha,
Oyog‘ing tik tuta bilmagin hecham.
Har bir bo‘g‘iningda ivib qotsin qon,
Ingratsin bedavo bu dard beomon.
Chap ko‘zing nuqtaga aylansin abgor,
Boqsin kunu tunni farqlamay zinhor.
O‘ng ko‘zing qaboqdan chiqsin otilib,
Qotsin kipriklaring karaxt, ochilib.
G’azab bujmaytirsin aftingni chunon,
Lekin ayta bilma kalima biron.
Bo‘kir, g‘ujanak bo‘l, alamdan yoril,
Qoq yerga ag‘ana, tuproqqa qoril.
Tilagim: do‘zaxiy chunon vahshatda,
Alaxdab uxlagin, uyg‘on dahshatda.
Botsin jigaringga olovtob arra,
Guvlab u yuzingdan o‘tsin yuz karra.
Tishlaring yorilsin chatnab beomon,
Bijg‘isin ichingda qo‘lansa har on.
Bukrilik gavdangni tutsin behisob,
Sizloviq har onda bersin ming azob.
Miyangni chiritsin shahvat xayoli,
Hatto oh urishga qolmasin holing.
O‘liklar o‘rnidan tursinlar to‘p-to‘p,
Intiqom qasdida izg‘isinlar xo‘b.
Seni qurshab olib so‘rasinlar xun,
Qirg‘in, qatl — barcha qilmishing uchun!..»
Mirpo‘lat Mirzo tarjimasi