Ulug‘bek Yesdavlat (1954)

Ulug‘bek Yesdavlat (Ұlыqbek Orazbayұlы Yesdәulet) Sharqiy Qozog‘iston viloyatining Zaysan tumanidagi Ulkan Qoratol qishlog‘ida tug‘ilgan. 1977 yilda Qozog‘iston Davlat universitetining jurnalistika fakultetini bitirgan. Qozog‘iston Yozuvchilar ittifoqi raisi.
1974 yilda yosh shoirlarning she’rlaridan tuzilgan “Qanot chiqdi” to‘plamida ilk she’rlari e’lon qilindi. Xalqaro “Alash” mukofoti sovrindori. 2001 yilda chop etilgan “Kigiz kitobi” nomli to‘plami uchun Abay nomidagi Davlat mukofotiga sazovor bo‘ldi.
Ulug‘bek Yesdavlat – zamonaviy qozoq she’riyatining ko‘zga ko‘ringan yirik vakillaridan hisoblanadi.

BULUTLAR VA YILQILAR

Onamga
Yillar xuddi yilqilarga o‘xsharlar,
Toshlari bor — naq tepangdan ucharlar.
Tuyoq tegib ketmasmi deb bexosdan,
Onang seni ming hadikda qucharlar.

…Bolaligim — endigina es kirgan.
Sirtga chiqdim,
Tashqarida kech kirgan.
Osmondagi lov-lov yongan bulutlar
Ogoh etmoq bo‘lar edi bir sirdan.

Ufqlarga tashna, xumor choqda men,
Bilolmadim bulutni kim yoqqanin.
Ko‘rdim bir payt — yilqilarning uyurin
Ko‘cha to‘lib menga tomon chopganin.

Yo‘q, qochmadim!
Qo‘rquv ham yo‘q o‘yimda,
Turaverdim karaxt qotgan ko‘yimda.
Quyun kabi kelar edi yilqilar,
Tushmoqchidek mening-la naq o‘yinga.

Bir to‘p tulpor chetlab o‘tdi qoshimdan,
Qolganlari sakrayverdi boshimdan.
Qarab qoldim sag‘risiga otlarning,
Osmondagi bulutlarim yashirgan.

Dupur-dupur…
Titrar edi zamin zir.
Tevaragim zo‘r talotum edi gir.
Tosh tuyoqlar uchar ekan tepamdan.
Qulog‘imga o‘tkir nido keldi bir!..

Yalt qaradim —
Qo‘lin cho‘zib ushbu on
Turar onam chehrasidan qochib qon.
Quyundayin ko‘char edi yilqilar,
Tuyoqlarning orasida — men omon!..

Yillar xuddi yilqilarga o‘xsharlar,
Toshlari bor — naq tepangdan ucharlar.
Tuyoq tegib ketmasmi deb bexosdan,
Onang seni ming hadikda qucharlar.

O‘shanda uch yosh ekanman men, yohu!
O‘ttizdaman bu kun —
Dilda g‘am-qayg‘u…
Kecha tag‘in Onam kirdi tushimga,
Turardi men tomon qo‘lin cho‘zib u…

OLTOY AYoZI

Qizil oy o‘y bosqonini bosganda,
Qoyalar naq tunukaday qizarar.
Bamisli o‘q ilondayin osmonda
Dumli yulduz og‘ib borar!

Chakmonini kiygan cholday indamay
Yulduzlarga termiladi tun karaxt.
Qizilqanot izg‘iringa chidamay,
Chaqmoqdayin qarsillaydi dov-daraxt.

Kengliklarda, qadam yetmas joylarda
Yaxlagan qor uzra shu’la jim inar.
Qavat-qavat muz bog‘lagan soylarda
Qasir-qusur muz sinar.

Tund tog‘larning tinch avzoyi buzildi,
Ulib qoldi och qashqirlar bag‘rida.
Va bu ulish titrab-titrab uzildi,
Singib yitdi qir-adirlar qa’riga.

Izg‘irinda to‘ngan itlar ushbu on
G‘ingshigancha eshiklarni quchardi.
Cho‘ponlarning bolalari xush-xandon,
Oy nurida yaxmalaklar uchardi.

Dasturxonda hamma narsa bor, tayin…
Biroq kampir yuragini dam sayin —
Xavotirlar bosar, ko‘nglin qilar g‘ash
Mehmonlarning birortasi kelmayin.

Tug‘ilgan kun.
Birortasi kelmadi…
Keksa dilga iztiroblar tomadi.
Bir o‘tirib, bir turgancha alanglab,
Tor kulbaga o‘z-o‘zini qamadi.

Bu yolg‘izlik yetsa-da yoshga talay,
Bu kun yolg‘iz o‘ltirolsin u qalay?!
“Kel-may-di!” deb soat chiq-chiq qilardi,
Turar edi telefon toshbaqaday.

Tashga chiqdi…
Oy berar ko‘kka pardoz.
Gir aylanib ifor yellar aytar roz.
Biram mayin edi ko‘klam oqshomi –
Qushlar sayrar, havo iliq, biram soz!

Izhorini durkun shoxda etib jam,
Olma gulin tutar unga ushbu dam.
“Qutlug‘ bo‘lsin, buvijon!..” deb bamisli,
Bir tomonda bidirlardi chashma ham.

Yulduzlar ham ushbu dam jim turmayin,
O‘paverdi kampirning nur manglayin.
Qeksa ona quchog‘in ochdi asta,
Mehmonlarin qarshilab olgandayin.

Mirpo‘lat Mirzo tarjimalari

QOZOG‘ISTON

Arslondayin haybatlim,
Yo‘lbarsdayin g‘ayratlim,
Yuksalgan hur bayroqlim,
Qancha yulduz yashnatting,
Qancha bulbul sayratting,
Qozog‘iston, ardoqlim!

Tulporingning chopishin,
Do‘mbirangning tovushin,
Sado bergan xonishin,
Daryolaring oqishin
“Suydim” desam – bari chin,
Qozog‘iston – nomusim!

Har bir toshi – muqaddas,
Har uvug‘i – bir asos,
Qo‘shiq aytgan yuragin
Kuy taratgan tirgagin
Sariq oltin suyaging
Qozog‘iston – yuragim!

Oilamsan – chirog‘im
Tuprog‘ingdir – tumorim,
Olamda yo‘q o‘xshashing,
Ajoyibim, jannatim.
Boshi toza bulog‘im,
Bosilmaydi xumorim,
Qozog‘iston – lochinim!

Oying tug‘sin o‘ngingdan,
Kuning tug‘sun so‘lingdan,
Yulduz yonsin yo‘lingdan,
Boshingga baxt qush qo‘nsin,
Xidir bo‘lsin yo‘ldoshing,
Xudoyim seni qo‘llasin,
Qozog‘iston – ko‘z yoshim!..

SO‘Z

So‘z bilan yuzlashdim. So‘z-la tanishdim.
So‘zga oshiq bo‘lib, manguga quchdim.
So‘zning sehri butun vujudim chulg‘ab,
So‘z bilan bog‘lanib, so‘zdan bol ichdim.

So‘zdan olov yoqib, o‘chog‘im yoqdim.
So‘zdan o‘q yo‘nib, kamonim otdim.
O‘ktam ovoz quchdi tanho malakni,
Quvona ko‘ngilni qorga ag‘nattim.

So‘zga ishondim men. So‘zga inondim.
Jonim-tanim bilan so‘zga berildim.
So‘zdan o‘q tegdi-ku, so‘zdan yiqildim,
So‘zdan quvvat olib, so‘zga yengildim.

So‘z bilan olishdim. So‘zni kemirdim.
So‘zdan charchadim-o, so‘zdan yengildim.
Etdan o‘tting-ku, suyakka yetding-ku,
So‘zlagin, sen uchun shuncha ne qildim?..

ShOIRDAN SOAT SO‘RAMA

Shoirdan soat so‘rama,
Kechirmas u o‘lchovli umr,
Sen kim bo‘lsang-da sinama,
Uning hamma gunohin kechir.

Umri – olov, o‘t ichida,
Ulab yashar tunni tongga,
Shoirdan soat so‘rama,
Uning vaqti mangulikda.

TAQDIR

Qishning qanday bo‘larin
Elat qaydan biladi?
Qanday qushning qo‘narin
Daraxt qaydan biladi?

Ko‘zni ochib-yumguncha,
O‘tib ketar yil qancha.
Bosilarsan biqirlab,
Sovugandek qumg‘oncha.

Tirikka hech tinchlik yo‘q,
Umr o‘tar otashdek cho‘ng,
Qalb ko‘zyoshga to‘lmas yo‘q,
Tangri yo‘lga solgan so‘ng.

Tush ko‘rasan, dam olib,
Tentiraysan uyg‘onib,
Halovatsiz bu – dunyo,
Ko‘z yoshingga bo‘yalib.

DOSTONGA O‘XShATMA

Suyganing qanday deysan:

Kunni ko‘ru – o‘zin ko‘r,
Tunni ko‘ru – ko‘zin ko‘r.
Oyni ko‘ru – qoshin ko‘r,
Daryoni ko‘r – sochin ko‘r.

Oy va yulduz, kun – bari
Ip esholmas yo‘lingda.
Parizod, hur qizlari
Suv quyolmas qo‘lingga!

Xushfe’lgina, yorqin o‘y,
Tol xipchindek uzun bo‘y.
Mumdek boldir lablari,
Qiz suymaslik gunoh-ey?!.

…Suyganing qanday deysan!

Qozoq tilidan Dilafro‘z Choriyeva tarjimasi

* * *

Quturdik,
Mushtoqlikning qoqdik changin,
Oromning mayin ichib, yoqdik shamin.
Ne sabab yuragimni chimchilaydi,
Yodimga tushganda yoshlik chog‘im.

Men nechuk mungli ko‘zni ayblayin,
Muborak ilinjimga loyiqdayin.
Ne sabab ko‘nglim buncha bezovtadir,
Eshkagi suvga ketgan qayiqdayin?

Qalbimning bir o‘kinchli takbirida,
Shudring-la tillashgan taqdirida,
Chinqirib, to o‘lguncha chirqirasa,
Tinglovchi quloq bormi oxirida?

TAVALLUD KUNI

Dasturxonda barcha ne’mat muhayyo,
Onaxonning chehrasida nur, hayo,
Ammo ko‘nglin xiyol shubha qamragan,
Kutgan mehmon kelmay qolarmikan yo.

Tug‘ilgan kun.
Biror mehmon kelmadi,
Keksa yurak zavqu shavqqa to‘lmadi.
Eshik tomon qadab mahzun nigohin,
Tor kulbada jim o‘tirdi, kulmadi.

Kutish og‘ir, havo biroz dim edi,
Xonasida yolg‘izlik hokim edi.
“Kel-may-di!” deb soat asta chiqillar,
Telefon-chi, toshbaqadek jim edi.

Uydan chiqdi…
Oy nurini sochar mo‘l,
Poylariga ifor sochar har bir gul.
Ipakdayin mayin ko‘klam havosi,
Qushlar sayrab, tasannolar aytar yel.

Qutlagandek shoxlarini silkitdi,
Olma umid kabi oppoq gul tutdi.
“Qutlug‘ bo‘lsin, tavalluding, onajon!”
Degan kabi buloq jildiray ketdi.

Yulduzlar ham nur sochdilar osmonga,
Manglay o‘pib, tabrik aytib insonga.
Yoshi ulug‘ ona xursand bo‘ldi-yu,
Go‘yo quchoq ochdi aziz mehmonga…

OLTOY AYoZI

Qizil oy ol ko‘rigini bosganda,
Tunukadek qizaradi cho‘qqilar.
Ilon kabi tez zuvillab osmonda
Dumli yulduz qaygadir yelar.

Oqshom – qora sallali bir munajjim
Yulduzlarga, ko‘kka qarab ochar fol.
Qizilchinoq qahratonga bermay dosh,
Daraxt sinar chaqmoq urgandek behol.

Elvizakda qolgan oyning, yulduzning,
Yuzlariga sovuq nafas urilar.
Tarashadek qotgan qirmoch soylarda
Qasir-qusur qilib muzlar yorilar.

To‘nib qolgan itlar g‘ingshib, burishib
Uy eshigin umid bilan tirnaydi.
Qo‘ychivonning o‘g‘illari kulishib,
Oy yorug‘i uzra chana o‘ynaydi.

Tund tog‘larning qovoqlari buzilib,
Og‘ushida och qashqirlar ulishar.
Nolalari titray-titray uzilib,
Borib bitta tog‘ning qa’riga tushar…

OLTOYNING OQ BO‘RONI

Oltoyning oq bo‘roni
Olti kun to‘xtamadi.
Olti kun ulov – qushlar
Qanotin yo‘qlamadi.
Kaftdek aeroportda
Vujudga o‘t to‘ladi.

Oltoyning oq bo‘roni
Shiddatdan to‘xtamadi.
Aslida odamzod ham
Bir sidra yo‘qlamadi.

Olti kun vahimada,
Umidni bizdan uzib,
Dedingmi: “Kelmadi-ku,
Bo‘ronning ipin uzib!”

Oltoyning oq bo‘roni,
Oltoyning oq bo‘roni…
Olti kun bo‘ldimikan
Yurakning so‘qmagani .
Sen meni “aldamchi” deb
Sirtimdan sudlaganing.
Olti kun bo‘ldimikan…

Qozoq tilidan Yangiboy Qo‘chqorov tarjimasi

BIZ O‘TGANDA

Biz o‘tganda yig‘lama ham yo‘qlama,
“Shoir edi!”–desang, shu bas, yo‘q tama’.
Gunohimiz Xudo o‘zi kechirar,
Kechirmasa… mayli, bizni oqlama.

Kerak emas shohi, ipak matolar,
Gul hojatmas, biz yotamiz betama’.
“Shoir edi!”– desang, bas, axir, yetar,
Shundan iliq so‘z topmasang – indama.

Ketar ekan, keldi dema kesin-a,
Osmon bizni tark etadi xo‘rsina.
Yig‘lama ham, yo‘qlama ham, o‘ylama…
O‘zimiz-oq tushovdamiz esiz-a.

Haykal? U ham kerak emas! Tushun-da…
She’r o‘qisak, mayli, faqat tushingda.
Yig‘i, yo‘qlov, esga olish – bari bir
“Shoir edi!”– degan so‘zning ichinda.

Qozoq tilidan Muzaffar Ahmad tarjimasi

* * *

Tong havosi junjiktirib bor vujudim,
Sahar chog‘i soy bo‘yida ot sug‘ordim.
Yulduzlari erib bitgan rangsiz osmon
Ko‘zlarimga ko‘lankasin berkitdi jim.

Sovuq shamol ro‘paradan esar shu chog‘,
Shitirlaydi yelkadagi qamish belbog‘.
Tugar ekan soyga yetib bu qisqa yo‘l,
Ikki yonda ko‘krak kerar pastgina tog‘.

Somon yo‘li uchib borar misli to‘zon,
Jez ayilday yarqirar ufq – sharqiy tomon.
Turli-tuman ranglarga boy bu dunyoga
Ko‘z uzmasdan qarab turgim kelar mudom.

Dala tonggi qo‘shiq aytar, tinglang, ana,
Men tingladim bo‘zto‘rg‘ayning sasin yana.
Mana suvloq, unga kelib tutashar yo‘l,
Shu tariqa hamma yo‘llar bitarmi, ha?

Yo‘q, yurakka g‘am nafasin tekkizmayman,
Yorqin yo‘ldan umidimni hech uzmayman.
Soyga kelib singib ketar so‘qmoqdir bu,
Tong qo‘yniga singadigan yo‘l izlayman.

Abdurahim Pratov tarjimasi

GULZOR

Mana – gulzor, ikkimiz gul o‘g‘irlagan,
Mana – shu tun, to‘rg‘aylar tinch chug‘urlagan.
Ammo sen yo‘q, ko‘zlaringda yulduz o‘ynab,
“Bizlar baxtli bo‘lamiz…”, deb shivirlagan.

Teraklarning butog‘iga bosh qo‘ydi Oy
Va tepadan qanotini yoydi oppoq.
“Bizlar baxtli bo‘lamiz, bo‘lamiz…”, deya
Xayolimda so‘zlaringni aytdim shundoq.

Ko‘nglim butun sog‘inchning sozin uqdi,
Taqdir menga qozilikni ravo ko‘rdi.
Kechagina sen tomondan kelgan xatda:
“Baxtli bo‘lgil… Kechir…”, deya yozilibdi.

Mana – gulzor, to‘rg‘ay hamon chug‘urlaydi,
Istagim yo‘q endi gullar o‘g‘irlamoqqa.
Butog‘iga hilol qo‘ngan qari terak:
“Baxtli bo‘lasan…”, deya shivirlamoqda…

QIZLARNING MUHABBATI

Qizlarning muhabbati
Suvsiz soydagi ko‘lmak suviday
O‘z ko‘zin o‘zi ocholmas,
O‘zanidan ham tosholmas.
Qizlarning muhabbati tomchi misol
Qo‘ldan yasalmas.
Qizlar, qizlar!
Tomchiday shaffofsizlar,
Baxt oynasidan termulasizlar.
Muhabbatingizni hech kimga
Sezdirmasdan
Siynangizda so‘ndirasizlar.
Qizlarning muhabbatini uqish uchun
Yoz bo‘lib yashnab,
Qish bo‘lib sovish kerak;
Qizlarning muhabbatini uqish uchun
Qiz bo‘lib tug‘ilish kerak!

Sunnatulloh Akram tarjimasi

MAJNUNTOL

Nurin sochib quyosh kuldi samodan,
Yomg‘ir charchab, to‘xtab qoldi yurishdan,
Nega hamon yig‘laysan sen Majnuntol,
Osmon qo‘li soching silab turishda?

Ochsa hamki sening mungli kitobing,
Boshing omon, kulib turar iqboling…
Sal narsaga yig‘lash qizlar odati,
Bu odatga mos kelmaydi jamoling.

Bulut ila boshing qoplab olsa ham,
Tomchilarin shiddat sochgan tomonga,
Ko‘zyosh to‘kib, egilib sen tobora
Taqlid qilma suv oqizgan osmonga!

Sabo sendan muchchi olsa gunohmi?
Bevafolik bulutga xos – zo‘r ohmi?
Yig‘lamagin, Majnun bo‘lib qolsang ham!..
Taqdir yo‘li turli hammaning bu dam!…

TOG‘LARIMNI SOG‘INDIM

Tog‘larimni sog‘indim,
Tog‘larimni.
Dilim to‘lar huzurga tog‘ deganda.
Qizg‘ish-sarg‘ish cho‘qqilar tushib yodga
Oq buloqqa orzum so‘zlarman shunda.
Qay holatda ajradim tog‘larimdan?
Yonginamda himoyamga berilgan.
Tosh nishabga taqalgan ensiz so‘qmoq,
Tor yo‘lakda ot-aravam ag‘darilgan.
Tog‘larimni sog‘indim.
Tog‘ni istadim.
Minglab sarob shuurimni o‘rar,
Ilhom kelar toqqa o‘rlab chiqsam men.
Kim o‘chirgan jonimning yongan shamin?
G‘am-g‘ussadan dilda g‘uborlar dasta,
Borayapman men cho‘kib,
Bo‘yim pastlab…
Tog‘larimni sog‘indim ko‘kka yetgan
Tirmashaman cho‘qqiga bora solib.

Dilimjon Sayfullayev tarjimasi