Sho‘mishboy Sariyev (1946)

Sho‘mishboy Sariyev (Shөmіshbay Sariyev) Qizil O‘rda viloyatining Orol tumanidagi Sho‘mish stantsiyasida tavallud topgan. 1966 — 1971 yillarda Qozog‘iston Davlat universitetining jurnalistika fakultetida o‘qigan, 1970-74 yillarda “Qozog‘iston” nashriyotida muharrir, 1974 yildan boshlab “Juldiz” jurnalida bo‘lim mudiri vazifasida ishlab keldi.
Qozoq o‘quvchilari uning tarjimasida G.Gulia, O.Berggolts, I.Abashidze, S.Vikulov, A.Dementev, F.Aliyeva va boshqa shoirlarning she’rlari bilan tanishgan.
Uning “Shirin chog‘lar” (1974), “Go‘zal bahor” (1974), “Dengizdan esgan yel” (1975), “Taqdir” (1976), “Uch, tulpor Vaqt!” (1979), “Tush va o‘ng” (1980), “Uch o‘lchov” (1982), “Taqdir qo‘shig‘i” (1984) kabi she’riy to‘plamlari chop etilgan.

ULUG‘ KARVON

Kaftim bilan ko‘zlarim yumsam,
ko‘raman shu zahot
Sarobdek chayqalgan dasht aro,
chang-to‘zonlar aro,
G‘ildiraklar g‘ichirlab,
tuyalar bo‘kirib hayhot,
Ajdodlarim karvoni
tizilib boradi go‘yo.
Ona tuya bo‘kirar…
Zor bo‘zlar bo‘taloqlari.
Dasht mo‘ysafid koinot yanglig‘ —
sig‘mas nigohlarga.
Karvon boradi…
Horg‘in odamlarning odimlari,
Hammasi umidvor,
qaydadir baxt bo‘ladi birga.
Oqin sozining toridan
hazin ohang uchadi.
Tulpor bir xavotir ila
Quloqlarin chimirar.
Mundoq qarasang, qarshingda,
azobli yo‘l kechadi —
Unda qadim bobolarning –
ulug‘ karvoni borar.
Karvon borar, borar…
Yo‘l boshlaydi oldinda tulpor,
Mashaqqatdan horigan toychoqlar
cho‘zilar ortda.
Karvon borar, borar,
xavotirli uvillaydi tor —
Chaqnarmi shafaq,
umid ro‘yo bo‘larmi tongda?!
Bolalar baxtin o‘ylagan,
oh, oq kamzulli ona,
Ko‘chmanchilik yo‘llarida
joning chekdi ko‘p ozor.
Janglar madoringni oldi,
og‘riqdan zirqirar tanang,
Lekin karvon borar,
erda hayot yashnagay takror.
Karvon borar,
kelajakdan olis tortib orasi.
Yuz yillik masofalarni
bosib o‘tmoqqa shoshar.
Karvonlar uzra sochar —
vaqt o‘tli alangasin,
Qayg‘u va alam yoshlari
ular ko‘nglin kemirar.
Goh qahrli, goh g‘amgin
ingrar
do‘mbiraning torlari,
Sadolari zaminga
tomchi yosh kabi qadalar…
… Saodatli zamonimning
yo‘l olgan karvonlari
Hurlik, va qo‘shiq olib
manzillar sari borar…

Ikrom Otamurodov tarjimasi.

OQIN KO‘NGLI

She’r bitsang titroq-la qalam yo‘nib
Va o‘qisang – yurt tinglasa sirga to‘nib.
Tamakingga o‘t olsang chaqmoqlardan,
Naq sel bo‘lsang – qalbingga bulut qo‘nib.

Yaxshi o‘lan mangulikka daxldor,
Quyoshga ham yetguday avj shaxding bor.
Yulduzlarday — ko‘k betida tovlangan,
Xalqing seni alqab, tuysa iftixor.

Asl she’rlar yashar mangu isyonday,
Asrlarning yuragida u jonday.
Bor zaminni chirmab, ushlab tomirin,
Er yuzida chayqalsang cho‘ng o‘rmonday.

Kor etsa ham senga qismat ozori,
Toshib tursa yuragingning viqori.
Ulus senga ehtirom-la yo‘l bersa,
Kirib borsang izdihomni qoq yorib.

Sen umringning qadrin anglab daf’atan,
Hayotingning ma’nosini uqsang shan.
Abay, Pushkin tirilib kelishsa-yu,
O‘laning-chun tabriklashsa chin dildan.

Bu dunyoning oyi, kuni — sen o‘zing,
Chunki noyob, ilohiydir har so‘zing.
Ko‘nglingda bir she’r tug‘ilmish bu zamon,
Demak, ko‘kda charaqlar baxt yulduzing…

* * *

Keng dalamdan kiyikdayin kelaman,
Qo‘rqib xavfdan shamoldan tez yelaman.
Vaqt mergan ovchidir – meni poylar,
Tegmasmikin o‘qi deb, seskanaman.

Ziyolilar ahlining imdodiman,
O‘lan uqqan har dilning faryodiman.
Men – dalam ufqlarida omon kezgan
Bobomning chaqnab turgan zuryodiman.

Kelaman bu dunyoni kuylab shoyon,
Ko‘rinar ko‘zga go‘zal yurtda har yon.
Qo‘rqmasman, cho‘chimasman men zarracha,
Chiqsa ham shaqirlatib jag‘in arslon!

Hislarim qanotida — teran fikrat,
Ne ishni orzu etsam qildim jur’at.
Sariorqa qirlarin kiyigiman,
Vujudim — bamisli sel, toshqin qudrat.

Inson deb men o‘zimni urgum dardga,
Ezgulik shukuhini solib qalbga.
Mendan so‘ng bir mangulik qolmasa-da,
Umidim yetaklaydi meni oldga.

Xayolim uchar ko‘kda misli shunqor.
Ruhimga timsol qirda o‘sgan chinor.
Lekin sen yelday chopib borar ersang,
Ko‘zingga yosh to‘larkan beixtiyor.

Kun sayin shon-dovrug‘i biyiklagan,
Zahmatkash qozog‘imni suydim dildan.
Millatim deb o‘rtangan shoirlarning
Taqdiri taqdirdoshdir kiyik bilan.

Ko‘nglimga bir shavq kirar ajib, masrur,
Istiqbol ufqlariga boqdim mag‘rur.
Kelajak! Kuyunganga kuyub oqqan
Kiyikday — men dalamning kuyiman hur!

Mirpo‘lat Mirzo tarjimalari