Qozoq adabiyotining yirik arbobi Shokarim Xudoyberdiyev (Shәkәrіm Qұdayberdіұlы) Semipalatinsk viloyatining Chingiztov tumanida tug‘ilgan. Yetti yoshida yetim qolib, tog‘asi Abay Qunanboyev oilasida tarbiyalangan. Mustaqil ravishda bilim olib, arab, fors, qadimgi turk va rus tillarini o‘rgangan.
Uning she’rlari falsafiy timsollar, go‘zal tashbehlarga boy. U ajoyib she’riy asarlar bilan birga axloqiy-ma’rifiy, tarixiy risolalar ham yozgan. “Qozoq onasi” she’rlar to‘plami, “Qalmaqan va Mamir”, “Enlik va Ko‘bek” kabi asarlari, “Qozoq shajarasi” risolasi xalq orasida mashhur bo‘lgan.
Shokarim sharq mumtoz adabiyoti namunalarini va A.Pushkin, L.Tolstoy asarlarini qozoq tiliga tarjima qilgan. Uning ijodi qozoq adabiyoti rivojiga katta hissa bo‘lib qo‘shildi.
BEZAVOL ASKAR
Shohlar o‘yida qirg‘in-dov,
Jang uchun shaylar askarin.
Bir-birin qirib beayov,
Naq o‘qqa yo‘llar yoshlarin.
Dunyo charx urib tolmagan,
Yutmadi ne inson boshlarin.
El tugul yer qam qolmagan,
Aytmasang qabr toshlarin.
Menmasmi asli chin podshoh,
Askarim — o‘lanu so‘zlarim.
Ular-chi mudom ko‘r, gumroh,
Ko‘rmas uzoqni ko‘zlari.
Zero, bizning askar o‘larmi,
Qog‘ozga muxr etilgach.
Zo‘r askar bo‘lmay nima u,
To‘rt tomon ishg‘ol etilgach.
Yovlar har qancha ursa-da,
Askarim yengib bo‘lmaydi.
Dunyo charx urib tursa-da,
U qarimas va o‘lmaydi.
Zero so‘zimga ajal yo‘q,
Borgan yerini qirmas ham.
Dunyoda sobit amal yo‘q,
Borlari mangu turmas ham.
Olmam shohlikni bersang-da,
O‘lim-chi tortib oladi.
Men bir kun ko‘zim yumsam-da,
Qalbim qog‘ozda qoladi.
O‘qir nasllar so‘zimni,
Goh zavqlanib, goh kularlar.
Ko‘rmasa-da nam ko‘zimni,
Zorlanib o‘tganim bilarlar.
* * *
Do‘st senga zor,
Dushmaning xor,
Sen tilakka yetgan on.
Beadad baxt,
Oltindan taxt —
Ayamasa o‘zni jon.
Chekinar g‘am,
Qolmas alam —
Dil murodga yetsa gar.
Biroq ne naf —
Barin tashlab
Qo‘ling ochiq ketsa gar.
Bu dunyo quv,
Bir oqin suv,
Tushdik unga cho‘p bo‘lib.
Kundan-kunga
Dil to‘lar mungga
Tashvishimiz ko‘p bo‘lib.
Gohi toshga,
Goh og‘ochga
To‘qinamiz urinib.
Suvidan-da
Og‘usidan-da
Qutulamiz surinib.
Dunyo — toshqin
Mavjdek shoshqin
Singar yerga dam-badam.
Tin bilmay hech
Erta yo kech
Bari shunda bo‘lar jam.
Har kas bari
Fano sari
Yo‘l olgaydir begumon.
Tunga inib,
Mangu tinib,
Shundagina tinchir jon.
* * *
Suydim men azaldan turk tilin,
Jamuljamdir unda bor bilim.
O‘zlashtirdim sehrin ixlos-la,
Mazmunga to‘ldi har kunim.
O‘rganishdan sira toldimmi,
Shundan oqin bo‘lib qoldimmi!
Mehr qo‘ydim o‘ris tiliga,
Boyitar endi u qalbimni.
Shogirdman Tolstoyga, tonmayman,
O‘qiyman uni — hech qonmayman.
Uni kofir deb atading sen,
Nafrat o‘tida men yonmayman.
Tolstoy kofirmas, kofir — o‘zing,
Yolg‘ondir va’zing, yolg‘on so‘zing.
Ko‘ngli so‘qir nodonsan, fe’ling kaj,
Qandoq payqasin nurni ko‘zing?
Ko‘nmam dinni ters burmog‘iga,
Tushmam hech uning qarmog‘iga.
Rosti, undoq ming kasni
Olmayman Tolstoy tirnog‘iga.
Aqlli-la gap talashmagin,
Munofiq so‘figa yondashmagin.
Dono, oq niyat odamlarning
Izmin tut doim, adashmagin.
Mirpo‘lat Mirzo tarjimalari