Nasibbek Ayto‘g‘li (1950)

Nasibbek Ayto‘g‘li (Nesіpbek Aytұlы) Sharqiy Turkistonning Tarbag‘atay aymog‘idagi Shauyeshek tumanida tavallud topgan. 1955 yilda oilasi bilan otamakon — Qozog‘istonga kelib yashay boshlagan. Semey viloyati Shubartov tumanidagi Barshatas qishlog‘ida o‘rta maktabni tamomlagan.
Ilk mashqlari Shubartov tumanidagi “Yangi hayot” gazetasida chop qilingan. 1974 yili Qozog‘iston Davlat universitetining jurnalistika fakultetini tamomlagach, “Boldirg‘an” jurnalida she’riyat bo‘limi mudiri bo‘lib ishladi. Muqag‘ali Maqatoyev nomidagi adabiy mukofot sovrindori.
Uning “Bog‘chaga borar yo‘lda” (1974), “Qo‘zi ko‘ch” (1975), “Otam haqida qo‘shiq” (1977), “Yurak hayqiriqlari” (1978), “Yomg‘ir qo‘shig‘i” (1982), “Tunda uchgan turnalar” (1986) kabi bir qator she’riy to‘plamlari chop etilgan.

ORZU

Hamma ham bir tekisda baxtiyormi,
Dunyoda orzusi yo‘q kishi bormi?
Katta gap – o‘z-o‘zingni anglaganing,
Hamma ham tushunarmi jon siringni?!

Orzuda – qismatingning mazmuni jam
Va tinmay kurashmog‘ing boisi ham.
Turar, axir, orzuing o‘zatida
Eng teran o‘rtanishlar – quvonch-alam.

Orzu deb uzun tunlar
Bedor bo‘lgung,
Charx urib yugurasan,
G‘amga to‘lgung.
Orzung-chun — kerakmi gar —
Yuz yashaysan!
Orzung-chun – kerakmi gar –
Erta o‘lgung…

Qo‘msaysan
Goh qoshingdan ketganni ham,
Qo‘msaysan
Goh boshintdan o‘tganni ham.
Yoz kunlarin betoqat qo‘msar oning,
Qo‘msaysan goh bulturgi ko‘klamni ham.

Talpinasan ertangi ufqqa keng,
Chorlar orzu cho‘qqisin yuksagi eng.
Orzusizlar – yaroqsiz askar misli,
Orzusizlar — qanotsiz qush bilan teng.

Orzuni deb yasharlar, yelkada yuk,
Orzuni deb yasharlar, jonlar kuyub.
Agar bilsang,
Orzuning bari yuksak;
Agar bilsang,
Orzuning bari buyuk.

Yuragingda qulf ursin orzu guli,
So‘nmasidan qoningda surur uni.
Qumda yotgan qayiqqa o‘xshar odam
Orzusidan butkul voz kechgan kuni

BULUT OQIB BORADI

Tashqariga chiqdim men
Dilgir bo‘lib,
Oqar edi bulutlar osmon to‘lib.
Etarmanmi —
Basma-bas quvsam birin?
Ketarmikin —
Ko‘nglimning yuvsam kirin?
Ko‘z o‘ngimda ko‘ndalang turib oldi
Zangori tog‘,
Ko‘k adir,
Nozli qirim.

Oqar edi bulutlar chalqib kunga,
Bor tabiat aldanib boqar unga.
Ufqlarga qarayman xumorlanib,
Ko‘rinmaydi biroq u tumanlanib.
Tumanlanib turgani-ey manov tongning,
Boqmoqchiydim yuziga men bir qonib!

Ufqlar uzra boqar tog‘ bamisli sir,
Yana ko‘zim o‘ngida yashnadi qir.
Zangor cho‘qqi ko‘ksini mo‘ljal olib.
Bulutlar oq marjonin osdi bir-bir.

Undan yana borarlar olis qalqib,
Qirdagi tulporlarday shavqi ortib.
G‘azabga minsa, chaqmoq qamchisi-la
Betiga qora toshning chars-churs tortib.

Gohida ko‘z yosh to‘kib yig‘lab qolar,
Yig‘lamasa bulutlarga ayb bo‘lar.
Bir-birini qoq dashtda jilg‘a quvlar –
Mavjlanib, erkalanib oqar suvlar,
Bulutlarni yupatolmas biroq ular…

Tund osmon shu’lalardan libos kiydi,
Yig‘lasa, bulutdan ham mung ariydi.
Dunyoda har narsaning o‘z gashti bor,
Mung arigan yurakka baxt doriydi…

Bulutlar oqib borar sollanib sha’n,
Ularning shukuhiga kim bermas tan!
Ularga yerda turib yetolmadim,
Birining ishi yo‘qdir, eh, men bilan!

YoMG‘IR KUYI

Taqdir hali g‘amlardan tondiradi,
Osmonim sokin chaqmoq yondiradi.
Yondiradi —
Tugamas yomg‘ir kuyi,
Yomg‘ir kuyi – jonimga buloq suvi.

Durlar yog‘sa bulutlar aro durkun,
Yomg‘ir kuyin tinglab men tong ottirgum.
Yomg‘ir kuyi kun bo‘yi tinmasa gar,
Yumushdan ham hattoki qolib turgum.
Bir soniya tomchiga aylangum-da,
Dunyo haqda yomg‘ir-la suhbat qurgum.

Yuragimni chulg‘arkan ajib ohang,
Tomchidayin tip-tiniq tozaraman.
Hech bir jonni
Ozurda etgim kelmas,
Yashamog‘in tilayman omon-omon.
Eshitgim kelmas endi mening qaytib
Ajalning qadim kuyin hatto bir on.

Injularga aylanib dil sirimdan,
Yomg‘ir kuyi to‘kilar tomirimdan.
Bilaman men, bir kuni tushunarsan
Qalbimni – yig‘lay bilgan,
Kula bilgan…
Toliqqanda chang yutib yo‘lda bir kun,
Sog‘inarsan sozimni shunda mumkin,
Entikarsan o‘shanda,
Inonarsan,
Yo‘qdir mening sozimdan boshqa mulkim.

Taqdir hali g‘amlardan tondiradi,
Ajib surur qonda o‘t yondiradi.
Yondiradi —
Tugamas yomg‘ir kuyi,
Yomg‘ir kuyi – jonimga buloq suvi,
Tashnaligim ugina qondiradi.

Mirpo‘lat Mirzo tarjimalari

BOLALIK ANHORI

Ul edik u payt, qiz edik,
Bir emas edik, yuz edik.
Baqanas degan o‘zandan
U yoqqa kechgan biz edik,
Bu yoqqa kechgan biz edik.

Burumin hidlab bol qizning,
Iforin yutdik yalpizning.
Baqanas o‘zi yupatdi
Ko‘nglini bizday yolg‘izning.

Odamning yoshlikdagi umri –
Chopishgan otlarning dupuri.
Qulog‘imda haliyam yuribdi
Qizlarning totli shiviri.

O‘ralsa ba’zan o‘yga shu –
Yirtilar ko‘nglim bardoshi.
Haliyam yurakda yuribdi
Qizlarning o‘tli siymosi.

Olisga yuzni tuzadik,
Kecha ul edik, qiz edik.
Baqanas degan anhordan
U yoqqa o‘tgan biz edik,
Bu yoqqa o‘tgan biz edik.

Muzaffar Ahmad tarjimasi