Hamid Erg‘aliyev (Xamit Yerg‘aliyev) Gurev viloyatining Novobogat tumanida dunyoga kelgan. Qozog‘iston Davlat universitetida o‘qigan. Ikkinchi jahon urushi ishtirokchisi. Ilk she’rlari matbuotda 1936 yildan e’lon qilina boshlagan.
1981 yilda “Oltin zarang” she’rlar to‘plami uchun Abay nomidagi Qozog‘iston Davlat mukofoti bilan taqdirlangan. “Qozog‘iston xalq shoiri” unvoniga sazovor bo‘lgan.
Shoirning “Ikki doston”( 1949), “Bizning ovulning qizi”(1950), “Sening o‘zaging”( 1953), “Yoyiq qo‘shiqlari”(1955), “Qurmang‘ozi” (1958), “Davr ovozi”(1963), “Hayotning o‘z ko‘ziman”(1965), “Kuy doston”(1970), “Qutlug‘ qo‘nish” (1974), “Ko‘zlarimda dumaloq zamin” (1978), “Oltin zarang” (1981) kabi to‘plamlari nashr etilgan.
OLTIN KOSA
Bizning Jambul yurtimizni kuylasa —
She’rlar aytib tunni-tunga ulasa,
Eshitganlar qalbin nurga to‘ldirib —
Turar edi oldida oltin kosa.
Oltin kosa, nazdidagi shu kosa
Tortar edi doim Jambul xayolin.
Qo‘lga olib oqin uning tubida
Qimiz emas, ko‘rardi yurt jamolin.
Bugun o‘qib oqinning ko‘p she’rlarin,
Men angladim oltin kosa sirlarin:
U oqinga aytib turar ekan-da,
Farahli tong, qutlug‘ kunlar kelarin.
Qar bir so‘zi quyma go‘yoki po‘lat,
Bugun ular mag‘zin chaqdim nihoyat:
Ko‘p zamonlar qaqrab yotgan sahrolar
Gulzor bo‘lar, deb qilganin bashorat.
Bilsam, otam so‘zi hikmatli ekan:
Oltin kosa — ichi to‘la baraka,
Xosiyatli shu idishni to‘ldirsang,
Har bir kuning aylanadi bayramga.
Zarang kosa tubi teran, bil sirin,
Boli etgan qancha tillarni shirin.
Otam labi tekkan shu ajib kosa —
Ne baxt, qarang, bo‘lmish mening taqdirim.
O‘zgarmagay oltin kosam hech qachon,
Yangilanib tursa hamki bu olam.
Totgan bolim o‘rnin yana to‘ldirib,
Uni senga qoldirgayman, jon bolam.
Habib Sa’dulla tarjimasi.
ZARAFShON BO‘YIDA
Muqaddas bu zamin, qadim tuproqda
Gullar qaysi zamon qovjirab so‘lgan?..
Bu chashma qaysi oshyondan?
Bobodehqon bilan chin sirdosh bo‘lgan
Zarafshondan, axir, Zarafshondan!
Qorli cho‘qqilardan oshsa beqadik,
Ko‘pchib oq bulutlar navbaqor fasli —
Yayrar yer abri naysondan.
Ushbu dur tomchilar qayerdan asli?
Zarafshondan, axir, Zarafshondan!
Oydin ko‘lga qo‘nsa sayron oqquvlar.
Qolmas yuragingda g‘amning g‘ubori,
Bu damlar azizdir jondan.
Qaydan bu ko‘qlikning, ko‘rkning ifori?
Zarafshondan, axir, Zarafshondan!
TAG‘IN KELDIM TOShKENTGA
Tag‘in keldim Toshkentga — keragimga,
Etdim tag‘in ardoqti tilagimga.
O‘zbekning muqabbati — menga degan,
Tugamas, oqaverar yuragimga.
Jo‘r bo‘lganda xush ayyom sozing — uning,
Chin roqatdir o‘zbek-la kechgan kuning.
Dili oqdir naq kumush paxtasiday,
Ipagiday mayindir fe’li uning.
Entiktirar ko‘nglimni doim visol,
Oshiqaman naq Amudaryo misol.
O‘zbek do‘stim meni xush kutib olar,
Mirzacho‘lning tongiday yuzlari ol.
Dil yolqini ortar yil o‘tgan sayin,
Har qozoqning o‘zbek-chun mehri tayin —
Olmaotadagi uyimga issiq bergan
Buxorodan keluvchi olovdayin.
Xush etmoqqa har qadam do‘stlarim shay,
Dilim ravshan Toshkentning osmoniday.
Qozoqning ko‘ksi baland hamishalik,
Viqorlidir Navoiy dostoniday.
Jahonda ne ezgulik — bizda bari,
Tug‘ishgan el ginadan turgay nari.
Do‘stligim salobati qurch va buyuk,
Misli Temur saroyin gumbazlari.
She’rlarimiz naq bahor lolasiday,
Qovjiramas zabunlar nolasiday.
Ulanimni eshit-da, suyub qo‘y-chi,
Bizga bergan qizingning bolasiday.
Mulozamat qilma sen, ayt chiningni,
Sina nozik davrada o‘z iningni.
— Oling, oling, desang gar erib ketib,
Yotib olib yemasman uzumingni.
Mirpo‘lat Mirzo tarjimaci