G‘ali O‘rmonov (G‘ali Ormanov) Toldiqo‘rg‘on viloyatining Qapal tumanidagi “Echki o‘lmas” manzilida dunyoga kelgan. Eski maktabda savod chiqargan. 20-yillarda gazetalarda muxbir bo‘lib ishlagan. Dastlabki she’rlari 1928 yildan matbuotda e’lon qilina boshlagan. Uning qozoq she’riyatini yangi obrazlar va uslubiy izlanishlar bilan boyitgan ko‘plab she’r va dostonlari bosilib chiqib, xalq orasida shuhrat qozongan.
Adabiyot sohasidagi xizmatlari uchun ko‘plab orden va nishonlar, faxriy yorliqlar bilan mukofotlangan.
“Umr dostoni” (1948), “Go‘dak yuragi” (1949), “Safarda” (1957), “Yillar qo‘shigi” (1976) kitoblarida uning asosiy asarlari jamlangan.
XX asr qozoq she’riyatida o‘ziga xos ovozga ega bo‘lgan lirik shoir sifatida shuhrat qozongan G‘ali O‘rmonovning ko‘plab she’rlari xalq qo‘shiqlariga aylanib ketgan.
YaNGIER GULLARI
Bizga yoshlar gul tutdi,
Bu lahzalar yayrar jon.
Ajib gul edi ular —
Qirlarda urgan javlon.
Maktabiyu bog‘i ham
Bir kunda yaralganday.
Bu yerda xush sadolar
Jannatdan taralganday.
Dildan toshdi hislarim
Boqib jajji saflarga.
Vaqti kelib birma-bir
Tushirgayman daftarga.
Naq qo‘shiqtsir Yangiyer —
Uzoq yashar qalbimda.
Gul singari bolalar
Turibdi ko‘z oldimda.
DO‘ST MADHIYaSI
Tomirdosh, biz azaliy do‘st ekanmiz,
Bu boqqa neni eksak, qo‘sh ekkanmiz.
Shu tuyg‘uni ulug‘lamay, kuyga solmay,
Deyman, nega sho‘ncha mahal bo‘sh o‘tganmiz?
Jonimiz bir-biriga jondosh ekan,
Elimiz bir-bnriga yondosh ekan.
Toleyu qismatimiz birligini
Jahonga uqtirmaymiz bizlar nedan?
Ko‘rmadik nega burun Samarqandni?
Kelmadik Zarafshonga nega qamti?
O‘zbekcha soz-la Uyg‘un, G‘afur G‘ulom
Kuylamagan nega mening Sariorqamni?
Nima ko‘rar uyidan chiqmas inson?
Unga dunyo tuyular tor bir makon.
Olatovning adirin cho‘qqi deydi,
O‘z yog‘iga qovrilib yotar giryon.
Ko‘p ekan bu borada menda ayb,
Qo‘yaman o‘z-o‘zimni goho koyib.
O‘zbekning ko‘p kitobin o‘qiganday
Yurtimga qaytdim o‘lan-she’rga boyib.
Tog‘lari tog‘larimday — boqmay qayon,
Buloqlar dil so‘zimni aylar bayon.
Tosh qopqa yonboshida ulug‘ Temur
Ufqqa termulganin tuydim ayon.
Qo‘rkamdir Omonqo‘ton, Yetimtov ham,
O‘ramish oppoq salla bulutlardan.
Ko‘rdim men cho‘lga shoshgan kanallarni,
O‘ynoqi suvi edi misli zardan.
Shundoqdir, ellarimiz cho‘ng o‘lkasi —
Bamisli bir daraxtning ko‘lankasi.
Biz uning soyasida sozlar chertsak,
Kim bo‘lar — biz bo‘lmayin yurt erkasi?
Mirpo‘lat Mirzo tarjimalari