G‘afu Qayirbekov (G‘afu Qayыrbekov) 1928 yil 15 avgustda hozirgi To‘rg‘ay viloyatining To‘rg‘ay shahrida dunyoga kelgan. 1952 yilda Abay nomidagi Qozog‘iston Davlat pedagogika institutini bitirgan. Ilk she’ri 1948 yilda To‘rg‘ay tuman gazetasida bosilgan. Birinchi she’riy to‘plami “Tengdosh” 1954 yilda nashr qilingan. 1980 yilda “Yulduzli taqdirlar” poemasi uchun Qozogiston Davlat mukofotiga sazovor bo‘lgan.
Uning “Baliqchi Ivan” (1955), “Dala qo‘ng‘irog‘i”(1956), “Tog‘lar gapiradi”(1960), “Quyosh o‘gli” (1964), “Qanotli yillar” (1973) kabi she’riy to‘plamlari chop etilgan.
EPKINLAR
Bir so‘z bor. Umri uzoq,
Ming yillardan ziyoda.
U — to‘lqin, bilmas qirg‘oq
Hamon bizning dunyoda.
U maydek gangitar bosh,
U may singari taxir.
Ammo
u — non, u — quyosh,
U o‘lmas Muhabbatdir…
Menga kerak emas oliy bir masnad,
Mening dardim emas,
shon va shuhrat dardi.
Hayot bersa basdir oliy bir maqsad,
Xayolga o‘xshagan
Uchqur qo‘shiqlarni…
G‘ururlanish mumkin,
Xalq qalbiga kirib,
Bo‘lsang bu olamda chindan
qahramon.
Ammo kulgilidir
ko‘kragingga o‘rish —
Seni ko‘targanda
Boshiga Yolg‘on…
Omon Muxtorov tarjimasi.
SAMLRQAND
Samarqand afsonaviy oltin qasr,
Bor uning har burchida mo‘jiza, sir.
O‘zbekning pok xayolin gultoji u,
O‘zbekning joni bilan joni-da bir.
Betakrordir saroylar shinamligi,
Yo‘q uning ertaklardan hech kamligi.
Undadir zarrin gumbaz, minoralar,
Undadir jahon husni, ko‘rkamligi.
Kim bor — uning toshlarin silamagan,
Kim bor — uni ko‘rmoqni tilamagan.
Undadir ulug‘ me’mor sohir qo‘li —
Asrlar shamolini elamagan.
Buyuklik o‘lmas moziy girdobida,
Karomat bor bobolar xitobida.
Temurning ulug‘ligin ta’rifi ko‘p,
Hammasi Ali Yazdiy kitobida.
Go‘ri Mir, Bibixonim, Registon bu,
Har biri oltinlanib sochar yog‘du.
Qasrlar turaverdi unniqmay hech,
Girdida kechaverdi turfa qayg‘u.
Yo‘qlikdan shiddat esar zamonga zab,
Mangulik muhrin olib bo‘lmas zo‘rlab.
Asrlar dovonidan osha mag‘rur
Turonning salobati kelar o‘rlab.
ULUG‘BEK
Taxtlar doim bebaqo – u bilgandi,
Ilm bo‘ldi doim uning dilbandi.
Janglar gardin kiprigi-la tozalab,
U yulduzlar olamiga yuzlandi.
Koinotga boqib aslo to‘ymadi,
Qavat-qavat xilqatlarni bo‘yladi.
Falak sirin anglamoqqa bir umr
Fido bo‘ldi uning teran o‘ylari.
G‘anim chiqtsi ne-ne peshvo a’yonlar,
Hayotida ko‘rdi quyun-to‘fonlar.
Xurofotning buzib zulmat qal’asin,
Tikladi u ilm bobida qo‘rg‘onlar.
Payt poyladi mudom jirkanch qaboqat,
Saltanatga ildiz yoydi jaholat.
“Xudo bilan so‘ylashmoqchi bo‘lding” deb,
Oltin boshga yog‘dirdilar malomat.
So‘qir qilich shundoq boshni kesibdi,
Tilsimlarga ochgandi u eshikni.
U ilmga kechikmadi, yo‘q, aslo,
Lekin uning zamonasi kechikdi.
Hur tafakkur kaj zamonga yoqmadi,
Badbinlarga qayrilib u boqmadi.
Shundan nomi yarqiragan yulduzdek
Buyuk Turon osmonida chaqnadi.
Ne-ne asr qo‘ymas aslo porlovin,
Tinglar go‘yo sirli ko‘kning chorlovin.
U edi ilk qo‘lin cho‘zgan falakka,
U edi ilk “tutgan samo jilovin”.
Buyuk Turon ko‘kiga ko‘z solganda,
Sen ham uni bir zum yodga olgin-da.
Naq tepangdan boqib turar Ulug‘bek,
Ajib hislar mavjlantirib qalbingda.
Mirpo‘lat Mirzo tarjimalari