Xolilla Davlatnazarov (1952)

Xolilla Davlatnazarov 1952 yilda tug‘ilgan. Nukus Davlat san’at bilim yurtida vokal mutaxassisligi bo‘yicha o‘qigan. Hozirda “Amudaryo” jurnalining Bosh muharriri lavozimida ishlaydi. Ijodkorning “Xat”, “Sen menga keraksan”, “Oshiq bo‘lmagan kim bor?”, “Xush qol yoshligim”, “Alvido, muhabbat, alvido”, “Oshiq bo‘lib yashang” kabi she’riy to‘plamlari nashr etilgan.

OQChAKO‘L

Tarixing kuylasa ne-ne asrlar,
Sado bergay necha qo‘rg‘on-qasrlar,
Yozilib, aytilib ko‘p taxmin-sirlar,
Ulug‘lab, dong‘ingni yoygan Oqchako‘l!

Zardo‘sht necha marta suzdi suvingni,
Kezib Sulton Vayis kabi tog‘ingni,
Turon-Turkistonda zahru bolingni
Qoraqalpog‘ing ham totgan Oqchako‘l!

Cho‘l-sahrolar to‘nab ko‘chu karvoning,
Qumday maydalandi umid-armoning,
Ko‘rar ko‘zimiding qadim daryoning,
Oqqushlar oshiq bo‘p qo‘ngan Oqchako‘l!

Goho muz kurshanding hatto savrda,
Yashab ko‘rding ne zamon, ne davrda,
Qizilqumlar chekkan o‘tli hovurda
Maysa-o‘lanlaring yongan Oqchako‘l!

Noming balki oqcha bulutli osmondan,
Oqcha qordanmi yo aqcha sochgandan,
“Aqchaxon qal’aday” mashhur dostondan
Yodgorlik bo‘p meros kolgan Oqchako‘l!

Suv bejo to‘lg‘onsa, mard dehqonlaring
Teng tortishdi zamon imtihonlarin,
Oq siynasin silab ne jononlarning
Muhabbat mavjida qolgan Oqchako‘l!

O‘tmishing bor moziylardan teranday,
Qo‘llovching qirq chilton – g‘aybul-eranday,
Oltin ivitilgan kumush zarangday,
Jamoling ko‘z yog‘in olgan Oqchako‘l!

Yurt uchun ham bir ko‘rk o‘tmishning sasi,
Bo‘stonga ilhomdir shu ovozasi,
Qoratovning qaraydigan ko‘zgusi –
Oy misoli oppoq to‘lgan Oqchako‘l!

Qat-qat kechmishingday qalin o‘y bosgan,
Ayozqal’ang – tog‘lar bilan bo‘ylashgan,
Men ham senday sado bermay qolmasman:
“Xalqim! Ona Vatan!” deya Oqchako‘l!

QANOTLAGIM KELAR QALDIRG‘OCh BO‘LIB

Er-ko‘k ko‘p eshitgan, qancha ko‘z ko‘rgan,
Haqiqat hamisha tashbeh izlarkan,
Men ham ko‘ngillarga suluv so‘zlardan
Uya qurgim kelar qaldirg‘och bo‘lib.

Ipakday yumshoq so‘z, yoqimli yorni,
Muhabbat fasli deb go‘zal bahorni,
Shirin orzu-umid, sog‘inishlarni
Olib uchgim kelar qaldirg‘och bo‘lib.

Bag‘ishlov baxsh etib otgan tonglarga,
Yukinsam, tabiat bergan ranglarga,
Qanoti qotmagan palaponlarga
Va’z o‘qigim kelar qaldirg‘och bo‘lib.

Qismat azobidan jonlar bezinib,
Nozik hislar qolsa giryon, ezilib,
Bir butun dunyoni yaxlit sezinib
Sayragim keladi qaldirg‘och bo‘lib.

Har neni bir tatib chirkillar chumchuq,
Qarg‘a urmoqqa o‘ch haromga tumshuq,
Shubhali luqmadan gard olmas chimdib –
Yashagim keladi qaldirg‘och bo‘lib.

Vaqt ila bahslashsa, umr karvoni,
Tanglayga ta’m bersa, baxtning zamoni,
Yonib-titrab yotgan o‘ksik dunyoni
Qanotlagim kelar qaldirg‘och bo‘lib.

BULBUL — GULNING, MARDLAR — ELNING DARDINDA

Mustahkam tog‘-tosh ham chaqilar, cho‘kar,
Sal narsaga bulut ko‘z yoshin to‘kar,
Iqbol goho sarak, goh puchak ekar,
Barcha yashar nomus-orning dardinda.

Oshiqlar suyansa yarashar tolga,
Beqaror arilar behushdir bolga,
Qayig‘ing g‘arq bo‘lsa daryo-anhorga,
So‘ng oqarsan eshkak-solning dardinda.

Mardning nohaqlikda joni qovrilar,
Bisotinda borin el deb sovurar,
Shuhrat xirmoninda nokas dov urar,
Oqlar urib foniy davron dardinda.

Yosh qizlar havasmand – ko‘zga chalinsa,
Ismi muhabbatning tilga olinsa,
Izinda yuz yigit yurib yalinsa,
Bo‘z yigitlar sevar yorning dardinda.

Umr guzarida armon – aravachi,
Umid sohilida xayol – darg‘achi,
Bo‘ynida to‘rvasi, yurar talashib,
Ajal har qadamda jonning dardinda.

Suv mo‘l bo‘lsa, daryo toshqinlab oqqay,
Hilm-hayo ko‘rk berar olma yonoqqa,
Kim duldul, kim yobi izlar minmoqqa,
Bulbul faryod qilar gulning dardinda.

Bul dunyoda ne ko‘p – tashvish ko‘p, dard ko‘p,
Bajarilmas lafz ko‘p, buzilgan shart ko‘p,
Dard bilan dardda ham yer-ko‘kday farq ko‘p,
Asl mardlar yonar — elning dardinda!

BOTIR GULOYIM

Qo‘sh burumli qora sochim
Tuyayin deb tukkanim yo‘q.
Etti qavat oq sovutni
Kiyayin deb kiyganim yo‘q.

Erlar turib, ayol boshim,
Taqinganim qilich-qalqon.
Mardlar chopgan yov o‘rdasan,
Qaytmoqchiman qilib talqon!

Yurak-bag‘rim kuya-kuya,
Ko‘zlarimni nam qildi dard.
Chiqmasmi el-xalqim deya
Qirq yigitni boshlagan mard.

Arzi holim kim uqadi,
Yakkalikdan zor yig‘layman.
Men chiqmasam kim chiqadi,
Botirlarsiz qolsa maydon?!

El boshiga kun tuqqanda
Oh urib, qo‘l yoymang yotga.
Xalq uchun bel bog‘lang endi,
Botir qizlar, mining otga!!!

TO‘MARIS MONOLOGI

Bu yurt — ozod massagetlar yurtidir,
Avlodlar shod bo‘lsa – elning baxtidir.
Tomiringda mening qonim bor, axir,
Qullik nedir – odam bilmasin deyman.

Aks holda men chidab yurgim kelmaydi,
Ruh isyonda, men jim turgim kelmaydi.
Mardlar bekor boshin fido qilmaydi,
Yurt dushman qo‘lida qolmasin deyman.

O‘zi tuysa, tuymay qolsa fuqaro,
Undaylarning vasfi – tillarga yaro!
Bir mungli yig‘lasa, boshchi beparvo,
Tinch uxlasa – o‘ynab-kulmasin deyman!

Qayda lashkarlarim, qurol-yarog‘im,
Urpog‘im – umrimning yorug‘ chirog‘i,
Sarg‘ish tortsa hur elning baxt varog‘i,
Qayta yashillanib, gullasin deyman!

Qoraqalpoqchadan Muzaffar Ahmad tarjimalari