Abulqosim O‘tepbergenov (1951)

Abulqosim O‘tepbergenov 1951 yilda tug‘ilgan. Nukus davlat pedagogika institutining tabiiy fanlar fakultetini bitirgan. Ijodkorning “Tomchilar”, “Buloqlar”, “Dunyo bir aziz joydir”, “Agar ko‘nglimni xush etsa”, “Kunchiqish maqomlari”, “Kimga kengdir, kimga tordir bu dunyo”, “Xalqdan donoman deb o‘ylama” kabi kitoblari chop etilgan.

* * *

Ko‘ngling yomonlikka burmagin aslo,
Burilgan vujudda qiynaladi jon.
Ko‘ngil tilamaydi hech jabru jafo,
Musaffo yaralgan go‘yoki osmon.

Ko‘ngil ko‘ngillarga boylangan, angla,
O‘zganing ko‘nglini avayla, saqla.
Gunohsiz ko‘ngilga ziyon yetkazsang,
Tosh otgan bo‘lsang ul qodir Haqqa!

O‘TDAN KUChLI

Mo‘ysafidning savol tushib ko‘ngliga,
Huzuriga chorlab, dedi o‘g‘liga:

– O‘tdan kuchli nima, aytchi, dunyoda,
Umring bo‘lsin mendan ko‘ra ziyoda?

Chaqmoq toshday ekan ul zuryot,
Yaltiragan olmos uchqur qanazat.

So‘zlaridan asal tomib turibdi,
Qadam bossa po‘lat sinib turibdi.

Alpomishday ko‘rkam, qomatli o‘g‘lon,
Javoblar qalbda uradi tug‘yon.

Otasiday xalqqa u kamarbasta,
Xalqiga jonini tutar birpasda:

– Javobim shu ota – boshin egadi. –
O‘tdan kuchli, albat, mehr bo‘ladi.

– Javobing to‘g‘ridir, o‘g‘lonim mening,
Bu dunyoda yo‘qdir armonim mening.

Insonga Vatan ham onadir yolg‘iz,
Ikkisi bilsang gar, har nedan aziz.

Bu tuyg‘u asragan urush paytida,
Vatanga muhabbat ko‘ngil baytida.

Sen aytgan o‘sha mehr o‘tda yonmadi,
Dushmanga sotilib hech kim tonmadi.

Suvda ham cho‘kmadi toblangan mehr,
Qasosga chorladi g‘animga qahr.

Och-yupun qolardik, sezmasdik ba’zan,
Jondan ortiq edi – muqaddas Vatan!

Vatanga mehr kerak – e’tiqoding shu,
Yurtingga, xalqingga – iltifoting shu.

Mehr qutqargandir, ofatdan, o‘tdan,
Mehrdir, mehrdir, Vatandir, Vatan!

OTAM NASIHATI

“Hamisha adolat, haqlikdan so‘zla,
Ko‘zlasang halollik, poklikni ko‘zla.
Hech zamon nafsingga erk bermagil,
Boylikni tilasang, insofdan izla!”

Otam doim derdi: Ertami-kechmi,
Bo‘lgin o‘g‘ilginam aqlli, esli.
So‘zlarim dilingdan o‘chmasin hargiz,
Qanoat – qanoting bo‘lsinda kuchli.

Nafs degan balo ichingda yotur,
Uni yengsa aqling, farosat yutur.
Ushbu nasihatim yodingda saqla,
Qanoat bardoshdan doim kuch olur.

O‘zgani o‘zingday, albat, bilgaysan,
O‘zganing haqidan hazar qilgaysan.
Manmanlikdan obro‘ topmagan hech kim,
El-yurt hurmat qilar, kamtar bo‘lgaysan.

Martaba, amal ham o‘tadi bir kun,
Halolu haromning ajratgin farqin.
Hamisha xalqingning xizmatida bo‘l,
Eng katta davlating mehnatkash xalqing.

SENDA INSOF BO‘LSIN, MENDA QANOAT!

Kel, birodar qo‘lni-qo‘lga beraylik,
Senda insof bo‘lsin, menda qanoat!
Neki bo‘lsa, baxtimizdan ko‘raylik,
Senda insof bo‘lsin, menda qanoat!

Bu dengiz zo‘r deysan, aslo, cho‘ktirmas,
Suvlari ming dardga davo bo‘lolmas,
Er ostida yotar, gavhar, tosh-olmos,
Senda insof bo‘lsin, menda qanoat!

Xazina ham turgan sayin ko‘payur,
Ishlov bilan hosilni mo‘l berar yer,
Aqlingni ishlatib, qilgil tafakkur,
Senda insof bo‘lsin, menda qanoat!

Qalbing yog‘du sochib, yashnab turadi,
Ko‘zing ravshan tortib, o‘ynab turadi,
Nafsingni jilovlab boylab turadi,
Senda insof bo‘lsin, menda qanoat!

U hukmron bo‘lgan yer, hur, farovonlik,
Quyiga yo‘nalsa turgay omonlik,
Qozon qaynar moyda, bori to‘kinlik,
Senda insof bo‘lsin, menda qanoat!

U bir qo‘rg‘on, ko‘rsang jannat bog‘iday,
Tunni ravshan etgan tongning nuriday,
Ulug‘ Payg‘ambarga ummat guliday,
Senda insof bo‘lsin, menda qanoat!

U bir shahanshohdir, olmay beradi,
U bir g‘arib gado, toptab teradi,
U bor joyda, albat, nafslar o‘ladi,
Senda insof bo‘lsin, menda qanoat!

Ta’ma muddaosin bitkazmay, desang,
Shaytonni qalbingga o‘tkazmay, desang,
Insonlikka zavol yetkazmay, desang,
Senda insof bo‘lsin, menda qanoat!

* * *

Ko‘zingda nuring bor, tizda madoring,
Dunyoda ulushing har dam olib qol.
Yomonlik jarini aylanib o‘tib,
Yaxshilikdan pok bir saroy solib qol.

Saroying ulkan ham tutashsin ko‘kka,
Ko‘ngillarda, albat, havas uyg‘otsin.
Hamisha asragin, gardni yuqtirma,
Ming yillar saroying seni eslatsin.

TUYuQ

Maxtumquli aytgan do‘stlar, yoronlar:
“Kuyunma barchadan qolar bu dunyo.
Chora topolmagay o‘tgan ulug‘lar,
Hammaning boshiga yetar bu dunyo”.
Ulug‘lar topmagan chorani sen top,
Xullasi, o‘zingdan qoldir yaxshi ot.

TO‘RTLIKLAR

* * *

Mehnatga teng kelar fazilat qani,
U ko‘hna dunyoning ham ko‘rar ko‘zi.
Odamni bir tugal olam deb, bilsang,
Uning mangu so‘nmas quyoshi – yuzi.

* * *

Baxt sandiqdir, kaliti ko‘kda,
Degan naql bor, ko‘hna afsona.
Ko‘rmoqdamiz hayotda ko‘pda,
Kalit – mehnat, qo‘ldir – mardona.

* * *

Kimning xalqi siylab, hurmat aylasa,
Buyuk bo‘lar uning iqboli – baxti.
Bundan ulug‘ hikmat topmadim hargiz,
Ulug‘ xalqdan buyuk yulduzlar chiqdi.

Qoraqalpoq tilidan Jamoliddin Muslim tarjimasi