To‘lagan Mameev (1938)

To‘lagan Mameev (Tөlөgөn Mameev) 1938 yil 12 mayda Qirg‘izistonning Kara-kulja tumanida tug‘ilgan. O‘sh pedagogika institutini tamomlagan (1955). «Kommunizm үchүn», «Oktyabr Tuusu», «Leninchil jash», «Kыrgыzstan madaniyatы», «Muras», «Meenet» nashrlarida ishlagan.

Ilk she’riy kitobi “Ajoyib dunyo” nomi bilan 1975 yili chop etilgan. To‘lagan Mameev S.Esenin, M.Yu.Lermontov, G.Lorka, Abay she’rlaridan qirg‘izchaga tarjimalar qilgan. Uning she’rlari rus, qozoq, o‘zbek, oltoy tillariga tarjima qilingan.

XAYRLAShUV
(Manzara)

Botayotgan quyoshga boqib,
Qirda turar keksa bir odam.
Agar ortga sal yursa bormi,
Tubsiz jarlik-o‘pqon bir qadam.

Ko‘z uzmaydi janub tarafdan,
Kunga qarab qotgan shamdayin.
Qimir etmas, buyog‘i asli –
Yaratganning o‘ziga tayin.

Quyosh botdi, biroz o‘tmasdan,
Bo‘z adirning ortiga – pastga
Qirdan oshib o‘tdi bobo ham
O‘ng qo‘lida irg‘ayli hassa.

Adir tomon keldim ertasi,
Terak bo‘yi quyosh orasi.
Oftob botdi odatdagiday,
Ko‘rinmadi cholning qorasi.

“Yolg‘on dunyo” tashvishin bobo,
Uloqtirib yelkadan, boshdan.
Quyosh bilan qirda xo‘shlashib,
Chamamda u uzlatga shoshgan…


HAVAS

Oppoq qirli qoyalarning ichida
Tog‘ cho‘qqisi o‘ta baland, eng buyuk.
Makon qurgan bulutlardan yuksakda,
Burgut, burgut barchasidan Sen buyuk.

Qanotingda bormi biror xosiyat,
Qush zotiga hatto boshing egmaysan.
Qarg‘a, quzg‘un tirnog‘ingga arzimas.
Me’dang to‘qdir, o‘limtikka tegmaysan.

Jo‘rimanlar sarqit uchun jon berar,
Chiyabo‘ri zor g‘ajilgan ilikka.
Sen charx urib zovdan-zovga o‘tasan,
Changallaring moslashgandir kiyikka.

Hazar qilib quzg‘unlarning ishidan,
Qanotingni dadil, erkin yozasan.
O‘ng‘ay o‘lja izlamaysan hech qachon,
Pokdomonsan, pokizasan, tozasan.

Burgut, burgut bu olamda Sen buyuk
Sendan baland qoyalaru osqalar*.
Yuksaklikda qani Senga o‘xshasa,
Ota yurtning yigitlari, boshqalar.

____________
* O s q a – cho‘qqi.

XAChIRGA AYLANGAN KULUK*

Bir yilqichi o‘z kasbini
Nazariga ilmas edi.
G‘unon kuluk  tug‘sa hamki,
Farqini hech bilmas edi.
Ayirmay otni xachirdan,
E’tibor bermay ko‘piga,
Eh, attang, o‘sha qulunni,
Qo‘shdi xachirlar to‘piga.
Ular bilan birga yashab,
G‘unon ham yetdi asiyga**.
Nihoyat no‘xta urildi –
Moslashgan asli xachirga.
Ulovday qorni qappaydi,
O‘rgandi somon yegani.
Mayrilib uchqur tuyog‘i
Unutdi taqa deganni.
Rang-tusi tamom o‘zgarib,
Yurishi g‘alat-belangi.
Xachirlar kulga yotishsa,
U ham changga belandi.
Quyruqlari tulab ketgan,
Nainki ko‘rkam yoli bor.
Aylanib qoldi xachirga,
Nasabi zotli jonivor…

____________
* K u l u k – chopqir.
** A s i y – voyaga yetdi.


TUZ SOTGAN KELIN

Asta yurib, o‘qtin-o‘qtin yo‘talib,
Yosh kelinchak bir xalta tuz ko‘tarib.
–Tuz olinglar, Shamshiko‘lning tuzi, – deb
Mahalladan har kun tongda o‘tadi.

Eri esa ko‘rpasini yig‘masdan,
Boshin ushlar ko‘cha-ko‘yga sig‘masdan.
“Yuz-yuz otar” yo‘lakdagi do‘kondan,
Bu olamda ne bo‘lganin uqmasdan.

Kelin eslar ovuldagi bolasin,
Qaynotasi qaraydi ko‘z qorasin.
Bechoraning ko‘kraklari zirqirab,
Yashirincha artar yoshin-jolasin.

Nabiralar chol ortidan erchishar,
Etim qolgan chumchuqdayin telchishar*.
Ko‘z o‘ngidan o‘tar o‘g‘li, kelini,
Ular esa qo‘nimi yo‘q, tentishar.

Nahot, olam g‘irt tashvishdan iborat?
Huvillaydi besh xonali imorat…
Nabiralar suyanchig‘i – madori,
Insof tilab, bobo qilar ibodat.

__________
* T ye l ch i sh a r – nasibasin yeydi.

Qirg‘iz tilidan Tursunboy Adashboyev tarjimalari