Burulkan Karagulova – 1957 yilda tug‘igan. Qirg‘iziston milliy universitetini tamomlagan. “Xayol kemasi”, “Yuragimni quvontirib ketding”, “Bu dunyo ko‘rklidir sevging bilan”, “To‘xtag‘ul ko‘li – ko‘zyoshim” kabi she’riy kitoblari chop etilgan.
* * *
Yuragim titradi,
To‘qqiz ballga.
Seysmolog tekshirib,
To‘qqiz emas, o‘n bir deydi.
O‘n bir deydi…
Uqdimda, tars yorildim,
Titradi bor vujudim.
G‘isht kabi sinib tushdi,
Oyog‘im, qo‘lim, belim.
Ko‘zlarim chars-churs etib,
Tushlarimga sachradi.
Ko‘zimning sinig‘iga
Qara, yer qaynab qoldi.
Yoyilgan sochlarimning
Tartibi qayda qoldi?
O‘zimni topolmadim
Osmoniy bulutlardan.
O‘zimni topolmadim
Tumanli sukutlardan.
Boshimni izlab yotdim,
Bu qanday azob dedim.
Boshimni topsam agar,
Dunyoni topar edim.
Seysmolog: o‘n bir ball!
Bo‘ldi – dedi.
Tabiblar: Yo‘q, yolg‘on!
Sevdi – dedi.
Hayo-hayt! – deb ko‘z ochdim.
Tushim ekan.
Yuragim sokin yotar,
Tirik ekan.
Qara, zamin oppog‘dir –
Qorda qolgan.
Yuragim soppa-sog‘dir –
Yorda qolgan.
Oq qorga yozib qo‘ydim:
Men sevgimni baralla:
“Yuragim zo‘r titradi
O‘n bir ballga!
O‘n bir ballga!”
* * *
O, qog‘ozlar, tuyg‘udoshim, ermagim,
Bugun sen bor, erta nedir ertagim?
Oq yuzingga qaro bo‘yoq tortdimi,
She’r atalgan beboshginam, tentagim?
O, qog‘ozlar, azobimda, yorligim,
Oshiqligim, sen tomonga qayrildim.
Oq so‘zimni libos etdim egningga,
Sen bor uchun yolg‘izlikdan ayrildim.
Sensiz yashab bo‘lar desa biror kim,
Ishonmasdan, ko‘zyoshimga o‘tingum!
Voz kechaman tungi shirin uyqudan
Hamda seni jim quchoqlab o‘ltirgum!
Qirg‘iz tilidan Shahriyor tarjimasi