Boydulla Sarno‘g‘ayev (1932-2004)

Qirg‘iziston xalq shoiri Boydulla Sarno‘g‘ayev (Baydыlda Sarnogoyev) 1932 yili Talasning Kara-Oy ovulida tug‘ilgan. 1956 yili Moskvadagi M.Gorkiy nomidagi adabiyot institutini bitirib kelganidan so‘ng “Ala-Too” jurnalida va Qirg‘iziston yozuvchilar uyushmasida ishlagan.

Ilk she’riy kitobi 1952 yili “Shumkar” nomi bilan chop etilgan. “Do‘stlarimga” (1955), “Mergan bola” (1956), “Bayas” (1956), “Oq qalpoq” (1961), “Tog‘lar va tog‘liklar” (1966), “Uzilmagan umidlar” (1966), “So‘zlashuv” (1970), “Mening tuganmas kunim” (1972) kabi kitoblari bosilgan.

SALOM

Salom senga, qardosh, qo‘shni o‘zbegim,
Jilovdirsan, men uloqda o‘zinsam.
Salom senga, hamisha yosh Toshkentim,
Qadim Sharqning darvozasi o‘zingsan.

Salom sizga, qiyosi yo‘q dalalar,
Kuy taralar qo‘bizimdan-torimdan.
Qulluq senga, saxovatli Sirdaryo,
Paxta ekib, suv ichasan Norindan.

Salom senga, bobokalon, Samarqand,
Noming dilga muhrlangan es tanib,
Olqish senga, Mir Alisher diyori,
Ming yillarga shohid bo‘lgan esdalik.

Salom sizga, Shirinlarning avlodi,
O‘n to‘rt kunlik oyga o‘xshar kamoli.
Talaslikman, qaychi-quda elatmiz,
Farg‘onalik mening sohibjamolim.

Salom senga, qardosh, qo‘shni o‘zbegim.
Mirzacho‘lni qiyos etdim barxitga.
Bu gal endi o‘zing mehmon bo‘lib kel,
Arslonbobga, O‘sh shahriga, Artsitga.

Tursunboy Adashboyev tarjimasi

QIMMATSAN MENGA

Qirg‘izim, sen menga,
Qimmatsan jonimdan.
Sog‘inib qolaman,
Gar ketsam yoningdan.

Ko‘zimdan o‘tasan,
Rangimda qolmas rang.
Yuragim ezilib,
Ahvolim bo‘lur tang.

O‘g‘loning quchsam gar,
Quvonchga to‘laman.
Yurtning bor bolasin,
Quchganday bo‘laman.

Bir bossak do‘st bilan,
Makonning yo‘lini.
Qo‘ltiqlab yuraman,
Go‘yo yurt elini.

Sevaman sen kabi
O‘zgalar tog‘larin,
Baland-past yo‘llarin,
Dalasi, bog‘larin.

Sevaman ko‘llarin,
Tog‘lari to‘rini,
Yuraman ardoqlab
Elini, yerini.

Sen mening o‘z elim,
Ildizim, tutaman.
Sen bergan kuch bilan
Maqsadga yetaman.

Boshqa elni sevganim
Sevar xo‘p o‘z ellin.
Bu so‘zda bor ulug‘
Haqiqat der dilim!

MARSGA

Ko‘kimtir samo qo‘ynida.
Bir xabar berib o‘zingdan
Porillab yonib turasan,
Yolqinlar sochib ko‘zingdan.

Olamga tolmay boqasan,
Kuzatib bahor, qishlarin…
Maqtaysanmi yo sen ham
Erlikning qilgan ishlarin?

Qa’rida qancha asrlar,
O‘zgartmaysan turingni…
Yoningga borib so‘rasam
Yashirmassan siringni?

Aytarsan ichda o‘ylanib,
Odamzot menga yetsa deb?
Qalbimda yotgan sirimni
Elga olib ketsa deb?

Dardingni uqar odam men,
Mars, oqin qaytmas so‘zidan.
Po‘lat qush minib boraman
Olatovning o‘zidan!

BULBULNING JAVOBI

– Bulbul, qayga yo‘l olding?
– Uchaman bo‘zchul tomon.
– Unda umring qiyilar?
– O‘lmas joyni topaman.
– O‘sha joying qaysi yer?
– Bog‘li-rog‘li yashil to‘r.
– Cho‘ldayam bog‘ bo‘lurmi?
– Ishonmasang borib ko‘r.
– Unda nima izlaysan?
– Ishqing bormi cho‘llarga?..
– Kontsert qo‘yib beraman
Ul cho‘luvar, ellarga!

BULOQQA

Shoshilib suving chopadi,
Ariqlar ichra jildirab.
Omonman mana deganday
Oqasan, buloq, shildirab.

Bilarsan bola kezimda
Ko‘p marta seni bo‘yladim.
Ovora qilib oqiling
Tegirmon qurib o‘ynadim.

Ko‘lchangda qog‘oz qayig‘im
Suzibon xursand etganda
Ko‘ylakni yechib yalpizga
Cho‘mildim isib ketganda.

O‘ynagin deysan hozir ham,
Ulg‘aydim, og‘ir bo‘ylash chin.
Sohilda menga o‘xshashib
Bolalarim o‘ynashsin!

DONG‘ING OShSIN, OLATOV!

Qo‘y boqib beri-nari,
Qo‘shiq aytsa Murot qari.
Quloq solar ixlos qo‘yib .
Olatovning qoya, jari:
«Ey, Olatov, quloq sol,
So‘ylayotur Murot chol.
Mendan zo‘r, sarbalandsan,
Tong otganda ketib tun
Nurga ko‘mib qoya-toshing
Senga oldin tegar kun.
Bo‘y bo‘yicha sen baland,
O‘y bo‘yicha men baland.
Ey, Olatov, quloq sol,
So‘ylayotir Murot chol.
Oz ko‘rmading, ko‘p ko‘rding
Esindami o‘tgan kun?
Tik cho‘qqingda o‘tirib
Mungli qo‘miz chertgan kun?
Muz aralash mo‘ngiga
Mungli yoshlar to‘kkan kun?
Ey, Olatov, quloq sol,
So‘zlayotir Murot chol.
G‘ing‘ir-g‘ing‘ir kuylasam
Sen qo‘shilib kuylading.
Tole topmay yig‘lasam
Sen qo‘shilib yig‘lading.
Boshdan ancha ish o‘tdi.
Ko‘r zamona, tig‘lading…
Ey, Olatov, quloq sol,
So‘zlab yog‘gan Murot chol.
Sen ham qari, boshing oq,
Men ham qari, sochim oq.
Armon bilan, zor bilan
O‘tib ketdi yoshlik, oh.
Endi qara, yashash zo‘r,
Bizdan qayg‘u, g‘am yiroq.
Boylikka boy saltanat,
So‘zlayotgan Murot chol.
Seni qo‘shib kuyladi
To‘rg‘ay unli oqinlar
Ne qilaman qaytalab.
O‘zing ko‘rding o‘syapman,
Tog‘ tarafu soy taraf.
Hayot yangi, biz yangi
Mehnat qilish shon-sharaf!
Seni ko‘rkka chulg‘adi
Ey, Olatov, quloq sol
O‘g‘il-qizing, oqillar
Dong‘ing oshsin Olatov
Bunga to‘la haqqing bor!

BIZ QOLDIK

Sen ham suyding Aynashni,
Men ham suydim Aynashni.
Kam edikmi – bir yigit
Oramizga joylashdi.
Ming yolvorib, yalinib
Necha xatni sen yozding.
O‘t ko‘zidan ilinib,
Necha xatni men yozdim..
Ko‘cha-ko‘yda, uyida
Naq qo‘liga tutqazdik.
Bilmadik ne o‘yida,
Goh semirib, goh ozdik.
Biroq ul suluv bizni
Sevaman deb aytmadi.
Yo sevmayman deb sizni,
Aytib yo‘ldan qetmadi
Ololmay ochiq javob,
Armon qilib tush ko‘rdik.
Yuraklar bo‘ldi kabob,
Goho chuqur ushurdik.
Vaqt o‘xshadi qushga,
Oy, qaritdi tirakni.
Aynash chiqdi turmushga,
Achishtirib yurakni.
Ichi torlik qildik biz,
Sevgidan saboq oldik.
Sevganiga ketdi qiz,
Yugurib quruq qoldik

QIRG‘IZ QALPOG‘I

Ko‘z tashlasam olisroqdan,
Qalpog‘i o‘xshar tog‘iga.
Qanday chevar tiktiyikin
Ko‘rk berib so‘lu sog‘iga.

Ul chevar agar sen bo‘lsang,
Qo‘zg‘ading suluv sir, hisni…
Mengayam bitta tikib ber,
Qalpog‘ing kiyay qirg‘izning!

Ovulu shahar kezganda
Odimim o‘xshab odimga,
Ardoqlab suygan vatanim –
Olatov tushsin yodimga!

ONAMGA

Ko‘k maysa bosgan qabringga kelib,
Turibman kiprik yoshimdan ilib.
Ko‘tarib, boqqan ardoqli onam,
Quvon o‘g‘lingning borligin bilib.

Kipriging qoqmay, yumilib ko‘zing,
Qodirding yetim qarg‘aday kezim.
Qachon bo‘lsa ham yodimda turar
«Qarog‘im» degan mehrli so‘zing.

Siymoing so‘nib, bitgan yo‘q, ona,
Oq suting og‘izdan ketgan yo‘q, ona.
«Elingni suy» deb eslatgan gaping
Ugutmam, saqlab yurgim shohona.

Meni aylagan mehnating paydo,
Oqlayman bu bosh bo‘lmasin qayda.
Bo‘lurmi qalbing rizo, onajon,
Onajon elimga keltirsam foyda?

ShOIR VA KITOBXON

Sen hayotni o‘rganyapsan ancha kam,
Bir she’ringdan xato topdim, ey ukam.
Ishdan qochgan bekorchilar sayr etib
Ko‘lda yursa… maqtagaysan shuni ham…

Ey, kitobxon, aytsam xafa bo‘lmassan,
Qiz, yigitni ajrab darov go‘l, kasdan.
Dam olishib, aylanishib yurishsa
Ish qilmagan bekorchi deb o‘ylabsan.

Kam sanama orom to‘la bu onni,
Ajratib ol insonlardan insonni.
Ko‘l bo‘yida, bog‘ ichida qiz, yigit
Ko‘tarsinmi kurak bilan ketmonni?!

QAYSI SENING DERAZANG?

Nomin bilgum sen yashagan ko‘chaning,
Uying qaysi – sal bexabar ekanman…
Birga borib ko‘ray devdim kinoni,
Endi seni qanday topar ekanman?

Uy raqaming sakkizmi yo saksonmi?
Ko‘cha kezdim, ich-ichimdan oh keldi.
Yo bo‘lmasa to‘qson beshmi, to‘qqonmi?
Aniq bilmay xoriydigan chog‘ keldi.

O‘tgan kuni anovi uy oldida,
Turgan eding qizlar bilan yerda san.
Oh, o‘shanda qandayin soz bo‘lardi
Gulim, aniq manzilingni ber desam!..

Bosh qotdi-ku oynalarga ko‘z solib,
Bo‘lmasmidi ko‘chaga bir qarasang…
Xafa qilmay, o‘zing kelib aytib qo‘y,
Qora ko‘zim, qaysi sening derazang?

Men shaharmas qishloq joyda o‘sganman
Qiz uyini izlab bo‘lmas, dil xasta
Yo‘q bo‘lsa ham uylarimiz raqami,
Yigit topar suygan yorin birpasda.

Ko‘z toldirib, topaman deb uyingni,
Ko‘cha bo‘ylab kezib oxir tolaman.
Ikkinchi bor uchrashganda albatta,
Manzilingni aniq yozib olaman.

Shunday qilgin, yigit sal yoshlik qilib,
Qiz uyini bilmay izlab charchading.
Shahar kabi qishloqlarda bir kuni
Raqam bo‘lur uylarida barchanin

O‘Sh

Qirg‘iziston xush, so‘lim,
Ancha joydan O‘sh so‘lim
Choy iching deb turishar
Ola do‘ppi, do‘st elim!
Ruslar tili yulduz-da
Bizning ushbu zamonda.
Biroq qirg‘iz qirg‘izcha
So‘zlamasa yomon-da!..

OLATOV

Bu zamin, dunyo yuzida
Olatov, senday yerlar ko‘p.
Bu zamin, dunyo yuzida,
Issiqko‘l, senday ko‘llar ko‘p.

Chiroyi ortiq sendan ham,
Erlarda yurdim necha bor.
Tiniqligi sendan soz
Ko‘llarni ko‘rdim necha bor.

Biroq sen menga, Olatov,
Qimmatsan tuqqan onamday.
Biroq men senga, Issiqko‘l
Sevaman singlim, sanamday.

Sababi senda, Olatov,
Men o‘sgan chinor-qirg‘iz bor.
Sevaman seni, Issiqko‘l
Sevgani uchun qirg‘izlar!

Usmon Temur tarjimalari