Asan Jaqshiliqov (Asan Jakshыlыkov) 1949 yili Norin viloyatining Mingbuloq tumanida tug‘ilgan. Qirg‘iziston qishloq xo‘jaligi institutini tamomlagan (1976). 1983-1985 yillarda Moskvadagi M. Gorkiy nomidagi adabiyot institutida ta’lim olgan. Qirg‘iziston xalq yozuvchisi (2007).
Ilk she’riy to‘plami 1969 yili chop etilgan. U Pushkin, R. Tagor, L. Leonov, E. Mejelaytis, G. Emin, B. Oleynik, Abay, M. Smelyakov asarlarini qirg‘izchaga tarjima qilgan.
ILTIMOS
Ikki tog‘dan tushgan ikkita jilg‘a,
Qo‘shilib vodiyga oqqani damlar,
Iltimos, ularni bo‘lib yubormang
Yana ikki yoqqa, yaxshi odamlar.
Olis-olislardan biz tomon kelgan
Ikki qush bir-biriga mehrini qo‘yib,
In qursa, iltimos, buzmanglar uni,
Yashashsin inlarida bir-birin suyib.
Iltimos, iltijo qilaman hatto,
Har qachon insonlik hurmatni saqlang.
Agar oshiqlarga tushsa ko‘zingiz,
Ko‘rmaganday o‘ting, yaxshilik xohlang.
Zarur bo‘lib qolsa mabodo yordam,
Qo‘l cho‘zing, tashvishin oling rov o‘zga:
Sevgidan lolu gang, uyatchan yigit,
Sevgidan baxt kutgan iboli qizga!
Chin dildan ularga yo‘lni ko‘rsating,
Qanotlarin yoysin chin gapimizdan.
Shunday ish qilingki, ular o‘zlarin
Yolg‘iz sezishmasin keng safimizda.
Shundagina ular baxt ta’min totar,
Yangi bir avlodga bo‘lishar doya:
Ular ham suyganlarga loqayd qarashmas,
Suyganlar taqdiriga solinmas soya!
Usmon Temur tarjimasi